Abduqunduzov Muhammadali

Tarjimai hol

O’zbek milliy teatr san’atining ko’zga ko’ringan namoyandalaridan biri Muhammadali Abduqunduzov 1952 yil 14 iyulda Farg’ona viloyati Kaganovich tumanidagi Yaypan qishlog’ida ishchi oilasida tavallud topdi. 1969 yilda o’rta maktabni bitirdi. 1971 yilda A.N. Ostrovskiy nomidagi Toshkent Davlat sanat institutining aktyorlik fakultetiga oqishga kirdi

Institutni muvaffaqiyatli tugatgan ijodkor bir guruh fidoyi yoshlar bilan Surxondaryoga, Mannon Uygur nomidagi viloyat musiqali drama teatriga yollanma oladi. U erda turmush ortogi Valentina Nikolayevna bilan tanishadi.

1986 yildan Hamza nomidagi akademik teatri aktyori (hozirda O’zbekiston Milliy akademik drama teatri).

1996 – 2002 yillar – O’zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirining o’rinbosari.

1998 – 2002 yillar — «O’zbekteatr» ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi bosh direktori. Teatr ijodkorlari uyushmasi raisidir.

2002 yildan beri O’zbekiston Milliy akademik drama teatri.

1997 yilda esa Halqaro Bobur mukofotiga sazovor bo’ldi.

Muhammadali yaratgan obrazlar kuchli tem¬peramenti, jo’shqinligi, samimiyligi bilan tomoshabinni maftun etadi. Qahramonona ruhda ijro etilgan Ferdinand («Makr va muhabbat», Shiller), Davronbek («Vatan ishqi», Zinnat Fatxullin va Uyg’un), Paratov («Sepsiz qiz», Ostrovskiy), Shokir («Ko’rmayin bosdim tikonni», Izzat Sul¬tan), Alibek («Sarviqomat dilbarim», Chingiz Aytmatov), Andrey («Barcha bilan yakkama-yakka», Aleksandr Gelьman), Musa Jalil («Noma’lum kun», Dias Valeev) obrazlari aktyorning o’zbek teatri rivojiga qo’shgan katta hissasi sifatida e’tarof etildi. Ayniqsa, mashhur adib Sayd Ahmad qalamiga mansub «Ufq» dramasidagi Ikromjon obrazini aktyor yuksak mahorat va iste’dod bilan talqin etdi. Ushbu spektakl o’n yildan ortiq vaqt mobaynida teatr repertuarining fayzi bo’lib turdi. Asar muallifi ijodkorning katta mahoratini e’tirof etib shunday so’zlarni bitgan edi: «Muhammadali! Qog’ozdagi Ikromjonga jon kiritib, unga hayot bag’ishladingiz, bunday ish faqat zabardast san’atkorning qo’lidan keladi. Rahmat». Ikromjon roli 1975 yili O’zbekistonda «Yilning eng yaxshi erkak roli» nominatsiyasi bo’yicha bosh mukofotga sazovor bo’ldi.

Otaxon teatrda aktyor yaratgan dastlabki obraz dramaturg Vladlen Dozortsevning «So’nggi qabul» asaridagi Yermakov bo’ldi. Uning ushbu teatrdagi dastlabki obrazlari o’zbek teatriga o’ziga xos ijro uslubiga ega bo’lgan san’atkor kirib kelganidan dalolat beradi. Taniqli kinorejissyor Latif Fayziev teatrda Izzat Sulton kalamiga mansub «Abdulla Qodiriyning o’tgan kunlari» spektaklini sahnalashtirishga kirishganida hech ikkilanmay Qodiriy va Otabek obrazini Muhammadaliga topshiradi. Aktyor o’ziga bo’lgan katta ishonchni oqlash uchun tunu-kun izlandi, zero bitta sahna asarida ikkita katta obrazni yaratish undan bor kuch va mahoratini ishga solishni taqozo etardi. Har bir obrazning o’ziga xos xarakterini topish, tushuna borish, ularni rang-barang bo’yoqlarda ifoda etish o’ta murakkab vazifa edi. Ijodkorning tinimsiz izlanishlari o’z samarasini berdi. Otabek va Qodiriy obrazlari muxlislar tiliga tushdi. Aktyor teatr sahnasida mustahkam irodali, falsafiy mazmunga ega bo’lgan fojiaviy hamda dramatik obrazlar yaratishda katta muvaffaqiyatga erishdi. O’zbek («Baxtli gadolar», Gotstsi), amir Umarxon («Taxlikali damlar», Salohiddin Sirojiddinov), Husayn Boyqaro («Alisher Navoiy», Uyg’un va Izzat Sulton), Sultonali («Mehrobdan chayon», Abdulla Qodiriy), Po’lat («Yorqinoy», Cho’lpon), Sarkarda («Koriolan», Shekspir), Jumanov («Qatag’on», O’.Hoshimov) obrazlarini aktyor o’zbek milliy teatrining eng yaxshi an’analariga suyangan holda ijro etdi hamda muvaffaqiyatga erishdi.

