“Soʻzingni ayta olish baxti”

Soʻnggi paytlar ozmi-koʻpmi elga tanilgan, eʼtiborli kishilar bilan, shu qatorda jumladan, otalarimiz aytmoqchi, kaminai kamtarin bilan ham gazeta-jurnallar muttasil suhbatlar uyushtirib turadi. Buning uchun ularga minnatdorlik bildirmay iloj yoʻq. Lekin ochigʻi, bunday suhbatlardan aksar suyunishdan koʻra koʻproq noxush bir asorat qolgandek holatni sezaman. Gap shundaki, savollar yuzaki, joʻn, sen bergan javoblar uzuq-yuluq, buning ustiga gʻij-gʻij xato bosilganini koʻrasan. Ana, bir muxbirga fargʻonalik akamiz Yoʻldosh Sulaymonni eslab: “U lutf koʻrsatib, oʻzidan yoshi kichiklarni ham “Ulugʻim” der edi” mazmunida gapirgan edim, keyin koʻrsam, bu jumla: “U barchani “Uygʻunim” der edi” qabilida bosilibdi. Umuman, sen bilan suhbatlashadigan kishi bu suhbatga tayyor, bilimli, fahm-farosatli boʻlishi, jahon adabiyot-yu, oʻzbek adabiyotini jilla qursa yigirma-oʻttiz foiz bilishi kerak. Harholda, sen Ekzyuperi deganingda bu qiz bolaning ismimi, deb soʻramasligi kerak.

Bundan ancha yil muqaddam “Sharq yulduzi” jurnali “Yozuvchi ijodxonasida bir soat” degan rukn ochgan edi. “Yoshlik” jurnalimiz shu anʼanani davom ettirib, yangilab, adiblarni oʻz sahifalarida mehmon qilayotgani yoki ular xonadonida mehmon boʻlayotgani xayrli ish. Bu shakl ijodkorga koʻnglida toʻplanib qolgan gaplarini aytish, oʻquvchiga oʻz navbatida ijodkorni yaqinroqdan bilish imkonini beradi.

“Yoshlik” jurnalini doim oʻqib boraman, desam yolgʻon boʻladi. Doʻkonga chiqmaydi. Har gal redaksiyadan olish noqulay. Obuna boʻlishim kerak. Ammo bunga baʼzan sharoit toʻgʻri kelmasa, baʼzan hafsala yetishmaydi. Shunga qaramay, jurnal menga qadrli. Bu – ora-orada qatnashganim uchun emas. Qachon uni qoʻlga olib varaqlasam, yoshlik nafasi ufurib kelgandek tuyuladi. Oʻzimni ham yoshargandek his etaman. Joʻn gap boʻlsa-da, aytay, bu dunyoda keksa boʻlgandan yosh boʻlgan yaxshi.

Nihoyat, maqsadga koʻchsam, taxminan yigirma yildan oshdi, yoshim ulgʻaya boshlaganini sezganim va orqaga qayrilib qaragim kelgani uchunmi, hayotdagi voqealar taʼsiridami, qanday boʻlmasin, koʻnglimda yoshlik va yoshlar toʻgʻrisida bir asar yozish niyati tugʻildi. Yozuvchilar koʻpincha “asar yozish jarayoni qiyin” ekanligini gapirib yurishadi. Aslida niyat tugʻilganidan asarni yozishga kirishguncha oʻtgan davr eng mashaqqatli, azob-lidir.

Oʻsha kunga qadar ham bolalik kunlari, yoshlik, talabalik yillari haqida sheʼrlar, hikoyalar yozgan, katta asarlarda ayrim holatlarni aks ettirgan edim. Barchaga oʻxshab xotiramda kechagi manzaralar, holatlar tiniq saqlangan edi. Biroq alohida-yaxlit asar yozish haligi “mashaqqatli, azobli davr”ni talab qilayotgan edi. Shu bois, eslagan, xayolimdan kechgan gaplarni uzuq-yuluq holda yozib-belgilab bora boshladim.

Mana, qoralamalardan bir qismi qoʻlim ostida turibdi.

Bolalik kunlari haqida yozgan ekanman:

“Oʻn ikki-oʻn uch yoshdaman.

Buxoroda, maktabda yurgan paytim.

