Aʼzam shoirning oʻktam ovozi

Aʼzam Oʻktam ijodi, ayniqsa, uning sheʼriyati toʻgʻrisida yozish oson emas. Sababi, Aʼzam Oʻktam shaxsiyati, uning sheʼrlari yengil, oʻtkinchi, navbatchi gaplarga, hamma qalamkashlar uchun yoziladigan bir xildagi bosma qoliplarga mos tushavermaydi.

Garchand shoir nomi Respublika markaziy gazeta-jurnallarida “Aʼzam Xudoyberdiyev” tarzida XX asrning 80-yillari avvalida paydo boʻlib, davriy matbuotdagi adabiy-tanqidiy, tafsiliy maqolalarda isteʼdod yoshlar qatorida koʻp bora tilga olingan boʻlsa ham, ijodiy yoʻlini, tadriji va yangilanishlarini, gʻoyaviy-poetik olamini teran ochib beradigan maxsus tadqiqiy-ilmiy maqolalar yozilgani yoʻq. Holbuki, Aʼzam Oʻktamdan adabiyot muhiblariga “Kuzda kulgan chechaklar”, “Kuzatish”, “Ziyorat”, “Taraddud”, “Ikki dunyo saodati”, “Qirqinchi bahor” kabi sheʼriy toʻplamlar meros boʻlib qoldi.

Tabiiyki, bular shoirning boshqalarga oʻxshamagan poetik olami xususida jiddiy bir tadqiqot, tasnif, tahlil va talqinlar uchun manba boʻlishi antiq. Darvoqe, uning ijodi faqatgina sheʼriy asarlardan iborat emas. Aʼzam Oʻktam koʻpgina adabiy maqolalar, “Xabar” nomli qissa yozdi. Ayrim publitsistik asarlariga Nizomiddin Latif imzosini qoʻydi. Shuningdek, tarjimonlik, muharrirlik ishlari bilan shugʻullandi.

 

Bir maqola muallifi (“Yoshlik”, 2009 yil 5-son) shoirning “Taraddud”iga ishora qilib: “Eng soʻnggi toʻplami qoʻlimda”, deb yozgan ekan. Holbuki, 1993 yilda bosilgan “Taraddud”dan keyin shoirning 1998 yili “Ikki dunyo saodati”, 1999 yilda “Qirqinchi bahor” kitoblari chiqdi. Chin ijodkorning oʻziga xos borligʻi, maʼnaviy mezonlari, estetik olami boʻladi. Menimcha, yaxshi ijodkor haqida yozganda baimkoni qadar rost yozish, anglab, bilib yozish, nomigagina yozmaslik, roʻyxat yo hisobot uchungina yozmaslik kerak.

Aʼzam Oʻktamning adabiy shaxsiyati va qiyofasini, isteʼdodining asosiy qirrasini sheʼriy asarlari belgilaydi. Bu sheʼrlar egasining mavqeini, obroʻsini tabiiy ravishda baland koʻtaradi; yaxshi sheʼrgina shoirni adabiyatga daxldor qiladi. Chunki bu sheʼriyat egasida ichki bir magʻrurlik, gʻolibiyat seziladi; u birovlarga yaltoqlanishni, ayniqsa, haqsizlik qoshida boʻyin egilishni oʻziga ep koʻrmaydi. Aʼzam Oʻktam sheʼrlari oʻzi kabi ancha oʻjar va odamning yuziga, haqiqatning koʻzlariga tik qarab turadigan, inson yuragiga tez yetib boradigan samimiy, jonli ijod namunalaridir. Biz shaxsan tanigan Aʼzam Oʻktam yolgʻonchi, nohaq, tuban, meshchan, koʻzboʻyamachi, munofiq odamlar va ular tabiatida uchraydigan maʼnaviy kirlar bilan mutlaqo murosa qilmaydigan inson edi. Haq gapni, dilidagini oʻz oʻrnida, aslo kechiktirmay darhol aytishga, juda boʻlmasa, ramziy qochirimlar bilan dard-alamini toʻkib, ichini boʻshatishga, soʻngra miriqib, begʻubor kulishga, baʼzan hatto kalaka yoʻli bilan balandroq chiqib olishga imkon topa oladigan shoir edi Aʼzam aka. Bir qarashda goʻyo quvnoq, hazilkash, xushchaqchaq odamdek koʻrinsa ham, aslida ichi dardli edi. Tabiiyki, bu ogʻriq el-yurt, millatga, erkinlik, insoniylik, iymon-eʼtiqodga doirdir.

