1
1986 yilning kuzi edi. Universitetni tugatganmiz. Oʻsha kezlarda matbuotda biror asaring chop etilsa tezda tilga tushar eding. Kaminaning “Yoshlik” jurnalining 8-sonida biryoʻla ikki hikoyasi bosilib bosar-tusarimni bilmay anchayin havolanib yurgan kunlarim. Kursdoshim Nazar Eshonqulning 10-sonda “Urush odamlari” degan qissasi chiqqan, yana bir qadrdonim Hoshimjon Mirzaahmedovning “Nevarakulcha” rukni ostida ikkitagina bolalarbop sheʼri ham eʼlon qilingandiki, biz boshqalardan ham koʻra Toshkentda qolib ishlashga koʻproq haqdor sezardik oʻzimizni. Borib oʻz viloyatlarimizdan “bizda ish oʻrni yoʻq” mazmunida “otkaz” xat ham opkelib junalistika fakultetiga topshirganmiz. Dekanat boʻlsa, kunda-kunora surishtiradi. Aslini olganda buning ham sababi bor: bir guruh kursdoshlar fakultetimizdagi bilimi sayoz domlalar, xususan dekan ustidan shikoyat qilib uncha-munchamas, Markazqoʻmning gʻoyaviy kotibi huzuriga-da kirib chiqqanmiz. Jangariligimiz samarasi oʻlaroq ikki karra dekan almashgan. Uchinchisi – rus kishi ham azbaroyi oʻzining bor-yoʻqligini sezdirmaygina pusib-qimtinib ishlardi. Aks holda hujumlarimiz samarali ketayotganidan chandon ilhom olib yurgan edikkim, “oʻzga millat vakilining oʻzbek jurnalistikasi oʻquv dargohiga ne daxli bor” mazmunida navbatdagi hamlaga oʻtib qolish shashti ham mavjud edi. Shikoyatimiz roʻyxatlarida tilga olingan domlalarning bizda “tishi” bor edi, albatta. Shu bois biz bosh suqqan tahririyat yoxud idoralarda avvaldan xabardor qilingan taʼrifu tavsiflarni eshitib “astagʻfurulloh” deya yoqa ushlab, soʻppayib chiqar edik.
Sirasini aytganda oʻsha sharttakilik, betgachoparliklarimizning hech kimga foydasi boʻlmadi.
Oʻsha domlalardan kim bor, kim yoʻq, dunyo oʻtkinchi ekan, borlari haliyam oʻsha-oʻsha – fakultetni toʻldirib yangi talabalarga oʻsha ohangda saboq berib yotishibdi. Koʻz koʻzga tushganda bir oz qimtinasan. Kim bilsin, baʼzi birlari oʻshal davrlarni eslamaydiyam. Jurnalistika fakultetlari Respublikamiz Oliy oʻquv dargohlarida bir necha chandon oshib oʻqitguvchi kadrlarga tagʻin ham ehtiyoj oshdikim… bu yogʻini qoʻyaberasiz endi.
Siz choʻchimang, gap aylanib Abdusaid akaga ulanadi bari bir.
Ha, darvoqe, biz “poyezdga osilib kelgan” qishloqliklarga ertadir-kechdir, bari bir omad kulib boqdi. Kechagi talabalar uzun-qisqa boʻlib “Sovet Oʻzbekistoni”, “Yosh leninchi”, “Lenin uchquni” gazetalari, “Guliston”, “Yoshlik” singari jurnallarning eshigidan boʻylaymiz. Bor tahririyatlar ham shular-da. Hozirgiday yomgʻirdan soʻnggi qoʻziqorin kabi gazetalar uyilib ketmagan-da. 60-70 soʻmlik maoshga qanoat qilib ishlamoqchimiz. Lekin ish qayda?
Kech tushyapti. Hozirgi OʻzA va jurnallar joylashgan binoning 11-qavatida muharrirning sariq eshikli, sariq stol-stullar, buni qarangki, telefon apparati ham sap-sariq kabinetida tayoq yeb mulzam tortgan boladay tumshayib oʻtiribman. Katta oynadan birin-ketin yonayotgan shahar chiroqlari miltillab koʻrinadi. Indamayman. Nima ham deyman? Aka boʻlsa, oʻziga bir piyola choy quydi, grafinda qolgan suvni gullarga quydi, soʻng kissasidan “Rodopi” sigaretini chiqarib tutatdi. Cheka-cheka mendan nazarini uzib mashinkalangan, bir chekkasi boʻyalgan qoʻlyozmani tahrir qila boshladi. Bu menga “battar boʻl” deganday tuyuldi. Lekin ikki koʻzim muharrirning tahrir qilayotgan qoʻlida. U bir hikoyani deyarli qaytadan yozib chiqayotgan edi. Tavba, birovning asarini qanday tuzatib tayyor holga keltirishar ekan? Oʻzim ne ahvoldaman-u, xayolim shu yoqqa ketadi. Akaning xati ham juda chiroyli. Darvoqe, shu qoʻllar bilan kaminaning hikoyalarini ham chunon boʻyab-bejab tashlagan ediki, dabdurustdan qotib qolganman.
Yana bir xayol men bunaqa birovning asarini boʻyab tashlayolmayman-ku, deb oʻylayman. Aka boʻlsa, koʻrinib turibdi, hikoyaning ichiga kirib, balki shoʻngʻib ketgan, mening oʻtirganimniyam deyarli unutgan edi. Sigaretidan uchib tushgan kukunlarni “puf” deb uchirib yuboradi-da, tagʻin ishlaydi.
Chamasi osmonda yulduzlar ham paydo boʻldi.
Shu payt eshik shaxd ochilib, qorachadan kelgan, shlyapali, uzun qora plash kiygan, tikqomat bir kishi kirdi-da darhol kulib:
– E, ustozlar, sizlarda uy, vatan degan narsa yoʻqmi? Yo bugun ishxonada qoladigan kuningizmi? E, qoyil-e, – deb yubordi.
Muharrir qoʻlyozmani darhol chetga surib oʻrnidan turdi. Yangi kishi bilan kulib soʻzlasha ketdi. Choy qoʻyishga tutindi. Men ularning hazil-huzuliga, birovlarni laqab bilan atab sirli gaplashishlariga hayron boʻlib boqaman.
