Chet elda yashayotgan bir millatdoshimiz ona qishlogʻiga mehmon boʻlib keladi. Qoʻlini peshonasiga soyabon qilib, bulutlarga boʻylashgan qorli choʻqqilarga toʻymay termuladi. Qarindosh-urugʻlarning suhbatini dam kulib, dam yigʻlab eshitadi. Eng qiziq voqea ertasi ertalab yuz beradi. Taomilga koʻra, mezbonning “Yaxshi dam oldingizmi?” degan savoliga mehmon kutilmagan va odamni hayajonga soladigan javob beradi:
– Oʻttiz yildan beri bunday xotirjam, miriqib uxlamagan edim! Sizlar naqadar baxtlisizlar-a!..
Nega, axir? Shunaqasi ham boʻladimi? Inson bolasi oʻttiz yil badalida bir tun ham odamday boʻlib royish hordiq chiqarolmasligi, dunyo tashvishlarini orqaga tashlab, osuda uxlay olmasligi mumkinmi? Unda yashashning, tiriklikning mazmun-mohiyati yoʻqoladi-ku!
Tafsilot keyin ayon boʻladi. Mehmon yashayotgan mamlakat uzoq yillardan buyon urush girdobida yonar, ota uch oʻgʻli bilan navbatma-navbat tom ustida poyloqchilik qilib chiqarkan. Xonadon ahli qachondir biz tomonlarga ham xatar yetib keladi, degan hadik bilan har lahzada koʻchib ketishga shay yasharkan.
Bu holatni tinch-osuda yashayotgan xalqqa hech kim mehmonchalik teran tushuntirib berolmasligi aniq. Chunki u allaqachon maʼnan yoʻqlikka yuz tutgan umridan emas, ortida qoladigan farzandlarining taqdiridan, kelajagidan bezovta edi.
– Sizlarning ertangi kundan koʻnglingiz toʻq. Bolalaringiz oʻqib, bilim olayapti. Fan-texnika yutuqlarini oʻzlashtirib, dunyoga chiqayapti. Ularning intilishini davlatning oʻzi qoʻllab-quvvatlayapti. Mening zurriyodlarimning ertasi uchun kim qaygʻuradi?!
Mehmonning anduhli suhbatini eshitgan borki, hali-hanuz shu voqeani taʼsirlanib aytib beradi va gap oxirida “Tinchligimizga koʻz tegmasin!” deb ilova qiladi.
Tinchlik, osoyishtalik – eng ulugʻ, eng aziz, dunyoning bor sarvatu zevariga alishib boʻlmas neʼmat ekanini bugun barcha yurtdoshlarimiz juda yaxshi biladi. Xalqimiz yaqin va uzoq mintaqalarda sodir boʻlayotgan qurolli toʻqnashuvlar, etnik va diniy nizolarni kuzatib, yurtimizda izchil olib borilayotgan millatlararo bagʻrikenglik va totuvlik siyosatining tub mohiyatini tushunib yetgani fikrimizni tasdiqlaydi. Prezidentimiz Islom Karimov shu yilning 9 may kuni Xotira maydonida ommaviy axborot vositalari vakillariga bergan intervyusida taʼkidlaganidek, insoniyat tarixidagi eng mudhish va beshafqat, behisob yoʻqotishlarga olib kelgan urushni boshidan kechirgan xalqimiz doimo bitta fikr bilan yashaydi: bunday yovuz ofat hech qachon qaytmasin, ostonamizga yaqin kelmasin. Bizga tinchlik kerak, omonlik kerak. Odamlarimiz har qanday davralarda, toʻy-maʼrakalarda Yaratgandan avvalo shuni soʻraydi.
Qalb koʻzi ochiq, shuuri butun odam borki, Oʻzbekistonning, oʻzbek xalqining bu kunlarga oyoq uzatib, bamaylixotir yetmaganini yaxshi idrok etadi. Zero, yigirma besh yil ichida oʻtgan har bir kunimiz yillarga tatigulik ishlarga boy boʻldi. Mustaqillikkacha oʻtgan kunlar xalqimiz tarixidagi eng alamnok sahifalar ekanini katta avlod vakillaridan eshitganlarim asosida bilaman. Ayniqsa, amakimning hikoyalari menga chinakam “oʻtmishdan ertaklar” boʻlib tuyuladi.
