Post Views:
53
Matroniy arab tilida ijod qilgan toshkentlik shoir. Matron so‘zi xristian dini ruhoniylarining lavozimi, mitropolit, arxiyepiskop degan ma’noni bildiradi. Nima sababdan bu shoir bunday taxallus olgan, bu haqda aniq bir ma’lumot yo‘q. O‘rta asrda yetishgan arabiynavis shoirlardan Matroniy o‘tkir hajvchi shoir bo‘lgan, hozirgacha uning 112 baytdan iborat hajviy va lirik she’rlari saqlanib qolgan. Uninchi asrning yirik adabiyotshunosi Abu Mansur as-Saolibiyning (961-1038) ko‘rsatishiga qaraganda, bu shoir X asrning o‘rtalarida yashab, tahminan uning yetmishinchi-saksoninchi yillarida vafot etgan.
Saolibiy bu shoirni hurmat bilan tilga olib, «shoshlik shoir, u yerning xushtabiat va yaktosi» deb ataydi. Hatto «Shosh va Movarounnahrning boshqa shaharlaridan bu kabi shoir chiqmadi», deb tarjimai hol sohibi ijodiga yuksak baho beradi.
Saolibiy yozishicha, Matroniy «sahovatli va go‘zal martabali kishi» bo‘lgan. U kambag‘al xayot kechirgan va tirikchiligini o‘tkazishga qiynalgan ko‘rinadi shekilli, ba’zan-ba’zan Buxoroga borib hukmdorni maqtab she’r yozib mablag‘ topishga uringan. Saolibiy yozadi: «U ba’zan poytaxtga maqtov bilan kelar va yaxshi in’omlar bilan qaytib ketar edi». U barid xodimi, ya’ni pochta idorasida xizmatchi bo‘lib kun ko‘rgan.
Uning o‘sha davrda bo‘lgan qahatchilik, ocharchilikka bag‘ishlab yozgan she’ri mashhurdir. Ocharchilik uninchi asrning o‘rtalarida yuz bergan. Buxoroda bo‘lib o‘tgan qahatchilik haqida Matoroniyning bug‘doy so‘rab yozgan she’ri:
Ey ishonchga sazovor janob, taqdir kemasi
mening oldimga kelib langar tashladi.
U tufayli bo‘g‘im-bo‘g‘imlarim bo‘linib ketishiga oz qoldi.
Mening hayotimni og‘irlashtirgan uch narsa:
Qahatchilik, qashshoqlik va ishsizlik yunonlar davridan
boshlab mening notiq imomimdir.
[Ba’zi] janoblar yeyish uchun [kerak] narsa masalasida
Uyalmay murojaat qilaveradilar, men esa foydalanish
Uchun zarur narsani so‘raydigan kishilardan emasman.
Lekin yashil rang bug‘doylar tashilib turgan bir paytda
nahotki janoblar [qarab] turishaversa!
Dirkillab o‘tib kelayotgan go‘zallardan ham chiroyli [bug‘doy]
Adir don nafs uchun eng birinchi do‘stku.
Undan boshqa menga tasalli beradigan [narsa] yo‘q,
Uyimdagi tandir qarovsiz, bekor yotibdi.
Oshxonam bilan dasturxon tashlab qo‘yilgan, bozor odamsiz,
Unda [hech qanday] ovqat yo‘q.
Bu yilgi tanglik [hamma yoqni] qamrab olgan tanglikdir,
Qadr-qimmat va mol-mulkingni saxiylik bilan in’om
qilishni to‘xtatmagin.
Umid bog‘lanadigan va iltimos qilinadigan himmatli
Kishilarning eng fozili! Dunyo to‘xtamasin senga –
Yaxshilik qilishni va sendan yaxshilik kutishni, to bug‘doy
sepilib, boshoqlar ko‘tarilmaguncha.
She’rning so‘zma-so‘z tarjimasi keltirildi. Ma’lumki, Matroniy va u kabi shoirlar o‘zlarining manzumalari hisobiga kun kechirmaganlar, balki o‘zlarining halol mehnatlari tufayli tirikchilik o‘tkazganlar. Shu boisdan ular mehnat bilan kun ko‘rish va hayotning og‘ir-yengilliklariga tushunib yetgan va bu turmush tarzini o‘z ijodlarida ifodalay olganlar.
Garchi uning she’rlari zamonasida devon shaklida kelgan bo‘lsa ham, uning devoni saqlanib qolmagan.
