Fozil Zohid hayoti, ijodi, asarlari, faoliyati, tarjimai hol, batafsil ma’lumotlar
Fozil Zohid (Fozil Zohidov) 1926 yil Xorazm viloyati Gurlan tumanining Eshimjiron qishlogʻida tavallud topgan. Otasi Zohid Maxdum ilmli, maʼrifatli, hofizi Qurʼon insonlardan boʻlgan. Oʻtgan asrning mashʼum 30-yillarida qatagʻon qurboni boʻlgan; mahbuslikda dunyodan koʻz yumgan. Uch yoshida otadan yetim qolgan Fozilni Naqshbandiya tariqati murshidi, bobosi Ibrohim eshon oʻz tarbiyasiga oladi.
Maktab tahsilidan soʻng Fozil Zohid 1942–1946 yillar “Paxtakorlar ovozi” tuman gazetasida faoliyat koʻrsatdi. Askarlik xizmatini oʻtab qaytgach (1946–1950), 1958 yilgacha tuman gazetasida masʼul kotib,“Xorazm haqiqati” viloyat gazetasida boʻlim mudiri, masʼul kotib vazifalarida ishladi (1958–1965). 1965 yildan pensiyaga chiqqunga qadar hozirgi “Oʻzbekiston ovozi” gazetasining Xorazm viloyati boʻyicha muxbiri sifatida dolzarb mavzudagi chiqishlari bilan elga tanildi.
F. Zohidning “Assalomu alaykum” (1971), “Gujumlar diyori” (1977) toʻplamlari chop etilib, yuzlab maqola, lavha va ocherklari respublika matbuotida keng yoritilgan. Ogahiy nomidagi viloyat teatrida “Hamqishloqlar” asari sahnalashtirilgan.
Ayniqsa, Istiqlol yillari Fozil Zohidning ijodi barakali kechdi: masnaviy, manzuma, toʻrtlik va fardlar, maʼnaviy-axloqiy mavzudagi maqolalar, xotiralar, hikmatli, xalqona aforizmlar majmuidan iborat “Sado” (1999), “Soʻroqlasa meni doʻstlar” (2008), “Ota bogʻi”, “Hayitlik” (2002), “Zamaxshar shodalari” (2011) singari sheʼriy toʻplamlari, “Yaxshi soʻz muxtasar”, “Agar qatrasi tomsa…”, “Qirq hikmat”, “Qirq kalima”, “Otalar tuhfasi” singari oʻzaro bogʻliqlikdagi “Chashmadan qatralar” (2009) nomli besh kitobdan iborat manzumasi, “Uch yuz oltmish avliyo” (1995), “Islom maʼrifati” (1997), “Bozor va tijorat odobi” (2003), “Jon va iymon ofati” (2006) kabi maʼrifiy-tarixiy kitoblari, “Biybozor” (2003), “Komiljon Otaniyozovni taniysizmi…” (2003), “Yodnoma” (2005), “Niyozmat hoji yodgori” (2006), “Yodimdasiz azizlar” (2009) xotira kitoblari Fozil Zohid maʼnaviyat bogʻining mevalaridir. Ularning umummundarijasi oʻzlikdan uzoqlashmaslik, Oʻzidan madad hamda oshiqlik, halollik, til odobi va h. k. axloqiy-maʼrifiy mavzularni qamrab oladi.
Shoir asarlarining mazmun-mohiyatida asosan “Soʻzda sehr, sheʼrda hikmat” degan oʻlmas gʻoyaga sadoqatning koʻrkam ifodasi koʻrinib turadi.
Foydalanilgan adabiyot
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.