Quyoncha

Toʻrtinchi qavatda, ustiga-ustak ikkita katalakdek xonada quyon boqib boʻlarkanmi? Albatta, buning hecham iloji yoʻq. Lekin nimayam derdik. Bolaning koʻngli-da! Hammamiz ham bolalik davrimizda biron jonivorga mehr qoʻyganmiz. Masalan, men ham it boqqanman, kaptarga ishqiboz boʻlganman. Gapning indallosi, ayni saraton kezlari kichik qizimni toqqa – tugʻilib oʻsgan qishlogʻimga, ota-onamning yoniga joʻnatgandik. Chamasi bir oylarda u qaytdi. Oʻzi bilan birga mushuk bolasidan sal yirikroq quyonchani olib kelibdi. Qishloqda kimningdir quyoni bolalagan ekan, qizim oʻsha mittivoylardan bittasini shaharga olib ketaman, deb turib olibdi. Och malla rang koʻzlari xuddi shishadan yasalganga oʻxshaydi. Mayin junlari oppoq, uzun quloqlarining tomiri qizarinqiragan. Burni negadir betoʻxtov qimirlaydi.

Avvaliga endi quyonchani nima qilamiz, deb boshimiz qotdi. Muammo shundaki, quyon ham tirik jon – yashashi uchun joy, sharoit kerak. Oʻylay-oʻylay unga vannaxonani ajratdik. Ertalab hamma ketadi. Men va xotinim ishga, oʻgʻlim kollejga, katta qizim maktabga, kichigi – quyonboqari bogʻchaga. Quyoncha qamalib yolgʻiz qoladi. Tushlikka yaqin qaytgan oʻgʻlim yoki qizim uning qornini toʻygʻazadi. Kichik qizim bogʻchadan kelgach, shalpangquloq tamoman erkinlikka chiqadi. Ikkisi koʻp qavatli uy oldidagi maydonchada oʻynaydi. Ularga qoʻni-qoʻshnining farzandlari qoʻshilib, quyonchani rosa ermak qilishadi.

Hayronman, biz oʻqigan ertaklarda, koʻrgan multfilmlarimizda quyon sabzi, karam yerdi. Aslida, bu jonivorning taʼbi juda nozik boʻlarkan. Birinchidan, umuman suv ichmaydi. Ikkinchidan, sabziniyam, karamniyam nomiga qitirlatib, taʼmini totadi, yolchitib yemaydi. Barra oʻtni esa juda xush koʻradi. Shu boisdan bozordagi oshkoʻkatlardan olib kelib beradigan boʻldik. Bu quyon deganlari, ayniqsa, rayhon bargiga oʻch boʻlarkan. Bitta donasini ham qoldirmay paqqos tushiradi. Xullas, oilamizning “yangi aʼzosi” nimani koʻproq yesa oʻshani muhayyo qilaverdik. Natijada tanasi kattalashib semirdi, buning barobarida yoqimli qiliqlar ham chiqara boshladi.

Ochigʻi, ayyorlikda quyon azaliy raqibi tulkidan sira qolishmas ekan. Dastlabki kunlari u bir chetda tortinibgina begonasirab turardi. Qarasa, uydagi shart-sharoitga koʻnikmasa boʻlmaydi. Axir, odamlar bilan bir xonadonda yashagandan keyin emin-erkin harakat ham qilishi kerak-da. Endi quyoncha goh dasturxon atrofiga kelib, xontaxta ostidan moʻralaydi, goh u xonadan bu xonaga dikonglab, barchaning eʼtiborini oʻziga tortadi. Chapdastligini qarang, yugurib borayotib shartda yoʻnalishini oʻzgartiradi. U ham mehrni, kim qanday munosabatda boʻlayotganini tushunadi chogʻi, koʻproq kichik qizimga oʻzini yaqin oladi. Bersa pecheni, shokolad ham yeyaveradi. Quloqchasidan tortib qiynasa-da, oyoqchasidan ushlab tik turishga majbur qilsa-da, qizimning yonidan jilgisi kelmaydi. Quyon ham qizimni odamzodning quyonchasi deb biladi, shekilli. Biz uchalamiz – men, oʻgʻlim va katta qizim ham quyonchaga xayrixohmiz. Xonadonimizda shalpangquloqni yoqtirmaydigan birdan-bir kishi bu – xotinim. U har kuni quyonchaning dastidan dod deydi. Oshxonada ovqat qilayotganida oyogʻi ostida oʻralashib taʼzirini yegan boʻlsa kerak, u ham xotinimga xavfsirab qarab-qarab qoʻyadi.