Shoir va dramaturg Usmon Azim qalamiga mansub «Kunduzsiz kechalar» spektaklida yaratilgan Cho’lpon obrazi san’atkorning so’nggi yillarda yaratgan eng salmoqli obrazlaridan biri sifatida qayd etildi. Aktyor Cho’lponning ichki dunyosini, uning orzu armonlari, dardu alamlarini o’ta noziklik bilan tasvir etadi. San’atshunoslik nomzodi, professor Toir Ismoilov: «Spektakldagi eng muvaffaqiyatli obraz aktyor Muhammadali Abduqunduzov yaratgan Cho’lpon obrazidir. Teatr sahnasida otashnafas shoirning nurli obrazi kashf etilgan» deb yozsa, san’atshunoslik doktori Muhabbat To’laxo’jaeva «Aktyor, xarakterida jilovlangan kuch, ziyolilik, ichki madaniyat jo’sh urgan inson siymosini gavdalantirgan Muhammadali Abduqunduzov Cho’lpon obrazini poetik teranlik va hissiy jo’shqinlik bilan to’ldirishga muvaffaq bo’lgan» deya e’tirof etadi.

Ushbu spektaklning «Andijon bahori» (1999) hamda «Mustaqillik timsoli» (2001) festivallarida Bosh mukofotga sazovor bo’lishi hamda aktyorning «Eng yaxshi erkak obrazi uchun» nominatsiyasi bo’yicha mukofot olishi ham ushbu e’tiroflarning bejiz emasligini ta’kidlab turibdi. Aktyorning O’zbekiston televideniesidagi videofilmlarda yaratgan obrazlari uni har bir o’zbek xonadonining aziz san’atkoriga aylantirdi. Ayniqsa Pirimqul Qodirovning «Yulduzli tunlar» romani asosida yaratilgan «Bobur» ko’p qismli videofilьmi unga katta shuhrat keltirdi.

Muhammadali Abduqunduzov ijrosidagi Bobur Mirzo og’ir, vazmin, chuqur o’yga botgan, o’tkir nigohli, gapirish ohangida mahzunligu mag’rurlik, xazinligu o’ktamlikni mujassam etgan inson sifatida gavdalanadi. Aktyor ijro etgan Navoiyning «Layli va Majnun» asaridagi Alisher Navoiy, Cho’lponning «Kecha va kunduz» asaridagi Cho’lpon, Tamilla Qosimovaning «Uvaysiy» videofilmidagi Amir Umarxon siymolari ham tomoshabinlar qalbida chuqur iz qoldirdi. «Bobur» va «Kecha va kunduz» videofilьmlari Pokiston va Turkiya televidenielari orqali ham namoyish etildi. O’zbekiston Mustaqilligining o’n yilligiga bag’ishlab suratga olingan «Asrlarga teng o’n yil» va O’zbekiston Konstitutsiyasiga bag’ishlab yaratilgan «Adolat qomusi» badiiy-publitsistik filmlaridagi boshlovchi obrazlari ham ijodkor hayotida alohida o’rin egallaydi. Aktyor «O’zbektelefilm» studiyasida buyuk ajdodlarimizga bag’ishlab suratga olingan «Bahoviddin Naqshband», «Imom Termiziy» hamda «Al-Farg’oniy» kabi filmlarga yuksak mahorat bilan ovoz berdi, o’zbek milliy teatr san’ati yutuqlarini Frantsiya, Germaniya kabi mamlakatlarda munosib namoyish etdi. Iqtidorli aktyor ijod bilan birga rahbarlik ishlarini ham muvaffaqiyatli olib bormoqda.

Ijodkor 1983 yilda «O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist», 1997 yilda «O’zbekiston xalq artisti», 1999 yilda «Qoraqalpog’iston xalq artisti» faxriy unvonlariga, 1997 yilda esa Xalqaro Bobur mukofotiga sazovor bo’ldi. 1998 yilda “Astana” medali bilan taqdirlandi.

Oilasi.

Turmush o’rtog’i: Abduqunduzova Valentina Nikolayevna (1952 yili “Shuхrat” medali sohibi).

Bolalari: katta o’g’li Johongir (1976 yil), yosh o’g’li Sardorbek (1978 yil).

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x