Aʼzam Oʻktam sheʼrlari mahobatli, hikmatli, iztirobli, oʻyinli, hisli; tazodli, tashbehli, irsoli masalli, piching-kinoyali… Uning sheʼlarida “oʻz” va “oʻzga”, “men” va “sen”, “birov” juftligi koʻp qoʻllaniladi. Lirik “men”ni aksar hollarda ijodkor meni bilan toʻla-toʻkis yonma-yon qoʻyishda xatolik yoʻq. Ammo “sen” hamda “birov”ning koʻlami keng. “Birov” ortida yor, doʻst, dushman, shogird, ustoz kabi obrazlar va hatto “men” ham turadi. “Soʻkmasman birovni, soʻktirmasman ham, Berganimmas, totgan tuz yodimdadir”. Tabiiyki, oʻzligini anglagan odam birovga tuz beradi; birovning tuzini yeydi. Lekin birov soʻkmoqchi boʻlsa, soʻktirmaydi. Jahdi, jasorati shuncha. Ustiga ustak: “Turaverar kerib koʻkragin, Aʼzam Oʻktam oʻlar – egilsa”, shu bois birovga qarab: “Chip-e, boʻlsang kimning koʻppagi, Pisht-e, kimning mushugi boʻlsang!” (“Salomga alik” sheʼri) taʼbirlarini bemalol aytaveradi.

Aʼzam Oʻktam tabiatiga xos toʻgʻrilik, qatʼiyat, askiya, hazilga moyillik, hozirjavoblilik kabi xususiyatlar sheʼrlarida ham mujassam topgan. Aslida, soʻzga eʼtibor, soʻzida turish, soʻzini birovlar ixtiyoriga bermaslik shoirning yuksak madaniyatidan darak beradi. Ortiqcha gapirib qoʻyish – xatarli. Inson qalban hidoyat topgan boʻlishi mumkin, ammo oʻrinsiz gapirib qoʻyish yomon: “Tilim, qoʻrqinchlarim sendan, Xatarli senga erk bermoq” (“Oʻtinch” sheʼri). Aytilgan soʻz uchun, qilingan amal uchun hisob berish Kuni “chindan-da kelishi”ga, “Qalamlarga til bitib”, qogʻozlarga jon kirigan Kunga ishongan ijodkor vujudini haqiqiy qoʻrquv egallaydi, oʻzi oʻzini doimo tergab turadi; oʻziga malomatlar qiladi: “Xato qildim gapirgan sayin”, deydi yoki “Oʻzni ne deb oqlagayman Soʻrsa ulugʻ ayyomda?”, deb oʻyga toladi.

Ijodkor poetik olamini dunyoga qarashidan ajratib tasavvur qilib boʻlmaydi. Sobit dunyoqarash va eʼtiqodsiz adabiyot oʻtkinchi; nazariy nuqtai nazardan uning badiiy talqin mezonlarida nuqson boʻladi. Ulkan sinovlarga bardosh berib kelayotgan insoniyat tomonidan ijod etilgan dunyo adabiyotining durdona asarlari shunga guvohlik beradi. Aʼzam Oʻktam iymon-eʼtiqodli inson sifatida yuragini qogʻozga toʻkar ekan, ijodi uchun adabiy mezonni, chegaralarni aniq belgilab oladi:

 

“Bir kishi holidan, Olloh,

Saqlagil, bergil amon-

Uxlagay moʻmin boʻlib ul,

Uygʻonur kofir boʻlib!”

( “Har balo…” )

 

“Bas qil emdi, har soʻzingda

Bitta taʼna, iddao.

Chunki minnat aylamak ham

Boʻlmas emish islomda”.