Kishi menga eʼtibor bermadi. Bir fursatdan keyin muharrir mening munday oʻtirganimga koʻzi tushib, endi eslaganday:
– Bu yigit Qoʻshrabotdan. Nurotaning havosini simirib katta boʻlgan. Oʻqigan boʻlsangiz sakkizinchi sonda “Kunsuluvning sirli xatlari” degan hikoyasi bosiluvdi.
– E, ha, boʻldi-boʻldi, – dedi u odam eslab qolib.
– Ismi Sobir, – dedi muharrir, – tortsa odam boʻladi, qalami bor.
Soʻng menga yuzlanib:
– Abdusaid akani tanigandirsiz? – dedi.
– Ha, tanidim, – dedim. Oʻzim ham Abdusaid Koʻchimov emasmikan, deya tusmol qila boshlagan edim. Yaqindagina u kishining “Yoshlik”da chiqqan “Oʻgʻil” degan hikoyasini oʻqigan edim. Hikoyaga “Besabab oyoqqa tikan kirmas” degan maqol epigraf qilib olingan edi.
Oʻzi Urgutdan, ayni zamonda “Sharq yulduzi” jurnalining masʼul kotibi ekan. Darhol meni oʻziga yaqin oldi. Nimalar degani aniq esimda yoʻq, ammo koʻngling toʻq boʻlsin, bola, biz qarab turmaymiz, yordam beramiz, deganga oʻxshash bir oʻktam yaqinlikni tuydim. Akam yana bittaga koʻpayganday edi.
Rosti ham keyin shunday boʻlib qoldi.
Aka gap orasida bu yigitning ishini Omon akaga kirib hal qildim, lekin propiskasini eplayolmayapti, dedi.
– Ie, – dedi Abdusaid aka, – shundaychikinam boʻlamo? E ukkagʻar-e, buni qarang.
Keyin birdan sergak tortib, koʻzini pirpiratgansimon bir jiddiy narsani eslaganday:
– Qayerga qoʻymoqchisiz? – deb soʻradi.
– Bir qoʻshrabotlik akamiz uyimga qoʻyib beraman deb, oʻn oy boʻldi, aldab yuribdi, uch yuz soʻm berganman, – dedim bu odamga kimning ustidan boʻlsayam shikoyat qilaversa boʻladigan kabi. Chindan ham yangi akaga bir xaloskorday qarab oʻrnimdan turib qoʻl qovushtirib turdim.
Abdusaid aka muharrirning sariq telefonini oldiga surib oldi-da raqam terdi. Kim bilandir oʻsha baland pardada hazil-huzul aralash gaplasha ketdi. SUMning yonidagi uchastkovoy melisa, Baxtiyor aka degan odam Abdusaid akaning qoʻshnisi ekan. Ha yoʻq, be yoʻq, uchastkovoyning boʻyniga mening propiskamni yuklab qoʻydi.
Muammo bu qadar tez hal boʻlganidan shoshib qolgan edim. Qoʻshrabotlik ogʻamiz pasportni berdi-yu, pulni bermay yana bir muddat sarson qildi, yugura-yugura, yalina-yalina oxiri oldim. Soʻng Baxtiyor akaga chopdim. Borasola necha pulga qilib berasiz, deb ham soʻramasdan uch yuz soʻmni pasportga qistirib, Abdusaid aka joʻnatganini aytib uzatdim.
Mayor “ketdik” deya moʻjaz idorasining yonida turgan yashil “Moskvich”ga oʻtirib oʻt oldirdi. Hozirgi “Mirobod” bozori tomondan oʻtib borib toʻrt qavatli gʻishtin yotoqxonalar atrofida toʻxtadik. Mayor bir oʻrta yashar rus ayoliga uchradi. Pasportni berdi. Chamasi pulni olib qoldi. Men u ayolning koʻrtsatmasi bilan komendant nomiga ariza yozdim. Rus ayol Baxtiyor akadan toʻrt-besh soʻm umidvor boʻldi. Nimalarnidir bahona qilgan boʻldi, biroq melisa oʻrischalab kulib ayolni koʻzing yaxshi, qobogʻing yaxshi deya alqadi, sening ustingdan ham ish qoʻzgʻasam nima qilasan, deya yolgʻon poʻpisa ham qildi. Shundan soʻng ayol ojizona rozi boʻldi-da pasportni olib qoldi. Aniq eslayolmayman, chamasi ertasi kuni propiskaga muhr urilgan pasportimni qoʻlga oldim. Propiskaga qoʻyilganim haqida maʼlumotnoma ham berishdi.
2
Shuytib akang qaragʻay “Yoshlik” jurnali xodimi ham boʻldim.
1986 yilning 3 noyabri edi. Mehnat daftarchamga shu yil, shu sana, soʻngra “uchyotchik pisem” nomli ish turi yozilgan. Shu-shu “Yoshlik” jurnalining sodiq xodimiga aylandim.
Oʻshanda Abdusaid aka tez orada hozirgi bolalar gazetasi, u vaqtdagi “Lenin uchquni” gazetasiga bosh muharrir boʻldi. Ustoz-ustozlab borib turaman. Buni qarangki, u kishiyam odamni “ustoz” deb uyaltiradi.
– Gazetamizning tiraji bir milliondan oshdi, ustoz. Mashhur boʻlaman desangiz bizga hikoyalar bering, “Yoshlik” oʻz yoʻliga, – dedi bir kuni.
Qoralab qoʻygan bir-ikkita hikoyalarimni olib bordim. Aka kichikroq hajmdagi bir hikoyamni bosib yubordi. Tagʻin rasmim bilan. Keyingisi katta hikoya edi, mavzusi yoshlarga bogʻliq boʻlsayam yozilish usuli kattalarga mos edi. Uch yo toʻrt sonda boʻlinib bu hikoyam ham chiqdi. Juda xursand boʻldim. Qator-qator xatlar ham oldim. Bolalarning qaysi mazmun, qaysi yoʻsinda boʻlmasin, har qalay munosabat bildirib atay xat yozishi bari bir yoqimli-da. Keyin yana bir hikoyamni eʼlon qilishdi. “Alla” degan hikoyam “Saodat” jurnalida chiqdi. Bu jurnalning ham adadi chandon katta ediki, odamlar bosib oʻqishardi. Mahmud Saʼdiydek tanqidchi “mana shu hikoyang bizga maʼqul, aslida haqiqiy asar shunday boʻladi: ham ruh, ham gap-soʻz oʻta milliy; koloritga yopishib ham olmagansan, orqada odam taqdiri bor, qoʻshiq ham bor, bu yoʻlda ketsang baloday yozuvchi boʻlasan”, deganini eslayman.
