Abu Iso Muhammad Termiziy (824–892)


Post Views:
3 261

Markaziy Osiyolik buyuk mutafakkirlardan biri – mashhur muhaddis Abu Iso Muhammad Termiziydir. Uning to‘liq ismi Abu Iso Muhammad ibn Savra ibn Muso ibn Dahhok Sullamiy Termiziy bo‘lib, u 824 yilda Termizda, uncha badavlat bo‘lmagan oilada tavallud topdi. Uning yoshlik yillari Termiz shahrida o‘tib, dastlabki ma’lumotni ham shu shaharda olgan. Bolaligidan o‘ta ziyrakligi, yodlash qobiliyatining kuchliligi va noyob iqtidori bilan o‘z tengqurlaridan ajralib turgan Termiziy turli fanlarni, ayniqsa, hadis ilmini alohida qiziqish bilan egallagan va bu boradagi o‘z bilimlarini muttasil oshirish uchun ko‘pgina Sharq mamlakatlarini ziyorat qilgan. Jumladan, u uzoq yillar Iroqda, Isfahon, Xuroson, Makka va Madinada yashagan.

Ko‘p yillar davom etgan safarlari chog‘ida Termiziy ilm-fanning turli sohalaridan – ilm al-qiroat, ilm al-bayon, fiqh, tarix, ayniqsa, o‘zi yoshligidan qiziqqan hadis ilmidan o‘z davrining yirik olimlari – mashhur muhaddislaridan ta’lim oladi. Uning ustozlaridan Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Davud, Qutayba ibn Sa’id, Ishoq ibn Muso, Mahmud ibn G‘aylon va boshqa mashhur muhaddislarni ko‘rsatish mumkin.

Manbalarda yozilishicha, hadislarni to‘plashda va o‘rganishda Termiziy har bir qulay fursatdan unumli foydalangan. U yo‘lda, safarda bo‘lganda ham yoki bir joyda muqim turganda ham o‘z ustozlaridan, uchratgan roviylaridan eshitgan hadislarni darhol yozib olib, ularni tartibli ravishda alohida-alohida qayd qilib borgan. O‘z davrining yetuk muhaddis olimi sifatida tanilgan Termiziy ko‘pdan-ko‘p shogirdlarga ustozlik qilgan.

Musofirchilikdan qaytgan Termiziy o‘z yurtida yirik muhaddis olim sifatida shuhrat qozondi va ijodiy ish, shogirdlar tayyorlash bilan mashg‘ul bo‘ldi. U 892 yilda Termizdan uzoq bo‘lmagan Bug‘ qishlog‘ida vafot etadi va shu yerda dafn qilinadi.

O‘z ijodiy va ilmiy faoliyati davrida Termiziy bir qancha asarlarni yozdiki, ularning aksariyat qismi bevosita hadislarga bag‘ishlangan. Islom ulamolari o‘rtasida ilk davrdan boshlab hadislarning to‘g‘riligi, ularni ishonchli manbalarga asoslanishiga katta e’tibor berilgan. Chunonchi, o‘sha davrning o‘zidan boshlaboq noaniq, chala-chulpa, hatto soxta hadislar ham el orasida tarqay boshlagan. Shunday paytlarda ular qayta- qayta tekshirilib, muhaddislarning betinim mehnati natijasida asl holiga qaytarilib, yozma ravishda qayd qilingan. Natijada islom ulamolari orasida ishonchli manbalar asosida to‘plangan va tartibga keltirilgan oltita hadislar to‘plami (As-sihoh as-sitta) mualliflari eng nufuzli va mo‘’tabar muhaddislar deb tan olingan. Mana shu etirof etilgan mashhur muhaddislardan biri – Imom Termiziydir.

Termiziy qalamiga mansub asarlarning aksariyati bizgacha yetib kelgan. “Al-jomi’” (“Jamlovchi”), “Ash-shamoil an-nabaviya” (“Payg‘ambarga xos siyrat va fazilatlar”), “Al-ilal fil-hadis” (“Hadislarni naql qilishdagi nuqsonlar”), “Risola fil-xilof val-jadal” (“Ixtilof va bahslar haqida risola”), “At-tarix” (“Tarix”), “Kitob az- zuhd” (“Taqvo haqida kitob”), “Kitob ul- asmo val-kuna” (“Ismlar va unvonlar haqida kitob”) kabi asarlar shular jumlasiga kiradi.

Termiziyning asarlari ichida eng mashhuri, shubhasiz, “Al-jomi’” bo‘lib, payg‘ambar alayhissalomga doir oltita ishonchli hadislar to‘plamlaridan biridir. Ushbu asar ilmiy adabiyot va manbalarda “Al-jomi’ al-kabir” (“Katta to‘plam”), “Al- jomi’ as-sahih” (“Ishonchli to‘plam”), “Jomi’ Termiziy” (“Termiziy to‘plami”), “Sunan Termiziy” (“Termiziy sunnatlari”) nomi bilan ham atalib, payg‘ambar alayhissalom hayoti va faoliyatiga doir muhim manbalardan hisoblanadi.

Termiziyning mashhur ta’liflaridan yana biri “Ash-shamoil an-nabaviya” (“Payg‘ambarga xos siyrat va fazilatlar”) bo‘lib, ba’zi manbalarda “Ash-shamoil fi shamoil an-nabiy sallallohu alayhi vasallam” nomi bilan ham keltirilgan. Nomidan ham ko‘rinib turibdiki, bu asar payg‘ambar alayhissalomning shaxsiy hayotlari, u kishining suvrat va siyratlari, ajoyib fazilatlari, odatlariga oid 408 hadisi sharifni o‘z ichiga qamragan manbadir. Bu o‘rinda shuni ta’kidlash kerakki, payg‘ambar alayhissalomning fazilatlari, odatlari haqidagi hadislarni to‘plash bilan juda ko‘p muhaddislar shug‘ullanganlar va bu xildagi hadislar turli-tuman kitoblardan o‘rin olgan. Lekin Termiziy asarining afzalligi shundaki, u hadislarni muntazam ravishda to‘plab, muayyan tartibga solgan va yaxlit bir kitob holiga keltirgan. Muhammad alayhissalomning hayotiga doir muhim manba sifatida “Ash-shamoil an-nabaviya” azaldan islomshunos olimlar, tadqiqotchilarning diqqatini o‘ziga tortib keldi. Arab tilida yozilgan ushbu asarga bir qancha sharhlar ham yozilgan. Shu bilan bir qatorda ushbu asarning tili ravon, uslubi g‘oyatda oddiyligini ham qayd qilib o‘tish o‘rinlidir. Asarning fors va turk tillariga tarjima qilinishi ham unga bo‘lgan qiziqishning kattaligidan dalolat beradi.

Shunday qilib, Abu Iso Muhammad Termiziy bizga boy va katta ilmiy meros qoldirgan.

100 MARKAZIY OSIYO MUTAFAKKIRLARI © O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi © Toshkent islom universiteti © «YANGI NASHR», 2011

https://shosh.uz/uz/abu-iso-muhammad-termiziy-824-892-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x