(“Tongda erkin…”)

 

Shoir hayotdagi aʼmoli va amaliga mos kelmaydigan gaplar bilan soʻzamollik qilishni xush koʻrmaydi; soʻzni tejaydi, ortiqcha isrof etmaydi. Ayniqsa, “Qirqinchi bahor” toʻplamiga kirgan sheʼrlari qisqa, loʻnda, kam soʻz bilan koʻp maʼnolar anglatgan, duodek moʻtabar sheʼrlardir. Shoir nazdida, “Yomgʻir – bu pichirlab qilingan duo”. Adabiy-eʼtiqodiy tafakkur iplari azaliy ildizlarga borib taqalgan Aʼzam Oʻktam sheʼrlaridagi bunday badiiy sanʼatlar chin musulmon insonga xos tarzda jaranglaydi: “Ariqdan suv ichib turgan ul qushlar – Ogʻiz sayqayotgan muslimga oʻxshar” (“Oʻxshashlik”). “Ehtiyotsizlik” sheʼrida bir soʻz ixtiyorsiz aytib qoʻyiladiki, shoir uni “Ramazonda uxlab peshinda, Tushda ogʻiz ochib qoʻygandek!” tarzda juda original oʻxshatish bilan ifoda qiladi. Agar roʻzador odam bir oz toliqsa-yu, peshin mahali uxlasa va tushda beixtiyor ogʻizini ochib qoʻysa, tabiiyki, man etilgan amal bois juda noqulay bir vaziyatga tushishi mumkin.

Aʼzam Oʻktam sheʼriyatida mantiq kuchli, shiddit va oʻktamlik, lirik qahramon ruhiyatida ulkan bir dard va alam bor. Shoir nazdida “Alamsizlar – qalamsizdir”. Sheʼrlarida maqol yoki matallar, iboralar, xalqona frazeologik birliklar vositasida obraz yaratadi. Baʼzi oʻrinlarda “Hayot menga doʻstmas, ha, yot”, “Olloh, panohingga ol-l, oh”, “Koʻpirtirdi: Ziyoli “Ziyonli”ga aylandi” kabi soʻz oʻyinlari uchraydi. Soʻzdagi birgina urgʻu, nuqta, ohang, boʻgʻin boʻlinishi yangi maʼnolarga olib kelishi tabiiy.

Maʼlumki, mumtoz badiiy sanʼatlardan biri qalb deb nomlanadi; unda soʻzlar oʻng va teskari oʻqilganda ham maʼno beradi. Lugʻaviy jihatdan “agʻdarilish, oʻzgarish, aylanish” maʼnolarni anglatadigan bu badiiy sanʼatda soʻzdagi tovushlarning oʻrni almashadi. “Oʻyin” sheʼri:

 

“Darada hayqirdim.

“Men ulugʻ, ulugʻ!”

Qaytarilar:

“Gʻulu”.

“Fol och,-dedim,-

Kelajakdan fol”.

Eshitilar:

“Lof”.

Ingradim:

“Oh, oh, oh”.

Gumburlaydi:

“Ho, ho, ho”.

(“Oʻyin”).

 

Sheʼrdagi “ulugʻ-gʻulu”, “fol-lof”, “Oh, oh – ho, ho” soʻzlari fonetik oʻzgarishga uchragan va har ikki holatda ham maʼno ifodalaydi.

Sheʼriy misralardagi: “Oh urib, dod dedim ichim yongan dam”, “Qoʻzgʻaldim, tomirda tirildi isyon”, “Oʻv, kimlarni yigʻding yoningga”, “Shartta yulib beray, qon yuragimni”, “Shart guvranib oʻrnimdan turdim” kabi tuygʻular shoir tabiatidagi jahdni, shiddatli ruhiy holatni namoyon etadi. Sokin va xotirjam mahalida oʻsha holatlarni qoʻmsaydi: “Qani, qayda qoldi kechagi jahdim”.

