“Ozodlik” va “Fiyesta” asarlarida ramz va peyzaj

Adabiyotshunoslikda inson va tabiat tasviri muammosini oʻrganish doimo dolzarb masala boʻlib kelgan. Zero, “yozuvchi oʻz gʻoyaviy niyatini faqat qahramonlarning xatti-harakatlari orqali emas, balki ularni oʻrab turgan tabiat manzaralarini tasvirlash orqali ham amalga oshiradi. Peyzaj tasviri orqali oʻquvchiga taʼsir etishni, undagi goʻzallik tuygʻularini tarbiyalashni ham koʻzda tutadi”, deb yozgan edi taniqli olim M. Sultonova.

Isteʼdodli yozuvchi Shukur Xolmirzayevning “Ozodlik” hikoyasi hamda amerika yozuvchisi Ernest Xemingueyning “Fiyesta” romanini kuzatganda qahramon ruhiyatiga mutanosib ravishda peyzaj tasvirining ifoda etilishini koʻrish mumkin. Jumladan, har ikki asarda ham voqealar tasviri ov jarayonida (kaklik ovi – “Ozodlik”da, baliq ovi – “Fiyesta”da) bayon etilishi, goʻzal tabiat manzaralarining chizilishi jihatdan asarlar uslubi nihoyatda bir-biriga yaqin va hamohang. Har ikki asarda ham doʻstlar davrasi, ularning doʻstona samimiy gurungi hikoya etiladi. Chunonchi, “Fiyesta”da Jeyk Barns, Maykl Kembel, Bill Gorton, Robert Kon, Bret Eshli va boshqa obrazlar, “Ozodlik”da esa Mansur, Shotoʻra, Shoberdi muallim, Abulqosim, Oʻtbosar singari qahramonlar ishtirok etadi. “Fiyesta” asari qahramonlari birinchi jahon urushining jabrlanuvchilari, “zavol topgan avlod” vakillari Ispaniyaning milliy bayrami Fiyesta bayramini nishonlashib, soʻngra baliq oviga borishadi. “Ozodlik”da esa dastlab kaklik oviga kelgan Shotoʻra, Shoberdi muallim, qorovul chollarning vahshiylarcha ov jarayoniga guvoh boʻlib qolgan Mansur, hikoyaning ikkinchi qismida Mansur, Eshquvvat, Oʻtbosar, Shotoʻra, Shoberdi, qorovul chol, Abulqosimlar Qizil jarga kakliklar hayotini yaqindan tanish va bilish uchun kelishadi. Aslida, ov, tabiat qoʻyniga sayohat E. Xeminguey va Shukur Xolmirzayevning asardagi badiiy niyatini oshirish uchun bir vosita xolos. Demak, har ikki adib asarda peyzaj tasviriga erkin munosabatda boʻlib, tabiat manzaralarini, xususan, ov lavhalarini oʻz istaklariga koʻra boʻysundirishgan.

“Fiyesta” qahramonlarining hayoti bemaʼni urush tufayli izdan chiqqan. Ular koʻnglini koʻtarish uchun qahvaxona va restoranlarda bemaqsad daydib, koʻngilxushlik qilishadi. Yozuvchi urush asoratlaridan soʻng ogʻir tushkun kayfiyatdagi yoshlarning betartib va bemaʼno hayotini tasvirlaydi.

“Ozodlik” qahramonlari esa garchand qonli urush azoblarini boshidan kechirmagan boʻlsa-da, ular yetmish yillik ertaknamo hayotga ishonib, eʼtiqodlari chilparchin boʻlgan. Ular ham “Fiyesta” qahramonlari singari oʻz qaygʻu-alamlarini may bilan yuvmoqchi boʻlishadi. Nazarimizda, bosh qahramonlar taqdiri, ogʻir kechmishida ham biroz boʻlsa-da oʻxshashlik koʻzga tashlanadi. Binobarin, Jeyk Barns – jurnalist, urush yetkazgan jismoniy zahmat tufayli nosogʻlom erkak boʻlib qolgan. Shu sababli koʻngliga yoqqan birorta ayol bilan jisman bogʻlana olmaydi. Mansur esa jismonan sogʻlom va baquvvat boʻlsa-da, maʼnaviy-ruhiy ogʻir jarohat olgan. Chunki Mansur nohaq tuhmat tufayli oʻn yil ozodlikdan mahrum boʻlib, qamoq muddatini oʻtab kelgan. Uning peshonasiga “odam oʻldirib qamalgan” degan adolatsiz tamgʻa bosilgan. Hatto hikoya davomida doʻstlari unga bu mudhish koʻrgilikni tez-tez eslatib turishadi.

