Maryam Ziyoda (1886–1941) – mashhur arab adibasi. Arab maʼrifatchilik harakatining ilk ishtirokchilaridan. Kelib chiqishi Livandan boʻlgan adiba umrining asosiy qismini Misrda oʻtkazgan. Mahalliy maktab va dorilfununda tahsil olgan. Misrdagi Ayollar harakati va arab adibalari haqidagi asarlar muallifi. M. Ziyoda arab tilidan tashqari fransuz, ingliz, italyan va nemis tillarini ham yaxshi egallagandi. Uning asosiy asarlari: “Yashashdan maqsad”, “Sahro tadqiqotchisi”, “Soʻz va yoʻllanma”, “Suvning koʻtarilishi va qaytishi”, “Zulmat va nur”, “Koʻz yoshi va tabassum” kitoblaridir.
Maryam ZIYODA
Tubsiz keng osmon, hadsiz teran tun. Shitob bilan uchayotgan yulduzlar va yaraqlab koʻrinayotgan derazalar zulmat jismidagi kuyiklardan qolgan yara izlariga oʻxshardi goʻyo. Shaharlar shovqini faqat undagi darddan darak berardi, xolos, shundan boshqasini bilmasdi ular. Urf-odatlardan qoʻl-oyoqlari bogʻliq, sershovqin odamlar tamaddunidan ajralib turgan tepalik ortidagi hadsiz sukunatga bosh qoʻygan sening oʻziga xos mustaqil tamadduning yolgʻizligini madh etmoqqa mana men huzuringga keldim, hoy sfinks! Yer yuzida mamlakatlar oʻzgaradi, xalqlar oʻzgaradi, ularga qoʻshilib dinlar ham, qonunlar ham, tillaru urf-odatlar ham oʻzgarib boraveradi. Necha-necha avlodlarning harakatu amallarini yoʻqqa chiqarib, zilzilalaru vulqonlar, momaqaldirogʻu oʻlatlar, gʻalayonlaru boʻronlar va toshqinlar kim oʻzarga bellashadi. Sen boʻlsang, koinot chiroyiga qarab intilayotgan ehromlar panasiga yashirinib olib, omonat dunyoning halokatga eltuvchi qonunlarini rad etasan. Ibodatxonalar ham senga oʻzlarining toshu shagʻallari sasi ila tuganmas qissalarini hikoya qiladilar-da, soʻzlarini xudolar, shohlar va jangchilar tasviri bilan asoslab beradilar. Bu ibodatxonalar boshiga tushgan koʻrgiliklar esa ularning hikoyalarini yanada maʼnoli va jozibador qilib yuboradi.
Mana, bu yerda sen, yumshoqqina qumloqqa joylashib olib, ulugʻvorlik va ramzlar davlatida, oʻzingning sirli va ulkan saltanatingda yakkayu yolgʻizsan. Sendagi soflik va oliyjanoblik oldida hozirgi hukmdorlarning buyukligi nuqul axloqsizlikdan oʻzga narsa emas. Sening bor sir-asroringni tagiga yetmoq ishtiyoqi bilan toʻlib-toshgan gustox inson magʻrur tanholik qasri ichra bosh suqib qaramoqchi boʻladi. Biroq sen yashirib yotgan sir-asrorlar bu foniy dunyo sharpalariga koʻrinish bermaydi, shunchaki qiziqishmi yoki tomosha qilish ishtiyoqi sababmi, sening baquvvat panjalaringu ularning yelkalaring sari talpinayotgan hasharotnamo panjalari bilan bularning barini his etishning iloji yoʻq.
Biroq odamzod na faqat zavqlanishni biladi va na faqat bilish uchun intiladi, u ogʻir dardga chalingan va u qattiq azobda. Uning boshiga falokatlar va baxtsizliklar quyundek yopirilmoqda va u haqiqatan ham umumiy muvozanatning vahimayu sarosimadan toʻqilib, barqaror koʻrinuvchi bu olamning evrilishlardangina tarkib topganiga ham amin boʻldi. U erkin tanlash imkoni va muqarrar qismat oʻrtasidagi ayovsiz kurashning barcha fojialarini oʻng-tersiga qaramay boshidan kechirdi va Maʼbudlaru jangchilarni, qonun chiqaruvchilaru avliyolarni, paygʻambaru qotillarni, bari oʻldirilganlarni uchirib ketayotgan sharsharaning yaqinlashib kelayotgan avlodi undagi toʻlib-toshgan kuch-quvvatni ham bekorga nest-nobud qilayotganini tushunib yetdi. Taxtga olib boruvchi yoʻlda u qashshoqlikni, kishanlangan jinoyatchilar yonida esa saltanat hassasini va podshohlik tojini koʻrardi, u toʻy tantanasiyu dafn marosimini, tugʻilmoqlik va oʻlmoqlikni, ular bilan baqamti borayotgan yoʻqchiligu boylikni, kasalligu salomatlikni, xoinligu sadoqatni, toʻgʻriligu xatoliklarni koʻrardi. Shunga qaramay, inson qancha azob-uqubat tortmasin, joni qanchalik ozor chekmasin, u baribir bu olamni oʻzgartirishga ojiz va dunyo qanday qurilgan boʻlsa, shundayligicha qolaveradi.
Tirik jon va oʻlik modda paydo boʻladi-da, mavj urib quturgan, oʻz shaklini abadiy boshqasiga almashtirib, yangilanib turuvchi toʻlqin dunyoga keladi. Har safar ulardagi oʻzgarish hademay poyoniga yetay-yetay deb turganida, mayda-mayda boʻlib parchalanib ketayotgan qatralarning ustidan chirmashib yuqoriga oʻrlayotgan yana yangi-yangi toʻlqinlar vujudga kelaveradi.
Agar inson doʻppini yerga qoʻyib, bu hodisalarning qayerdan kelib chiqishini bilmoqchi boʻlsa, unga: buni hayot deb qoʻyibdilar; hayotning esa boʻlgan-turgani shu, shundan boshqacha boʻlishi mumkin emas, – deydilar.
Shunaqa, ey parvoyi falak sfinks! Inʼom etmoq va mahrum boʻlmoqning, vafo va xiyonatning, oqlik va qoralikning, gʻurur va kamsitilishning, gʻalaba va magʻlubiyatning, har qanday shodlik va har bir gʻam-gʻussa, barining sababi faqat bitta. Biz, hayotga hayotning oʻzi isbot, deymiz. U bizni roʻpara etgan dardlarga ham uning oʻzidan davo topamiz. Hayot bilan yana yuzma-yuz kelish uchun undan yiroqlashamiz.
Men ham hayotning millionlab mohiyatlari qatori, barcha haq-huquqdan mahrum etilganlar kabi hayotni anglashga intilaman. Va, bir vaqtlar sen ham Fivaga ketaverishdagi yoʻlda yoʻlovchilarni savolga tutganingdek, men ham yoʻlda toʻxtab, hayotda yashashdan maqsad nima ekani haqida oʻtkinchilardan soʻradim. Ulardan biri: “Hayot – bu ona siynasi”, deb javob berdi menga.
Shunda men ona koʻkragiga yopishdimu oʻzimni hifzu himoyada, issiqqina uyda paydo boʻlib qolgandek his etdim. Yuqoridan yuborilayotgan na bir shiddatkor shamol, na bir momaqaldiroqning gumburi, na chaqmoqning charaqlashiyu na suv toshqini meni vahimaga sola oldi. Oradan bir kun oʻtdi. Ona bagʻri endi menga torlik qilib qoldi va men: “Bu hayot deganlari nima oʻzi?” – dedim avvalgi makonimga qayta turib, oʻzimga-oʻzim.
Kimdir menga: “Bu eʼtiqod va diyonat”, – deya javob berdi. Va shunda men peshonamni zohidlik va sodiqlik nishonasi ostiga yashirib, uni zarrin choyshab toʻshalgan mehrob ostonasidagi changga bulgʻashga shoshildim. Men sodir etmagan gunohlarimni kechirishini, xayolim koʻchasiga kelmagan nojoʻya ishlarimni avf etishini soʻrab iltijo qildim.
Indamas butlar oʻzlarining zarhal liboslarida men bilan suhbatlashar edilar, xochlar esa shivirlab mix va nayzalar bilan kaminani qoʻrqitib jazolamoqchi boʻlardilar. Oradan bir kun oʻtdi. Mehrobning bagʻri dastlab muloyim va mehr-muhabbatga limmo-lim edi, endi marmar toshdek sovuq va qattiq boʻlib qolgandi. Diniy rasm-rusumlar bejama xatti-harakatlardan iborat boʻlib qolgandi. Kutilmagan yangiliklar va ilohiy ilhom baxsh etuvchi shiraning muattar isi, taʼbi yoqimsiz ayollarning dimoqni yoradigan oʻtkir hidli atri singari endi meni gʻijintiradigan boʻlib qolgandi. Shunda men yana yoʻl boʻyidagi avvalgi joyimga qaytdim-da: “Hayot degani nima oʻzi?” deya soʻradim.