Abdusaid akaning odamshavandaligi, bagʻri kengligiga qarang: men hadeganda bostirib borib, falon oʻrtogʻim ishsiz yuribdi, ishga olmasangiz boʻlmaydi, deb tirgʻaladigan ham boʻldim. Dastlab xokisor shoir doʻstim, chustlik Hoshimjon Mirzaahmedovni ishga oling, deb yetaklab bordim. Oldi. Korrekturaga. Hoshimjon mehnat taʼtiliga chiquvdi, oʻrniga bir oy ishlab tursin, deb yana bir kursdoshim Mamatqul Ismoilov (Muhammad Ismoil)ni oboruvdim, uniyam oldi. Keyin Navoiy viloyat gazetasida ishlab yurgan doʻstim – kursdoshim Vafo Fayzulloh. Buniyam oldi. Bu orada M. Ismoil va V. Fayzulloh uylanib olgan, biri Xovosga, biri Navoiyga “xotinini koʻrgani” ketib bir haftalab yoʻq boʻlib ketishadi. Abdusaid aka birovlar orqali bizdan soʻratdirib qoladi: shunaqa bir xodimimiz boʻlardi, sizgayam tanish, mabodo daragini bilmadingizmi?
Bularning ichida, albatta, Hoshimjondan koʻra tartib-intizomlisi yoʻq edi.
U oʻta kamtar, kamsuqum, odobli ham koʻnglimiz bir-biriga bop tushgan edimi, birinchi kursdanoq inoqlashib ketib, birinchi semestr tugashi bilan qiyin-qistovi bilan Chust togʻlarining qoʻynida joylashgan Gʻova qishlogʻiga borganmiz. Togʻlarga chiqib binafsha, chuchmoma, nomini biz bilmaydigan sariq, siyohrang gullar terganmiz, zilol ariq suvlarida non boʻktirib yeganmiz. Hay-hay u kunlar! Sadagʻang ketay u kunlar!
3
Hoshimjonning katta akasi Muhiddinjon aka kolxozda shofyor, undan kichigi – Bahromjon aka qishloq sartaroshi ekan. Kolxoz tomorqaga kichikroq yer ajratarkanu akalari shu yerga kartoshka ekib oz-moz tirikchilik qilisharkan. Otasi Eshonjon amaki Hoshimjon oʻqishga kirar kezda vafot etgan ekan. Men onasi deb oʻylaganman, oʻzi ham “oyi” deb atagan bir mehribon ayol asli opasi ekan, juda chuchuk tilli, Hoshimjonga qoʻshib bizniyam bolasidek alqagan. Keyin ham bir gal shu ayol Muhiddinjon aka bilan Toshkentga kelgan edi.
E-e, bu Hoshimjon deganingiz jussasi kichik boʻlsa-da, dardga mustahkam ekan. Oʻshanda u onam ham yoʻq, gʻirt yetimman, joʻralar, deb yozgʻirishni ep koʻrmagan ekan… Akalarini ham bunday kamtar boʻlganlari bilan kartoshkadan xoʻb daromad qiladigan boy odamlar qilib tushuntirgan. Koʻrdik: Gʻovasoy boʻyidagi sinch-guvalali kichik-kichik pastqam uylar. Boy emas, kambagʻal edi ular. Lekin qanoatli, sogʻlom, kamtar: biz paqir mehmonlar uchun jonini ham berib yuboradigan odamlar edi.
Uchinchi kursda edi shekilli, Hoshimjon bir dardga chalindi. Qon quyish instituti klinikasida oylab yotib davolanadigan boʻldi. Oʻzi aytmagani uchun bu kasallikning maʼnosini tushunmas edik. Bir gal uni koʻrishga borsak (orada paxta terimiga ketib ancha vaqt koʻrishmagan edik) yigit chunonam semirib ketibdi, hadeganda taniyolmay qoldik, sochlari ham jingalak tortib, shokila-shokila boʻlib yelkasiga tushibdi. (Oʻzi u paytlar soch oʻstirish moda edi-ku). Biz uning guldirak kulgusidan taniy oldik, xolos. Xuddi ertakdagidek sehrgar kampir unga qoʻlini bir sermab boshqa odamga aylantirib qoʻygandek goʻyo… Odatda u gʻayir sochini kaltaroq oldirar, shunda ham orqaga tarab yurardi. To kasal boʻlgunicha, albatta. Faqat koʻzlari oʻsha-oʻsha. U bilan koʻrishganda feʼlidan kelib chiqib odamni bir zum ham oʻylashga qoʻymas edi: kuldiraverardi, kuldiraverardi. Qayoqdan qaynab chiqar ekan bu gaplar – hayron qolarding. Oʻshandayam bir guruh kursdoshlar uning huzuridan dumalab qolguncha qota-qota kulib chiqdik. Tashqariga chiqqanda negadir yigʻlagim keldi. Buning dardi yomon, aytmayapti, deb oʻyladim. Kursdoshim Sanobarga shu gapni aytib yorilsam, uyam xoʻrsinib qoʻydi. “Men tentak u tez orada sogʻayadi-ku, deb gul ovoppan, oʻzi kursdoshlar pul yigʻib dori olsak boʻlarmidi”, dedi. Ha-ya, shu narsa nega xayolimizga kelmapti-ya. Yoʻq, Hoshimjon bizning bundoq homiyligimizga yoʻl qoʻymadi. Negadir shunday qildi. “Hammasi yaxshi, yaqinda oʻzim chiqib boraman, urinmanglar”, dedi.
Chiqdiyam. Lekin har olti oyda kamida bir oy yotib davolanadigan boʻldi. Kursimizdan qoldi. Quyi bosqichdagi Mamadali Eronovlarning guruhida oʻqiy boshladi. Keyin picha ozdi. Soch esa jingalakligicha qoldi. Bilsak, bemorxonada qon quyish asnosi garmon dorilar beraverarkan, u odamni shishirib yuborarkan.