Koʻnglimiz keng boʻlgani bilan baribir uyimiz torligi noqulayliklar tugʻdirdi. Masalan, yarim kechasi qitir-qitir qilib nimalarnidir kemiradi. Bir payt xotinimning norozi ohangdagi ovozi eshitiladi.

Haqiqatan, quyon kemiruvchilar oilasiga kirarkan, qoʻl telefonning “zaryadnig”ini ishdan chiqardi, devordagi gulqogʻozga ham hujumga oʻtdi. Bunga qarshi ehtiyot chorasini koʻrdik. Qoʻshnimizdan qushqafasini soʻrab olib, ichiga quyonchani solib qoʻyadigan boʻldik. Bechora tor joyda uyoq-buyoqqa burilolmay qiynaldi. Ichimiz achib dam vannaxonaga qamaymiz, dam yana qafasga tiqamiz, baʼzan oyogʻining chigali yozilsin, deb uy ichiga qoʻyib yuboramiz. Xullas, bir kishi u bilan ovora.

Albatta, birovga uyda quyon boqayotganimiz haqida gapirish kulgili. Ammo mening ichimda gap yotmaydi. Bir tanishimga aytgandim, “Buning yoʻli oson. Soʻyib qozonga bosish kerak, – deb maslahat berdi. – Quyon goʻshti juda mazali boʻladi…” Etim jimirlab ketdi. Axir, bizga qadrdon boʻlib qolgan quyonning goʻshtini yeyish…

– Bu quyonning dastidan vannaxona hidlanib ketdi, – deb yozgʻirdi bir kuni xotinim. – Ortiq bu ahvolga chidab boʻlmaydi. Quyonni qoʻshnilardan kim olsa, oʻshanga berib yuboraman. Xohlasa, soʻyib yesin, xohlasa…

– Yaxshisi, men uni “zoomagazin”ga topshirib kela qolay, – deb taklif kiritdi oʻgʻlim. – Harna bir-ikki soʻm pul beradi.

– Yoʻq, quyoncha begonaning qoʻliga tushsa, soʻyib yeb qoʻyadi. – dedi katta qizim. – Mening bir dugonam ota-onasi bilan hovlida yashaydi. Quyonchani vaqtincha ularnikiga qoʻyib turaylik, bahorgacha.

Ular quyonchadan qutilishning maqbul chorasini aytisharkan, men sekin kichik qizimga qaradim. Koʻzlari jiqqa yoshga toʻlgan, mungʻayibgina oʻtiribdi. Jajji qoʻlchalari bilan ohista quyonchasini silab-silab qoʻydi. Buni koʻrib gʻalati boʻlib ketdim. Bolalarimning qiziqishiga yarasha sharoit yaratib berolmaganimdan ichimda oʻkindim. Nazarimda, eng toʻgʻri yoʻl – quyonni qishloqqa olib borib qoʻyish. Shundagina qizimning qalbiga ozor yetmaydi. Qishloqqa borganida mehr qoʻygan jonivorini koʻrib turadi…

Men shu fikrni bildirib, yoʻl tadorigini boshlaganimda qizimni onasi, akasi va opasi oʻrtaga olib, unga quyoncha nega qishloqqa ketayotganini tushuntirishdi. Shunda ham osongina rozi boʻlmadi kichigimiz. Sogʻinganida rasmini koʻrib turishi uchun ikkisini suratga tushirdik. Hatto quyonchaning alohida belgilarini bitta daftarchaga yozib qoʻydik. Axiyri koʻndi…

Mana, oradan bir necha oy oʻtdi. Hali ham qizim, quyoncham qanday yurgan ekan-a, deb tez-tez eslaydi. Qishloqdan telefon qilib qolishsa, birinchi navbatda, uni soʻraydi. Darvoqe, yaqin quyonchasini yoʻqlab toqqa bormoqchi boʻlib, hozir kun sanab oʻtiribdi.

Mening koʻz oʻngimdan esa qizim quyonchasini qanday erkalagani, quloqlariga shivirlaganida u xuddi soʻzlariga tushungandek kipriklarini yumib, huzur qilib yotgani sira ketmaydi…

 

Suyundik Mamirov.

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/quyoncha/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x