“Ozodlik” hikoyasida ramziy psixologik timsollar mavjud. Jumladan, Xoin beka laqabli Mansurning kakligi – oʻzbek millatining ramziy timsoli, qafas – tutqunlik, inson erkiga raxna soluvchi ramz. “Xoin beka” deb atalishida ikkinchi ramziy maʼno oʻz millati qadriyatlaridan, anʼanalaridan kechib, oʻzga xalq eʼtiqodiga bosh qoʻshgan millat taqdiri nazarda tutilgan. Xoin beka oʻz doʻstlariga sotqinlik qilib, xush ovozda sayrab, doʻstlariga tuzoq qoʻyishi oʻz millatining tutqunligiga sababchi boʻlgan baʼzi kimsalarning ramziy timsoli. Oʻzbek xalqi sobiq shoʻro tuzumi davrida uzoq yillar erksizlikda muteʼlarcha yashadi, Xoinbekaning yana oʻz qafasiga qaytib kelishi erksizlikda yashab oʻrganib-ketgan manqurt inson ramzi ham sanaladi. Demak, koʻrinib turibdiki, Sh. Xolmirzayevning “Ozodlik” hikoyasi ijtimoiy-falsafiy-ramziy asar. Kaklikka koʻz olaytirgan tulki – yovuz, yirtqich, mustamlakachi millat timsoli. Qolaversa, Xoinbeka ramziy obrazi bilan tulkining xatti-harakatlarida tor maʼnoda tabiatdagi, keng maʼnoda jamiyatdagi ichki kurashlar jarayonida oʻzini himoya qilish, yashash uchun kurash falsafasi boʻy koʻrsatadi. Hikoyada kaklik hayoti bilan oʻzbek millati hayoti parallel ravishda ramziy-falsafiy tahlil etiladi. Oʻz qafasiga qaytib kelgan Xoin beka aslida, sobiq shoʻro davrida boqimandalik kayfiyatiga tushib qolgan oʻzbekning ramziy timsoli. Oʻzbekiston 1991 yilda mustaqil davlat sifatida eʼlon etildi. Yozuvchi hikoyada uzoq yillar davomida boqimanda boʻlib, mustaqil hayot kechirishdan mahrum boʻlib qolgan, miyasi zanglagan, ishchanlik va tadbirkorlik, epchillikni unutgan xalqning ogʻir qismatidan chuqur qaygʻuga tushib, ijtimoiy-falsafiy mazmundagi “Ozodlik” hikoyasini yaratgan. Sunʼiy sharoitda yashagan millat mustaqillikdan soʻng tabiiy sharoitda nechogʻli yashab keta oladi, yana biror bir mustamlakachi mamlakatga yem boʻlmasdan umr kechira oladimi degan sarosimali, tahdidli fikr hikoyaning oʻzak-oʻzagini tashkil etadi. Sunʼiy sharoit – bu qafas, tabiiy sharoit – mustaqillik.

Hikoyada bir qator ijtimoiy, maʼnaviy-axloqiy, ekologik, falsafiy muammolar oʻrtaga tashlanadi. Asarda avvalo tabiatni muhofaza qilish muammosi markaziy oʻrinda turgan asosiy muammo sifatida koʻrinish bersa-da, undan tashqari jamiyat keltirib chiqargan adolatsizlik, boqimandalik, erksizlik, haq-huquqsizlik, axloqsizlik, madaniyatsizlik, qadrsizlanish kabi ijtimoiy muammolar ham tanqid ostiga olinadi. Isteʼdodli ijodkor shaxslar doimo oʻz zamondoshlaridan ilgarilab yuradi. Shu maʼnoda, Sh. Xolmirzayev oʻz mustaqilligini qoʻlga kiritgan Oʻzbekiston taqdiridan chuqur qaygʻuga tushadi. Endi tetapoya boʻlayotgan davlat, jamiyat yangi tizim, siyosat, iqtisod yoʻlini tutib keta oladimi? – degan zalvorli savol hikoyaning tagmatniga yashirin qilib berilgan. Ammo asardagi kosa tagiga yashirin nimkosani topish unchalik qiyin emas. Xullas, “Ozodlik” hikoyasida ozodlikka chiqqan oʻzbekning kelajak hayoti haqida teran mulohaza yotadi. Aslida qamalib chiqqan Mansur taqdiri ham bejiz asarga bosh qahramon sifatida kiritilmagan. Hikoyada aytilishicha, baʼzi kimsalar bir marta qamoqxonaga tushgach, ularga shunday tutqun hayot yoqib qolib, ataylab, yana qandaydir jinoyatlarga qoʻl urib, oʻz uyiga aylanib qolgan turmaxonaga qaytib kelaverishadi. Mansur esa oʻn yil davomida yuragining tub-tubida ozodlik va erkin hayot kechirish haqidagi insoniy orzusini avaylab-asray olgan ilgʻor fikrli shaxs timsoli. U qamoqxonadan qaytib kelgach, inson oyogʻi yetmagan togʻ etagida uy qurib, oʻziga boshpana yaratadi. Oila quradi, farzandli boʻladi, sigir, qoʻy-qoʻzi, it-mushuk qiladi. Bu birinchidan, Mansurning mehnatsevarligidan dalolat bersa, ikkinchidan, inson oʻlaroq haqiqiy hayot kechira olganligidan darak berib turibdi. U mustaqil oʻz oyoqlarida turib oladi. Qishloqdoshlarini uyiga chorlab mehmon qiladi.

