Abay (1845-1904)

Abay – Ibrohim Qoʻnonboyev – XIX asrning ikkinchi yarmida yashab, ijod etgan qozoq sheʼriyatining mashʼali, bastakor, faylasuf va qozoq yozma adabiyotini asoschisi, maʼrifatparvar shoiridir. U 1845 yilning 8 avgustida Semipalatinsk viloyatiga karashli, hozirgi Abay tumani, Chingiztogʻ bovuridagi Qashqabuloq makonida dunyoga kelgan. Otasi Qoʻnonboy Oʻskonboy oʻgʻli qozoq urugʻlari ichidagi eng boy, badavlat kishilardan boʻlib, Abayni oʻqitishga katta ahamiyat berdi. Abay madrasada toʻrt yil taʼlim oldi. Arab, fors tillarini oʻrgandi. Markaziy Osiyo allomalarini, xususan, Saʼdiy Sheroziy, Hofiz Sheroziy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Navoiy, Bobur, Nodira asarlarini mutolaa qildi. Ulardan taʼsirlanib “Fuzuliy, Shamsiy, Sayqaliy” nomli sheʼriy asarini yaratdi. Unda Sharq allomalarini oʻziga ustoz deb bilganligini tan oladi:

Fuzuliy, Shamsiy, Sayqaliy, Navoiy, Saʼdiy, Firdavsiy, Xoʻja Hofiz – bu hammasi, Madad ber, yo shuaro fariyod – deydi.

Shuningdek, shoirning 1855–1881 yillar davomida yozgan “Yuzi ravshan”, “Alifbo”, “Fuzuliy, Shamsiy, Saykaliy” kabi va boshqa sheʼrlari Sharq allomalariga ergashib yozgan ijod namunalari edi. Shuning uchun akademik yozuvchi Muxtor Avezov “… unga tillari tushunarli boʻlganlikdan Navoiy, Fuzuliy asarlari koʻp taʼsir etgan. Ayniqsa, Abay Alisher Navoiyni oʻziga “eng yaqin ustoz” deb biladi va asarlaridan oʻrnak oladi”…

Abay Ahmad Rizo madrasasida uzoq tahsil koʻrolmadi. Otasi uni madrasadan chiqarib olib, el boshqarish ishlariga jalb etdi. Lekin Abay qalamni tashlab qoʻymadi. El boshqarish bilan birga badiiy ijod bilan qattiq shugʻullandi, oʻz bilimini tinmay oshirib bordi. Shoir uchun ayniqsa 1886–1889–1895 yillar sermahsul, qizgʻin ijodiy davr boʻldi. Bu davrda qozoq urugʻlarining oʻzaro ichkinizolari avj olgandi. Abay oʻz asarlarida ularni doʻstlikka, inoqlikka, birodarlikka undadi, ilm-maʼrifat olishga daʼvat etdi. Bunga shoirning “Mening elim – qozogʻim”, “Ddashganning oddi yoʻq”, “Ilm topmay maqtanma”, “Yoshlikda ilm deb oʻyladim”, “Boylar yurar molin ardoqlab”, “Internatda oʻqiydi” (1886) kabi asarlari yorqin misol boʻladi.

Abay oʻsha davrlarda Semipalatinskga surgun qilingan rus demokratlari I. I. Dolgopolov, Ye. P. Mixaelis hamda V. G. Belinskiy, Chernishevskiy, Dobrolyubov, Saltikov-Shchedrin, L. Tolstoy, A S. Pushkin, M. Yu. Lermonov, I. A. Krilov asarlarni oʻqib puxta oʻrgandi. Baʼzilarini qozoq tiliga tarjima qildi. Ularning asarlari orqali rus, jahon adabiyoti namoyandalari asarlari bilan yaqindan tanishdi, tarjimalar qildi, nasriy asarlar yozdi.

Abay ijodining muhim qirralaridan biri – yosh shoirlarni tarbiyalash boʻldi. Yoshlarga homiylik qildi. Ularga mavzular berib, dostonlar yozdirdi. Bu oʻrinda oʻgʻli Magʻaviyaga (1869–1904) “Medgʻat Qosim”, Oqilboyga (1863–1904) “Qissai Yusuf” kabi dostonlar yozishga daʼvat etganligining oʻzi kifoyadir.

