abort, Homilani oldirishlik

Onaning hayotiga tahdid solmayotgan homilani sun’iy oldirish hamma davrlarda qotillikka tenglashtirilgan. Shu bois ham moziyda bu ishni amalga oshirgan ayollar shafqatsiz o‘limga hukm qilinganlar. 1524 yil Angliya, 1533 yil Olmoniya, 1562 yil Farangiston, 1660 yillarda Rossiya kabi qator mamlakatlarda homilasini sun’iy tushirgan ayollarni qatl eta boshlashdi. Islom, nasroniylik, buddizm va boshqa deyarli barcha dinlar abortni homila qatli sifatida qoralaydi. Gippokrat qasamyodida ham: «Men homilador ayolga homilasini tushiruvchi yoki unga salbiy ta’sir etuvchi har qanday ishni aslo qilmayman», degan satrlar bor.
Afsuski, bugungi kunda homilani sun’iy oldirish shu qadar ommalashib ketdiki, hatto endigina rasida bo‘sag‘asidan hatlab o‘tgan qizlar ham unga ro‘baro‘ kelishayotir. Hissiyotlar jilovini qo‘ldan boy berib qo‘yib, ilk homilasiniyoq abort qildirganlarning ko‘pchiligi keyinchalik «tirnoqqa zor» bo‘lib o‘tganini bilamiz.

Quyida bu xususdagi dil nomalariga o‘rin berdik:
«Otam hayotdan barvaqt ketdilar. Oilada onam, men – to‘ng‘ich qiz va uch singlim yashar edik. Turmush qiyinchiliklari bois 8-sinfni tugallagach, o‘qishni yig‘ishtirdim. Onam pishirgan somsalarni bozorda sotardim. Bozorchi ayollarning barchasi kabi «mirshab»larning kelib qolishidan hayiqardim. Chunki ular men kabi hech kimi yo‘q, ruxsatsiz savdo qiladiganlarga nisbatan o‘ta qattiqqo‘llik qilishardi. Bir necha bor ularning qabulida suhbatda bo‘lgach, ulardan do‘st orttirishni ma’qul topdim. Xullas, Botir ismli xushro‘y yigit meni o‘z himoyasiga oldi. Bozorda emin-erkin tirikchilik qila boshladim. Ammo uning amri doirasidan chiqa olmay, 15 yoshimdayoq bokiraligimdan mosuvo bo‘ldim. Dastlab qilgan ishimdan qo‘rqib yursam-da, keyinchalik uning meni yo‘qlashini kutadigan bo‘lib qoldim. Goh u uy, goh bu uyda ko‘ngilxushlik qilish davom etardi.
Oradan bir necha oy o‘tdi. Botir qayergadir xizmat safariga ketdi. Negadir to‘rt oy o‘tsa-da, u bilan uchrashishga imkon topolmas edim. U o‘zini olib qochardi. Mening esa ko‘nglim behuzur bo‘lar, uch oydan beri hayz ko‘rmasdim. Shunda ham homiladorligimga shubha qilardim. Ammo atrofdagilar menga g‘alatiroq qaray boshlashdi. Oxiri uning iziga tushdim. Ishxonasidagilar u ishini boshqa joyga o‘tkazganini aytishdi. Uyini topib bordim. Bozordagi maslahatgo‘y opa o‘rgatganidek, shallaqilik qilib, unga balog‘atga yetmaganni zo‘rlaganligini aytib, prokurorga bormoqchiligimni bildirdim. U birpasda ko‘z yoshi qilib, yalina boshladi. Voyaga yetmaganga uylanishga qonunda yo‘l yo‘qligini, hozircha bola oldirib turilsa, yoshim yetgan zahoti oilasidan ajrashib, menga uylanishini va’da berdi. Xullas, 16 yoshimdayoq birinchi homilani oldirib tashlashga majbur bo‘ldim, 18 ga to‘lgunimga qadar bu hol yana bir bor takrorlandi.
Har gal yuragimning bir cheti uzilib tushganday bo‘lar, ammo «hech bo‘lmaganda bepusht emasligimni bilib oldim-ku», deb taskin topardim.
Yillar o‘tgach, boshqa bir kishiga turmushga chiqdim. Ammo necha yillardan buyon farzandli bo‘lolmayapmiz. Erimning oldingi oilasidan to‘rt farzandi bor.
Mutaxassislar kamchilikni mendan topishmoqda. Goho Yaratganning qahriga uchradimmikan, deya qo‘rqib ketaman. Chunki mendagi dardlar aynan o‘sha abortlarning oqibati ekanligi ma’lum».

Odatda, abort bilan bog‘liq asoratlar uni amalga oshirish jarayonida yoxud undan keyingi davrlarda (erta va kech) ro‘y berishi kuzatiladi. Quyida hamkasb shifokorlar — akusher-ginekologlar tajribasida uchragan voqealar tafsilotidan voqif bo‘lasiz:
«Bemor Mavjuda 20 yoshda. Oila qurib bir yil ham yashamay, erining bangiligi sababli ajrashishga majbur bo‘lgan. Ammo bu paytda uning to‘rt oylik homilasi mavjud edi. Narkoman otadan tug‘ilajak farzandning nogiron bo‘lish xavfi yuqori degan fikrga yopishib olgan ota-ona uni abort qilishimizni talab etishdi. Abort qilish, ayniqsa, birinchi homila bo‘lganligi uchun ancha mashaqqat bilan kechdi. Yosh kelinchakni ota-onasi uyiga olib ketishdi. Ammo hafta o‘tgach, Mavjudaning onasi xavotir bilan qabulimizga keldi. Ma’lum bo‘lishicha, abortdan so‘ng bir necha kun o‘tsa-da, qizlari ko‘z yoshidan tiyilmabdi. Hozir esa aftodahol, telbavor ko‘yga tushib qolgandek emish».
Mutaxassislar bu haqda quyidagicha fikrdalar: odatda, ko‘pchilik ayollar abortdan so‘ng hamma narsa yaxshi nihoyalandi, deya o‘zlarini yomon his etishmaydi. Ammo ma’lum bir vaqt o‘tgach, ushbu tahlikali, antifiziologik jarayonning noxush asoratlari yuzaga chiqa boshlaydi. Ayrim ayollar hattoki abortdan so‘ng o‘zlarini gunohkor, qotil qiyofasida tasavvur etib, pushaymon qila boshlashadi.
Odatda, abort qildirgan ko‘pchilik ayollarda asabiylik, yig‘loqilik, “tegma nozik”lik, atrofdagilarga befarqlik, odamovilik kabi alomatlar kuzatiladi. Albatta, bu holat ma’lum bir muddat ichida o‘tib ketadi.
Yuqorida tilga olingan qizning telbavor ko‘rinishi esa nafaqat abortning, balki yosh oilaning buzilishi, siniq kayfiyat, homilaning to‘rt oylik, ya’ni ancha katta bo‘lib qolganligi bilan xam bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas.