– Arafa kuni chollar biror kayvoninikida yigʻilib, hayit namozini qayerda oʻqishni muhokama qilardi, – gurungini boshlaydi amakim. – Bir-ikki soatlik mashvaratdan keyin bir toʻxtamga kelinib, hamma uy-uyiga tarqalardi. Oqsoqollar bola-baqrasi oldiga borishi bilan tovushini baralla qilib kampiriga xitob qilardi: “Kampir, erta azonlab payshanba bozorga joʻnayman. Kelin-nevaralaringga biror narsa kerak boʻlsa, tayinlab qolsin!” Boshqa xonadondan yana bir moʻysafidning ovozi yangrab qolardi: “Qoʻshni qishloqlik Erdonaboy toʻy qildi, loygarchilikda borolmadim. Musurmon chopagʻon ham nevaralarini sunnat qildirdi, uning oldidayam odam uyatli boʻldi. Ertaga shularnikiga borib, “Toʻy qulluq boʻlsin!” qilib kelaman. Xurjunga ul-bul solib qoʻyinglar”. Shu yoʻl bilan chollar oʻzlarini ehtimoliy xatardan himoyalab, uyquga yotishar, ertasiga azonlab kimdir otda, kimdir eshakda yoʻlga chiqardi. Turli soʻqmoqlar bilan aylanib kelgan oqsoqollarning yoʻli hech kimning xayoliga kelmagan, koʻzdan pana ovloq joyda tutashar, imi-jimida ibodat ado etilib, hamma aytgan manziliga joʻnardi. Iymon-eʼtiqodni asrash shu qadar mushkul, hadislarda aytilganidek, choʻgʻni kaftda tutib turgan bilan barobar davrlar edi. Roʻza kunlari oʻroqqa chiqqan qishloq ayollarini brigadir, raislar “Roʻzangni och!” deb qamchilaganini enamdan koʻp eshitgan, oʻzim ham koʻrganman. Keyin bilsam, bunday voqealar faqat bizning qishloqda emas, boshqa joylarda ham boʻlgan ekan.
Yurtimizda 17 yildan buyon 9 mayning Xotira va qadrlash kuni deb nishonlanishi zamirida bobolarimiz boshdan oʻtkazgan mashaqqatli davrlarni yodga olish, bugungi tinch-totuv, osuda, farovon hayotimizning qadriga yetish kabi maʼno-mazmun ham mujassamdek tuyuladi, nazarimda.
Xotira va qadr tushunchasi haqida soʻz ketganda biri eskicha xat-savodi, ozgina ilmi tufayli umrboʻyi taʼqibda yashagan, ikkinchisi fashizmga qarshi kurashib, qonli janggohlarda bebaho yoshligini, chimildiq koʻrmay nobud boʻlgan ikki navqiron akasini, begʻubor tuygʻularini yoʻqotgan, urushdan ogʻir taassurotlar bilan qaytgan bobolarimga xayolim ketadi.
Otamning otasini eslolmayman. Onamning otasi meni boshqa nabiralaridan ayricha yaxshi koʻrgani aniq-tiniq yodimda. Uning medallari koʻp edi. Hammasi sandiqda saqlanardi. Biroq biror maktabmi yoki muassasaga urush faxriysi sifatida chaqirilsa, doim jelagi koʻksiga “Jasorat” medalini taqib borardi.
– Bobo, bobo, nimaga faqat shu medalingizni taqib yurasiz? – deb soʻrardim.
– Chunki bu medal oʻzimizniki-da, – derdi bobom.
– Nima boshqa medallaringiz birovnikimi? – tagʻin ijikilab soʻrardim.
Keyin bildimki, bobomning hamma orden-medali toʻkkan qoni, chekkan aziyati evaziga berilgan. Biroq “Jasorat” mustaqil yurtimizning medali boʻlgani bois ham bobom uchun qadrli edi.
Xalqimiz azaldan tinchliksevar, urush-janjalga murosasiz boʻlgani tarixdan yaxshi maʼlum. Zero, vaqti zamonida insoniyatni koʻp bezovta, besaranjom qilgan fashizmga qarshi bobolarimizni otlantirgan ham shu tuygʻu ediki, bugun ular erishgan gʻalabani biz, avlodlar shoyon nishonlaymiz. Koʻkragimizni toʻldirib, tinchlik havosidan toʻyib-toʻyib simiramiz. Bugungi kunlarga shukrona, ertangi kunga ishonch bilan yashaymiz.
“Yoshlik” jurnalining 2016 yil 5-sonida chop etilgan.
Xayriddin MUROD
1986 yili tugʻilgan. OʻzDJTU xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan. Maqolalari respublika matbuotida muntazam chop etiladi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/bu-kunlarning-qadri-kop-ulug/