Aʼzam Oʻktam oʻziga xos sheʼriy uslubga ega shoir. Shuning uchun uni begona birov bilan adashtirib boʻlmaydi. Shu bois uning sheʼrlari oʻzidan boshqa hech kimga oʻxshamaydi. Shuning uchun sheʼriy misralardan shoirning oʻktam ovozi kelib turadi: jiddiy, salobatli, ijtimoiyatli, kutilmaganda favqulodda va tagdor-tagzaminli. Baʼzan oʻyinga solingan va kinoyali, ammo maʼnodor:

 

“Tilingizda oʻsha xush navo,

Qoʻlingizda oʻzim bilgan soz.

Tanimayroq turibman ammo,

Yangirganga oʻxshaysiz bir oz.

 

Iqbolingiz tagʻin ham kulsin,

Boshingizda soʻnmasin shuʼla.

Aravangiz muborak boʻlsin,

Qulluq boʻlsin yangi ashula.”.

(“ Tabrik”)

Shakl izlanishlaridan tajribalar qilingan sheʼrlari ham bor:

 

“Girdobiga tortar oʻjar savollar

Asli nega keldim

Ketmayman nechun

Qayoqqa borardim ketganda

Ne qilib yuribman

Men kimman oʻzi

oʻzi kimman Men

yuribman Ne qilib

ketganda borardim Qayoqqa

nechun Ketmayman

keldim nega Asli

oʻjar savollar tortar Girdobiga”.

(“Aylana”)

 

Shakl eʼtiboridan oʻziga xos bu sheʼr. Ikki “girdob” oraligʻiga joylashgan matn. Sheʼrning bitta misrasidan boshqa hammasi savolli. Bu savollar doimo xayolda kezib yuradi. Boshidan oʻqib borilganda ham, oyogʻidan oʻqilganda ham aylana – oʻjar savollarning girdobiga tushasiz. Ammo bu savollar oddiy emas. “Men kimman” – borligʻi toza, qalbi butun, iymonli odamning savollari. Kimligini anglagan, oʻz vujudiga nazar tashlagan odam Yaratganni taniydi. Kimlikni anglash, hayot mazmuniga, kelib-ketish mohiyatiga yetish motivi Aʼzam Oʻktam sheʼriyatida muhim oʻrinni egallaydi. “Anglab boqurmiz atrofimizga: kim erdik, kim boʻldik, kim boʻlurmiz biz?” “Oʻz holin bilmay shod” yurgan birovlar – “shoʻrliklar”dir. Dunyoning oʻtkinchiligini, bir lahzalik, uch kunlik, besh kunlik “bu umr baribir boqiymas”ligini shoir yaxshi anglaydi, anglatishga intiladi. “Jimgina yashashga hushim yoʻq”, deb shiddatlangan shoirni koʻpincha “hayotdan maqsad nima, nega yashayapman, umrning avvali ne, oxiri nima bilan tugaydi” kabi jumboqlar oʻylantiradi.

“Taraddud” toʻplamida “Bir kun”, “Bir tun” degan zidli sarlavhali hajmi katta ikkita sheʼr bor. Aʼzam Oʻktam unda umr mazmuniga, qalbiga, tegrasiga, doʻstlariga, ustoz-shogirdlar, katta-kichiklar holiga, eng muhimi, oʻz-oʻziga qayta-qayta nazar soladi.

 

“Tong yaqin!

Uzun kun boshlanar shu zum,

Tong – bu – qora tunga boʻlur nihoya.

Oʻzingdan kerakdir oʻzingga hujum,

Oʻzingga kerakdir oʻzdan himoya”.

 

“Bu kun” sheʼri shunday yakun topadi.

“Bir tun”da oʻzlikka teran nazar bilan birga tazarru kayfiyati ustivorlik qiladi:

 

“…Vujudim sogʻlomdir, biroq dil mayib,

Qilt etgim kelmayur, turarman shunday:

Birov salom, desa kundek jilmayib,

Xayr, degim kelar xoʻmrayib tunday…”

 

Ziddiyatilarga toʻla hayotni ravonlashtirish, ziddiyatlarga toʻla dunyoni sokinlashtirish, halovatda turmush kechirish insonning oʻziga bogʻliq. “Muslimman, deyarga sigʻmaydi haddim, Kofir nomidan-da or qilaman or…” – Bir olam ziddiyatlari, koʻngil qolishlari oqibatida lirik qahramon Yaratganga yuzlanadi:

 

“Yo rab, tili achchiq bir bandadirman,

Yigʻlamoq oʻrniga erta-kech kulgan…”

“Kimniki soʻkibman – yaxshi barisi,

Men oʻzim yomonman, yoʻq mendan yomon.