Shunda shuhratparastning: “Hayot deganlari nahot qizlar uchun – bu takabburlik, ishva va barnolik boʻlmasa?” – degan nidosi yangradi.
Koʻzgu bilan suhbatlashgani uning yoniga bordim, bordimu oʻz aksimni koʻrib, uni sevib qoldim, unga shunday qattiq koʻngil qoʻydimki, u bilan faqat yanada jozibaliroq boʻlish uchun yuzimga yana qanday oro berishni izlash maqsadidagina ajrasha olardim xolos. Biroq koʻp oʻtmay, chuqur qaygʻuga botgan sevishganlarni kuzata turib, oʻkirib-oʻkirib yigʻlashga majbur boʻldim va shunda men, oʻzgalar yuragidagi dardning ustidan kulib, quvonib, huzur qilayotganimni angladim. Bir kun oʻtdi va koʻzlarim yana qaygʻuga botdi. Xuddi avvalgidek men yana: “Hayot oʻzi nima?” deya yoʻlovchilardan soʻrash uchun yoʻl boʻyiga qaytdim.
Shunda bir juft hushtak va mashinalarning gʻuv-gʻuvi aralash tamaddunning: “Hayot – bu toʻkin-sochinlik, hashamat va dunyodagi eng yuqori holat, zamonaviy madaniyatning barq urishi”, degan ovozi eshitildi.
Shunda men uni izma-iz quvib ketdim, biroq bir soat oʻtar-oʻtmay, uyogʻiga qimirlashga majolim yetmay, toʻxtadim. Gʻam-gʻussadan nafasim boʻgʻildi va orqaga qaytishimga toʻgʻri keldi.
Men yana: “Bu hayot degani nima oʻzi?” deb soʻradim uzil-kesil umidimni uzib. Ammo oʻlimni xohlamay anchagacha shu savolni takrorlayverdim va tinimsiz koʻz yosh toʻkdim. Shunda qiynoqlarim qaʼridan tovushsiz bir sharpa paydo boʻldi-yu, bu sirli hayotni u oʻz qoʻlida tutib turganini fahmladim.
Hoy Sfinks! Sen biron marta boʻlsa ham raqsga tushayotgan yulduzlarni koʻrganmisan? Qonunlardagi oʻzgarmas turgʻunlik bir lahza ikkilanib qoldi, barcha yulduzlar esa atrofimda oʻyinga tusha boshladilar, qolgan maxluqlar har narsaga qodirning qarshisida boʻysunib, bosh egdilar. Va ularning bari yagona oraz koʻrinishini bir-birlariga uzata ketdilar va u bilan oʻxshash boʻlganliklaridan faxrlana boshladilar. Barcha shafaq va oppoq tonglar oʻz nurlarini uning koʻzidagi shuʼlaga botirib olar edilar.
Zangori osmon, maftunkor bahor va goʻzal dengiz toʻlqinlari undagi oʻsha ajoyib, yoqimli va muqarrar tabassumning faqat kuchsiz, ravshan boʻlmagan aksi edi, xolos. Yaratuvchi meni oʻz taxtiga taklif qildi va biz ikkimiz kaftlarimizni tirikchilikning burama simlari ustiga qoʻydik-da, olamlar harakatini idora qila boshladik. Oradan bir kun oʻtdi. Yulduzlar gʻalayoni bostirildi, ular olamning yagona tartibi oldida taslim boʻldilar. Har bir jonivor dunyo tartibotidagi oʻzining ilgarigi ahamiyatini qaytadan qoʻlga kiritdi. Men boʻlsam: “Hayot nima oʻzi?” deya oʻtkinchilardan soʻrashda davom etaverdim.
Shunda: “Hayot – bu men, shu bois uni men tushuntirib beraman”, degan maʼrifatning xotirjam ovozi yangradi.
Shunda men borib turgan moddiy dunyoni, falsafani oʻrganmoq uchun behisob Ilm toʻlib-toshgan seroblikka oʻzimni otdim.