Men ijara kvartirasidan quvilganman. Vafo Navoiyga ketib qolgan. Hoshimjon ikkov kvartira izlay-izlay Olimpiya shaharchasidan bir uy topdik. Abdurahmon aka degan kishi edi. Toʻlov muhlati kelsa, kirib olib ezmalanaverardi. Bir gapning tayini yoʻq, nuqul ezmalanadi. Qorongʻu tushadi, yotar boʻladi, oʻn-oʻn besh choynak choy ham ichilib ketadi, akam ketmaydi – bir zaylda, biz takror-takror eshitgan sarguzashtlarni, mayishatlarini gapiraveradi, gapiraveradi – hech toʻxtamaydi. Har-har zamonda:
– Sizlarda ota-ona bormi? Pulni qattan olasanlar? Jurnalist boʻlsalaring koʻp toʻlashadimi? – degan “maʼnodor” savollar ham berib qoʻyadiki, Hoshimjon bilan ikkimiz bir-birimizga qarab qolamiz-da, hamma gaplarning oʻzak magʻzini tushunib olamiz: darvoqe, bugun birinchi chislo-ku!..
Oʻzi yoshi borsa, ellikdadir – nega muncha kalovlanadi?
Xotini, bir qizi bilan roʻparadagi eshikda turishadi.
– Voy adasi, shu bollardan kvartir haqi soʻrash muncha qiyinmi: toʻla, boʻlmasa chiqib ket – tamom. Ezmalanishlarini-chi…
– Men bularga tushuntirvomman-de. Yosh bollar, buning ustiga qishloqdan kelishgan. Ota-onalariyam bormi-yoʻqmi…
Shunday deya Abdurahmon akamiz qari odamlardek inqillay-sinqillay turadi va:
– Ertaga tagʻin bir xavar olarman, a, bollar… – deb qoʻyadi.
Ketgach qotib-qotib kulamiz.
Bulturgi yili paxta mavsumida boʻlgan voqeaga xayolim ketadi. 7 noyabr edi. Bayram. Abduqayum Abdurahmonov degan domla bizga rahbar. Qayerdandir qoʻshni “Abay” sovxozidanmi, aroq opkelib ichishimizgayam shaxsan ruxsat beradi. Kichkina emasmiz, uchinchi bosqichdamiz. Ammo meʼyoridan koʻproq otib qoʻyibmiz. Hoshimjon bilan paxtazor chetida qorongʻulikda bu hayotni baland pardalarda tinimsiz soʻkib ketayotibmiz, yigit birdan sheʼriy yoʻsinga oʻtib oldi-ku. Yesenin usulida, mayin, ammo dardchil sheʼrlar. Oʻziga xos boʻlmagan qoʻl silkishlar, oyoq tepkilari (gʻoʻzami, kesakmi – zarb bilan tepib yuboradi) sinfoniyasida oʻqiyverdi. Onasi haqidayam bir-ikki sheʼr oʻqidi. Birida mazmunan “bu gal borganimda qabringdan oʻsibdi qizgʻaldoqlar” degan maʼnoni uqib tek qotib qoldim. U esa endi yigʻlab oʻqimoqqa tushdi. Oʻqib boʻlib baralla hoʻngrab yubordi. Men uni quchoqlab olganman, oʻzimniyam toʻxtatolmayapman. Emranishib, bir-birimizni suyashib tursak, qayerdandir tentiraklab Vafo kelib qoldi.
– Hoy, nima gap, joʻralar? Nima boʻldi sizlarga oʻzi?
Shunda hayron qoldim: Hoshimjon harbiylardek tez yigʻishtirinib, oʻzini tutib oldi. Kuldi. Ha, kuldi. Latifa ayta boshladi…
Men esa uning yetimligidan tamom voqif boʻlib, shoirligigayam tahsinlar ayta boshlagan, qoʻshilib hoʻngray boshlagandim. Endi esa dabdurustdan uning latifalariga kulishni eplayolmay hiqichoq tutgan odamday nuqul hiqillar edim.
Vafo boʻlsa Hoshimjonning navbatdagi latifalariga yovvoyilarday “vah-hay, vah-hay” deya qoʻllarini qoʻpoldan-qoʻpol koʻtarib portlab kulardi-yu:
– Lekin, joʻralar, bir narsani aytmayapsizlar-da, – deb oʻpkalar edi…
4
Abdurahmon akamizning xotinini Hoshimjon “shustriy xonim” deb atardi. Albatta, orqadan. Oʻzimiz uchun. Erining chaynalishiga qarama-qarshi oʻlaroq xonim tezda maqsadga koʻchib masalaga oydinlik kiritib qoʻyaqolardi.
Aka chiqib ketgach, Hoshimjon:
– Odamga botadiyam demaydi, ikkalamizniyam yetimga chiqarib qoʻydimi bu singlingni… – dedi soʻkinib. Bundan: “men-ku gʻirt yetimman, gaplari sizga botmadimi?” degan maʼnoni uqdim.
5
Hoshimjon “Lenin uchquni”ga, Abdusaid Koʻchimovning qoʻliga endi ishga oʻtgan mahallar. Shu kunlarda biz azbaroyi qoʻlimiz kaltaligidan, Abdurahmon akaday ezma-ziqnaning kvartirasiga ortiq pul yetkazolmay, doʻstimiz Muhammad Ismoilning undovi bilan Qoraqamishning bir chetidagi ishchilar yotoqxonasiga koʻchib oʻtdik. Bitta seksiyada 5-6 kishi turamiz. Muhammad Ismoil bir xonani toʻliq egallagan. Kechasi bilan gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir gapirinib ijod qiladi. Biz ishdan qaytgach, A. Axmatova, M. Svetayeva, V. Xlebnikov, B. Pasternakdan qisqa-yuluq leksiyalar eshitamiz shoirdan, gapini asoslash uchun bizga tushuniksiz uzuq-uzuq ruscha sheʼrlardan oʻqib qoladi. Men aytayotgan narsalar asli adabiyot boʻladi, demoqchi boʻladi. Oʻzi yaqinda uylangan, xotini Xovosda, ishlamaydiyam, bir oy-ikki oyda uyiga borib men falon joyda ishlayapman, deydi. Bir gal bu “rost gap”ni tasdiqlatish uchun meniyam opketgan, akasi Ahmad akaga, onasi – hoji onaga “shundoq, jigit “Lenin uchquni”da ishlayotir” deb shubhalarini tarqatib kelganman. Ahmad aka ishonqiramay:
– Hay bilmadim-da, Sobirboy, buning ishlashi… – deb yelka qisgan.
