Abdulla Alaviy (1908–1931)

Choʻlponning hammaslak shogirdlaridan biri Abdulla Alaviy – Abdullaxon Hakimxon oʻgʻli 1908 yilda Toshkent viloyati Pskent tumani Moʻminobod mahallasida ziyoli oilasida tavallud topgan. Onasi Habibaxon aya ham isteʼdodli shoira edi. Shu holat Abdullaning shoir sifatida shakllanishida muhim omil boʻlgan.

U bolalik paytlaridanoq tarix va adabiyot faniga qiziqdi; madrasa taʼlimi bilangina cheklanib qolmay, xususiy mutolaa asosida bilim doirasini kengaytirdi. Ayni paytda rus va nemis tillarini oʻrganib, shu tillarda yaratilgan adabiyot bilan ham tanisha boshladi.

1917 yildan keyin u dastlab Pskent, keyin Toshkentda ochilgan yangi maktab va bilim yurtida oʻqidi. Soʻng maʼlum vaqt oʻqituvchilik qilgach, Leningradga (Sankt-Peterburg) borib, oliy tahsil olishda davom etdi; Leningrad dorilfununining Sharq tillari qulliyotida oʻzbek tili va adabiyotidan dars berdi.

Abdulla Alaviy tom maʼnodagi ziyoli edi; zamondoshlarining aytishlariga koʻra, arab, fors, turk tillari qatori fransuz va lotin tillarini ham puxta egallagan. Abdulla Alaviy Samarqand Pedagogika akademiyasida xizmat qilgan kezlari bu yerda faoliyat yuritgan oʻzbek olim va yozuvchilari bilan ijodiy hamkorlikda boʻlgan, ular hurmatini qozongan.

Abdulla Alaviy oʻzbek mumtoz adabiyoti, adabiyot nazariyasi va yangi alifbo masalalariga bagʻishlangan ilmiy-tahliliy maqolalari bilan birga badiiy yuksak sheʼrlar ham yozib qoldirgan. Bu maqola va sheʼrlar miqdor jihatidan katta boʻlmasa-da, sifat jihatidan salmoqdor, eʼtiborga sazovor. Shoirning millatsevarlik ruhi bilan sugʻorilgan lirik sheʼrlari 30-yillarda oʻzbek sheʼriyatiga yangi epkin-tarovat olib kirdi.

U Choʻlpondan keyin sheʼriyatimizda lirik ibtido-psixologik tahlilning yanada teranlashishiga sezilarli hissa qoʻshgan edi. “Yoʻlovchi”, “Erkin sahob”, “Arslonbobga”, “Dengizga” singari tahayyullar asosiga qurilgan sheʼrlaridagi poetik tafakkur madaniyati oʻzbek shoirlarining keyingi avlodi, xususan, Rauf Parfi tomonidan davom ettirildi. Shoirning sheʼrlari Choʻlponona ruhda yaratilgani bilan eʼtiborni tortadi.

 

Gul va bulbul bilan bahorlar oʻtar,

Yoz oʻtar, kuz oʻtar, qora qish ketar.

Hech narsa abadiy qolmas jahona,

Yolgʻiz xotiralar saqlar zamona.

 

Abdulla Alaviy ijodi avji gullagan pallada ogʻir xastalikdan 1931 yilning 8 yanvarida vafot etadi. Uning oʻlimi Choʻlpon singari shoirlarni larzaga soldi, ular Abdulla Alaviy vafotiga bagʻishlab marsiyalar bitishdi. Choʻlpon: “Men sendan ayrildim. Shu ondan boshlab tilimda soʻz degan narsa yoʻqoldi”, deb yozgan edi.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/abdulla-alaviy-1908-1931/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x