Abort bilan bog‘liq qanday asoratlardan ogoh bo‘lish kerak?
Bu noxush jarayon quyidagi asoratlarni keltirib chiqaradi:
1. Bachadon va uning bo‘yincha qismining mexanik shikastlanishi o‘ta ko‘p uchraydigan asoratlardandir. Chunki homila qanchalik katta bo‘lsa, bo‘yincha maxsus moslama yordamida shunchalik kengaytirilishi lozim. Hali abortning asosiy bosqichi boshlanib ulgurmasdanoq, qanchalik ehtiyotkorlik bilan harakat qilinmasin, shikastlanishlar kuzatiladi. Bu, ayniqsa, birinchi marta tug‘ayotgan ayollarda ko‘p kuzatiladi.
Abortning asosiy jarayonida bachadon ichidan homilani ajratib olish lozim. Buning uchun homila metall asbob — qoshiqqa o‘xshash kyuretkalar yordamida bachadon devoridan ajratib olinadi. So‘ngra mayda-mayda bo‘lakchalar tarzida bachadon bo‘shliqlaridan chiqazib tashlanadi. Odatda, bu muolaja ko‘r-ko‘rona tarzda, tusmollab amalga oshiriladi, shu bois ham uning muvaffaqiyatli yakuni xususida oxirgi ishonchli xulosani chiqarish qiyin. Shu jarayonda ishlatiladigan kyuretkalar 30 sm gacha kattalikda bo‘lishi ham jarayonning bezarar emasligidan dalolatdir.
Operatsiya yakunida kichikroq kyuretka yordamida bachadonning ichki devorlari yana bir bor nazorat tekshiruvidan o‘tkaziladi. Chunki homilaning kichikkina bo‘lakchasi nazardan chetda qolsa ham bachadon mushaklarining yomon tarzda qisqarishiga, qon ketishi va infeksiya o‘chog‘i paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Albatta, zamonaviy tabobatda abortlarni amalga oshirish uchun maxsus elektroapparat, vakuum moslamasidan foydalana boshlangan bo‘lsa-da, asoratlar ro‘y berishi to‘xtaganicha yo‘q.
2. Yaqin muddatlar ichida ro‘y beruvchi asoratlardan biri qon yo‘qotishdir. Darhaqiqat, homiladorlik paytida ayol jinsiy a’zolaridagi, ayniqsa, bachadondagi qon tomirlarining uzunlashuvi, kengayishi va qon oqimi ko‘payishi kuzatiladi.
Shuning uchun bachadonga kirish uchun qilingan har qanday xatti-harakat tomirlar butunligini buzib, qon ketishiga olib keladi. Bachadon bo‘yinchasi kengaytirilayotganda qon ketishi nisbatan kamroq, keyinchalik homilani parchalab olib chiqishda ko‘proq ro‘y berishi kuzatiladi. Operatsiya nihoyasida esa qon ketishi kamayadi, chunki bachadon mushaklarining qisqarishi hisobiga u kichrayib, qattiqlashadi va qonayotgan tomirlar go‘yoki qisib qo‘yiladi.
Homila qanchalik katta bo‘lsa, qon yo‘qotish shuncha ko‘p bo‘ladi. Goho homilaning bachadon devoriga noto‘g‘ri birikkanligi, oldingi yallig‘lanish kasalliklari tufayli mushaklar qisqaruvchanligi yaxshi emasligi, abort ko‘p qilinganligi yoxud homila bo‘lakchasi ichkarida qolib ketganligi kabi sabablar qon yo‘qotishga olib keladi.
3. Jinsiy a’zolarning yallig‘lanish kasalliklari homilani sun’iy oldirganlarning 10–12 foizida uchraydi. Gohida esa ayollarda abort qilingunga qadar mavjud bo‘lgan yallig‘lanish xastaliklarining qaytalanishiga «turtki» bo‘ladi. Bu kasalliklar goho abort qilingan zahoti yoxud ancha muddat o‘tgandan so‘ng ro‘y berishi kuzatiladi. Ma’lumingizkim, ayol jinsiy a’zolariga kasallik chaqiruvchi mikroblar kirishiga yo‘l qo‘ymay, unga qiron keltiruvchi bir necha biologik to‘siqlar mavjud.
Qinning sekreti odatda bakteritsid xususiyatga ega bo‘ladi. Qolaversa, bachadon bo‘yinchasidagi quyuq, yopishqoq shilliq modda ham dard qo‘zg‘atuvchilarning bachadon ichiga o‘tishiga to‘sqinlik qiladi. Abortdan so‘ng esa bu to‘siqlar barham topishi bilan birga, vujuddagi me’yoriy-shartli saprofit mikroblar ham kasallik qo‘zg‘atuvchilariga aylanadi. Natijada bachadon bo‘shlig‘i mikroblar o‘chog‘iga aylanadi. Qolaversa, bachadon ichidagi qon qoldiqlari, yarali hududlar ham mikroblarning urchishi uchun o‘ta qulaydir.
4. Ayollardagi ikkilamchi bepushtlikning sabablaridan biri ham abortdir.
Qolaversa, abort keyingi homilaga va tug‘ruq jarayoniga ham salmoqli darajada salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