Koʻp oʻtmay ishlagan va tez orada ishlari yurishib hammamizni changda qoldirib ketgan. Deganim, bungayam, yuqorida tilga olganim – Abdusaid aka sababchi.
6
Bularni Abdusaid aka ishga oldi. Keyinchalik ham qanoti ostida himoya qildi. Qayerda boʻlsayam suyab yurdi, erkalik qilsa ayadi, gunoh qilsa – kechirdi. Aka shu darajada sinchilmi yo bagʻoyat koʻngli kengligidanmi, hechqursa menga: “Ey, Sobirboy, opkelgan odaming munday ekan-ku, avval aytmab eding” deb yuzimga solmagan. Chippa-chin ishongan. Holbuki men akaning ishonchini qozonib, bir narsani doʻndirib ham qoʻymaganman, aksincha oʻzimni hamon qarzdor deb bilar edim.
Shunaqa qarzdorlik hissini Hoshimjon ham oʻylab yurar ekan, bir kuni yorildi:
– Ustoz, bir choyxonaga chaqirib mehmon qilaylik akalarni. Nima deysiz?
Xoʻp dedim-u, oʻyladim: oʻsha mahallarda ichimlik topish muammoga aylanib qolgan edi. Hamxonamiz, Chilonzorda uchastkovoy boʻlib ishlaydigan, yuridik institutning kechki boʻlimida oʻqiydigan olmaliqlik Erkindan bu masalani hal qilishni soʻradik. Shu yigit ham ichimlik muammosini hal qilolmasa deng. Ikki kun orqasidan yurib, boshligʻiga kirib, u kishi birovlarga telefon qilib, nihoyat, ikki dona aroq topdik. Nabiyev parkining orqasida, Gʻani Aʼzamov yashaydigan mahallada bir arzon choyxona bor ekan. Gaplashib kelib akalarni: Abdusaid aka bilan muharrirni chorladik. Osh qildik, haligilarni qoʻydik. Yetmay qoldi, albatta. Gʻaribona dasturxon boʻldi-da. Abdusaid aka shundayam bekorga ovora boʻlganimizni, shusiz ham bizni yaxshi koʻrishini aytdi. Oshdan chiqib bekatga borib kechki avtobusda oʻzining Qoʻyliq tomondagi uyiga ketdi. Taksiga oʻtiring, ikki-uch soʻm toʻlab yuboramiz desak, unamadi. Ha, akaning Qoʻyliqdagi ikki xonali uyiga otasi Koʻchim bobo qazo qilganda fotihaga borgan edim. Oʻsha kungi gʻarib bazmda M. Ismoil, Hoshimjon, Erkin, Komil Jumayevlar – hamxonalar jam edi. Tabiiyki, boyagi narsa tomogʻimizga urvoq ham boʻlmay oʻtib ketgandi. Hurmatli mehmonlarni-ku kuzatdik, endi oʻzimiz bir narsa tashkil qilishimiz zarur edi. Shunda Muhammadjondan tashabbus chiqdi. Yaqin oradagi Chigʻatoydagi loʻli mahallada vino boʻlarmish. Ichkilikka qattiq turilgan davr ekanmi, loʻli xolalar ham u yoq bu yoqlarga qaranib, boloxonadagi pichanlar ichidan vino opchiqib berishgani yodimda.
Besh norgʻul Nabiyev parkining qorongʻu burchagida vinolarni “cherez gorlo” oshqozonga boʻshatdik. Keyin birdaniga ochilib, baxtli odamlarga aylandik. Vuzgorodokdagi yotoqxonalarga, tanish qizlar yoniga bormoqchi boʻldik: mardmiz. Ammo choʻntak deganimiz qurib boʻlgan ekan, avtobusda ketishga ham chaqalarimiz qolmapti. Alkashlarday gʻingʻir-gʻoʻngʻir, kim ashula aytgan, kim sheʼr – bir-birimizga suykala-suykala Qoraqamishning narigi cheti, botqoq qamishzor yonidagi yotoqxonaga sudralib yetib bordik.
Botqoq suv yonidaligidanmi, aksar podvallari suvga toʻlib ketganidanmi, yotoqxonada pashsha koʻp edi, kechasi deyarli uxlatmas, uxlasak ham ertalab, kaltak yeganday yuzimiz momataloq koʻkarib uygʻonardik.
Hoshimjon bilan anchagacha gurunglashib yotdik. Uyam bir chechildi. Sochning jingalaklashgani mavzusiga kelganda bir rost gapni aytdi.
Oʻtgan gal biz borgan palatasida olti kishi yotganini, oʻshalardan bir oy ichida faqat bir oʻzi tirik qolganini soʻzladi. Shunda ham umidsizlikka tushmay “chort” deb qoʻydi.
– Nahotki?! – deb yuboribman.
– Shundoq kulib gaplashib oʻtiraveradi, kun boʻyi qarta oʻynaymiz, kechasi birdan ogʻirlashib qoladiyu, qaytib kelmaydi: oʻsha yoqdan moʻrgga oborib tashlashgan boʻladi. Achinamiz, ertasi kuni uning qiliqlarini eslaymiz. Oʻzimizni ovutamiz. Biroq… bir kun oʻtib, tagʻin birimiz… Yashashning qizigʻi qolmadi, ustoz…
Men unga dalda bermoqchi boʻlaman-u, nima deyishni bilmayman. Qaytanga, aksincha, oʻzi bizni ovutadi, bu qiyinchiliklar oʻtib, hali katta ijodkorlar boʻlishimizni bashorat qiladi.
– Oʻzi, ustoz, bu qanaqa kasallik?
– Oqqon.
– Oqqon?
– Ha, qon raki, ustoz…
Soʻng orqasidan bir latifa aytib yuboradi-da, avval oʻzi portlab kulib yuboradi, ixtiyorsiz biz ham qoʻshilamiz.
7
Komil “Guliston” jurnaliga oʻtdi. Hoshimjon “Lenin uchquni”ga, Erkinimiz – melisa. Muhammadjonimiz kechasi bilan qoʻngʻizday gʻoʻng-gʻoʻng qilib, choy ichib, ijod qilib yuradi-yuradi-da, tongdan shomgacha poʻrillab uxlaydi. Yashash sharoitimiz talabalarnikidan tuzukmas. Boz ustiga, – bunday voqealar tez-tez boʻlib turadi, – mehmon kelib qolsa – urdi Xudo. Kimnidir yoʻqlab kelgan mehmonga ham boshqalarga nimadir yegizishing kerak. Qiyinligi shunda.
