Bugun mobil telefonlar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi, desak xato boʻlmaydi. Uyali aloqa kashf etilgach va keng isteʼmolga kirgach aloqa imkoniyatlari keskin kengaydi, yaxshilandi. Biroq insoniyat oʻz ixtirolaridan hamisha ham unumli foydalanavermaydi. Masalan, kompyuterdan koʻpchilik bolalar, yoshlar va hatto kattalar ham oʻyin qurilmasi sifatida foydalanadi. Vaholanki, kompyuter yordamida kosmosni oʻrgansa boʻladi. Telefon xususida ham shunga oʻxshash fikr bildirish mumkin. Meʼyoridan ortiq darajada muloqot qilish sogʻliqqa salbiy taʼsir koʻrsatadi, vaqtning havoga sovurilishiga sabab boʻladi. Odatda, oddiy gaplar kutilganchalik taʼsir kuchiga ega boʻlmaydi. Raqam bilan, dalil bilan aytilgan soʻz ishonchliroq chiqadi. Keling, biz ham mobil telefon haqidagi qiziqarli faktlarga murojaat qilamiz:
1. Hisob-kitoblarga qaraganda butun Yer yuzida 3,3 milliardga yaqin qoʻl telefoni ishlayapti. Bu qiymat Kurrai zamin aholisi sonidan ikki marta kichik, xolos. Masalaga mantiqiy yondashib koʻraylik. “Sotka”dan asosan yoshlar va oʻrta yoshdagilar foydalanadi. Xuddi shuni hisobga oladigan boʻlsak, har 100 kishiga 158 ta ishlayotgan telefon toʻgʻri keladi.
2. Har yili dunyo boʻyicha 125 millionga yaqin mobil telefon chiqindiga aylanadi. Ular faqat yaroqsiz boʻlib qolgani yoki eskirgani sabab tashlab yuborilmaydi. Koʻp hollarda telefon egasi apparatini yangi chiqqan, urf boʻlganiga almashtirib yuboradi. Ayrim rivojlangan mamlakatlarda bu holat qoʻgʻirchoq yangilash bilan barobar. Masalan, koreyslar oʻrta hisobda har 11 oyda yangi telefon oladi. Oddiy uy telefonlarini 5 yil, 10 yillab ishlatish mumkin. Ikkovi oʻrtasidagi tafovut yer bilan osmoncha.
3. Estoniyada fanning ilgʻor yutuqlaridan saylov jarayonida foydalanishadi. Istagan saylovchi oʻzi xohlagan nomzodga telefon orqali ovoz berishi mumkin.
4. Statistik maʼlumotlarga qaraganda, koreyalik oʻspirin oʻz telefonidan bir yilda oʻrtacha 20 000 SMS joʻnatadi. Bu kuniga 60 taga toʻgʻri keladi. Boshqa maʼlumotlarga koʻra, koreyalik student bir kuniga 100 ta SMS joʻnatadi. Bunaqa talaba-yoshlar oʻqishga qachon vaqt ajratar ekan-a?!
5. Dastlabki uyali telefon 1983 yilda ishlab chiqarilgan. Oʻsha paytda sotuvga chiqarilgan mobil telefonning nomi Motorola DynaTAC 8000X edi.
6. Tadqiqotlarda aniqlanishicha, foydalanuvchilarning yarmi telefon nurini fonar-yoritgich sifatida ishlatar ekan.
Orifjon Madvaliyev
2010
https://saviya.uz/turfa-olam/mobil-telefon-qogirchoq-emas/