KARKIDON QUSHLAR (Bacerotidae) – popushaklar turkumining bir oilasi. Tumshugʻi keskin pastga egilganligi, uning ustida katta shoxsimon oʻsimta borligi uchun Karkidon qushlar deb nom berilgan. Tanasining uz. 50 sm dan 165 sm gacha, vazni 150 g dan 4 kg gacha.
Karkidon qushlar yirik, dumlari uzun, barmoqlari bir-biriga birikkan. Oilada 14 urugʻ, 45 tur mavjud. Afrika, Avstraliya va Hindistonda tarqalgan. Shoxli qargʻaturidan boshqa turlari oʻrmonlarda yashab, daraxtlarning tabiiy kovaklariga 1—5 tuxum qoʻyadi. Inkubatsiya davri 1,5 oy. Modasi tuxum bosayotganida nari kovak ogʻzini kichik teshik qoldirib shuvab tashlab, modasi va joʻjalarini oziqlantiradi. Joʻjalari uchurma boʻlgandan keyin uya ogʻzini ochadi. Ayrim turlar bolalari 2—3 haftaligida modasi uyadan chiqib, kovakni qaytadan shuvaydi, bolalarini nari va modasi oziqlantiradi. Karkidon qushlar xar xil mevalar, hasharotlar bilan oziqlanadi, ayrim hollarda kaltakesak, kushlarning bolalarini ham tutadi.