Manglayga kaft qoʻyib olisga boqsam,
Edildan koʻrinar boʻylaring, oʻzbek.
Tush kabi jimirlab ming yil oqsa ham,
Noming aytar enasoylaring, oʻzbek.
Nuh toʻfoni, demak, qismat shamoli,
Kimningdir kamoli, kimning zavoli.
Sargashta kun koʻrding ohu misoli,
Shundan hamon mungli kuylaring, oʻzbek.
Dili qonga toʻlib, koʻzlari – yoshga,
Alp Tegin bir hikmat chegirdi toshga:
«Bizning qaygʻumiz yoʻq boladan boshqa…»
Bolangga bogʻlidir oʻylaring, oʻzbek.
Bir zamon olovni iloh bilgan el,
Quyoshga qarashni gunoh bilgan el.
Har bir bosqinchini qoʻnoq bilgan el,
Yovga soʻqmoq boʻlgan koʻylaring, oʻzbek.
Ismingni ayirib kechdi asrlar,
Xonlikni beklikka boʻlgan ne sirlar?
Kentlarga sochilgan oʻrda, qasrlar…
Qumdan qorilganmi loylaring, oʻzbek.
Dil qoʻzgʻalsa, elni toʻxtatib boʻlmas,
Sel qoʻzgʻalsa, gilni toʻxtatib boʻlmas,
Zanjir uzgan qulni toʻxtatib boʻlmas,
Tigʻ boʻldi har bitta moʻylaring, oʻzbek.
Boʻyningdan ketgan yoʻq hali dor izi,
Qoʻy, qora kunlarning oʻchsin qorasi!
Sen borsan – Temurning ulugʻ vorisi,
Osmoningga qaytdi oylaring, oʻzbek.
Katta qishloq ekan Parij, London, Rim,
Dalamni sogʻinib ezildi koʻnglim.
Dunyo goʻzali – sen, qadoqqoʻl singlim,
Goʻzaldir oʻngigan koʻylaging, oʻzbek.
Haftalab yoʻl qarab sargʻaymas Kumush,
Togʻni tolqon qildi bobomeros musht,
Tin oldi davonga boqib Alpomish,
Togʻlarni qoʻpordi yoylaring, oʻzbek.
Qoʻlingni koʻzimga suray, otajon,
Yoningda ul boʻlib yuray, otajon,
Yaxshi kunlaringni koʻray, otajon,
Sovimasin qoʻlda choylaring, oʻzbek.
Onajon, havoli bogʻlar muborak,
Handalak band bergan chogʻlar muborak,
Kelin yuzidagi dogʻlar muborak,
Bugʻdoylarga toʻlsin uylaring, oʻzbek.
Sumbula – toʻkinlik, toʻylar mavsumi,
Bir qoʻzgʻalib olar bogʻbonning xumi.
Asli, bir satrdir sheʼrim mazmuni:
Toʻylarga ulansin toʻylaring, oʻzbek!
2004
Iqbol Mirzo
https://saviya.uz/ijod/nazm/uz/