ABDULLA QODIRIY (asosiy taxalluslari: Qodiriy, Julqunboy) (1894.4.10-Toshkent-1938.10.4) – 20-a. yangi oʻzbek adabiyotining ulkan namoyandasi, oʻzbek romanchiligining asoschisi; 20-y. lardagi muhim ijtimoiy-madaniy jarayonlarning faol ishtirokchisi. Bogʻbon oilasida tugʻilgan. Otasi Qodirbobo (1820—1924) xon, beklar qoʻlida sarbozlik qilgan, rus bosqini paytida (1865) Toshkent mudofaasida qatnashgan. Otasi boshidan oʻtgan sarguzashtlar Abdulla Qodiriyning qator asarlari, xususan tarixiy romanlarining yuzaga kelishida muhim rol oʻynagan. Abdulla Qodiriy musulmon maktabida (1904 — 06), rus-tuzem maktabida (1908—12), Abulqosim shayx madrasasida (1916 — 17) taʼlim oldi; Moskvadagi adabiyot kursida (1925—26) oʻqidi. Yoshligidanoq qad. Sharq madaniyati va adabiyoti ruhida tarbiya topgan; arab, fors va rus tillarini oʻrgangan. Jahon adabiyotini ixlos bilan mutolaa qilgan. Oilasi kambagʻallashganligi sababli bolalikdan mustaqil mehnat qila boshladi, turli kasblarni egalladi, mahalliy savdogarlarga kotiblik va gumashtalik qildi (1907—15). 1917-y. Okt. davlat toʻntarishidan soʻng Eski shahar oziqa qoʻmitasining sarkotibi (1918), «Oziq ishlari» gaz. ning muharriri (1919), Kasabalar shoʻrosining sarkotibi (1920), «Mushtum» jur. tashkilotchilaridan va tahrir hayʼati aʼzosi (1923—26). Abdulla Qodiriy ijodiy faoliyatining boshlanishi 1910y. larning oʻrtalariga toʻgʻri keladi. «Sadoi Turkiston» gaz. ning 1914-y. 1 apr. sonida Abdulla Qodiriy imzosi bilan «Yangi masjid va maktab» sarlavhali xabar bosiladi. Bu boʻlajak adibning matbuotdagi dastlabki chiqishi edi. Oradan koʻp oʻtmay, uning «Toʻy», «Ahvolimiz», «Millatimga», «Fikr aylagil» kabi sheʼrlari, «Baxtsiz kuyov» dramasi, «Juvonboz» hikoyasi chop etiladi (1914—15). Abdulla Qodiriy ijodining dastlabki namunalari boʻlgan bu asarlar millatparvarlik, maʼrifatparvarlik ruhida yozilgan boʻlib, jadidchilik gʻoyalari bilan sugʻorilgandir. Muallif unda xalqning zabun holatidan kuyib soʻzlaydi, millatni uygʻonishga daʼvat etadi, fikrlashga chorlaydi. Abdulla Qodiriyning «Uloqda» hikoyasi (1916) avvalgi asarlari bilan tenglashtirib boʻlmaydigan darajada yuqori boʻlib, 20-a. tongidagi oʻzbek realistik adabiyotining choʻqqisi, realistik hikoyaning eng yaxshi namunasi hisoblanadi.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые