Mardona qad kerib turgan yoshligim

MAXTUMQULI

 

Shoir ukam, oʻqi Maxtumqulini,

Hikmatga yoʻgʻrilgan pandu nasihat.

Gʻanimat demish u umr yoʻlini,

Ha, umr gʻanimat, chindan gʻanimat.

 

Bepisand boqmagil koʻhna olamga,

Hali may ichmabsan qismat qoʻlidan.

Faqat bilganingni olgil qalamga,

Buni ham oʻrgangil Maxtumqulidan.

 

 

ULUGʻBEK FARYODI

 

Ming laʼnat sen nihol oʻtqazgan vaqtga,

Ossalar gar oʻzing ekkan daraxtga.

 

Taqdirning yuzlari qoraysin battar,

Qazgan qudugʻingga choʻktirsalar gar.

 

Falak gumbazini yorsin faryoding,

Agar oʻz farzanding boʻlsa jalloding.

 

Oʻrlasin arshgacha bu qora tutun,

Beshiging tobutga aylansa bir kun.

 

 

KELDIM

 

Keldim…

Ketmoqdaman.

Sariq yaproqlarda

Gʻarib, hazin kuy.

Seni uzoq yillar

Sogʻingan edim,

Keldim…

Ketmoqdaman.

Kechir, Ona uy.

Meni eslatguchi

Biror narsa yoʻq.

Otam yoʻq, Onam yoʻq.

Na shodlik, na gʻam.

Faqat hammasini

Yodimga solib,

Koʻrinding koʻzimga –

Oʻzing, Hanifam…

 

 

KAMTARLIK

 

Har kimga buyursin oʻzining dardi,

Baʼzan kulsang kamdir, yigʻlasang ham oz.

Bir kuni xilvatda suhbat qilardi,

Sodda shogird bilan mehribon ustoz.

 

Ustoz der ediki: – Topshiriq shuldir:

Yoʻqot falonchini, qurisin zoti.

Soʻng esa albatta oʻzingni oʻldir,

Jannatga tushasan oʻsha zahoti.

 

Shogirdi der edi gʻoyatda kamtar:

– Ustoz, maqbul erur aytgan soʻzingiz.

Jannat shu qadarli naqd boʻlsa agar,

Ishni boshlab bering avval oʻzingiz.

 

 

HIDOYAT YOʻLI

 

Islomning muqaddas arkonlari bor:

Haj, roʻza, namozu zakot va jihod.

Ular bogʻliq erur iymonga poydor,

Bajargan har moʻmin topgaydir najot.

 

Roʻza va namoz-ku hamrohdir doim,

Zakot ham topilgay ba qadri imkon.

Imoning to mahshar boʻlsin but, qoim,

Lekin jihod nedur? Nahot jang va qon?

 

Qay moʻmin hidoyat yoʻlini bilsa,

Hirsu nafs hujumin etolsin barbod.

Rasululloh demish: – Kimki haj qilsa,

Oʻshadir dunyoda eng yaxshi jihod.

 

 

YOSHLIGIM

 

Olis qishlogʻimning koʻchalarida

Tuproqni changitib yurgan yoshligim.

Janubning yulduzli kechalarida

Uxlamay xayollar surgan yoshligim.

 

Orzular qaygadir chorladi bir choq,

Ortda qolib ketdi u aziz tuproq.

Kimgadir shogirdu kimgadir oʻrtoq,

Sheʼr bilan suhbatlar qurgan yoshligim.

 

Tanidim yurtimni, qadim elimni,

Alisher soʻzlagan suluv tilimni.

Va lekin yovlarim toʻsib yoʻlimni,

Ne zabun kunlarni koʻrgan yoshligim.

 

Dunyoda birovni kamsitmoq yomon,

Yomondir seniki boʻlmasa zamon.

Topolmay bir chora, topolmay imkon,

Yoʻlni yolgʻizlikka burgan yoshligim.

 

Shukr, toʻzonlarda qolmadim soʻlib,

Keldi xush davron ham shavqlarga toʻlib.

Endi roʻparamda nabiram boʻlib,

Mardona qad kerib turgan yoshligim.

 

 

MENGA XUSH XABAR AYT…

 

Menga xush xabar ayt, yolgʻon boʻlsa ham…

Dardu mashaqqatlar oʻtgaydir bari,

Oʻksima, oyoqqa turgaysan, deb ayt.