O, hukmdor! Bilib boʻlmaydiganlarni oʻrganish uchun ozmuncha fan ixtiro qildikmi; tushuntirib boʻlmaydiganlarni tushuntirish uchun ozmuncha tillarni oʻylab topdikmi! Osmon jismlari va koinot uning yordamida bir-birlariga taʼsir oʻtkazuvchi, uning bagʻridan esa quyosh tugul, gard ham qutulib ketolmaydigan kuch – oʻziga tortish kuchini olimlar menga koʻrsatib berdilar. Men: “Tortish kuchi degani bu nima oʻzi, uni kim koʻrib, kim eshitganu kim qoʻl tegizib koʻrgan? Balki u havoda toʻlqin taxlit harakatlanuvchi ruhdir. Yoki u – tabiatan mustaqil, oʻziga xon boʻlgan quturuvchi oqimdir. Va bunga yoʻlovchilar: “Buni hayot tilsimi deydilar, uni esa sira tushunishning iloji yoʻq,” – deb javob berdilar.
Hayot! Sirlar maskani! Bir vaqtning oʻzida ham birlashmoqni, ham judolikni ifodalovchi kalimalar.
O, toʻrt ming yillik uzlat posboni, bu gilamdek yumshoq qumliklar, mana, toʻrt ming yildirki, sening mulkingni qoplab olgan. Fan avvalgiday faqat birgina qum zarrasining u yogʻiyu bu yogʻini agʻdarib, chilparchin qilib, qolgan boʻlaklarni ham yana maydalab, tadqiq etib yotibdi. Fan tekshirib, oʻrganib uni hayotdan mahrum etmoqda, tajribadan oʻtkazib, izohlab yoʻqqa chiqarmoqda, uning tuzilishi mohiyatini ochishga va unda yashiringan sir-asrorning tagiga yetishga urinyapti. Fanning zoʻr berib jon kuydirishlari oʻsha-oʻsha nomaʼlumlikdan nomaʼlumlikka, savoldan savolga yetaklamoqda, xolos. Va men endi uni: “Hayot nima u? Hayot degani nima oʻzi?”deya savolga tutayotgan goʻl goʻdakka oʻxshatardim.
Kamina ilhaq yoʻlovchilardan javob kutardim. Koʻplar yuzimga qarab, kulib oʻtib ketaverardilar. Negaki, ular meni tushunishga qodir emasdilar. Toʻxtab, savolimga javob bergan baʼzi birovlar yanada qatʼiyatli boʻlishga, mendagi otashning alanga olishiga sababchi boʻlardilar va bundan bir tashvishimga oʻn tashvish qoʻshilardi. Yerosti yoʻliga yetaklovchi sening panjalaring orasidagi tarashlab yasalgan yashirin zinapoya ehromlarning sirli chuqurligigacha choʻzilib borib-borib, oxiri gʻoyib boʻlganmi? Ollohning sirli ovoziga mushtoq avliyolar uni diqqat bilan kuzatib turgan bir vaqtda, nega endi sening yuragingga oxirat darvozasining kaliti ishonib topshirilgan? Asrlar davomida mahkam qimtilib turgan lablaringdan tashqari, nega endi qalbingdagi sirlardan hech kimni voqif etmaysan. Balki labingdagi afsus – mehrob uchun barcha qabihliklarga chek qoʻyib oʻzini qurbon qilganlarning qonidir; yoki u kelajak oldida barcha mavjudlik hech narsaga arzimas demoqchi boʻlayotgandir?
Mana tabiatning hayotbaxsh suvi – sening Niling; hamisha birday toʻlib-toshib oqishiyu saxiyligi uchun uning boshlanishidan to quyilish yerigacha hamma unga sajda qiladi.
Yoz mavsumida uning nega qizil tusga kirishini bilasanmi? Suvlaridagi bu serhosillikning boisi ne?
Anavi handasaviy shaklga ega ehromlar ne maʼno anglatishini bilasanmi? Xaldeylar burj alomatlarini tasvirlashlaridan avvalroq ularning toshdan yoʻngan osori atiqasi sen emasmiding?
Oʻzi bu ehromlarning vazifasi nimadan iborat ekanini bilasanmi? Ular dashtu biyobonga mashʼala boʻlganmidilar yoki firʼavnlarga qabrmidi, mudofaa qoʻrgʻonimidi yoki qimmatbaho buyumlar saqlovchisimi, sevishganlar uchrashadigan yermidi u yer yoki Osiris marhumlar ustidan tantanali sud yigʻilishini boshqaradigan joy boʻlganmidi?
