Aqlim ketti, boshim qotti, nechuk aytay?
Rahmon egam, aro yoʻlda qoldim mano.
Umrum oʻtti, vaqtim yetti, qayga boray?
Rahmon egam, aro yoʻlda qoldim mano.
Vo darigʻo, tong otquncha koʻpub yottim,
Shayton bilan ishrat qilib, dinim sottim,
Bu olamda Haqni suymay begʻam oʻtdim,
Rahmon egam, aro yoʻlda qoldim mano.
Gunohimdin togʻu tuzlar hazar qildi,
Na yer ketay, yozuqlarim malak bildi,
Kotiblari shohid boʻlub, xatgʻa oldi,
Rahmon egam, aro yoʻlda qoldim mano.
Gunohim koʻb yolboroyin dargohinga,
Yaqam tutub, yigʻlab boray borgohinga,
Sattor egam, yoʻl koʻrsatgil gumrohinga,
Rahmon egam, aro yoʻlda qoldim mano.
Tavfiq bersa boʻynum egib yoʻlgʻa kiray,
Xizmat qilib eranlardin yoʻlni soʻray.
Oʻzing meni panohimsan, qayga boray?
Rahmon egam, aro yoʻlda qoldim mano.
Yo Qodiro, gunohimdin sharmandaman,
Ilgim olib afv etmasang, armondaman,
Ojiz qulman, harna qilsang – farmondaman,
Rahmon egam, aro yoʻlda qoldim mano.
Gunohim bor benihoyat, sanga maʼlum,
Labtashnaman, qiyomatda qilma mahrum,
Qoʻl qovshurub uzrim aytay gʻarib, mazlum,
Rahmon egam, aro yoʻlda qoldim mano.
Yuz ming-yuz ming gunohimdin lutfung baland,
Shayton lain yoʻldin ursa, qilmam pisand,
Ming bir oting tasbeh qilsam, ogʻzimda qand,
Rahmon egam, aro yoʻlda qoldim mano.
Gunohimdin uyotligʻman, oting Rahim,
Rahmatingdin qatra bersang, oting Karim,
Dargohinga yigʻlab keldim, Hayyu Qadim,
Rahmon egam, aro yoʻlda qoldim mano.
Qul Xoja Ahmad, gunohkorman boshim quyi,
Roʻzi mahshar pok etmasa kavsar suyi,
Osiy, jofiy, tarso, juhud feʼli-xoʻyi,
Rahmon egam, aro yoʻlda qoldim mano.
Xoja Ahmad Yassaviy.
https://saviya.uz/ijod/nazm/aro-yolda-qoldim-mano/