Jamiyatimiz posboni

Uyat faqat insonga xos tuygʻudir. Hayvon uyat paydo qilolmagani uchun insonga yaqinlasholmaydi, lekin inson uyatini yoʻqotib hayvonga yaqinlashib qolishi mumkin.

Oyogʻi yoki tili bilan gandiraklab yurgan mastga, qoʻlga tushib yoki qoʻlga tushishdan qoʻrqib es-hushini yoʻqotgan oʻgʻriga, hiyla-nayrangi fosh boʻlib bezrayib turgan tovlamachiga, duch kelgan ayolga eshak tili bilan “muhabbat” izhor qilgan maxluqqa razm soling, bularning qaysi biri va nimasi hayvondan ortiq? Til-jagʻi deysizmi? Shoirdan eshiting:

Qachon odam qatoriga sanarlar,

Bor oʻlgan birla echkuning soqoli!..

Bularning til-jagʻi echkining soqoliday gap – odamlik nishonasi emas.

Bir donishmand uyatni “vijdonning sirtqi koʻrinishi” debdi. Demak uyatsizlik bilan beadablik, beadablik bilan axloqsizlik, axloqsizlik bilan jinoyatkorlik orasida qalin devor yoʻq, bularning har biri vijdonsizlikning turli bosqichidir. Modomiki shundoq ekan, uyatni jamiyatimizni balo-qazodan saqlaydigan buyuk posbon deyish mumkin…

Biz odob uchun kurash olib borar ekanmiz, bu yoʻlda koʻradigan choralarimiz, joriy qiladigan tadbirlarimiz birinchi nav­batda ulugʻ posbonimiz boʻlmish uyatni dushman hamlasidan mudofaa qilishga qaratilishi zarur.

Odobsizlik taraqqiy topib yetib boradigan joyi – “jinoyat” degan narsa aytmoqqa oson, uning zamirida barbod etilgan salomatlik, nomus, nohaq toʻkilgan hovuch-hovuch koʻzyoshi yotadi. Biladigan odamlarning aytishiga qaraganda, hozir sodir boʻlayotgan jinoyatlarning 80 foizi ichkilik orqasida sodir boʻlyapti. Modomiki, shundoq ekan, nima uchun avtobusga yalangʻoch chiqish, dasturxon ustida roʻmolchaga burun qoqish beadabchilig-u, odam gavjum joylarga ichkilik ichib borish, odamlarga jirkanch bir alpozda koʻrinish beadabchilik emas? Nima uchun araqxoʻr mast holda militsiyaga koʻrinishdan hayiqadi, hushyorxonaga tushishdan qoʻrqadi-yu, uyat degan narsani xayoliga ham keltirmaydi. Ichkilik ichish qachondan beri, nima uchun ayb boʻlmay qoldi?

Biz koʻpincha “yoshlarimizning tarbiyasi buzilayotipti” deymiz, holbuki, buzuq tarbiya osmondan tushayotgani yoʻq; oʻtmish qoldigʻi toʻgʻrisida gapiramiz, holbuki, hech qanaqa oʻtmish qoldigʻi maʼlum shart-sharoit boʻlmasa davom etolmaydi. Inqilobdan burun oʻzbeklarning jirkanch odatlari ham bor edi, sharoit oʻzgarishi bilan bu odatlardan nom-nishon qolmadi. Biz koʻpincha aybni yoshlarga, oʻtmishga toʻnkaymiz-u, beadabchilik, axloqsizlik, jinoyatkorlikka yoʻllanma beradigan ichkilikni targʻib qiluvchi, turish-turmushi bilan “ichkilik ichish ayb emas” deb turgan odamlarni koʻrib koʻrmaganday boʻlamiz…

Toʻylarda “kattalar” “men senga aytsam”ga yetguncha ichishadi, oyoqlari ostida shisha yigʻishtirib yurgan bolalarga parvo ham qilishmaydi. Bugina emas, oʻsha “kattalar” orasidagi eng hurmatli odamlar yoshlarga tilak tilagan boʻlib qadah koʻtarishadi, hammani ichishga, “oq ichish”ga undashadi, shu bilan hovlini, tomlarni tutib ketgan bolalarning koʻz oʻngida ichkilikka obroʻ tugʻdirib berishadi. Modomiki shundoq ekan, mehmonlar tarqalgandan keyin stolga bemalol oʻtirib shishalarning yuqini ichayotgan bolalarga qaysi til bilan “ichkilik ichish uyat” deb boʻladi?

Boshqa hamma odobsizliklar, axloqsizliklar, jinoyatlar toʻgʻrisida ham shuni aytish mumkin…

Uyat eng shafqatsiz qonundan ham kuchliroq, qudratliroqdir. Qonun faqat koʻzi tushganda, shubha paydo qilgandagina jinoyatchining qoʻlini ushlaydi, yoʻlini toʻsadi. Uyat esa hamisha odobsiz, axloqsiz jinoyatchining tepasida turib, nojoʻya ish qilish uchun qoʻl koʻtargani qoʻymaydi. Har qanday qonunga chap berish mumkin, lekin uyatga chap berib boʻlmaydi, chunki qonun odamdan tashqarida, uyat esa odamning koʻksida boʻladi.

 

1966

 

Yozuvchining “Uyat” sarlavhali maqolasidan qisqartirib olindi.

 

Abdulla Qahhor.

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/jamiyatimiz-posboni/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x