Hoshimjonning yoʻqlaydiganlari bor. Ular ham oʻziga oʻxshagan beozor odamlar. Uyidagilari uning kasalligini bilishmaydiyam. Shunchaki, oʻzining tabiati va irodasidan kelib chiqib aytmagan, yashirgan, xolos.
Dard ustiga chipqondek Qashqadaryodan Norqobil Jalil kelib bizga qoʻshilib oldi. Choʻntagida hemiri yoʻq, ish kerak, pul kerak, yana xotinidan ajrashgan – boʻydoq, uylanishi ham kerak, uy kerak: oʻzimiz qatori. Koʻrpa-toʻshagiyam yoʻq. Kechasi oʻlarday pashshaga talanamiz – uyqu yoʻq. Yotar vaqti yotoqxonadagilarning koʻpchiligi pashshadan qutulish ilinjida koʻrpa-toʻshagini koʻtarib tepa tuynuk orqali tomga, shigʻirlagan shagʻal toshlar ustiga chiqib yotadigan boʻldi. Bu odat mengayam yuqdi. Tom usti salqin, koʻrpaga oʻranib burkanasanu qotib uxlayverasan, pashsha kirolmaydi. Quyosh chiqib kun qiziganda tuynukdan koʻrpangni koʻtarib pastga – oʻz kulbangga tushib borasan. Hoshimjon bunaqa koʻrpa koʻtarib yurishlarga hafsala qilmas edi. Shu boisdandir, u pashshaga koʻproq talandi va oqibat kasali qayta qoʻzidi. Bu safar hozirgi Qatortol koʻchasidagi Qon quyish instituti filialida yotdi. Idoramizga juda yaqin joyda boʻlgani uchun kuniga, kunora kiraman. Olim aka degan bir berahm davolovchi vrachi bor ekan, dori-ukollarni bermaydi. Bir jurnalist akamizning tanishi ekan, unga telefon qildirdik, bari bir foydasi boʻlmadi. Oxiri, Hoshimjon bexabar, men uyidagilarga xabar berdim. Muhiddinjon aka bilan opasi kuyib-pishib, yigʻlab-siqtab kelib qolishdi. Doʻxtir bilan rasamadini keltirib gaplashishibdi chogʻi, keyin davolashni ham boshlab yuborishdi. Hoshimjonning opasi menga:
– Oʻzingiz koʻz-quloq boʻlib turing, ukajon! – deb iltimos qildi.
Hoshimjon tagʻin shishib ketdi. Akalari tez-tez xabar oladigan boʻlishdi. Doʻxtir ularga “bu-tuzalmaydigan kasallik” debdi, xavotirga tushib qolishdi. Muhiddinjon aka bir kuni Hoshimjonni kasalxonadan olib chiqib Chustga – oʻzining qishlogʻiga olib ketdi. Bir oydan koʻproq u yoqda qolib ketdi. Oʻrniga Muhammadjon korrektor boʻlib ishlab turdi.
Hoshimjon keldi. Ancha tetik, bardam. Sababini soʻrasam, akalari togʻdagi qirgʻiz ovchilarga iltimos qilib sugʻur ottirib kelib Hoshimjonga yegizishibdi. Zoʻr narsa ekan, foydasini aniq bildim, dedi doʻstim. Shu-shu kasalxonaga qaytib bormadi. Biroq oʻng oyogʻini avaylab bosib bir yonga jijja engashib qadam tashlaydigan boʻlib qoldi. Endi tagʻin Qoraqamishdagi yotoqxonada pashshaga yem boʻlib yashamasligimiz kerak edi. Kvartira topish payidan boʻldik. Bu safar ham Abdusaid aka jonimizga oro kirdi. Idorasidagi Raʼno degan ayolning Yunusobodda bir boʻsh kvartirasi bor ekan, odam qoʻyish niyatida emish. Xullas, Abdusaid akaning daldasi bilan shu yoqqa uzun-qisqa boʻlib koʻchib keldik. M. Ismoil, K. Jumayev, N. Jalil, Hoshimjon, kamina.
Oʻsha – it yotish mirza turishu, har qalay kosa-tovogʻimiz joyida, issiq ovqat qilamiz, vaqtida yeb-ichamiz, yuvinamiz. Eng muhimi – pashshadan qutulganmiz.
Oʻylab qarasam, har birimiz bu yerdan mustaqil boʻlib chiqib ketibmiz. Muhammadjon – kechgacha uyquni uradigan shoir birinchi boʻlib uy oldi. Xotini, bolasini koʻchirib kelib kirib yashay boshladi. Komil uylandi. Keyin Hoshimjon. Undan keyin – Erkin. Ikki kun oʻtgach men…
Bu shohona kulbamizga ham Abdusaid aka bir keldi. Hoshimjonga akalari oltita kaklik joʻnatishibdi. Akani chaqiramiz, bularni oshga bosamiz, dedik. Endi, Abdusaid aka bizni har kuni shunaqa kaklik-pakliklar yeb yotadi, deb oʻylamagan chiqar, har nechuk, maosh olib odamday yashayotganimizni koʻrib xursand boʻldi.
– Hoshimjon, bu “kakibak-kakibak” deb sayraydi-ya?
– Ha, ustoz, “kakibak” deydi.
– Hozir bu jonivor birdan qanot bogʻlab “kakibak” devorsa-ya!
Kulishamiz.
Ishxonada koʻrsak ham Abdusaid aka birdan shoʻtanoqligi tutib, “qanotlarini” yoyadi-da:
– Kakibak-kakibak, – deb yuboradi birdan baland ovozda.
Begonalar koʻrsa nima deb oʻylarkin, deya alang-jalang atrofga qarab qoʻyamiz.
Demoqchi boʻlganim – aka mudom shogirdlarini oʻzidan uzoqlashtirib yubormaydi, yaxshilik qilib charchamaydi. Bepisand boʻlishni xayoligayam keltirmaydi.
Yozuvchilar uyushmasida, Vazirlar Mahkamasida, Radioda, Prezident devonida, soʻng Teleradiokompaniyada masʼul lavozimlarda ishlab yurganida ham bunga qayta-qayta guvoh boʻldim.
