(yoxud Erkin Vohidovning adabiy-estetik qarashlariga bir nazar)
Yozuvchi yoki shoirlarning adabiy-nazariy qarashlari badiiy asarlarni talqin qilishda muhim ochqich vazifasini oʻtashi dunyo adabiyotshunosligi tajribasidan maʼlum. Shuning uchun buyuk isteʼdodlarning sheʼriyatga, badiiyatga, isteʼdod egalariga, umuman, adabiyot va sanʼatga qarashlari maxsus kitoblar holida nashr qilinadi. Bunday ishlarning ikki jihatdan ahamiyati koʻzga yaqqol tashlanib turadi:
Birinchidan, ijodkorning badiiy-estetik konsepsiyasi maʼlum boʻladi.
Ikkinchidan, adabiy-nazariy qarashlar xazinasi boyib, adabiyot maydoniga kirib kelayotgan xavaskorlar uchun ibrat maktabi vazifasini bajaradi.
Zotan, jahon adabiyotdagi I. V. Gyote, L. Tolstoy yoki Ch. Aytmatovning adabiyot haqidagi qarashlari ilm ahli uchun har doim qimmatli boʻlgan va shunday boʻlib qoladi.
Oʻzbek adabiyoti tarixida ham adabiyot muallimlari doimiy ravishda murojaat qiladigan, tayyor adabiyot nazariyasi qonun-qoidalaridan nisbatan farqlanadigan, ularni toʻldiradigan fikr-mulohazalar bor, albatta. Abdulla Qodiriyning «Yozuvchining oʻz ishi toʻgʻrisida», «Kulgu haqida» kabi qator maqolalari, Abdulla Qahhorning «Yoshlar bilan suhbat»i, Oybek yoki Gʻafur Gʻulomning, Pirimqul Qodirov yoki Odil Yoqubovning, Shukur Xolmirzayev yoki Oʻtkir Hoshimovning adabiy qarashlari adabiyotshunoslarimiz uchun, adabiyot muhiblari uchun shunday manblardir. Abdulla Oripovning adabiy-estetik qarashlarining maʼlum bir qismi «Ehtiyoj farzandi» nomli kitobida jamlangan.
Erkin Vohidovning «Shoiru sheʼru shuur» nomli kitobi biz tilga olayotgan masala nuqtai nazaridan eʼtiborga loyiq. «Sanʼatning, adabiyotning sharti – barkamollik va mukammallikdir», deb yozadi unda E.Vohidov.
Chin maʼnoda oʻzining tiniq adabiy-estetik konsepsiyasiga, dardiga, adabiy dunyosiga ega ijodkor uzoq-uzoqlardan bahaybat togʻlarga oʻxshab koʻzga tashlanib turadi. Koʻp hollarda bu isteʼdod egalari asrlar qaʼridan aqlli-dono nigohlari bilan bugungi kunimizga, kelajakka nazar tashlaydi. Isteʼdodlarning gʻuj-gʻuj boʻlishi kam uchraydigan hodisa. Isteʼdodning urugʻi koʻp boʻlmaydi. Shu bois isteʼdod noyob va yuksak boʻladi. Chunonchi, «Isteʼdod shunday bir gavharki, u dengiz tubida, sadaf ichida ham gavhar, isteʼdod shunday bir zilol irmoqki, uning har qatrasida daryolarning qudrati, ummonlarning teranligi bor, isteʼdod shunday bir gulki, uning har bir ochilmagan gʻunchasida chamanlarning boʻyi va tarovati bor» (E.Vohidovning «Chaqmoq umri» maqolasidan). Sheʼriyat, adabiyot isteʼdodli yoki majnunsifat kimsalarning qismatidir, degan qadim-qadim zamonlardan qolgan bir haqiqat ham borki, E.Vohidovning isteʼdod, uning tugʻma boʻlishi toʻgʻrisidagi qarashlari oʻsha qadim haqiqatlarga muvofiq keladi. Shoir yozadi: «Barcha isteʼdodlar kabi shoirlik isteʼdodi ham tugʻma boʻladi va bolalikdan oʻzini namoyon etadi. Bu kunduzdek ravshan, haqiqatning oʻzidek ayon. Tugʻma