Umringning farahbaxsh, totli onlari

Hali oldindadir, koʻrgaysan, deb ayt.

 

Menga xush xabar ayt, yolgʻon boʻlsa ham…

Doʻstlaring bordir-ku hali dunyoda.

Seni kulfatlarda qoldirmas, deb ayt.

Yovuzlik boʻlsa ham haddan ziyoda,

Seni changaliga oldirmas, deb ayt.

 

Menga xush xabar ayt, yolgʻon boʻlsa ham…

Olis muhabbating soʻnmagan hamon,

To hanuz unutmay yuribdi degil.

Sargʻaygan daftarin varaqlab pinhon,

U seni tushida koʻribdi degil.

 

Menga xush xabar ayt, yolgʻon boʻlsa ham…

 

 

OZODLIK

 

Quyosh tutilganda qadim ajdodlar

Oʻzlarin yoʻqotmish qoʻrquv, titroqda.

Samoga termilib qilmish faryodlar:

– Quyosh bandi boʻldi! Quyosh sirtmoqda!

 

Balki bu qiyomat kunidan xabar,

Balki kufrimiz koʻp, gunohimiz zil.

Shundoq xitob etmish hazrat Paygʻambar:

– Quyosh tutilganda qulni ozod qil!

 

Nechogʻli tansiqsan, ozodlik soʻzi,

Seni falaklar ham koʻtargay boshga.

Koinot mashʼali boʻlsa ham oʻzi,

Ozodlik kerakdir hatto quyoshga!

 

 

ShOIRNING YARATILISHI

 

Shoir kerak boʻldi Adabiyotga,

Dedik: “Uni tezda topmogʻimiz shart”.

Tayanib tajriba hamda sabotga,

Shoir yaratamiz talantli va mard!

 

Olimlar yumushga kirishdi hushyor,

Boʻlsin yangi shoir bundogʻ, dedilar.

Faollar yigʻini chiqardi qaror,

Matbuot ham qoʻllab, shundogʻ, dedilar.

 

Bittasin yaratdik, ikkinchisin ham…

Dizayni joyida, koʻzni olardi.

Lekin sheʼr yozdirsak, nimasidir kam,

Oddiy bir taqlidchi boʻlib qolardi.

 

Harakatga tushmas puflamasang gar,

Muqom qila boshlar koʻrsa ustasin.

Bir juft askiyaga kelmas barobar,

Yasab qoʻygan bilan buning yuztasin.

 

Bilingiz, haqiqiy isteʼdod nasli,

Bir oz samovotga tegishli xilqat.

Davron tuprogʻiga shoirni asli,

Yaratganning oʻzi ekkaydir faqat.

 

 

AMNISTIYa

 

Kimningdir boshiga ish tushdi nogoh,

Shayton avradimi – topmadi toʻzim.

Bolalarin yigʻib chekdi ohu voh,

Kechirmayman, dedi, oʻzimni oʻzim.

 

Jazo ham muhaqqaq boʻldi, albatta,

Qismat eshigiga bosh egib bordi.

Seni kechirdilar, deyilgan paytda,

Qayta tugʻildim, deb dodlab yubordi!

 

 

SOHIBDIL

 

Bir kimsa yoʻlidan adashib giryon,

Choʻkib bormoqdaydi qora botqoqqa.

Nogoh uchradiyu sohibdil inson,

Kimsani qutqazdi, oʻradi oqqa.

 

Mahsharning gʻurbatli pallasi edi,

Sahroda ikkovlon uchrashdi bexos.

Kimsa: – Tanimayman men seni, – dedi.

Sohibdil: – Ming afsus, – deyoldi xolos.

 

Shunda sado keldi: – Oyo, jim turgil,

Bu-ku oddiy maxluq, yuzsiz, sharmanda.

Malomat tigʻini oʻzingga urgil,

Yaxshilikni oʻzing qilding-ku, banda.

 

 

KAMILLA

 

Muhabbat hech qachon topmagay zavol,

Mehr ham tutashdir vujudga, qonga.

Kamilla ismli italyan ayol,

Talpinib yashaydi Oʻzbekistonga.

 

Garchi turmushida zarra kami yoʻq,

Dengiz sohilida qasri bor koʻrkam.

