Irmoq oʻrmondan ketib borardi. Oqarkan, oʻzidan gʻururlanar, qanday tez, qanday tiniqman-a, deb oʻylardi ichida.
Boshqa hech bir irmoq bilan qoʻshilishni istamas, oʻzini eng kuchli hisoblar va oʻrmonni yolgʻiz oʻzi kesib oʻtishni oʻylardi. Toʻsatdan yoʻlida dalaga duch keldi, uni yengib oʻtishga kuchi yetmadi, yoyilib, tuproqqa singib ketdi.
Irmoq yerosti suv yoʻliga tushib, loyqalandi, balchiqlarga aralashib oqdi. Nihoyat daryoga yetib bordi va unga nolishni boshladi: “Agar anavi dala yoʻlimga toʻgʻanoq boʻlmaganida, men oʻzim allaqachon ulkan daryoga aylangan boʻlardim!”
Bu gapni eshitgan daryo ogʻir chayqaldi va dedi: “Eh, ahmoq irmoqcha-ya! Sening yerga shimilib, bunday loyqa holga kelishingda dalaning nima aybi bor? Bilib qoʻy, birovlarni mensimaydigan, boshqalarga ayb yuklaydiganlar hech qachon daryoga aylana olmaydi!”
Orif Tolib tayyorladi.
“Boshlangʻich taʼlim” jurnalining 2015 yil 1-sonida chop etilgan.
https://saviya.uz/ijod/nasr/irmoq-haqida-masal/