Pichingga til burmam bundan narisi:

Soʻkib boʻlmas – sening xalqing-ku inson.

Koʻp nodon ekanman: axir sen bor-ku,

Boʻlmasmi oʻzingga hasratim aytsam,

Gʻamxoʻrim bir oʻzing Parvardigor-ku,

Har ne boʻlay endi haq yoʻldan qaytsam …”.

 

“Bu tun” ikki rakatli bomdod namozining sheʼrga tushgan tafsili bilan tugallanadi. Sheʼr shoir ijodiy merosidagi dasturiy asarlaridan biri. Aʼzam Oʻktamning adabiy-estetik borligʻini, sheʼriyatiga xos xususiyatlarni birgina shu sheʼri vositasida ham tasavvur qilish qiyin emas. Sheʼrda lirik qahramon ruhiyati, kayfiyatiga mos sogʻlom-mayib, salom-xayr, jilmayib-xoʻmrayib, muslim-kofir va boshqa tazodlar koʻp qoʻllangan. “Malomat” (“Kulgali kuch behisobdur, Yigʻlamoq odat emas”), “Nasliga tortish” (“yuksaldi-ku pastkashlar”), “Kosa tagida nimkosa” (“issiq-sovuq, yoz-qish”) kabi sheʼrlari umuman shu badiiy sanʼat asosiga qurilgandir.

“Qirqinchi bahor”da “Harakat” sarlavhali mansur sheʼri berilgan: “Qarshilik. Qamoq. Qiynoq. Qasos. Qin. Qilich. Qalqon. Quyuladi qon qaynoq. Qattol, qattiq qatagʻon. Oʻlar. Oʻkirar. Oʻylar. Oʻprilar. Oʻrtanar. Oʻnglanar. Oʻqir. Oʻynar. Oʻsar. Oʻtar. Oʻrganar. Quvonch qahat. Qotadi. Qora qismat. Qaygʻu. Qon. Qadim qudrat qaytadi qachon, qachon, qachon? Olish. Otish. Obodlik. Ogʻir ojiz olamga. Omonligu ozodlik omonotdir odamga. Notiqlar nomard, noqis. Nechun nolish, nasihat? Najot – norozi nafas. Nafrat – nasiba, neʼmat”.

Bunda talatoʻp zamonlarda inson hayotida duch kelishi mumkin boʻlgan voqea-hodisalar, his-tuygʻular va tushunchalar jamlangan. Sajʼ, ohang, alliteratsiya, takror uchun shoir maxsus soʻzlarni tanlaydi. Bunda bevosita sarlavha mohiyatini mazmunan taʼminlaydigan bir maromdagi harakat ham, ayni choqda, harakat sababchisi boʻlgan oʻzaro ziddiyatlar silsilasi ham bor. Eng muhim qirrasi bunday harakatdagi soʻz oʻyinidan, aniqrogʻi, soʻzlarning bosh harflari yigʻindisidan “Qoʻqon” soʻzi paydo boʻladi. Mansurada shu qadim shaharga xos xususiyat jamlangandek taassurot qoldiradi. Haqiqatan, agar bu tarixiy oʻlkaning oʻtmishiga nazar tashlansa, qirgʻin-barotlar, qatagʻon zamonlarida ne-ne nomardlik va sotqinliklar boʻlgani xayolga keladi. Oʻsha mashʼum qatagʻon davri ostonasida turgan shoir Abdulhamid Choʻlpon bu oʻlkaga xitoban:

 

