“Hayot mashʼalidir haqiqat…”

Olam doim harakatda, hayot davom etarkan, borliqqa turlicha munosabatlar, olam haqidagi tasavvurlarning bir-biriga oʻxshash yoki aksincha, biri ikkinchisini takrorlamaydigan manzaralari, tushunchalar kashf etilib borilaveradi. Olam va odam, makon va zamonga nisbatan yozuvchi konsepsiyasi uning shaxsiy tushuncha va idrok etishi natijasida shakllanadi. Dunyoni idrok etish voqelikka qanday munosabatda boʻlishi avvalo insonning oʻz dunyoqarashidan kelib chiqadi. Isteʼdodli kishilar dunyoqarashida koinot tasavvuri oʻziga xos manzaraga ega boʻladi. Masalan, ijodkor oʻziga xos tabiat va jamiyat hodisalarini tasvirlar ekan, ularni idrok etadi, badiiy tasvirlaydi va shu orqali baholaydi.

Oybek badiiy tafakkuri xususida soʻz yuritar ekanmiz, badiiy adabiyotga havas unda bolalikdan uygʻongani va umri davomida ezgulik urugʻlarini qalbiga sochib kelgan vatandosh hamda jahon adabiyotining buyuk siymolaridan Saʼdiy, Jomiy, Navoiy, Fuzuliy, A. S. Pushkin, A. N. Tolstoy, Vergiliy, Goratsiylar asarlaridan olgan hayot saboqlari adib dunyoqarashini oʻstirdi va natijada olamni yangicha poetik idrok etish orqali bolalikdan shakllanib kelgan dunyoqarashlari oʻz mevasini berdi. Oybekning hayot haqidagi konsepsiyasi insonni tabiatning bir boʻlagi, u Yaratganning betakror, benazir ijod qilgan asari ekanligini talqin etishi oʻziga xos falsafiy tamoyillardan iborat, yaʼni bu tamoyillar umumiy: tabiat lirikasi bilan ichki kechinmaning oʻzaro uygʻunlashuvidan yuzaga kelganki, adibning nasriy ijodidagi badiiy niyatini oʻz oʻrnida nazmiy ijodidagi badiiy niyatidan farqli tassavur qilib boʻlmaydi. Zero, Hamid Olimjonning “Oybekning nas-riy asarlarda lirik va aksincha, lirik asarda prozaik boʻlib qalam tebratadi” degan taʼkidi fikrimizni dalillaydi.

Demak, Oybekning hayotni talqin etishdagi konsepsiyasini anglab, tarjima tilida mujassam etishga qoʻl urish uchun tarjimon ham asar muallifi singari badiiy idrok etishga urinib koʻrishi lozimdir. Oybek ijodini hatto unga oziq bergan manbalarni mukammal oʻrganmay turib uning sheʼrlarini tarjima qilish qiyin. Oybek voqelikni ziyraklik bilan ilgʻab olib va shu yoʻlda qatʼiy oʻziga xos qarashlarni namoyon etar ekan, davrning turli ijtimoiy oqimlariga ixtiyoriy va beixtiyoriy munosabatini bildiruvchi ijodkorlardan farqli ravishda ijtimoiylashmagan qatʼiyati misralardan ayon boʻladi. Lirik qahramonning ruhiy holatida ham oshkor, ham yashirin teran va sirli istaklar inson haqidagi oʻzining roʻy-rost fikrlari lirik dramatizm bilan tasvirlanadi:

 

Qamrovchi toʻlqin bor, qamrovchi girdob…

Azamat togʻlar ham, kuylagan barg ham –

Uning dami sari aylaydi shitob,

Har nimada mavj bor – mavj tinmas bir dam…

 

Yu. Neyman sheʼrni rus tiliga oʻgirganda Oybekning olam va inson haqidagi oʻylarini tasvirlabgina qolmay, tafakkuridagi yashirin oʻylarini goʻzal misralarda oshkor etadi, shu bilan birga sheʼr satrlarining badiiy kuchi va goʻzalligini saqlab, mashhur va maʼlum boʻlgan hayot haqiqatining yangicha mushohadasini kashf etadi, oʻquvchi shuurini hayajonga soldirib, tafakkurini yangicha tassavurlar bilan boyitishga erishadi:

 

Unosit vse, kruja, vodovorot,

I goriʼ, i polya – vsegda v krujenye.

Vse dvijetsya – zemlya i nebosvod,

Vovek ne prekrashʼayetsya dvijenye.

 

Oybek inson tafakkuri oldida tabiat sirligicha qolishi haqidagi mushohadasini aks ettiruvchi sheʼrlar rus tiliga Yu. Neyman va A. Glezer tomonidan oʻgirilgan. Oybek dunyo yaralishidagi haqiqat inson uchun jumboq ekanligining oʻzi bir qonuniyatdir deb biladi:

 

Haqiqat soqovdir, zaifdir inson,

Toshlar ham yigʻlaydi – sir toʻla osmon.

Haqiqiy olam ne? Javob yoʻq, hayhot!

Faylasuf toʻqiydi hisobsiz yolgʻon.

Bezdonniʼy mir, dusha bez kraya.

Vselennaya – tayn kladovaya.

Kak mnogo v nebe koldovstva!

Smogu l ponyat yego – ne znayu.

 

Tarjima matnlarida koʻrinadiki, sheʼrning gʻoyaviy yoʻnalishini ochib beruvchi “Haqiqiy olam ne?” ritorik murojaatiga “Faylasuf toʻqiydi hisobsiz yolgʻon” misrasi inson tafakkuri va jismoniy qobiliyati olam tilsimotini anglay olishida taffakur intihosiz deb tushunadi va bu poetik idrokni A. Glezer ilgʻab olganligining guvohi boʻlamiz.

 

Tarix va falsafa chuqur, murakkab,

Hayot mashʼalidur haqiqat, chin gap.

Ijodning bulogʻi tinimsiz oqsin:

Ming sir bor tuproqda olsangiz bir kaft.

 

Ne govori, chto dumat – nedosug.

Prilejno v miʼsli pogrujaysya, drug!

Neutomimo razgrebay kamenya, –

Pod nimi jemchug obnarujish vdrug!

 

Oybek shunchaki fikr yuritmaydi. Tabiatning qonun-qoidalarini badiiy talqin mohiyatidan kelib chiqib toʻgʻri xulosa yasaydi.

Yuqorida tilga olingan uchala sheʼrning markaziy gʻoyasini koinot, insoniyat, harakat uchligi ramziy maʼnoda “Osmon”, “Yer”, “Mavj” natizmlari bilan ifodalanib, oʻz oʻrnida yana uch boʻgʻin – tabiat, jamiyat va tafakkur birligini ushlab turuvchi tizim olam qonuniyati ekanligini kitobxon ongida gavdalantiradi.

Xullas, XX asr boshlarida roʻy bergan ulkan tarixiy voqealar ogʻushida hayot kechirgan va ijod qilgan Oybekning oʻz ijodiy yoʻlida inson qalbi va taqdiri muammolari chuqur falsafiy fikrlarga boyligi bilan oʻz ahamiyatiga egadir.

 

Dilnavoz SALIMOVA,

Jizzax davlat pedagogika instituti

 

“Yoshlik”, 2010 yil, 5-son

https://saviya.uz/ijod/hayot-mashalidir-haqiqat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x