Aka

Mahmud Saʼdiyga bagʻishlangan toʻplam tayyorlashga kirishgan shogirdlari menga ham murojaat qilishgan edi. Vaʼdani berdimu dangasaligim tutib maqolani vaqtida yozib berolmadim. Holbuki, Mahmud aka bilan men oʻzbek adabiyotidagi nayman qavmining vakillarimiz. Boshqa nayman bormi-yoʻqmi, bilmayman. Uchrashganda men Mahmud akaga “Akanayman” deb murojaat qilaman. Akanayman ham ota, ham ona tarafidan nayman boʻlgani uchun meni faqat ota tomondan bu urugʻga aloqadorligimni nazarda tutib “Chala nayman” deb “jigʻimga” tegadi. Ammo, hech qachon urugʻchilikka berilmaganmiz, Mahmud aka men haqimda shuncha yil adabiyot gazetasida ishlab bir satr yozmagan. Ammo, tarixshunoslikdagi savodsiz olimlar va ilmiy ishlar haqida yozgan (jahl bilan yozilgan) maqolalarimni “achchiq” joylarini yumshatib gazetada bostirgan. Nasib qilsa, ularning ayrimlarini sahifamda qoʻyish niyatim bor.
Men uzoq yillar avval Mahkam Mahmud, Murod Xidir, Mahmud Saʼdiyga “MMM” deb nom bergan edim (Rossiyada dovruq topgan “MMM” keyin paydo boʻlgan) . Bu “MMM” dan, ularning har biridan shaxsan men nimalarnidir oʻrganganman. Eng avvalo, kitobga mehr tuygʻusini oʻrgandim. Adabiyotga sadoqat bilan xizmat qilishni oʻrgandim. Ulardan koʻp kitoblar olib oʻqiganman. Oʻsha olis 70-80 yillarda mening tasavvurimda ularning kutubxonalarida dunyoning butun kitobi jam boʻlganday tuyulgan. Ularning kitobga oʻchligi, biz yoshlarning nazarida afandinamo xislatlari haqida soatlab gapirish mumkin. Davralarda gapiramiz ham.
Akanayman, mabodo ushbu sahifaga koʻzingiz tushsa yoki shogirdlaringizdan (janqovullardan) birortasi bu sahifa xususda xabar yetkazsa, bilib qoʻying, men bari bir siz haqingizda Ahmad akadan oʻtkazib yozolmasdim. Yana shuni bilingki, sizga boʻlgan hurmatim faqat naymanchilik tarafdan emas, sizning oʻzbek adabiyotiga qilgan beqiyos xizmatingiz tufayli juda baland.

 

Ukangiz Xurshid Davron


 

Ahmad Aʼzam
AKA

Mahmud aka bilan, aniq esimda yoʻq, ishqilib, yetmishinchi yillarning boshida Fanlar akademiyasining aspirantlar yotoqxonasida tanishganman. Toshkentga yangi kelganman, Samarqanddan oʻziga ukasidek yaqin olib, doim qoʻllab yuradigan ustozim Hotam aka Umurov doʻsti Murod aka Ibrohimovga uchrashimni tayinlab yuborgan, u kishi qayoqqa bosh suqishimni bilmay, sarson yurgan paytlarimda xonasidan boshpana berib turgan. Murod akani olloh rahmat qilsin, juda yaxshi odam edilar, koʻp yaxshiliklarini koʻrganman. Mahmud aka Murod akaning doʻsti, yoniga borganida suhbatlarida boʻlib, shu bilan bir umrga aka-uka boʻlib qolganmiz.

Oʻzi insonning hayoti yaxshi odamlar koʻrsatadigan yaxshiliklar silsilasidan iborat, tarjimai holingizga mundoq razm solsangiz, sizni shu holingizga olib kelgan yaqin kishilar koʻz oldingizda uzun qator tizilib, siz qaytara olmagan xizmatlari xotiringizni maʼlul qiladi.

Yetmish beshinchi yili Mahmud aka “Guliston” jurnaliga maqolamni olgan. Yozuvchi Turgʻun Poʻlatning “Ichkuyov” qissasiga taqriz edi. “Vafot etgan yozuvchining asariga yozib, juda xayrli ish qilibsan, beramiz”, deb u kishi ham meni xursand qildi, ham oʻsha paytlardagi adabiy jarayon, tanqidchilikning tagzaminida baʼzan manfaat, oshna-ogʻaynigarchilik ham boʻlishidan sergaklantirib qoʻydi. Men uchun “Guliston” jurnaliga maqolam olinishi tushimga ham kirmagan martaba, choʻqqiga olib chiqadigan qanotni yelkamga yopishtirish bilan barobar edi. Lekin uni maʼqul degan odam yana koʻzoynagini burnining ustiga qoʻndirib, men ne hasratda qoyillatyapman deb toʻldirgan dasta qogʻozning ustidan “rasm solib” ketsa! Oʻzimcha yaxshi yozaman, yozayotganda jumla nimaligini qoʻlim bilan ham his qilishim kerak deb, hatto ruchkagacha tanlaydigan odamman, Mahmud akaning chizmakashligiga qarab kayfim uchib ketdi. Sogʻ qolgan jumla yoʻq, chizilgan, oʻchirilgan, yana sahifaning yonidan ham, boshidan ham, har yogʻidan bedana tuzoqqa tushirib kiritilgan gʻij-bij soʻzlar. Qogʻoz qora qoniga boʻlmasa-da, koʻk siyohiga boʻyaldi. “Boʻldi- qildi”ni, yaʼni “boʻlmoq”, “qilmoq” feʼllarini shunaqa koʻp urchitishimni oʻzim mutlaqo bilmagan ekanman.