Lekin yuragida oʻchmas bitta choʻgʻ –

U oʻzbek tuprogʻin qumsaydi har dam.

 

Der: – Yetimxonada oʻsdim bir zamon,

Oʻtdi oʻsha yerda maʼsum chogʻlarim.

Meni onasiday chorlaydi hamon

Karavotda qolgan qoʻgʻirchoqlarim.

 

 

BOMDOD

 

Derazam ortida ulkan koinot,

Mubham xotiralar qalbni tiladi.

Oʻgʻlim, degan ovoz keladi bot-bot,

Bolam, degan shivir eshitiladi.

 

Xonamni chulgʻaydi sovuq hayajon,

Boshim ogʻirlashar, junjikar etim.

Axir men oʻgʻlingiz edim, otajon,

Onajon, axir men bolangiz edim.

 

Sahar ocha boshlar ohista koʻzin,

Tong uyqusi sassiz kela boshlaydi.

Taralar azonning tovushi uzun,

Rafiqam ibodat qila boshlaydi.

 

 

YOVOSH-YOVOSH

 

Ozar doʻstim nagʻma chalar, koʻzida yosh,

Holing nechuk desam deydi: yovosh-yovosh.

 

Sevikliging noz qilsa ham chimirib qosh,

Moyil boʻlar asta-asta, yovosh-yovosh.

 

Goh u yonga, goh bu yonga urmagil bosh,

Omad kelar birin-sirin, yovosh-yovosh.

 

Jayronga ayt, tuyogʻini yormasin tosh,

Sayron etsin sekin-sekin, yovosh-yovosh.

 

 

GULZOR

 

Sening qoʻling guldir,

Shul sababdan ham

Hovliyu xonangda oʻstirasan gul.

Sendaylar bisyorroq boʻlsaydi, olam

Gulzorga aylanib ketardi butkul.

 

Oʻstirgan gullaring ajib, muattar,

Rangorang, xilma-xil, chiroyli bari.

Nomlarin bilmayman, aytsam muxtasar,

Bor bunda yer yuzin turfa gullari.

 

Gullaring anjuman tuzibdi goʻyo,

Inja goʻzallikning mashgʻuloti bu.

Shu kichik gulzorda jam boʻlmish dunyo,

Birlashgan Gullarning Tashkiloti bu.

 

 

BARKAMOL AVLOD

 

Komillik yoʻlida chekib ranj, alam,

Bir umr tinmadi qoʻlimda qalam.

Senga ham “Komil boʻl!” dedi Yurtboshim,

Axir komillikka ne yetsin, bolam.

 

 

TASAVVUR

 

Bu koʻhna qoʻshiqdir, bu eski nola,

Unuta olmasman men uni butkul.

Bozor eshigida yoshgina bola,

Keksa tilanchiga uzatardi pul.

 

Har kim oʻz bahosin bergay bu ishga,

Har kim oʻz hukmini oʻzi bilajak.

Horib munkillagan qari oʻtmishga

Muruvvat qilardi goʻyo kelajak.

 

Koʻp uzoq yillarga eltadi xayol,

Tasavvurni ezar tagʻin shu nola:

Bozor eshigida turar keksa chol,

Bu oʻsha bola-ku, bu – oʻsha bola.

 

 

XABAR

 

Turfa xabarlarni tinglaymiz har kun,

Qaydadir toshqinu, qaydadir boʻron.

Xabarlarga toʻla bu olam butun,

Xabarlarga toʻla har lahza, har on.

 

Daydi shamolning ham mujdasi bordir,

Kabutarlar berar poklikdan xabar.

Telefonlar esa doim bedordir,

Xabar tarqatadi to tongga qadar.

 

Olis qitʼalardan xabarlar kelar,

Kelar sogʻinch sasi, gʻazab yo alam.

Uchqur raketalar fazoda yelar,

Keladi ularning xabarlari ham.

 

Xabar kutib oʻtar kunlarim sekin,

Xabarlar toʻxtamas, bundan koʻnglim toʻq.

Biz bitta shaharda yashaymiz, lekin,

Sendan xabar yoʻqdir, sendan xabar yoʻq…

 

 

Abdulla ORIPOV,

Oʻzbekiston Qahramoni,

Xalq shoiri

https://saviya.uz/ijod/nazm/mardona-qad-kerib-turgan-yoshligim/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x