Post Views:
288
Imom Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurahmon ibn Fazl ibn Bahrom ibn Abdusamad Tamimiy Samarqandiy Dorimiy 797 yilda Samarqandning qadimiy mavzelaridan biri Dorimda tavallud topgan.
Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiy yoshlik chog‘laridan boshlab favqulodda aql- zakovati, o‘tkir zehni, ayniqsa, quvvai hofizasi (yod olish qobiliyati)ning o‘ta kuchliligi bilan barchani hayratga solgan. Uning g‘ayritabiiy iqtidori va alohida salohiyati xususida xalq orasida bir qancha rivoyatlar yurganligi haqida ham manbalarda qayd qilinadi. U diniy va dunyoviy fanlar, ayniqsa, hadis ilmi buyicha dastlabki bilimni o‘z yurti Samarqandda olib, so‘ngra o‘sha davrda ilm-fan va madaniyat taraqqiy qilgan markazlar – Qohira, Damashq, Bag‘dod, Makka, Madina, shuningdek, Xurosonning turli shaharlaridagi taniqli olimlar yordamida mukammallashtiradi. Bir necha yil davom etgan ilmiy safarlari davomida Imom Dorimiy Yazid ibn Xorun Vositiy, Ubaydulloh ibn Muso Abul Mug‘iyra Firyobiy, Abdusamad ibn Abdulvori, Yahyo ibn Hasan, Asvad ibn Omir, Bishr ibn Umar Zaxroniy va boshqa ko‘pdan-ko‘p yetuk muhaddislardan hadislar o‘rganadi.
Ilm yo‘lidagi betinim sa’y-harakatlari va izlanishlari natijasida Dorimiy hadis, tafsir va fiqh ilmlarining atoqli allomasi darajasiga ko‘tariladi.
Imom Dorimiy, ayniqsa, yirik hadisshunos olim sifatida katta shuhrat qozongan. U haqda yozgan mualliflarning aksariyati Imom Dorimiyning “Samarqandda hadis va al-osor (arxeologiya) ilmlarining ravnaq topishida ulkan hissasi bor”, – deb yakdillik bilan ta’kidlaganlar. O‘z davrining ilm ahli orasida beqiyos obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan Imom Dorimiy bir qancha muddat Samarqandda shayxulislom bo‘lgan. Shuningdek, manbalarda ta’kidlanishicha, tabiatan vazmin, adolatparvar va haqiqatgo‘y, insof va diyonati barkamol, har qanday vaziyatda aql- idrok, chuqur tafakkur va mulohaza bilan ish yuritgani bois Imom Dorimiy hazratlari sulton tomonidan Samarqandning qozikaloni lavozimiga taklif qilinadi. Alloma avvaliga rad javobini bersa-da, lekin sulton o‘z fikrida qat’iy turib olgach, rozi bo‘ladi. Biroq qozixonada atigi bitta ish ko‘rilgach, u o‘zini ushbu lavozimdan ozod etishlarini iltimos qiladi va pirovardida uning iltimosi qondiriladi.
Imom Dorimiyning ilmiy-ma’naviy merosini “Al-Musnad”, “At-Tafsir”, “Al-Jomi’”, “As-Sulosiyot fi-l-hadis”, “Kitob as-sunna fi-l-hadis” va “Kitob savm al- mustohozotiy va-l-mutaxayyirot” kabi asar- lari tashkil qiladi. Allomaning eng mashhur asari, shubhasiz, “Al-Musnad” bo‘lib, bu asar “Sunan ad-Dorimiy” nomi bilan mashhur. Asar ikki jilddan iborat holda 1996 yilda Livanning poytaxti Bayrutdagi “Dor al-kutub al-ilmiya” matbaasida chop etilgan. Ushbu ikki jildli asar muqaddima va yigirma uch kitobdan iborat. O‘z navbatida, har bir kitob ham ko‘p sonli (jami ellik yettita) boblardan tashkil topgan. E’tiborli tomoni shundaki, Imom Dorimiy “Sunan”ida keltirgan hadislardan deyarli u yashagan davrda faoliyat ko‘rsatgan buyuk muhaddislar Buxoriy, Muslim ibn Hajjoj, Abu Dovud Sijistoniy, Termiziy, Nasafiy, Ibn Moja va boshqa taniqli hadisshunoslar o‘z asarlarida foydalanganlar.
Imom Dorimiy hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hazratlaridan atigi o‘n uch yosh katta bo‘lgan. Ular ayni bir vaqtda, ya’ni IX asrda hadislar bilan astoydil shug‘ullanganlar. Shu bois, bu ikkala buyuk muhaddis bir-birlarini shaxsan bilganlar. Hatto, aytish mumkinki, ular o‘zaro yaqin ilmiy munosabatda bo‘lishgan. Bu fikrimizga dalil tariqasida tarixchi Shamsuddin Zahabiyning “Siyar a’lom an-nubalo” nomli asarida keltirilgan quyidagi ma’lumotni ko‘rsatish mumkin. “Ishoq ibn Ahmad ibn Xalaf shunday degan: “Bir kun ustoz Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning huzurlarida o‘tirgan edik. Shu payt ustozga bir maktub keltirdilarki, unda Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiyning vafoti (u Imom Buxoriydan atigi bir yil oldinroq – 869 yilda vafot etgan) haqida xabar qilingan ekan. Bu noxush xabardan ustoz chuqur qayg‘uga botib, boshini quyi egdilar. Bir muddatdan keyin boshini ko‘tarib, ko‘zlari limmo-lim yoshga to‘lgan holda hasratu g‘amginlik bilan: “Inna lillahi va inna ilayhi roji’un” (“Biz hammamiz Allohga mansubmiz va, albatta, unga qaytajakmiz”) oyatini aytib: “Sening tirik bo‘lishing uchun do‘stlar hammasi jonlarini fido qilishga tayyor edilar-ku”, – deb yuzlariga duoi fotiha tortdilar”. Mana shu muxtasar lavhadan ham ko‘rinib turibdiki, Imom Buxoriyning alloma Imom Dorimiyga nisbatan ehtiromi cheksiz bo‘lgan.
Imom Dorimiy dahosiga o‘z vaqtida ko‘plab mashhur olimlar yuksak baho berganlar. Abu Shaddod ismli muhaddis: “Abu Muhammad Abdulloh Dorimiy hadis ilmida bamisoli bir dengiz edi”, – deb ta’kidlagan bo‘lsa, Muhammad ibn Bushor ismli taniqli olim: “Nomi chiqqan Qur’on hofizlari dunyoda to‘rtta: Rayda Abu Zur’a, Nishopurda Muslim ibn Hajjoj, Samarqandda Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiy, Buxoroda Muhammad ibn Ismoil Buxoriy”, – degan.
Manba: 100 MARKAZIY OSIYO MUTAFAKKIRLARI
© O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi
© Toshkent islom universiteti
© «YANGI NASHR», 2011
https://shosh.uz/uz/abdulloh-ibn-abdurahmon-dorimiy-797-869-2/