“Agar mening rizomni tilarsen…”

Zahiriddin Muhammad Boburni shoh va shoir, mohir sarkarda sifatida yaxshi bilamiz. “Boburnoma”ning hijriy 935 (milodiy 1528) yil voqealari bobida Humoyunga yozilgan bir maktub matni keltiriladi. Ushbu bitikda Bobur mehribon va fidoyi ota, salohiyatli tarbiyachi sifatida ham namoyon boʻladi. Valiahd oʻgʻilga aytilgan pand-nasihatlar, koʻrsatilgan yoʻl-yoʻriqlarning koʻp qismi bugungi yoshlarga ham foyda berishi aniq.

Humoyungʻa mushtoqliklar bila sogʻinib salom degach, soʻz ulkim, dushanba kuni rabiul avval oyining oʻnida Bekkina bila Bayonshayx keldilar. Xatlardin va arzadoshtlardin ul yuzdagi, bu yuzdagi kayfiyat va holot mushaxxas va maʼlum boʻldi.

Shukr, bermish sanga Haq farzande,

Sanga farzandu manga dilbande.

Tengri taolo mundoq sevinchlarni manga va sanga hamisha roʻzi qilgʻay, omin yo rabbal olamin. Otini Alʼamon qoʻymishsen. Tengri muborak qilgʻay. Vale bovujudkim, oʻzung bitibsen, mundin gʻofil boʻlubsenkim, kasrati istiʼmol bila avom Alamo derlar, yo El Amon derlar, oʻzga mundoq alif-lom otta kam boʻlur. Tengri otini va zotini farxunda va muborak qilgʻay, manga va sanga koʻp yillar va bisyor qarnlar Alʼamonni davlat va saodat bila tuta bergay.

Tengri taolo oʻz fazlu karami bila bizning ishimizni yasaydur. Mundoq qopu qarnlarda topilmas. Yana seshanba kuni oyning oʻn birida arojif xabar keldikim, Balx eli Qurbonni tilab Balxqa kiyurmishlar.

Yana Komrongʻa, Kobuldagʻi beklarga farmon boʻldikim, borib, sanga qoʻshulub, Hisor yo Samarqand yo har sorigʻakim salohi davlat boʻlsa, yurugaysiz, Tengrining inoyati bila yogʻiylarni bosib, viloyatlarni olib, doʻstlarni shod, dushmanlarni nigunsor qilgʻaysiz, inshoollohu taolo. Sizlarning jon tortib, qilich chopmoq mahallaringizdur. Qopuda kelgan ishni taqsir qilmangiz. Garonjonliq bila kohilliq podshohliq bila rost kelmas.

Jahongiri tavaqquf bar nayobad,

Jahon onro buvad koʻ beh shitobad,

Hama chizi zi roʻi kadxudoi,

Sukun meyobad illo podshohi.

Mazmuni:

(Jahongirlik toʻxtab turmaydi,

Kim yaxshi tirishsa, jahon oʻshaniki boʻladi.

Hayotda har bir narsa toʻxtashi mumkin,

Ammo podshohlik toʻxtamaydi.)

Agar tengri inoyati bila Balx va Hisor viloyati muyassar va musaxxar boʻlsa, Hisorda sening kishing boʻlsun, Balxta Komronning kishisi boʻlsun. Agar tengri inoyati bila Samarqand ham musaxxar boʻlsa, Samarqandta sen oʻlturgʻil, Hisor viloyatini, inshoolloh, holisa qilgʻumdur. Agar Komron Balxni ozirgansa, arzadosht qiling, inshoolloh, aning qusurini oʻshal viloyatlardin-oʻq rost qilgʻumizdur.

Yana sen oʻzing bilur edingkim, doim bu qoida marʼiy edi: olti hissa sanga boʻlsa, besh hissa Komrongʻa boʻlur edi. Hamisha bu qoidani marʼiy tutub, mundin tajovuz qilmang. Yana ining bila yaxshi maosh qilgʻaysan. Uluqlar koʻtarimlik kerak, umidim borki, sen ham yaxshi ixtilot qilgaysan. Aning ham mutasharriʼ va yaxshi yigit qoʻyubtur, ul ham mulozamat va yakjihatliqta taqsir qilmagʻay.

Yana sendin ozroq ginam bor, bu ikki-uch yildin beri bir kishing kelmadi. Men yiborgan kishi ham rost bir yildin soʻngra keldi. Mundoq boʻlurmu?

Yana xatlaringda yolgʻuzluq, yolgʻuzluqkim, debsen, podshohlikta aybdur, nechukkim debturlar:

Agar poy bandi rizo pesh gir,

Va gar yaksuvori sari xesh gir.