Mahmud aka bir sahifani koʻrgandan keyin: “Ma-e, savodsiz ekansan-ku”, deb qaytarib bersa kerak degan edim, yoʻq, “Mana, qara-da, men oʻzimdan bir fikr ham qoʻshmayapman, senikini tozalab, ochyapman. Yaxshi yozgansan, lekin chiqit, parazit soʻzlar koʻp. “Boʻldi-qildi”ni muncha yaxshi koʻrmasang”, deb taqrizimni oxirgi jumlasigacha bitta ham qoldirmay boʻyab chiqdi; bironta soʻz eʼtibordan chetda qolmadi. “Qora qoni”ga belangan “asar”imga qarab, bu tuzoqlar, sirtmoqlar, kiritmalar, ustidan ham, ostidan ham qilingan chumoliyoʻl tuzatishlardan birov bir narsani tushunarmikan desam, mashinkachi qizlar Mahmud akaning “rebus”larini juda oson yechar ekan, bosilganini oʻqib koʻrsam, men yozgan narsa, xuddi oʻzgarmagandek, lekin aytmoqchi boʻlgan gaplarim shunday jaranglab, ravshan fikr berib turibdiki, yozganimga oʻzim ham ishonmayman.

Shu narsam ustida ishlayotganida Mahmud akaning zavqini koʻrganman. Tahrir qilish zavqini. Mahmud akaning gazeta va jurnallarda ishlagan butun umrida shu zavq bor va bu zavq umuman bugungi adabiyotimizga katta taʼsir oʻtkazgan. Hali bu gapga qaytaman.

Taqrizim “Guliston”da bosilgandan bir yil oʻtib, oʻzim ham Mahmud akaning yonida oʻtirib boshqalarning asarlariga “rasm solish”, jumla “boʻyash”ni oʻrgana boshladim. Yaʼni shu jurnalga ishga oʻtdim. Albatta, Mahmud akaning taklifi va bosh muharrir Asqad Muxtor, u kishining oʻrinbosari Vahob Roʻzimatovga tavsiyasi bilan. Jurnalning shu kishilar rahbarlik qilgan davri adabiyotimizda alohida oʻrin tutadi. Bugungi kunda taniqli, nomdor oʻnlab yozuvchi va shoirlarimiz oʻsha payti, yaʼni yetmishinchi yillarning ikkinchi yarmida aynan “Guliston” jurnalida tetapoya boʻlgan. Hech mubolagʻasi yoʻq, unda toʻrt qator satri bosilgan havaskor tan olingan katta shoirga aylanib, yutugʻini bir hafta “yuvar” edi. Oʻttiz tiyinlik jurnal shu qadar mashhur, adabiy jarayonda ayniqsa yoshlar ijodini yoritish boʻyicha dargʻaligidan qoʻlda bir soʻmga chiqib ketgan edi.

