Abdurazzoq Samarqandiy (1413–1482)

Abdurazzoq Samarqandiy hijriy 12-shaʼbon, 816 (milodiy 7 noyabr, 1413) yili Temuriylar davlatining Hirot shahrida tugʻildi. Uning toʻla ismi Kamoliddin Abdurazzoq, otasining ismi jaloliddin Isʼhoq Samarqandiydir. Abdurazzoq Hirotda tugʻilganligiga qaramay “Samarqandiy” degan nisba bilan shuhrat topganligiga sabab, otasi Jaloliddin Isʼhoqning asli samarqandlik boʻlganligi va yana boʻlajak tarixnavisning oʻzi ham bir necha muddat Samarqandda yashaganligidir.

Abdurazzoq Samarqandiy dastlabki taʼlimni Hirotning oʻzida olgan. Keyinchalik Hirotdagi Temuriylar saroyida qozilik va imomlik lavozimida boʻlgan otasi va oʻz davrining ziyolilaridan boʻlgan akalari Abulgʻaffor, Abdulqahhor, Abdulvahhoblar koʻmagida tafsir, hadis, fiqh, tarix va til-adabiyot fanlari boʻyicha chuqur maʼlumot egasi boʻlib yetishgan. Atoqli adib Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” asarida Abdurazzoq Samarqandiyning mazkur ilmlar boʻyicha yaxshi bilimga ega ekanligini quyidagi soʻzlar bilan tasdiqlaydi: “Mavlono Abdurazzoq… xushmuhovara kishi erdi… zohir ulu-min takmil qilib erdi va fazliyoti ham yaxshi erdi…”

Otasining saroydagi tutgan mavqeiga koʻra taxmin qilish mumkinki, Abdurazzoq Samarqandiy ham davlat ishlari bilan yaqindan tanish boʻlgan. Uning yaxshi tahsil koʻrganligi, bu boradagi iqtidori balandligi tufayli otasi vafotidan soʻng, 1437/38 yili, 24 yoshida Temuriylar saroyiga xizmatga olinishi bejiz emas. Shundan soʻng, to 50 yoshiga qadar, avval Shohrux, keyin Hirot taxtini egallagan boshqa Temuriy hukmdorlar Mirzo Abulqosim Bobur (1452–1457), Sulton Abu Saʼid (1451–1469) va taxtga oʻtirgan boshqa shahzodalar saroyida davlat ishlari bilan band boʻladi. Uning zamondoshi Abdulvose an-Nizomiyning yozishicha, Abdurazzoq “xoqoni saʼid (yaʼni Shohrux)ning davlati zamonida uzoq muddatlar shuhratli ishlarni bajarishni boʻyniga olgan, baʼzi sohibdavlat shahzodalarning xizmatida sadoratlik oliy mansabiga yetishgan, baʼzi boshqalarning mulozimatida esa noiblik va xoslikka erishgan”.

Biroq Abdurazzoqning oʻzi asarlarida mazkur sadoratlik lavozimlarini eslatmasada, tarixiy voqealar sirasidan uning Temuriylar davlati xorijiy diplomatik munosabatlarni olib borishda muhim rol oʻynaganligi anglashiladi.

XV asrning birinchi yarmida Temuriylar davlati bilan Rum (Kichik Osiyo), Misr, Hindiston, Xitoy va boshqa mamlakatlar orasida diplomatik aloqalar yoʻlga qoʻyilgan edi. Bu aloqalarning amalga oshirilishida Abdurazzoq Samarqandiyning ham faol ishtirok etganligiga, uning oʻz elchilik safarlari haqida keltirgan axborotlari yaqqol dalil boʻla oladi. Chunonchi “Matlaʼi saʼdayn”ga kiritilgan “Hindiston safari dostoni va u yerning ajoyib-gʻaroyibotlari” deb nomlangan oʻz safar esdaliklarida Abdurazzoq Samarqandiy 1442 yili Shohrux tomonidan janubiy Hindistonga yuborilgan elchilarga boshchilik qilganligini yozadi. Elchilar 1442 yili 13 yanvarda Hirotdan yoʻlga chiqib, sharqi-janubiy Eron, Arabiston, Xurmuz bandargohi, Maskat, Arabiston dengizi orqali 1442 yil 17 oktyabrida Kolkuttaga yetadilar va bu shaharda besh oy, Vijayanagarda esa 1443 yil oxirigacha turib, soʻng orqaga qaytadilar. Qaytishda yana dengiz yoʻli bilan Xurmuzga, u yerdan 1444 yil dekabr oyida Hirotga yetib keladilar.

Shu kabi “Matlaʼi saʼdayn”da Abdurazzoq Samarqandiyni Shohrux Gilonga va boshqa yerlarga elchilikka yuborganligi eslatiladi. Abdurazzoq oxirgi marta Misrga elchilikka yuborilayotgan paytida Shohrux vafot etadi va shu bois elchilik amalga oshmaydi. Shu kabi diplomatik aloqalarda Abdurazzoq keyingi Temuriy hukmdorlar Abulqosim Bobur, Sulton Abu Saʼidlar davrida ham faol ishtirok etganligi, uning oʻz soʻzlaridan maʼlum.

1463 yilga kelib esa Abdurazzoq Samarqandiyning oʻz iltimosiga binoan uni davlat ishlaridan ozod etdilar va Hirotdagi Shohruxiya xonaqohiga shayxlik vazifasiga tayinlaydilar. Hijriy 887 yil jumod al-avval (1482 yil, iyul – avgust) oyida shu shaharda olamdan oʻtadi.