isteʼdod egasi boʻlmagan, sheʼriyatga havas tufayli adabiyotga kirib qolganlar umr boʻyi havaskor boʻlib qoladilar» («Sanʼat va tafakkur» maqolasi). Goʻzal adabiyot bagʻoyat, maftunkor, fusunkor va haybatli koshonadir. Bu muhtasham koshonaga havaskorligi bois kirib qolganlar chiqib ketishlari gumon. Bu muqaddas dargohdan havaskorlarni birov haydab chiqishga ham haqqi yoʻq. Bunday johilona huquq birovga berilgan emas. Ammo davr, zamon, vaqt ularni farqlab beradi. Shu zaylda «umr boʻyi havaskor boʻlib qoladi»gan kimsalar ijodining misi chiqadi. Adabiyotning abadiyatga daxldor oltin koshonasidagi tabiiy muhitda isteʼdodsiz odamning nafas olishi qiyin boʻladi. Hatto bu dargohda zohiran qaraganda yelkasiga janda yopgan, ammo ichkarisi shaytonxonaga aylangan «darvesh» ham istiqomat qila olmaydi.
Bu haqiqatni anglash, his qilish naqadar zarur, naqadar ogʻir.
Ayni choqda, tugʻma isteʼdod egasini tarbiya qilish degan gap ham nihoyatda muhim. «Ijodkor nafas oladigan havo – adabiy muhitdir. Bu havo toza, musaffo boʻlmogʻi kerak». (E.Vohidov fikri). Toʻgʻri gap, isteʼdodning oʻsib unishi uchun musaffo ob-havo, quyoshday mehribon ustozlarning koʻngil harorati va oq yoʻl tilagi kerak boʻladi.
Shoir zoti oʻzini yozadi. Ijod ahli oʻzi ishongan his-tuygʻularni yozsa, boshqalar ham ishonadi. Har qanday badiiy asar zamirida, garchand ijodkorning yozganlari ijtimoiylashgandek tassurot qoldirsa ham, uning ortida odam, ulkan bir qalb egasi – muallif turgan boʻladi. Bu shoirning gapi. Mana oʻsha eʼtirof: «Sheʼriyatning buyuk qudrati uning ishontirish kuchidadir. Biz har bir sheʼr ortida uning egasini koʻramiz, uning maʼnaviy olamini tasavvur etamiz, oʻsha sheʼr ortida turgan odam oʻzining samimiyati bilan, halolligi bilan bizni oʻz tuygʻularining chinligiga ishontirmogʻi kerak. Sheʼr hamisha shoirning qismatidir. Agar shoir oʻziga, oʻzining qismatiga yarashadigan gapni aytmasa, odamlar unga ishonmaydilar» («Sheʼriyat izlanishda yashaydi» maqolasidan).
Darhaqiqat shoirning soʻziga ishonish kerak, shoirning soʻzidan taʼsirlanish lozim. Badiiy adabiyotning obrazliligi masalasi shu oʻrinda namoyon boʻladi. Aslida his-tuygʻularni, anglangan haqiqatlarni turli boʻyoqdor soʻzlar, har xil badiiy sanʼatlar vositasida yordamida ifoda qilish – badiiy adabiyotning tabiati. Shoirlar birovlarni rom etadigan, oʻzida «sehrli haqiqat»ni mujassam qilgan «yolgʻon»ni yozadilar. Shu oʻrinda bagʻoyat ibratli boʻlgani bois E.Vohidov maqolasidan olingan bir rivoyatni koʻchiraman:
«Rivoyat qiladilarki, Nushirvoni odil shoirlarni huzuriga chaqirib aytibdi: «Bu ne betavfiqlikki, siz shoirlar mendek odil shoh davrida yolgʻon sheʼrlar yozasizlar? Hech zamonda oshiqning ohu figʻoni sahroga oʻt qoʻyadimi? Qiz bolaning kiprigi oʻq boʻlib oshiq yigitning koʻkragiga sanchilarmish. Bu gapga kim ishonadi? Xullas, shu bugundan boshlab kim yolgʻon sheʼr yozsa boshi dorda, mulki talonda».