Abaydan 300 ga yaqin sheʼriy asar, “Iskandar”, “Masʼud”, “Azim hikoyasi”, “Vadim” kabi dostonlar yetib kelgan. Uning asarlaridan xalqni ilm-maʼrifatga, insoniylikka, halollikka, sevgi-sadoqatga, muhabbatga daʼvat etish gʻoyalari asosiy oʻrin egallagan. Bu oʻrinda shoirning “Ey muhabbat, ey doʻstlik”, “Yigitlar”, “Oʻyin arzon, kulgi qimmat”, “Koʻzimning qorasi”, “Qiz soʻzi”, “Yigit soʻzi”, “Oshiq soʻzi – tilsiz soʻz” kabi asarlarini koʻrsatib oʻtish kerak. Abayning Pushkinning “Yevgeniy Onegin” asari asosida bitgan “Tatyananing qirdagi qoʻshigʻi” degan turkum sheʼrlari qozoq adabiyotining eng yaxshi namunalaridan biri boʻlib qoldi.

Abay sheʼriyatida muhabbatsiz, doʻstliksiz hayot boʻlmaydi, degan gʻoya ilgari surilgan. Abay oʻz davridagi zolim boylarni, feodallarni mehr-muruvvatli boʻlishga chorlaydi, ezgulik va adolatparvarlikni toʻlibtoshib kuylaydi. Abaygacha qozoq sheʼriyatida ikki xil oʻlan oʻlchovlari mavjud edi. U ham boʻlsa “Qora oʻlan” bilan “Jf”dir. Abay esa rus va jahon sheʼriyatini chuqur oʻrganib oʻlanlar vaznini oʻn yettitaga yetkazdi. Bu borada shoirning “Sakkiz ayoq” sheʼri bilan 16 tarmoqli “Sen meni netasan?” asarini eslash lozimdir.

Abayning bastakorlik faoliyatida “Sakkiz ayoq”, “Aytdim salom, qalamqosh”, “Men koʻrdim baland qayin qulashin”, “Jelsiz tunda yoriq oy”, “Necharo, qaytdim sezdirmay” kabi asarlari qozoq xalqi musiqa tarixida alohida oʻrin egallaydi.

Abay uch manbadan oziq olib, maʼnaviy kamolotga yetdi: Bular qozoq xalq ogʻzaki ijodiyoti, Sharq sheʼriyati va nihoyat rus, Ovroʻpo adabiyoti namunalari. Bu uch manba Abayni buyuk shoir etib yetishtirdi, olamga tanitdi. Asarlarini ellarga manzur kildi. Abayning nasriy asarlari, sheʼru dostonlari oʻzbek, tatar, qirgʻiz, qoraqalpoq, turk, moʻgʻul, chin, chex tillariga tarjima kilingan va mazkur xalqlarning maʼnaviy mulkiga aylanib qolgan.

Shoir asarlari birinchi marta Sankt-Peterburgda “Qozoq shoiri Ibrohim Qoʻnonboy oʻgʻlining sheʼrlari” degan nom bilan chop etilgan. Maʼrifatparvar adibning nasriy asarlari 1918 yilda Semipalatinskda, 1922 yilda “Tanlangan sheʼrlari” Toshkentda nashr qilingan.

Muxtasar qilib aytganda, Abay qozoq adabiyoti va qozoq tiliga asos soldi. Shoirning sheʼru dostonlari, nasriy asarlari, tarjimalari qozoqxalqining milliy-maʼnaviy iftixori boʻlib qoladi. Abay ijodi turkiy tillarda soʻzlashuvchi xalqlarning umumiy maʼnaviy mulkidir. Abay xalqlarni doʻstlik va birodarlikka, hamjihatlikka chaqirdi. Tinchlik va osoyishtalikni, mehr-muhabbatni ulugʻladi. Shoir orzulari bizning kunlarimizda roʻyobga chiqdi.

 


“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/abay-1845-1904/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x