Abdurazzoq Samarqandiy sheʼr, arab tili grammatikasiga oid risola yozganligi maʼlum boʻlsada, lekin uning bizgacha yetib kelgan yagona tarixiy asari – “Matlaʼi saʼdayn va majmaʼi bahrayn” (“Ikki saodatli yulduzning chiqishi va ikki dengizning qoʻshilish joyi”)dir. Asar fors tilida yozilgan boʻlib, ikki jildni tashkil etadi.

Asarni Abdurazzoq Samarqandiy asosan 1467–1469 yillar orasida yozib tamomlagan va 1470 yili yana davom ettirib, shu yilning safar oyida tugallagan.

“Matlaʼi saʼdayn”ning birinchi jildida qisqa tarzda Chingizxon avlodidan boʻlgan Eron hukmdori Abu Saʼid (1316–1335) haqida soʻzlagach, soʻng sohibqiron Amir Temur tarixi boshlanadi va umuman 1304 yildan 1405 yilgacha Markaziy Osiyo, Afgʻoniston, Eron, Ozarbayjon, qisman Hindiston va boshqa mamlakatlar tarixiga oid maʼlumotlar keltiriladi. Tarixiy voqealar bayoni Amir Temurning 17-shaʼbon, 807 (18 fevral, 1405) yili Oʻtrorda vafot etganligi, uning nabirasi Xalil Sultonning Samarqandda taxtga oʻtirganligi bilan tugallanadi.

Ikkinchi jiddning soʻzboshisida muallif Amir Temur avlodlari haqida soʻzlamoqchi ekanligini aytib, voqealarni Shohruxning Hirotda taxtga oʻtirgan vaqtidan (mart, 1405) boshlaydi. Soʻng Shohrux vafoti (1447)dan keyin hukmronlik qilgan Temuriylar: Mirzo Abulqosim Bobur, Sulton Abu Saʼid va boshqa shahzodalardan soʻzlab boʻlgach, Husayn Boyqaroning Hirotda Yodgor Mirzoni qatl etib, ikkinchi marta taxtga oʻtirishi haqidagi maʼlumotlar bilan asarni tugatadi.

Abdurazzoq Samarqandiy “Mutlaʼi saʼdayn”da tarixiy voqealar bayonini solnoma tarzida joylashtirgan. Asarning muallif oʻzi yashagan davrdan (XV asr oʻrtalari) ilgarigi qismlari solnomasi avval yozilgan asarlar asosida tuzilgan. Bu haqda Abdurazzoqning oʻzi, 1427 yil voqealarini yakunlar ekan: “Hofizi Abruning yozgani… “Zubdat ut-tavorixi Boysungʻuriy” shu yerda tugadi”, deydi va oʻzining asosiy manbai ushbu asar ekanligini taʼkidlaydi. Bundan keyingi yillar tarixining yoritilishiga kelsak, aytish mumkinki, ularning aksarini Abdurazzoq Samarqandiy oʻzi koʻrib bilgan yoki shohidlar soʻzlariga asoslanib yozgan. Qanday boʻlganidan katʼiy nazar “Matlaʼi saʼdayn” sahifalarida bayon etilgan tarixiy voqealar, xoh Hofizi Abrudan olingan qismlar, xoh undan keyingi qismlar boʻlsin tadqiqotlar uchun manba sifatida muhim ahamiyatga egadir.

Maʼlumki, “Matlaʼi saʼdayn”da koʻproq siyosiy voqealar bayon etilgan. Lekin shu bilan birga Temuriy hukmdorlarning mamlakatni iqtisodiy, maʼnaviy va madaniy hayotida oʻynagan bunyodkorlik roli ham Abdurazzoq Samarqandiyning diqqat markazida boʻlgan. Shuning uchun ham XV asrning deyarli uch choragida Samarqand va Hirot shaharlaridagi ilm-fan, madaniyatning yuksakligi hamda bu borada Mirzo Ulugʻbek, Mirzo Boysungʻur va baʼzi boshqa shahzodalarning faoliyatlari ham izchillik bilan yoritib berilgan.

Eʼtiborga sazovor tomoni shuki, Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlaʼi saʼdayn” asari oʻz davrida shuhrat topgan va bir qancha tarixnavislar tomonidan eʼtirof etilgan. Soʻngra bu asar Temuriylar davri ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy va xalqaro munosabatlari tarixiga oid nodir va ishonchli manba sifatida Ovroʻpoda ham tanilib, uning ayrim qismlari XIX asrdan boshlab bir necha marta fransuz (Langle, Katrme, Bloshe), ingliz (Elliot), rus tillarida chop etilgan.

“Matlaʼi saʼdayn”ning forscha matni 1936 yili Lohurda (Pokiston) matnshunos olim Muhammad Shafe tomonidan chop etilgan. Abdurazzoq Samarqandiyning 1442–44 yillardagi Hindiston safarnomasi 1960 yili oʻzbek tilida va forsiy tanqidiy matni bilan, asarning 1405–1427 yillar voqealari (I jild, 1-qism) 1969 yili oʻzbek tilida Toshkentda chop etildi. 1992 yili esa “Matlaʼi saʼdayn”ning shu qismiga kiritilgan Gʻiyosiddin Naqqoshning Xitoy safari kundaligi oʻzbek tilida chop etildi. Asarning II jild 2–3-qismlari ham oʻzbek tilidagi tarjimasi amalga oshirilgan boʻlsada, hanuzgacha chop etilgani yoʻq.

 


“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/abdurazzoq-samarqandiy-1413-1482/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x