Buxoro – buyuk bir doston. Qolaversa, kechagina bizdan olisda toʻntarish roʻy berib, toʻs-toʻpoloni bu yerga ham yetib kelgan, amir Olimxon va uning saltanatini oʻz koʻzi bilan koʻrganlar bor. Buyogʻi Ikkinchi jahon muhorabasi va undan keyingi yillar, koʻchalarda “qoʻltiqtayoq taqqan” askar kiyimidagi yigitlaru Buxoroga xos oq surp motam libosi kiygan momolar, onalar, yosh kelinchaklar. Atrofda qaynab yotgan hasratli, umidli, baxtli, ozurda bir hayot. Men esam, bulardan goʻyoki chetda, boʻm-boʻsh olamdaman. Shoir yoki yozuvchi (iloji boʻlsa ikkisi ham) boʻlishni orzu qilib, bilim, tajriba yetmaganidan qayoqdagi yoʻq narsalarni “toʻqib” yuribman…

Otam Sulaymon xoʻja madrasa koʻrib mudarris boʻlgan, ustoz Ayniydan olti yosh kichik, Fit-rat domladan ikki yosh katta (1884 yil), bularni tanigan-bilgan ulamo kishi edilar. Oʻshanda hatto nomi tilga olinmagan Fitrat haqida: “U kuchliroq edi, ziyoli, maʼrifatli edi” derdilar (dadam amir Olimxonni uncha xush koʻrmas, u toʻgʻrida gap chiqqanida ham doim: “Undan koʻra otasi amir Ahadxon aqlli, tadbirli edi” derdilar). Ayniyni hurmat qilardilar. Faqat, bir gal bunday degandilar: “Yozganlari goho bahsli. Bir yerda, Minorai-Kalon ostidagi misgarlik (rextagarlik) doʻkonida yetmishta xalfa-shogird boʻlgan, och-nahor kun koʻrgan, deb yozibdi. Yetmish kishi bir doʻkonga sigʻmaydi, yettita xalfa-shogird bor edi. Ertalab patiru qaymoqchoy, kunduzi shoʻrva, kechqurunlari osh bilan ularni siylashardi. Men oʻzim oʻsha yerda boʻlganman”.

Uzoq yillardan keyin, bu gap xayolimdan ketmay, ustoz Ayniyning nega unday raqam chekkanlariga tushundim. Adabiyot oʻzi ROST bilan YOLGʻON (toʻqima, umumlashtirish, xayol epkini) orasidagi holat ekan. Shu bilan birga, odamlar voqif, hayotda yuz bergan voqealardan iloji boricha uzoqlashmagan durust…”

Yoshlik, talabalik yillari haqida ham betartib yozilgan uch-toʻrt varaq:

“Universitetga qiynalib oʻqishga kirdim.

Toʻrt fandan oʻn olti bal olgan “rezervist” boʻlib kirganman. Na stipendiya, na yotoqxona. Ijara bir uyda turdim, Sebzorda, tubida toʻlqinlanib suv oqqan jar boʻyidagi eski hovli edi.

Oʻshanda “shaxsga sigʻinish” tugatilib kishanlar, zanjirlar sindirib-uzib tashlangandek kayfiyat hukm sura boshlagan. Domlalarimiz Matyoqub Qoʻshjonov, Ozod Sharafiddinov, Laziz Qayumovlar hayot bobida oʻz fikriga ega, oʻz soʻzini ochiq, dadil soʻzlaydigan kishilar edi.

Bizdan yuqori kurslarda Erkin Vohidov, Anvar Isroilov, Anvar Eshonov, Toʻlqin, Oʻktam Usmonov, Abdulla Oripov, Shukur Xolmirzayev, Ibrohim Gʻafurov va boshqalar oʻqir edi. Mening kursdoshlarim keyinchalik tanilgan adib va jurnalistlar – Oʻtkir Hoshimov, Alinazar Egamnazarov, Toʻlqin Alimov, Rinat Risqiyev, Obidjon Jumanazarov, Nurmat Rajabov, ikki Nasiba – Nasiba Ibrohimova va Nasiba Qambarova, Tojiddin Gʻoziyev, Murod Aminov, Rahima Shomansurova, Temur Xoʻjayev, Ergash Musayev, mening ikki adashim – Omonulla Madayev, Omon Jarqinboyev va boshqalar edi. Shu taʼlim olish yillaridayoq bu nomlar matbuotda koʻrina boshlagan edi.

Xadradagi oʻquv korpusi Majlislar zalida adiblar, sanʼatkorlar bilan muntazam uchrashuvlar oʻtkazib turilardi. Ustozlar Abdulla Qahhor, Hamid Gʻulom, Said Ahmad aka va Saida opalar bilan uchrashuvlar yodimda. Bir gal Mirtemir aka bilan ham uchrashganmiz. Oʻshanda ustozning “Kipriklarim” degan kitobi yangi chiqqan, koʻpchilik talabalar koʻtarib kelgan, esdalikka imzo chektirib olmoqchi. Uchrashuvda shu nomdagi sheʼr ham oʻqildi:

 

Kipriklarim qoʻngʻirmikan yo qora,

Kipriklarim yuztamikan yoki ming.

Kipriklarim muncha suyuk va sara,

Koʻzginamning kipriklari…

 

Mirtemir akaning shogirdlari chindan bir saf, ulardan har biri bu sheʼrni oʻziga bagʻishlangan deb bilar edi.