8
Sakson toʻqqizinchi yilning iyuni edi. Hoshimjon uylandi. Qishlogʻidan – Raʼnoxon degan iboli, aqlli, odobli, koʻhlikkina qizga. Toʻyga biz bilan qoʻshilishib Abdusaid aka, Gʻaffor akalar ham bordi. Chust tomonlarda bazm degani ixchamroq boʻlar ekan. Oʻrtani oʻrab turadigan bir qator stol, uning orqasidan bir qator stul qoʻyilarkanu yengil yeguliklar tortilib, asosan yoshlar oʻyin-kulgu qilisharkan. Shunda ham toʻy egalari Toshkentdan kelgan hurmatli mehmonlar uchun boshqacha ziyofat uyushtirishgan. Akalar soʻzga chiqib Hoshimjonning shaʼniga iliq tabriklar izhor etishgan.
Fargʻona voqealari yaqinda boʻlib oʻtgan edi. Abdusaid aka sheriklari bilan oʻsha yerlik tanishlari hamrohligida voqea joylarini koʻrish uchun joʻnab ketishgan.
9
Aka radioqoʻmitada rahbar boʻlganida Hoshimjon va yana bir qancha shogirdlari ustozning izidan borishgan. Teleradiokompaniya risligida esa yana oʻshalar gurillab televideniyega oʻtib olishgan.
Aytdim-ku, ustoz birovga mehri tushib qolsa qanoti ostida tutib yurishni istar edi. Chamasi unga yordami tegayotganidan dastavval oʻzi mamnun boʻlar edi.
Saidazim Mardiyev, Minhojiddin Mirzo, Hoshimjon Mirzaahmedov, Muhammad Ismoillar endi televideniyeda faoliyat yuritishdi. Aytish joizki, murakkab, oʻziga xos muhitga ega, minglab ishchi, texnik xodimu jurnalist, shoir-yozuvchiyu keksa-yoshni birlashtirgan ulkan idorada bosh boʻlish oson emasdi. Chamasi bunday joyda rahbarni guruhbozlik, manfaatlar toʻqnashuvi, har xil igʻvo, kazo-kazolarning bosimi ham qiynab yuboradi. Bularning barisiga irodasini ishga solib dosh berishgina yetarli emas-ku. Tashabbus bilan koʻrsatuvlarni yangilash, har xil loyihalarni joriy etish, islohotlar oʻtkazish, muhimi koʻrsatuvlar sifatini yaxshilash, odamlar koʻrib, zavqlanib “barakalla” deydigan darajaga olib chiqish vazifasi turibdi. Yana eng muhimi – televideniye davlat siyosatining oynasi. Nojoiz, boʻlar-boʻlmas gaplar, saviyasi past koʻrsatuvlar, siyosiy savodsizlik, noxolis tanqid, keraksiz maqtov, xonandalarning ekran talashishlari… Bularning bari rahbardan nafaqat hushyorlik, kerak paytda choʻrtkesarlikni, masalani darhol bir tomonga, lekin xolisona, adolat yuzasidan hal qilishni talab etmaydimi?.. Shunday, akada favqulodda hushyorlik, favqulodda jasorat, gʻayratni koʻrar edim.
Akaning bir gal noliganini eshitganman:
– Bilasizmi, uka, men bunday idoradan yana ikki-uchtasini birlashtirib bersayam eplayman, kuch topaman. Chunki muhtaram Prezidentimiz bizga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatib turibdi. Men bu borada hech qachon ikkilanmayman. Biroq oʻzing ishongan odamlaring goh pulga sotilib, goh mansab bermaganing uchun tinimsiz igʻvo uyushtirishi odamni ezadi. Ilgari hatto yuragim qayerda joylashganini oʻylamas edim, endi boʻlsa shu qurgʻur sanchadigan boʻldi…
Men buni oz boʻlsa-da his qilar edim. Jurnalni qoʻy, qachongacha obuna, pul deb yugurasan, televideniyega kel, deya taklif qilganida ham oyogʻim tortmagan. Qaydam, balki Xudo oʻnglagandir…
A. Koʻchimov Prezident devonida masʼul lavozimda ishlayotganida ham gazetalarga turli mavzularda maqolalar tashkil qilganini bilaman. Ijodkorlarning faoliyatini kuchaytirish, kengaytirishni oʻylar edi. Yozuvchilarning publitsistik chiqishlariga koʻp eʼtibor berganini koʻrganman. Shaxsan oʻzimga ham maʼnaviyat mavzularida maqola yozishni tavsiya etgan, ayni mahalda yozilajak maqolaning ruhi, yoʻnalishi, nimalarga urgʻu berishni ham tushuntirgan edi. Oʻsha maqolalar markaziy gazetalarda chop etilgan, sir emaski, keyin oʻzimning ham koʻnglim toʻlgan edi.
10
Abdusaid aka hozir faoliyat yuritayotgan “Xabar” gazetasida ham ijodiy muhit hukmron. Oʻzi erinmasdan materiallarni kompyuterga solib, oʻqib, tuzatib, ifoda – berilish shakllarini xodimlarga batafsil uqtirib oʻtiradi. Muhimi – ijod qilyapti. Axir, ijodkordan nima qoladi – yaxshi soʻz, ezgu fikr, qaynoq dard – shular singdirilgan chin asarlar.
2003 yilmidi “Baland togʻlar” degan saylanmasi chiqdi. Juda goʻzal qissa va hikoyalari bor. Qahramon holatlarini harakatlantiruvchi chiziq, gap-soʻzlar tabiiyligini topadi. Juda topadi. “Oq kaptarlar oroli”, “Baland togʻlar ostida” qissalari, “Boychechak” hikoyasida bu fazilat yorqin namoyon boʻlgan.
Ikki-uch yil burun chiroyli bir sheʼriy toʻplamini chop ettirdi. Ishq-muhabbatga toʻla haroratli sheʼrlar.
Toʻxtovsiz esselar yozyapti. P. Qodirov. O. Yoqubov, Q. Yoʻldoshev, A. Jumayevlar haqida ajoyib, kerak boʻlsa, badiiy qissadan kam boʻlmagan esselar yozdi. Ustoz Odil aka haqidagisini biz jurnalda berdik. Yozuvchining shu darajada tafakkuri uygʻonganki, tavba, bu uzun lavha, uzun soʻzlar – suhbatlarni qanday esida saqlab qoldi ekan, deb hayratga tushasan.
11
Chamamda 1988 yil edi, oʻsha vaqtdagi Ittifoqning markaziy nashri boʻlmish “Pravda” gazetasida bir tanqidiy maqola chop etildi. Ayniqsa, yozuvchilar orasida tez shov-shuv boʻlib ketdi. Unda Oʻzbekiston matbuotida bu Respublika Rossiya tarkibiga kuch bilan qoʻshib olingan mazmunidagi millatchilik ruhidagi maqolalar koʻpayib ketdi deyilib, nuqul bolalar gazetasi boʻlmish “Lenin uchquni” gazetasidan misollar olingan. Esimda, uchta maqolani sharhlagan, biri tarixchi M. Hasanovning maqolasi, boshqa ikkoviyam shu gazetalardan olingan. Bosh muharrir – A. Koʻchimov! Bu, birinchi navbatda muharrirga qaratilgan siyosiy zarba edi.
Holbuki, qaysi gazetani, jurnalni olib qaramang, bu xil mazmundagi jangovar ruhli maqolani topish mumkin edi. Surishtirsak, maqola muallifi ukrainalik bir gʻalamis jurnalist ekan. Boshqa matbuotda ham shu mazmundagi materiallar berilayotgan edi deyapmiz-u, aslini olganda bari bir vaziyat qaltis edi. Chunki shoʻro mafkurasining tishi har qanday odamning boshini “chirt” uzib tashlashi, siyosiy bir boʻron qoʻpsa, uncha-munchalarni osmonu falakka koʻtarib, soʻng yerga qapishtirib tashlashi mumkin edi. “Paxta ishi”ning qama-qamalari bunga misol. Hali bundoq xurujlarning hidi atrofimizda anqib turardi.
Shunda oʻzbek ziyolilari, ayniqsa, yozuvchilar bir oyoqqa qalqqaniga guvoh boʻlganman.
Eslasang yuraging oʻrtanadi!..
Odamlar naqadar mustaqil yashashga muhtoj ekan.
Biz ham qarab turmay SSSR davlat rahbari M. Gorbachyovga, “Pravda”ning bosh muharririga, yana allakimlarga bu maqola tuhmat, boʻhtonligi haqida bir talay nusxalarda shoshilinch telegrammalar yozib Moskvaga joʻnatganmiz.
Shunda koʻrganman: Abdusaid akani yoqtirmay, ortidan zimdan gʻalamislik qilib yuruvchi baʼzi ijodkorlar ham telegrammaga qoʻl qoʻygan. Balki uyalganidandir, balki bu zarba bugun Koʻchimovga tushayapti, ertaga menga yoki boshqasiga ham tushishi mumkin-ku. Tek qarab turish kerakmi, deya insof nuqtai nazaridan qaragani uchundir. Harqalay shunday boʻlgan edi. Adashmasam yuz ellikdan ziyod shoir-yozuvchi qoʻl qoʻygan. Oqsoqollar oʻzlari alohida telegramma joʻnatishgan. Oʻzimizning hukumatga ham xat yozganlarini eslayapman…
Na boʻlgʻay, qoʻpgan boʻron ziyolilar, ijodkorlarning vijdonini qoʻzgʻatgani uchundir balki, har nechuk katta talafot solmay, yaʼni Abdusaid akani “uchirmay” oʻtdi. Ammo oʻshanda akaning yuragidan nimalar oʻtganini, qaysi mahkamalarga chaqirishganiyu ne dashnomlar eshitgani menga qorongʻu. Aka bunday nolishlarni yoqtirmaydigan, qiyin vaziyatlarda ham kulguga burib yuboradigan odam.
Muharrir ishda qoldi.
Endi ehtiyotkor, hushyor boʻlgandir dersiz?
Qayda! Yana shunday maqolalar qator-qator ketaverdi. Aksincha, boshqa gazetalar bolalar gazetasidan ulgu ola boshlashdi. Shunda koʻp yozuvchilar, shoirlar, ziyolilar misolida, davlatimiz, tilimiz, hududimiz mustaqilligini yoqlab chiqqan elning bir parchasini koʻrgan boʻlsam, Abdusaid Koʻchimov timsolida egallab turgan vazifasidan bir lahzada uchib ketishdan choʻchimay el dardini oʻzidan baland qoʻya olgan mard muharrirni koʻrganman.
Axir, vaqti kelib, bari bir haq qaror topar ekan-ku!
12
Ittifoqo bir gal tushlikda choy ichib oʻtiribmiz. Aka Hoshimjonning vafot etganini eshitib juda afsuslandi. Eslab oʻylanib qoldi. Hoshimjonning oshqozonida yara bor ekan, shu ochilib, operatsiya qilishga toʻgʻri kepti. Keyin qon toʻxtamagan. Shu… 45 yoshga ham kirib-kirmay ke-yetdi chin dunyoga.
Aka farzandlarini soʻradi. Xabar olib turinglar dedi. Juda toza yigit edi-da, dedi tagʻin.
Yaqinda u haqda “Oʻzbekiston ovozi” gazetasida maqola berganimni aytdim. Soʻng dastavval kaminani “propiska”ga qoʻyib berganini, hikoyalarimni chop etib meni mashhur qilgani, Hoshimjon, Muhammadjonlarni oborganimda ishga olganini eslatmoqchi boʻldim.
– Shunaqa boʻluvdimi, – dedi u kishi xiyol ochilganday boʻlib. – Esimda yoʻq.
– Nahotki?
– Balki. Yaxshi odam yaxshi odamni opkeladi-ku deb oʻylagandirman-da. Toʻgʻrisi – esimda yoʻq.
Men u vaqtlar Abdusaid akaning xayolidan koʻtarilib ketganiga ishonmayman. Shunchaki…
Shunchaki, qilgan yaxshiligini pesh qilishni, birovlarga oʻxshab “men falonchiga munday yordam qilgan edim, endi nazarga ilmadi, yaxshilikka javob shu ekan-da”, deya yozgʻirishni yomon koʻradi, xolos.
Bu – baʼzi odamlarninggina qoʻlidan keladi.
Rostini aytsam – ruhan, qalban kuchli odamlar shunday qila oladilar!..
Sobir OʻNAR
“Yoshlik”, 2010 yil, 6-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/odamning-kuchlisi/