Seni mendan ayirgani keldilar,
Yuragimni tiriklayin tildilar,
Yor-yor aytib oʻynadilar, kuldilar,
Boʻzlab-boʻzlab oʻtar boʻldim, naylayin.
Boy boʻlsaydim, oyga qoʻlim yetardi,
Yulduzlarni kaftlarimda tutardim,
Barcha gʻirrom oʻyinlarda yutardim,
Endi dardim yutar boʻldim, naylayin.
Balki oʻzim noʻnoqdirman, boʻshdirman,
Shu sabab ham dard-alamga eshdirman,
Bugun gʻarib, qanoti yoʻq qushdirman,
Yoʻlim bilmay ketar boʻldim, naylayin.
“Unutaman, tamom!” dedim-u, ammo;
“Bu – eng soʻnggi xatom!” dedim-u, ammo;
“Yangi hayot, salom!” dedim-u, ammo
Sizni yana kutar boʻldim, naylayin.
Orif Tolib
2009
https://saviya.uz/ijod/nazm/naylayin/