Matroniy devonini o‘z davrida adib va shoir, Ray hokimining vaziri Sohib ibn Abbodga (936-995) ko‘rsatishganida u kishi uni o‘qib hayratga tushib «Movarounnahrda shunga o‘xshash kishi chiqishini hech o‘ylamagan edim», degan ekan.
Bu hol ham arab tilida ijod qilgan va she’rlarni arab tilida o‘qiy olganlarga manzur qila olgan Matroniyga zo‘r maqtov edi. U kishi she’rlari bilan o‘quvchisiga qanchalik zavq bag‘ishlay olsa, nasriy asarlari bilan ham shunday zavq bag‘ishlay olar ekan, u shunday iqtidorli, nafis va mohir so‘z ustasi bo‘lgan.
“Matroniy,” deb yozadi Saolibiy, “odamlarni o‘z jiddiyligi bilan qanchalik xursand qila olsa, hazillari bilan ham shunchalik xursand qila olar edi.”
Matroniy xajviy va lirik she’rlaridan:
Qarilik
Gurkiragan chog‘larim o‘tib, keldi qarilik,
Oq oralab sochimga el aro men oq soqol,
Muysafidlik tongining erta tushgan shu’lasi,
Yoshlik qarg‘alarining uchar joyidir alhol.
Tong shu’lasi porlasa, qora qush o‘z uyasin
Guyo tashlab ketganday xuvillab qolar, ne hol.
Ko‘rar ko‘zga bu oq soch biram shinam nuroniy,
Lek keltirgan xabari xasrat, zulmat, beiqbol.
Aytsam qora soch rangi ravshan qilar ko‘zlarni,
G‘amdan xotirjam aylar, dilga davo baharhol.
Ne ajabki, qora rang sochib tursa doim nur,
Oq rang boshin tovlaydi rangi bo‘lgandek zavol.
Ko‘zi og‘riq go‘zallar chekkamdagi oq sochdan —
Nur axtarar ko‘ziga go‘yoki bo‘lib behol.
Shunda kelib ro‘baru qarilikning nuriga.
Olib kochgay ko‘zlarin, jon topmas undan bir yol
Bordi-yu sho‘x bu ko‘zlar tushib qolsa bu yoqqa,
Ensa qotib degaykim, qorang o‘chkur, tez yo‘qol!
***
Uykusiz oshiq tunni uzun bilib o‘ylanur,
Ammo kechayu kunduz me’yorida aylanur.
Sevgining hijronida o‘tgan kecha yilga teng,
Vasliga vosil bo‘lish misli bir mudrash bo‘lur.
Kiyikni qurbon etgan eykim inson oxusi,
Quritdi bu tanamni tashlab ketib bedavo.
Qaro ko‘zlari bila oxu nazar tashladi,
Qo‘zg‘adi-ku berkingan kalbimdagi bu savdo,
Yoshlik unda go‘zallik shu’lalarini yoqmish,
Chunki yoshlik chiroyga shu’la berur bebaho.
***
Abu Xotam o‘z vaqtin doim bermaydi ishga,
Bor kuchini sarf etar ishdan-ishga ko‘chishga.
O‘ltirsa-chi nogihon, ishonmagil hech qanon,
To‘xtasa o‘ltirishga, darrov to‘shar jilishga.
Zo‘r azamatdir o‘zi, qorni to‘yib yotmagan
Non botirmay sirkaga, boshi tegmas bolishga.
Barcha ishga ustomon sanaydiku o‘zini,
Qurbi yetmas bir ishni udda qila olishga.
Buyrug‘i zo‘r, tadbirli o‘jar hokim misoli,
Kuchi yetmas odamning ani hech ko‘zg‘atishga.
***
Bizning Abu Tolibning og‘zi qoringa o‘xshar,
Hazmi og‘zida, yutmas neniki bo‘lsa chaynar.
***
Navbahor oshkor etdi berkinib yotgan qishni,
Bermay izn kurtakning otilmog‘iga sirtga.
Qish pushmon o‘tganiga, o‘ch olmoqqa muxayyo,
Qolgan o‘chu qasdini olmoq-chun, keldi yurtga.
Toshkent allomalari va tarixiy shaxslari (ikkinchi kitob)
Abdulaziz Muhammadkarimov
“Toshkentnoma”. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/abu-muhammad-matroniy-2/