Shu farmondan keyin uzoq vaqt hech kim sheʼr yozmay qoʻydi. Nihoyat bir shoir shunday sheʼr yozdi:
Tong otsa yulduzlar soʻnar osmonda,
Xoʻrozlar qichqirar Mozandoronda.
Xalafda kechqurun quyosh botadi,
Kechasi odamlar uxlab yotadi.
Nushirvoni odil hech bir yolgʻoni yoʻq, boshdan-oxirigacha haqiqat boʻlgan ushbu sheʼrni oʻqib yelkasini qisdi, boshini qashladi va yana farmon berdi: «Shoirlar oʻsha oʻzining yolgʻonini yozaversin». Shundan: «Shoir soʻzi yolgʻondur», degan gap qolgan, shundan Fuzuliy: «Aldanmaki, shoir soʻzi albatta yolgʻondur», deya lutf qilgan.
Sheʼriyatning ana shu «yolgʻonida» juda chuqur haqiqat, sehrli haqiqat bor, buyuk ishontirish kuchi bor. Aql bovar qilmas bir qonuniyatga koʻra kishilar joʻn aytilgan rost soʻzga emas, oʻsha «yolgʻon»ga ishonadi.
Nega endi men sheʼriyatning zukko bilgichlari oʻltirgan bu yigʻinda adabiyotnig ibtidoiy qonuni, alifbosi boʻlgan bu gapni, hayotiy haqiqat bilan badiiy haqiqat munosabatini aytib turibman? Negaki, ming afsus, biz koʻp hollarda, hatto toʻqson foyiz sheʼrlarimizda shu qonunga amal qilmaymiz, «Xalafda kechqurun quyosh botadi» deb yozamiz» («Yulduzlar qovushsa» maqolasidan).
Inchunun, bu haqiqatni tan olmaslik qiyin. Sheʼriyatning qonuniyatini bilmaydiganlar, badiiy adabiyotga xos xususiyatlarni anglamaydaganlar, gap-soʻzlarning qoliplangan vertikal shaklini sheʼr sanab yurganlar koʻp. Ular sheʼridagi birorta satrga teginib boʻlmaydi. Chunki har bir satrda haqiqat bayon qilingan. Deylik: «Kechasi odamlar uxlab yotadi», degandek. Bu gapning nimasi xato? Ayni chogʻda yana bir savol jaranglaydi: Nimasi sheʼr? Bu toʻgʻri konstruksiyali darak gap har qanday intonatsiya bilan aytilsa ham, sheʼrga doʻnmaydi. Chunki bunday satrlarda badiiy adabiyotning eng asosiy xususiyatlaridan biri – obrazlilik yoʻq. Original ifodalangan shoirning oʻzi, meni, ruhi topilmaydi. Biri birini takrorlayotgan shoirlar, biri birining ohangida sheʼr aytayotgan havaskorlar oʻzlariga: «Mening yozganlarimni bir asrdan soʻng kimdir oʻqiydimi», degan savolni berib, javob topishlari quyoshning botishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yozishdan koʻra muhimroqdir.