Jurnalni bunday martabaga koʻtarishning zamirida, albatta, hali aytganim, zavqli va… nihoyatda ogʻir mehnat yotar edi. Buni nashrlar sahifasi ustida ter toʻkib yotgan zahmatkashlar juda yaxshi biladi. Oʻshanda kun boʻyi “Guliston” materiallaridan bosh koʻtarmay, kechqurun “Koʻk gumbaz” choyxonasida kunduzi qilgan ishining hayajonini bosa olmay, choynak-choynak choy boʻshatib, tomogʻi boʻgʻilib qolguncha bahslashgan Murod Xidir, Tohir Malik, Erkin Aʼzamov, Sulaymon Rahmon, Saʼdulla Ahmad, Abdulla Sher kabi hamkasblar tahrir zavqini hali-hanuz unutolmaymiz. Mahmud aka esa oʻzgarmagan, oʻn yil oldin ham, yigirma yil, oʻttiz-qirq yil oldin ham shunday edi. Hozir ham qoʻliga tushgan maqolaga shunday berilib, zavq bilan bilan ishlov beradi. Bir oʻylab koʻring, Mahmud aka hozir yetmishga chiqib, tahrirchilik faoliyatini, deylik, yigirma besh yoshlaridan boshlagan boʻlsa, shu davr badalida qoʻlidan oʻtgan asarlar necha-necha yuz jild kitob boʻladi! Shularning hammasiga soʻzma-soʻz koʻz nurini bergan, har bitta jumlaning ustida bukchaygan. Har bir maqola yo hikoyaning ustida faqat men bilan emas, umuman qogʻozini koʻtarib kelgan qalam ahli borki, hammamiz bilan yakkama-yakka oʻtirib, birga “rasm solgan”. “Torta olmagan”, qaytarilgan asarlarni hech kim hisobiga yetmagan. Ularning ham birontasi oʻqilmay, muallifiga tushuntirilmay qolmaydi. Bu mehnatga kundalik boʻlgani uchun koʻnikilgan, bilmagan odamga odatiy tuyuladi. Lekin… adabiyotni shu mehnat yaratadi. Adabiyotning bugungi mavqe-darajasida Mahmud akaga oʻxshagan tahrirchilarning sirtdan boʻrtib turmaydigan, kamtar-kamsuqum, lekin buyuk mehnati yotadi. Bu haqiqatan ham buyuk, yuki faqat chidaganga chiqargan ogʻir, odamning butun umrini oladigan, baʼzan hammasini boshqalarga berib, oʻziga minnatdorlikdan boshqa narsa qoldirmaydigan nihoyatda gʻalati mehnat. Odam qoʻliga tushgan narsalarga talab bilan yondashadi, birovniki boʻlgani uchun talabning ogʻirligi avvallo oʻzining zimmasiga tushadi, kun-kundan oshgan talab bir kun kelib “fetish” – “maʼbud”ga aylanadi, oʻnlab odamlarning yuzlab asarlarini tahrir qilib oʻrgangan odamning oʻzi yozishiga… Xullas, masʼuliyati imkoniyatidan ham kattarib ketadi. Keyin, yillab boshqalarning har xil mavzu, har xil janrda, fikr uslubi, ifoda usullari yozish turlicha asarlarini yillab tahrir qilish, adbatta, nihoyatda kerak, xayrli, sharafli ish, ammo muharrirning ijodiy quvvatini soʻrib, oʻzi yozishini hech narsa qoldirmaydigan surunkali, nihoyasi yoʻq bir zahmat ham. Butun umrini shu tarzda soʻz sanʼatiga fido qilib, oʻz ijodlari orzularidagina mavjud boʻlib qolayotgan hamkasblarimizning shovqinsiz, koʻrinmaydigan ter toʻkishlari bilan matbuotimiz matbuot, adabiyotimiz shu darajada. Bizda tahrir mehnatiga alohida haq toʻlanmaydi, muharrir lavozimi uchun maosh oladi, lekin uning boshqa mualliflar asariga ishlov berishi oʻzinikini yozishidan ustun turadi va uni maosh bilangina baholab boʻlmaydi.

Yana bir tomoni ham borki, hammani tuzatib, tahrir qiladigan odam oʻzidan hammadan baland yozishni kutadi va juda kam yozadi yoki boshqalarning ustidan ishlab, chiqarib bergan asarlarini oʻziniki qabul qilib ham ishlayveradi. Bu maʼnoda Mahmud aka dunyoga keltirgan asarlarning sanogʻi yoʻq. Toʻgʻri maʼnoda ham shunday. Mahmud aka qoʻlidan yetaklab, yelkasidan itarib, yurmaganlarini sudrab ham adabiyotga olib kirgan ijodkorlar juda koʻp. Shularning qariyb hammasi u bilan bir umr hamkorlikda, doim u kishidan aniq fikr kutadi, u kishi ham qalamini qayrab, hamisha tayyor…

Gapni oʻzimdan boshladim – Mahmud aka birinchi maqolamni chop etib, adabiy jarayonga qoʻlimdan yetaklab olib kirgan, shu jarayonda suzishni oʻrgatgan. Yana oʻzimga kelsam, hozir ham u kishiga talpinaman, fikrini eshitgim keladi. Chunki ayamay gapiradi. Koʻp yillar yozmay yurib, bultur “Hali hayot bor” degan bir qissa yozdim. Oʻqishga birinchilardan boʻlib Mahmud akaga bergan edim, u kishi oʻqib, shuning nomiga ham: “Anavi ayol qahramonning gapidan olingan ekan, qoʻshtirnoqni yopishdan oldin uch nuqta qoʻyish kerak”, deb tuzatish kiritdi. Oʻsha Mahmud aka-da.

Oʻsha-oʻsha, juda koʻp ijodkorlarga akalik qilgan, adabiyotda ukalari juda koʻp, hali ham koʻzoynagini burnining ustiga qoʻndirib, “ oʻzimizning Janqovullar tumtumaklari” ustidan erinmay boʻyab, yana orada chayonqalampirday achchiq istehzo qilib oʻtiradigan Mahmud akamiz – hammaning birdek hurmatini qozongan xizmat koʻrsatgan muharrir.

 

Ahmad Aʼzam.


Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, 2009 y.


 

Manba: Xurshid Davron sayti

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/aka/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x