Sh. Xolmirzayev hikoyada qahramonlar ruhiyatini ochishda tashqi portret detallaridan unumli foydalanmaydi. Hikoya davomida qahramonning tashqi chizgilariga u yer – bu yerda qisqa izohlar berib ketadi. Adib qahramon ruhiyati va dunyoqarashiga oid chizgilarni toʻgʻridan-toʻgʻri qahramonlarning oʻzaro polilog-suhbatida, qilayotgan hatti-harakatlarida kuzatadi.

Sh. Xolmirzayev hikoyada “Ozodlik” soʻziga bot-bot urgʻu berib borar ekan, ovchilarning Boʻrijardagi, Qiziljardagi oʻzaro gurungini berish bilan etakdagi miltiq tovushlari, kakliklar ovozi va kaklik qanotlarining sasini tabiiy bir fon sifatida keltiradiki, kitobxon goʻyo oʻzini asar qahramonlari bilan birga tabiat qoʻynida oʻtirgandek his etadi.

Umuman, “Ozodlik” hikoyasida kaklik psixologik timsoli asarning gʻoyaviy-estetik yoʻnalishini belgilagan. Har ikkala asar qahramonlari “zavol topgan avlod” vakillari hisoblanadi. Shaxsan oʻzi jang maydonlarida boʻlgan va bemaʼni urush oqibatlarini chuqur his etgan Ernest Xeminguey hatto asarini “Zavol topgan avlod” deb atamoqchi ham boʻlgan. Ammo yozuvchi romanni “Quyosh baribir chiqaveradi. Fiyesta” deb nomlab kelajakka umidli qaragan.

E. Xeminguey va Sh. Xolmirzayev tabiat manzaralarini asar mazmuniga moslab, oʻz badiiy niyatlariga koʻra aks ettirishadi. Zero, badiiy adabiyotda peyzaj manzaralarini aks ettirish rassomga xos ranglarni nozik qalb bilan ajrata olish mahoratini koʻrsatadi. E. Xeminguey “Fiyesta” asarida koʻpincha tun va tun rang-lariga tez-tez murojaat qiladi. Adib uchun kunduz kuni koʻzga tashlanmaydigan eng nozik hissiyotlar tunda boʻy koʻrsatadi. Jumladan, roman qahramoni Jeyk Barnsning quyidagi monologida xuddi shu holatni kuzatishimiz mumkin: “Kunduzi his-hayajonsiz yurish oppa-oson, tundagisi butunlay boshqa gap ekan”. Shuningdek, asarda oʻrmon, daryo, baliq ovi singari peyzaj tasvirlari kuchli lirizm bilan sugʻorilganligini yaqqol kuzatish mumkin.

E. Xemingueyning “Fiyesta” asarida Ispaniyaning goʻzal tabiat manzarasi tasvir etilgan boʻlsa, Sh. Xolmirzayevning “Ozodlik” hikoyasida Surxondaryoning Qiziljari, uning togʻu-toshlari, archalari, shu yurt tabiati va iqlimi yorqin boʻyoqlarda chizilganini kuzatish mumkin. Binobarin, asardagi har bir peyzaj tasviri, fasllar, unga xos turli holatlar, mavsumiy oʻzgarishlar, qahramon holati, kayfiyati, kechinmalari va hissiyotlariga monand ifodalanadi. Shuningdek, tabiat manzaralari va lavhalari qahramon ichki kechinmalarini yanada jonlantirib, kuchaytirib ifoda etuvchi vosita hamdir.

Sh. Xolmirzayev va E. Xeminguey tabiat hodisalari bilan bogʻliq oʻxshatishlardan unumli foydalangan holda asarda ijtimoiy umuminsoniy gʻoyalarni ilgari suradi. Xullas, peyzaj yaratish sanʼati har bir ijodkordan ulkan mahorat va mehnat talab etadi.

 

Marhabo Qoʻchqorova

 

“Yoshlik”, 2010 yil, 7-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ozodlik-va-fiyesta-asarlarida-ramz-va-peyzaj/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x