“Ey goʻzal Fargʻona, qonli koʻylakingdan aylanay,

Tarqalib ketgan qora vahshiy sochingga bogʻlanay”,

 

deb yozgan edi 20-yillarda. Aʼzam Oʻktam sheʼridagi ruh shunday ijtimoiy pafos ega. Erksuyar Choʻlpon qalbi, umuman, bu toifa shoirlar zanjirli muhitlarga sigʻmasligi bois kishanlarga hurlikni qarshi qoʻyadi. Shunga monand Aʼzam Oʻktam ham 80-yillar oxirlarida “Qizimga hasrat” sheʼrida: “Kishan bilakuzuk emasdir, Tumor” , deb yozadi. Boshqa oʻrinda yana shu obrazni qoʻllab taʼkidlaydiki: “Shayton qancha bermasin pishang, Boʻsagʻadan hatlatmas axir – Poyimdagi u kumush kishan, Boʻynimdagi bu tilla zanjir!” “Choʻlpon” sheʼrida: “Kishan shaqirlashdan boshqani bilmas”, deydi. Darvoqe, Choʻlponning adabiyotshunos Ibrohim Haqqul tomonidan qayta nashr tayyorlanib chop qilingan dastlabki “Bahorni sogʻindim” sheʼriy majmuasining muharriri Aʼzam Oʻktam edi.

Shu oʻrinda Choʻlponga ixlosli Aʼzam akaning birorta adabiyotshunos tomonidan aytilmagan, faqat shoirlargina ilgʻab oladigan bir mulohazasini eslab oʻtishni istar edim. Bir kuni uchrashib qolganida Choʻlpon sheʼrlarining yaxlit bir butunlikdan tarkib topgani yuzasidan soʻz ochib dediki: “Choʻlponning istagan bir sheʼrini istalgan bir sheʼrining davomi yoki oraligʻiga joylashtirib oʻqish mumkin, undagi mantiq buzilmaydi”. Nazarimda, bu fikr oʻz isboti bilan radio toʻlqinlarida ham jarangladi.

Aʼzam Oʻktam sheʼrlarida fikr va his-tuygʻu oʻzaro uygʻunlikda ijtimoiy-falsafiy koʻlam hosil qiladi. Uning bitta sheʼrini tugal tushuntirish, talqin va tahlil qilish uchun istaysizmi-yoʻqmi deyarlik har bir soʻzi, misrasi ustida mulohaza yuritish lozim. Masalan “Aldamang, ustoz!” degan ixcham bir sheʼrida yozadi: “Siz mendanki Tortinmadingiz, Aniq – uyalmaysiz Tangridan aslo”. Toʻrt qatorga joylangan bu matn bor-yoʻgʻi yettita soʻzdan iborat. Ammo unda ulkan bir fikr va tuygʻu mujassam. Aldangan shogird qalbidagi alam hislari ifodalangan. Bundagi pafos nafosatdan koʻra haqoratga yaqin; bu quyushqondan chiqqan kishining alamdan chiqish uchun yozgan yetti dona soʻzi, ustozidan koʻngli qolgan bir kimsaning dardi, alami bu. Buning qofiyasi yoʻq, vazni va ohangi ham oʻziga yarasha. Ammo bunda amali soʻziga muvofiq kelmaydi deya tasavvur qilinayotgan kimsaning gʻaroyib suvratiga ixcham bir chizgi namoyon.

Teran yozish uchun teran bir tasavvur va tafakkur lozim. Olimlardan biri aytadiki: “Loyqa, mujmal tasavvur qilinagan narsalar, tusmolanib yoziladi”. Aʼzam Oʻktamning azaliy, milliy qadriyatlar toʻgʻrisida yozgan “Izoh shart emas” sheʼrida teranlik bor. Sal xomushroq yurib, doʻppi yoki chopon kiygan odamga birovlarning boshqacharoq qaragan zamonlar boʻldi. Shu voqelik aks etgan sheʼrning oxir ham teran maʼnoli: “Kimdir oʻlar, nimadir boʻlar Oʻzbek qaytsa asl holiga!”