Shoirlik qismatiga bardosh berish, uning shon-shuhratiga munosib yashash, eng muhimi, shoir oʻz millatining vijdoni, yuzi, soʻzi va koʻzi ekanini har doim esida tutishi, albatta, osonmas. Shoir – isteʼdod egasi, shoir – soʻz va tafakkur odami, shoir – iztirobli, dardmand inson, shoir – el-yurt quvonchiga sherik odam… Tabiiyki, shoir zotining tabiati, taʼrif va tavsifi xususida bunday fikr-mulohazalarni davom ettiraverish mumkin. Ammo sheʼr uchun mukammal taʼrif topib boʻlmaganidek, shoirlik qismatini ham toʻla-toʻkis ravishda, muxtasar soʻz bilan anglatish qiyin. Buni faqatgina sheʼriy kayfiyat iztiroblarini boshidan kechirgan, «soʻz durlarini terish» bilan mashgʻul boʻlgan odamgina anglaydi. Koʻnglini qogʻozda aks ettirish uchun munosib soʻz izlagan, soʻzlarni tush koʻrgan kishigina his etadi. Qaysidir maʼnoda:
«Sen, ey sen, sheʼriyat, boʻlding
Ki qaydin oshino menga,
Keturding ham safo menga,
Yeturding ham jafo menga»,
deya qalbining holatini, dildagi safoyu jafolarni sheʼriyatga murojaatan bayon etayotgan Erkin Vohidovday inson anglata oladi, ehtimol. Darhaqiqat, sheʼrni anglash, soʻzni his etish, soʻzga xiyonat qilmaslik, «yolgʻonni yozgan holda rost soʻzlash» sanʼatiga sadoqat ijod ahli uchun bagʻoyat muhim fazilatdir. Sheʼriyat dargohiga kirib kelayotganlar uchun ham shu mezonlar nihoyatda katta ahamiyatga ega. Bevosita hayotiy va ijodiy tajribalar jarayonida baʼzan ijodkorning voqelikka pishiq-puxta estetik nuqtai nazari shakllanadi.
Aslida, sheʼrshunoslar sheʼrni anglashi, oʻquvchida sheʼriy didni shakllantirish lozim. Bu xususda E.Vohidov yozadi: «Sheʼrni anglamakning oʻzi ham isteʼdod. Biz bu isteʼdodning nomini nazokat deymiz, nozikfahmlik deymiz. Bu fazilatga yangilikni anglash va baho bera olish sifati qoʻshilganda u didga aylanadi. Didni esa yoshlikdan tarbiyalamoq, bilim va tuygʻular boyligi bilan kamolatga yetkazmoq kerak» («Sheʼriyat izlanishda yashaydi» maqolasidan). Odatda bunday estetik tarbiya uchun adabiyot muallimlari masʼul boʻladilar. Adabiy jarayonga baho berguvchi munaqqid va adabiyotshunoslar ham kitobxon didini shakllantirishga xizmat qilishi mumkin. Ammo hozirgi kunda har ikki jihat ham oqsamoqda. Maktablardagi adabiyot darslari ham, munaqqidlar faoliyati ham koʻngildagidek emas.
Gohida ayrim adabiyotchi-tadqiqotchilar kunning biror dolzarb mavzui tilga tushsa, darhol allaqanday «xom-ashyo»ni tayyor qoliplarga pala-partish joylab maqola yasab tashlaydi. Anjumanga tezis joʻnatadi yoki maʼruza oʻqish uchun minbarga minadi. Buning birovga nafi bor-yoʻqligi baʼzan oʻylab ham koʻrilmaydi. Muhimi – goʻyo qatordan, roʻyxatlardan qolmaslik. Maqolaning saviyasi, oʻsha fikr yuritilayotgan ijodkor dunyosi, ruhiyati, oʻrtaga qoʻyilib, yechilishi lozim boʻlgan muammo – muhim emas. Darhaqiqat, shu yoʻsinda nogiron asarlar yigʻilib qoladi; uzoq umr orzu qiladi. Holbuki, adabiy-tanqidiy maqola ham voqea boʻlishi mumkin. Holbuki, adabiy-tanqidiy maqola ham ilhom bilan yozilishi kerak. Holbuki, adabiy-ilmiy maqolaning ham ichki strukturasi, kompozitsion qurilishi, ritmi, pafosi, ohangi boʻladi. Adabiy-taqidiy maqola ham yashashga, umrboqiy boʻlishga haqli. Biroq oʻsha maqolada jasoratli odil fikr boʻlmasa, allaqanday manmanlik ortidan yozilsa – bu yomon. Shu maʼnoda E.Vohidov taʼkidlaydiki: «Yozuvchiga uning isteʼdod darajasiga, asariga qarab emas, balki egallab turgan mansabiga qarab baho berilishi, hamma bilib, koʻrib turgan barcha jihatlardan ojiz asarlarning maqtalib, koʻklarga koʻtarilishi adabiy tanqid deb atalgan muqaddas sohaning obroʻyini tushiradi» («Adolat tuygʻusi» maqolasidan). Ota-ona oʻz farzandining tabiatini, bir qarashdayoq uning yuzidan shod-xurramligi yoki xafaligini boshqalarga nisbatan aʼlo darajada bilganidek, chin maʼnodagi isteʼdodli sanʼatkor-ijodkor har doim oʻz qadr-qiymatini ham, saviyasini ham, asarlarining umrini ham yaxshi anglaydi. Bu hamma zamonlardan oʻtib kelayotgan haqiqat. Qolaversa, «Tanqidchi dushman orttiraman, deb qoʻrqsa yoki undagi adolat tuygʻusidan shafqat tuygʻusi ustun kelsa, adabiy muhitda hech qachon adolat boʻlmaydi» (E.Vohidov fikri).
Ijodkor ruhiy olamini badiiy asar yozgan kishigina yaxshi biladi. Ijodkorning adabiyot, sheʼriyat borasida aytgan fikr-mulohzalari oʻsha ijodiy jarayonni, ruhiy bir muvozanatsizlikni boshidan kechirgan kishining eʼtiroflaridir. Chunki «Shoir qayer toʻgʻrisida, nima toʻgʻrisida yozmasin, u avvalo oʻzi toʻgʻrisida, oʻz xalqi va yurti toʻgʻrisida yozadi» (E.Vohidov fikri). Gohida bunday qarashlar adabiyot nazariyasi darsliklarida qayd qilingan qoidalarga muvofiq kelmasligi ham mumkin. Chunki ijod nihoyatda individual jarayon. Bu jarayon har kimda turlicha kechishi mumkin. Ijod jarayoni uchun aksioma yoʻq. Ijod jarayonining yagona qoidasi – bu yozish. Boshqasi – xayol. Boshqasi – ortiqcha gap. Shoir yoki yozuvchining oq qogʻoz bilan uchrashuvi – agar chin maʼnodagi goʻzal va umrboqiy asarlar toʻgʻilsa – haqiqatan ham ulkan bayram. Aks holda umrning isrofidan boshqa narsa emas. Bu haqiqatni anglash, tan olish va boshqalarga bu tajribaning saboqlaridan soʻylash ham ijodkor zimmasidagi yuk.
E. Vohidovning hayotiy va ijodiy tajribalari tufayli tugʻilgan nazariy qarashlarida bir olam hikmat mujassam. Shoir oʻzining «Aruz haqida» degan maqolasida: «Gʻazal – murakkab va ancha qiyin janr. Gʻazalnavisdan oz soʻzda koʻp maʼno berish, fikr durdonalarini badiiy tashbeh sadaflari ichida taqdim etishni talab etuvchi janr… Aruz adabiyotning, umuman, sanʼatning hamma turlari kabi talant va mahorat, teran xayol va ehtiros talab qiladi», degan eʼtiborli mulohazalarni yozadi.
«Sarbast – oʻlchov qirgʻogʻiga sigʻmagan toshqin tuygʻularning vaznidir», «Maqollar – hech bir podsho eʼlon qilmagan farmon, hech bir davlat tomonidan bitilmagan konstitutsiyadir». Umuman olganda, Erkin Vohidov anglagan va anglatgan bunday haqiqatlar, adabiy-nazariy qarashlar oʻz qadr-qiymatiga ega. Ulardan bahramandlik maʼnaviy yuksalish, adabiyot va sanʼatni, sheʼriy his-tuygʻular va nazm tabiatini anglash uchun juda zarurdir. Bunga shubha yoʻq.
Bahodir Karim
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/adabiy-fikr-javhari/