So‘zimiz intihosida mavzuga doir bir maktubni keltirmoqchimiz. Zora ushbu singlimizning falakka o‘rlayotgan fig‘onlari ayrimlarga saboq bo‘lsa.
«Xo‘jayinim bilan o‘qish davrida tanishib qolgandik. Institutda boshqa-boshqa fakultetlarda o‘qisak-da, bir yotoqxonada yashardik. Asta-sekinlik bilan munosabatimiz yaqinlashib, turmush qurdik. Talabalik davrida g‘o‘rligimiz boismi, birinchi farzanddan voz kechishga qaror qildik. Shifokor birinchi bolani oldirish katta asoratlarga olib kelishini qayta-qayta ta’kidlasa-da, men saboqdosh do‘stlarimdan, o‘qishu totli damlardan kechishni istamadim.
Mana endi o‘n yildirki, farzandga zorman. Kechalari yostig‘im ko‘z yoshlardan ho‘l bo‘lib ketadi. Qayta-qayta davolansam-da, mutlaqo nafsiz. O‘zimcha bu dunyoimni armonu iztiroblar, afsus-nadomatlar girdobida o‘tkazarkanman, degan fikrda yursam, bir kitob qo‘limga tushib qoldi. Diniy va tibbiy fikrlar jamlangan bu asarda do‘zaxga eltuvchi eng katta gunohlardan biri qotillik ekanligi, abort esa Alloh ato etgan o‘z farzandini o‘ldirish bilan tengligi ta’kid etilibdi. Nahotki oxiratim ham kuyib ketgan bo‘lsa? Ey, baxt bekatiga oshiqayotgan ma’suma singiljonlarim! Homiladorlikdan saqlovchi qancha dorivor vositalar bor, shulardan foydalaning. Ikki dunyoingizni kuydirguvchi abortdek dahshatdan saqlaning!»

Alloh Taolo o‘zining muborak kalomi Qur’oni Karimning Baqara surasi, 152-oyatida “Menga shukr qilinglar, kufr keltirmanglar!”, deb marhamat qiladi. Farzandlar ham insonga berilgan ne’matligini hech qachon yodimizdan chiqarmasligimiz zarur. Alloh Taolo o‘zining so‘nggi payg‘ambarini yuborgandan so‘ng, u zot sollallohu alayhi vasallam mo‘minlardan bay’at olayotganlarida “Farzandlarni ovqatga sherik bo‘lmasin deya, nobud qilmaslik”ka ham va’da qabul qilganlar, ahd-paymon olganlar.

Hozirgi kunda bo‘lsa farzandlarni turli yo‘llar bilan o‘ldirish keng avj olmoqda. Tarix sahifalariga nazar solar ekanmiz, qanday qilib johiliyat davrida odamlar o‘z farzandlarini tiriklayin ko‘mib yuborishgan ekan, deya taajjubga tushamiz. Ammo oldimizda bo‘lib turgan voqea-hodisalarni esa bepisand kuzataveramiz. Tug‘ilajak farzandlarini abort qildirib tashlash bugungi kunimizda juda ham keng avj olgan. Aslida bu ham farzandni ovqatga sherik bo‘lishidan qo‘rqib o‘ldirish demakdir. Negaki abortga qaror qiluvchilarning ko‘plari oldirib tashlanajak bolaning ayni damda o‘zlari uchun ortiqcha ekanligi, rejalariga to‘g‘ri kelmasligi va boshqa iqtisodiy sabablarni vajh qiladilar. Makka mushriklari-ku, bolalarini 7 yoki 8 yil yashatib, so‘ngra o‘ldirib yuborishgan. Hozirgi johillar esa tug‘ilmasidanoq u dunyoga ravona qilib qo‘ya qolishmoqda. Holbuki, bu ishning shar’an harom va gunohi kabira ekanligi haqida ahli ilmlarimiz tomonidan tinmay gapirib kelinmoqda. 
Kezi kelganda shu mavzuga doir bir voqeani keltirib o‘tsak. Bu hozirgi kunda ro‘y bergan ayanchli hodisadir… 
Toshkent shahridagi oilalardan biri. Ikki yosh farzandning ota-onasi bo‘lmish qahramonlarimiz uchinchi farzandni kutishmoqda. Kunlarning birida ona doktorga borib, qorindagi farzandining jinsini aniqladi. Bilsa, qiz ekan. Uyga kelganda to‘polon boshlandi. “Menga kerak emas qiz bola. Ikkitasi ham yetadi o‘zi. Uchta qizni uzatishni o‘zi bo‘larkanmi? O‘g‘il kerak menga. Agar tug‘adigan bo‘lsang, o‘g‘il tug‘ yoki bolangni oldirasan!”. Ayol ham 2 qizdan so‘ng o‘g‘il ko‘rishni qattiq istab yurgandi. Shu bois, turmush o‘rtog‘ining so‘ziga e’tiroz bildirmadi. Bolani abort qildirmoqchi bo‘ldi. 
Shunday qilib, farzandini oldirib tashlash uchun tug‘ruqxonaga yo‘l oldi. Uyda 2 farzandi yolg‘iz qolishdi. Ikkisi ham aqlini taniy oladigan yoshda emasdilar. Ayolni maxsus yotoqqa yotqizib, abort amaliyotini boshlashdi. Alloh taolo ne’mat o‘laroq bergan farzandni ayol o‘zi xohlamaganday bo‘lgani uchun joniga qasd qilishga rozilik bildirdi. Bechora, hali dunyoni ko‘rmagan murg‘ak go‘dakda nima ayb axir. Axir Alloh shunday bo‘lishini istadi-ku. Ayolning ichidan bolani bo‘lak-bo‘lak qilib kesib olishdi. Shu ko‘yi ayol Allohning ne’matiga noshukrlik qilib, Uning g‘azabini keltirdi. Ayni shu lahzalarda uydagi kichik farzandi kir yuvish mashinasi ichiga kirib olgan, opasi esa, u bilan o‘ynardi. Kichik qiz o‘yin asnosida kir yuvish mashinasiga qulflanib qoldi, opasi uni qutqaraman deb bilmasdan mashinani ishlatib yubordi. Mashinaga suv quyilib qizaloqni aylantira ketdi. Bundan xavotirga tushgan opa esa, nima qilarini bilmay ko‘chaga yo‘l oldi. Qo‘shnilarini chaqirish uchun yo‘lning narigi betiga yugurib o‘tmoqchi bo‘ldi. Yo‘ldan bir mashina katta tezlikda o‘tayotgan ekan… 
Ayol hech narsa bilmaganday, go‘yo hamma ishni qoyillatib qo‘yganday uyga qaytdi. Qarasa, ko‘chasida odamlar, mahallaning hammasi uning eshigi oldida turishardi. Ayolning yuragi shig‘ etib ketdi. Peshonasini muzdek ter qopladi. Jonholatda qo‘shnilardan nima bo‘lganini so‘radi. Ular kichik farzandi kir mashinasi ichida parcha-parcha bo‘lib ketganini, katta farzandi esa, avtomobil tagida halok bo‘lganini aytishdi. 
Doktorlarning aytishicha, ayol farzandini oldirib tashlagandan so‘ng qayta farzand ko‘ra olmaydigan bo‘lib qolgan. Bu holatga nisbatan xulosani har kim o‘zi chiqaradi. Biz faqatgina shuni aytib o‘tishimiz mumkinki, berilgan ne’matga noshukr munosabatda bo‘lib, kufroni ne’mat qilinsa, shunday ayanchli oqibatlarga tushib qolish hech gap emas. Qiyomat kunidagi azob qanday bo‘lishini tasavvur qilib olavering. Alloh bergan har bir ne’matiga shukr keltiradigan bandalaridan bo‘lishini nasib qilsin!

loading…

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x