DASHTI QIPCHOQ, Qipchoq dashti — Sirdaryoning yuqori oqimi va Tyanshanning gʻarbiy yon bagʻridan Dnepr daryosining quyi oqimiga qadar yoyilgan dashtlarni 11 — 15-a. larga oid arab va fors manbalaridagi nomi. «Dashti Qipchoq» atamasini dastlab Nosir Xisrav (11-a.) qoʻllagan. Bu davrda qipchoqlar Irtish daryosi sohillaridan gʻarbga tomon koʻchib (1030-y.) Xorazmga qoʻshni boʻlishgan va hoz. Qozogʻiston hududi, shuningdek, jan.-rus dashtlarini egallashgan. Dashti Qipchoq aholisi sharq manbalarida — qipchoklar, rus solno-malarida — poloveslar, Vizantiya xronikalarida — kumanlar, venger manbalarida kunlar deb atalgan. Dashti Qipchoq 2 qism — Sharqiy va Gʻarbiy qismdan iborat boʻlib, Yoyiq (Ural) daryosi ularning chegarasi sanalgan. Gʻarbiy qism Yoyiq va Itil (Volga) daryosidan to Dneprgacha boʻlgan hududdan iborat boʻlgan. 13-a. da Dashti Qipchoqni moʻgʻullar bosib olib, tarixda Joʻji ulusi nomi bilan mashhur Oltin Oʻrda davlatini barpo etganlar. 14-a. boshlarida Joʻji ulusi 2 qismga boʻlinib ketgan. Dashti Qipchoqning sharqiy qismida Oq Oʻrda tashkil topgan. Dashti Qipchoqning gʻarbiy qismi rus yilnomalarida «Poloveslar yeri» nomi bilan uchraydi. 14-a. 60-y. laridan sharqiy Dashti Qipchoq «Oʻzbeklar mamlakati», uning aholisi esa «oʻzbeklar» deb atala boshlandi. 15-a. ning 20-y. dan boshlab sharqiy Dashti Qipchoqda Abulxayrxon va uning qarindosh-urugʻlari hukmronlik qilgan. Dashti Qipchoqning asosiy axoliyey koʻchmanchi va yarim oʻtroq boʻlib, chorvachilik va ovchilik, daryo va koʻl yoqalarida yashagan aholi dehqonchilik, shaharlari (Saroy Botu, Saroy Berka, Oʻrda Bozor, Sigʻnoq, Arquq) dagi aholi esa hunarmandchilik va savdo-sotiq bilan shugʻullangan. 16—18a. larda Movarounnahr tarixshunosligida «Dashti Qipchoq» atamasi uning sharqiy qismi (hoz. Qozogʻiston) ni anglatgan.
Ad.: Klyashtornыy S. G., Sultanov G. I., Kazaxstan. Letopis tryox tыsyacheletiy, Alma-Ata, 1992; Murad Adji, Polыn poloveskogo polya. M., 1994.