Tarjimai hol
Abdulxay Bag‘dodiy (fors. عبد الحي البغدادي) — XIV yoki XV asrda Temuriylar davrida yashagan rassom. Amir Temur tomonidan Samarqandga chaqirilgan va Samarqanddagi san’atlar ustaxonasida bosh rassom sifatida xizmat qilgan. Amir Temur saroyining asosiy rassomlaridan biri bo‘lgan. Bog‘i shamol saroyi va boshqa saroylar devorlaridagi suratlar va miniatyuralar muallifi hisoblanadi. Temuriylar davridagi yana bir rassom — Pir Axmad Bog‘ishamoliy zamondoshi bo‘lgan. Bag‘dodiyning vafotidan so‘ng, Pir Axmad Bog‘ishamoliy uning san’at uslubini davom ettirdi.
Bizning zamongacha Abdulxay Bag‘dodiyning ishlari juda kam yetib kelgan. Berlindagi islom san’ati muzeyida uning ikki miniatyurasi — “O‘rdak” va “Jang” saqlanadi. Stambuldagi Topkopu saroyida esa uning yana ikki miniatyurasi, uning imzosi bilan mavjud.