Ijodkor oʻz maʼnaviy dunyosini, chinakam botiniy qiyofasini, toza borligʻini yozmasa, yolgʻon rebuslar toʻqishga, oʻzidan farishta yasash yoʻliga oʻtib oladi. Shoir sheʼrlarini oʻzidan, “men”idan ayirib talqin qilish qiyin. Sheʼr har kimga turlicha taʼsir koʻrsatadi, odam ularni turlicha qabul qiladi. Bunday zavqni talqin qilishning ham oʻz gashti bor. Sheʼrning tavallud ayyomini, kimga bagʻishlangani, qachon, qanday sharoitda nima uchun yozilganini aniqlab, biografik yoʻsinda tahlil qilish ham adabiyotshunoslik tajribasida mavjud usullardan biri, albatta. Lekin Aʼzam Oʻktamning oʻgʻil-qizlariga, ustozlari yoki yaqinlariga bagʻishlab yozgan “Qizimga hasrat”, “Toʻmaris bilan suhbat”, “Maktub. Qodir Deqonga”, “Nizomiddinni uygʻotish” kabi sheʼrlarining adabiy-estetik koʻlami keng.

Aʼzam Oʻktam sheʼrlari, nasriy va publitsistik asarlari mohiyatiga oyat, hadis va hikmatlarni singdirib yozdi. “Haq soʻzni bitmakka sarflangan siyoh Jangda tomgan qondek qadrli boʻlar!” Yana bir sheʼrida: “Bugun tongda negadir otam Qarab qoʻydi norizo boʻlib” deydi. Otani norizo qilish koʻngilni besaranjom etadi. Bu oʻrinda ota-onaning roziligiga oid hadis yodga tushadi. Darvoqe, Aʼzam Oʻktamning “Ikki dunyo saodati” (1998) kitobi Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aytgan qirq toʻrtta hadisning sheʼriy talqin va izohlaridan tarkib topgandir…

Aʼzam aka “Xabar” nomli qissada (“Sharq yulduzi” jurnali, 1995 yil 1-2 son) XX asrning birinchi choragidagi algʻov-dalgʻovlarga, oʻzgarish va tahlikalarga toʻla davr voqealarini qalamga oladi. Shoʻro idorasining kirib kelishi, nomigagina oʻtkazilgan saylovlar, boylar, bosmachilar va nihoyat, Akram kabi tozalik yoʻlida jon kuydirib, dinni bidʼat-xurofotdan toza koʻrish niyatidagi yigitlarning intilishlari – barcha-barchasi qissada pokiza nazardan oʻtkaziladi. “Xabar”da Akram, Tavfiqbek, Nuriddin qozi singari turli toifa kishilarining qiyofasini, ichki va tashqi olamini bir muncha teran tasavvur etish mumkin. Asarda tigʻizlik bor, voqea-hodisalar juda ixcham-muxtasar bayon etilgan. “Xabar” qissasining yakunida Akram Tavfuqbekka xat yozib el-yurt shoʻrolar qoʻliga oʻtgani xabari beriladi. Sarlavhadagi “Xabar”ning bir sababi shu. Ikkinchidan, ayni maktubda Qurʼoni karimning “Nabaʼ” – “Xabar” surasining sajli-goʻzal tarjimasi keladi. Sura mohiyati qissa mazmuniga qaysidir maʼnoda bogʻliq.

Aʼzam Oʻktamning “Hidoyat” jurnali hamda “Musulmonlar taqvimi” kitobida bosilgan “Koʻzi bogʻliq qush”, “Mazmuni ochilmagan…” sheʼr emas”, “Shaytonni tanib oling, bolalar” kabi adabiy tahlil va taqrizlari, “Gapning indallosi”, “Oʻynab gapirsang ham…”, “Beayb Parvardigor” kabi ixcham publitsistik maqolalari oʻz vaqtida muxlislar eʼtiborini qozongan edi…

Aʼzam Oʻktam bir sheʼrida: “Oʻlim demang, oʻlim oʻlsin! Oʻynab-kulib yuzga toʻlaman”, deb yozgan edi. Shoirni oʻlgan demang, azizlar, “oʻlim, oʻlsin!” Aʼzam Oʻktam bugun ellikka toʻldi.

Aʼzam Oʻktam “oʻynab-kulib yuzga” ham toʻlajak!

 

Bahodir Karim

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/azam-shoirning-oktam-ovozi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x