Mazmuni:

(Agar oyogʻing band boʻlsa, rizoni oldingga qoʻy,

Agar tanda suvora boʻlsang, oʻz boshingga bor.)

Hech qayde podshohliq qaydicha yoʻqtur. Podshohlik bila yolgʻuzluq rost kelmas. Yana men degandek, bu xatlaringni bitibsen va oʻqumaysen, ne uchunkim, agar oʻqur xayol qilsang edi, oʻquyolmas eding. Oʻquyolmagandin soʻng albatta tagʻyir berur eding. Xatingni xud tashvish bila oʻqusa boʻladur, vale asru mugʻlaqtur. Nasri muammo hech kishi koʻrgan emas. Imlong yomon emas. Agarchi xeyli rost emas, “iltifot”ni “To” (ﺎﻃ) bila bitibsen. “Qulunj”ni “yo” (ﺎﻳ) bila bitibsen. Xatingni xud har tavr qilib oʻqusa boʻladur, vale bu mugʻlaq alfozingdin maqsud tamom mafhum boʻlmaydur. Gʻolibo xat bitirda kohilliging ham ushbu jihattindur. Takalluf qilay deysen, ul jihattin mugʻlaq boʻladur. Bundin nari betakalluf va ravshan va pok alfoz bila biti: ham sanga tashvish ozroq boʻlur va ham oʻqugʻuchigʻa.

Yana uluq ish ustiga borasen, ish koʻrgan, ray va tadbirliq beklar bila kengashib, alarning soʻzi bila amal qilgʻaysen.

Agar mening rizomni tilarsen, xilvatnishinliqni va el bila kam ixtilotliqni bartaraf qilgʻil. Kunda ikki navbat iningni va beklarni ixtiyorlarigʻa qoʻymay, qoshinggʻa charlab, har maslahat boʻlsa kengashib, bu davlatxohlarning ittifoqi bila har soʻzunga qaror bergaysen.

Yana Xoja Kalon mening bila gustoxona ixtilot qila oʻrganib edi, sen dogʻi, nechukkim Xoja Kalon bila ixtilot qilur edim, oʻshundoq ixtilot qilgʻaysen. Tengri inoyati bila ul sorilar ish ozroq boʻlsa, Komrongʻa ehtiyoj boʻlmasa, Komron Balxta mazbut kishilarni qoʻyub, oʻzi mening qoshimgʻa kelsun.

Yana muncha fath va zafarlar Kobulda ekanda boʻldi, Kobulni shugun tutubturmen, ani holisa qildim. Hech qaysingiz tamaʼ qilmagʻaysiz.

Yana yaxshi boribsen, Sulton Vaysning koʻnglini olibsen, ani qoshinggʻa kelturub, aning raʼyi bila amal qilgʻaysenkim, ish bilur kishidur. Cherikni yaxshi yigʻib yurgaysen. Ogʻiz soʻzlaridin Bayonshayx sohib vuqufdur, maʼlum boʻlgʻusidur, deb mushtoqliqlar bila salom.

Panjshanba kuni rabiul avval oyining oʻn uchida bitildi.

 

Arzadosht – arz qilish, ariza tutish.

Arojif – behuda soʻzlar, mishmish gaplar.

Bovujud – shunday boʻlsa-da, shunday boʻlaturib.

Garonjonliq – ogʻir tabiatlilik.

Gustoxona – tortinmay, andisha qilmay.

Ixtilot – aralashish, bordi-keldi qilish.

Kasrati istiʼmol – ogʻzaki soʻzlashuvda buzib aytish.

Kohilliq – sustlik, yalqovlik.

Mazbut – zabt etilgan, qoʻlga olingan; berkitilgan, mustahkam.

Marʼiy – koʻrilgan.

Mafhum boʻlmoq – fahmlanmoq, anglashilmoq.

Mugʻlaq – chalkash.

Musaxxar – boʻysungan, taslim boʻlgan.

Mutasharriʼ – imonli, diyonatli.

Mushaxxas – aniq, ayon, gavdalangan.

Nasri muammo koʻrmoq – nasrda muammo koʻrish; oʻqib, anglashga qiynalish.

Nigunsor – ostin-ustin, boʻysungan.

Tagʻyir bermoq – oʻzgartirmoq.

Taqsir qilmoq – qusur koʻrsatmoq, bir ishni oxiriga yetkaza olmaslik.

Farxunda – qutlugʻ, saodatli.

Shugun tutmoq – yaxshi niyatlarga erishgan joy deb bilmoq.

Qarn – asr; uzoq muddat.

Qopu – omad, zafar.

Holisa qilmoq – oʻz ixtiyorida qoldirmoq.

 


Zahiriddin Muhammad Bobur.

“Yoshlik” jurnalining 2015 yil 2-sonidan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/agar-mening-rizomni-tilarsen/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x