Shu fursat sheʼr aytay shaʼningizga bir,
Nomingizni yayrab yozsin qalamlar.
Muhabbatim sizga, mehrim sizgadir
Ey sodda odamlar, moʻmin odamlar.
Biringiz otamday birsoʻz, beriyo,
Biringiz onamday mushfiq, xokisor.
Simobday beqaror bu olam aro
Koʻnglimga sizlardan yaqinroq kim bor!?
Yaxshi gap-soʻzlarga tezda ishonib,
Mudom yaxshi kunni kutib yashaysiz.
Yurtga osh bergandan chandon quvonib,
Boringiz birovga tutib yashaysiz.
Garchi dasturxonda noningiz yarim,
Koʻnglingiz toʻq sizning, koʻnglingiz butun.
Dunyoning ishlarin oʻylagan sarim
Shukrlar aytaman borligingiz-chun.
Mehrimni ifoda etayin qanday,
Bugʻdoylar toʻlsin-ey uylaringizga.
Qamishdan bel bogʻlab qadrdon doʻstday
Sheʼrim xizmat qilsin toʻylaringizda.
Orif Tolib
2011
https://saviya.uz/ijod/nazm/sodda-odamlar/