Ularni moʻmiyolaganda nega ichiga papirus oʻsimligi bilan qadimiy yozuv belgilarini joylab, toshtobut va maqbaralarga qoʻyishlarini bilasanmi?
Nilufarning va nilgulining muqaddas daryoda suzib yurishida qanday hikmat bor, bu senga ayonmi? Bizdek nodonlar uchun bular faqat bizni idora etayotgan hayotning belgilarigina, xolos.
Oʻzing-chi? Nahot bu yerdagi biron nima seni oʻziga tortmasa va cheksiz sukunatingning boisi nahot shu boʻlsa?
Yoki bularning barida biz nimani koʻrayotgan boʻlsak, sen ham shuni koʻrayotgandirsan? Balki sen oʻz ketidan quyosh tizimiyu yulduzlar turkumini ergashtirib olib ketayotgan ohanrabo milini shimolga yoʻnaltirayotgan Tangri barmoqlarining harakatini kuzatayotibsanmi? Yoki, yorugʻlik va zulmat lashkarlarini, turgʻun yulduzlarning ulkan guruhini va oʻz mehvari boʻylab harakatlanayotgan fazo va vaqtning qoʻshinlari boʻlmish sayyoralarni oʻz koʻrigingdan oʻtkazayotgandirsan? Balki sen gʻuj yulduzlar toʻpi va galaktika olamiga, dunyo qonunlarining dasti bilan bitilgan “hayot” soʻzini oʻqishga urinayotgandirsan? Yoki bir butunlikdagi havo, olov, suv, moddani hosil qiluvchi, borliq chegarasidan tashqarida oqayotgan ilohiy oqim seni hayratingga sababdir? Sen kabi biz ham kuzatayapmiz, umidvor boʻlayapmiz, umidvormiz va kuzatayapmiz. Bizlar nimani kuzatayapmizu, tepamizdagi buqalamun osmon nimadan umidvor ekani senga maʼlummi? Nur oʻz shuʼlasi bilan ora-sira yorib kirib bizni bahramand etguvchi azaliy va abadiy zulmatning bandilarimiz. Biz ularni umidlarimiz roʻyobining xabarchilari deyishga tayyormiz. Biroq ular aldovchi xayolotdan oʻzga narsa emas. Zulmat yanada quyuqlashmoqda, biz esa oʻsha-oʻsha hamon kutishda davom etmoqdamiz; boʻshashgancha kutmoqdamiz.
Sen ustingga quyilib kelayotgan qumlarga yarim-yorti koʻmilib boʻlgan esang-da, baribir, hamon oʻsha kunchiqar tomonga boqqancha jilmayib turaverasan. Biz esa ofat qilichi ostida falokatdan halok boʻlayotgan esak-da, umid bilan hamon kutmoqdamiz.
Sendagi sirli sukut oʻtgan va oʻtayotgan davru davronlarning siri ekanligi rostmi? Odamzod maʼbudlarni xuddi oʻziga oʻxshatib yaratganidek, seni ham oʻzining ramzi etib yaratgani rostmi?
U, indamaslik ramzi boʻlmish savqi tabiiy maylning boshlanishini buzoqning biqinidan; dovyuraklik ramzi boʻlmish otashin feʼl-atvorni sherning panjalaridan; hadsiz yiroqlarga parvoz etuvchi – ilm ramzi boʻlmish qanotni burgutdan oldi; oʻzining insoniy qiyofasidan esa savqi tabiiy maylning, nafsning va puch xayollarning ustidan gʻolib kelish, aql-idrokka, ongli istak-xohishga yoʻl koʻrsatish uchun boshini olib senga ato etdi.
Nega u oʻzigagina xos sifatlarni senga ravo koʻrdi-yu, boshqa qolganlaridan seni bahramand etishni istamadi? Nega endi sening tabassuming hech qachon uning doimiy yangilanib turuvchi umidlarining aksi boʻlolmaydi? Osmonu falakka mangu boqib turgan Sfinks balki uning qayerigadir ich-ichiga yashirinib olgandir va har safar shafaqni va har safar kun chiqishini kuzatayotib, yangi yulduzlar paydo boʻlishidan va yanada yorugʻroq quyoshning, yangi kunning chiqishidan umidvor boʻlayotgandir?..
Rus tilidan Dildorxon ALIYEVA tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–7
Abu Havl (arab. qoʻrqituvchilar otasi) – Misrdagi Sfinksning arabcha nomi.
https://saviya.uz/ijod/nasr/abu-havl-poyida/