Yoshlar, talabalar orasida oʻsha yillari Pirimqul Qodirovning “Uch ildiz” romani, Odil Yoqubovning “Muqaddas”, Oʻlmas Umarbekovning “Sevgim, sevgilim” qissalari mashhur. Oramizda bu kitoblarni oʻqimagan, bilmagan talaba yoʻq. Yigitlar qizlarga ularni sovgʻa qilishardi… Menda shu asarlardan keyin yoshlar, talabalar haqida ular darajasidagi asar yozilmagandek taassurot qolgan…”

Bu uzuq-yuluq yozuvlardan tashqari, – men yozadigan asarga daxli bormi-yoʻqmi, – negadir adabiyot borasidagi ayrim mulohazalarimni ham yozib-belgilab qoʻygan ekanman.

Ana, ular ham qoʻlim ostida. Toʻgʻrirogʻi, eski jild ichidan, asar yozish uchun yigʻib qoʻyilgan varaqlar orasidan chiqdi:

“Akamiz Erkin Vohidov “Yoshlik devoni”da boʻlsa kerak: “Senga ne bor Mir Alisher yonida…” degan misrani keltirgan. Daho adiblar nomini shunchaki eslaganda ham, kishi oʻzingni Shoir yoki Yozuvchi deb tanishtirishga gohida xijolat chekasan. Bu soʻzlar naqadar yuksakda turganini his etasan.

Yana… Bunday hikoyat uchraydi. Bir adib ikkinchi adibning uyiga borayotib oʻn marta kiyimini almashtirgan ekan. Minglab odam (adabiyotchi va oddiy oʻquvchi)ning “uy”iga kirganingda qanday koʻrinish (qiyofa) kasb etishingni oʻylashga majbursan. Yozuvchi uchun hamisha soʻz oldida, odamlar oldida Masʼuliyat bor. Albatta, men istagan “kiyim”da koʻchaga chiqaveraman, deyish mumkin. Ammo bu – yengiltaklik, xolos…”

“Odatda, yozuvchi asosan OʻZINI yozadi. Bu – oʻzi haqida yozadi, degan maʼnoni bildirmaydi. Shubhasiz, oʻz hayoti, kuzatganlari, umrida tuygan ogʻriqlari asarga “koʻchadi”. Lekin bundan ham muhimi, sening yozganingda qanday shaxs ekanliging, aft-angoringdan tortib koʻngil olaminggacha (odamiy darajang va bilim darajang) qogʻozda muhrlanadi. Qogʻoz atalmish KOʻZGUdan qochib qutulolgan Yozuvchi topilmaydi… Umuman, adabiyot – eng avval, tavba-tazarru. U – poklanish, demak. Bir soʻz bilan, adabiyot qiyofaga bogʻliq hodisa. Buyuk Alisher Navoiyning “Jahondin notamom oʻtmak” deganlari-yu, “Hammomdin nopok chiqmoq”qa qiyoslaganlari shu mazmunda boʻlishi kerak. Yana buyuk Boborahim Mashrabning mashhur “Dilda darding boʻlmasa” deb boshlab, keyingi misrada “Sardaftarimni kavlama” deganlari ham ehtimolki, shu mazmunni ifodalaydi…”

Qisqasi, shunaqa har xil yozuvlar.

Bunday qoralamalar bir kuni asarga oʻzgarib, aniq maʼno kasb etib kirishi ham, keyinchalik “ahamiyatsiz” koʻrinib, “sigʻmay”, mutlaqo kirmasligi ham ijodda uchrab turadigan hol. Qanchalik sen uchun qadrli boʻlmasin, ulardan baʼzan “voz kechasan”.

Xoʻp.

Asar-chi? Asar nima boʻldi?

Niyat qilib, maʼlum muddat hayajonlanib oʻylab, qayta-qayta yozishga ham shaxd etsam-da, asar yozilmay qolaverdi. Nega?

Oradan koʻp oʻtmay, mamlakatimiz mustaqillikka erishdi. Katta oʻzgarishlar roʻy bera boshladi. Yashash tarzi bilan birga, tafakkur oldingidan butkul farq qiladigan boʻldi. Hayotni (olamni) yangidan idrok qilish barchamiz uchun kundalik-oddiy ehtiyojga aylandi.

Yozuvchi (olim, sanʼatkor) uchun soʻzini aytishi va soʻzi oʻquvchiga yetib borishi muhim.

Hurmatli ustozlarimizdan oʻzimizgacha kechagi kunlar har jihatdan “cheklanish” holatida yurganimizni sezdim. Oʻz soʻzimizni rost, ochiq soʻzlashga harakat qilsak hamki, bunga aksar erisholmaganimizni angladim. Faqat adabiyot emas, hayotning oʻzida BAʼZAN YOLGʻON, BAʼZAN QABOHAT “oʻrmalab” kelgan paytlar topilar ekan. Ijodkor SOʻZNI sevish, oʻz kasbini puxta oʻrganish barobarida, SOʻZdan ehtiyot boʻlish, hatto undan qoʻrqishga, aqlini mudom ishlatish, qalbini asrashga burchli ekan… Yoshlar, talabalar haqida mafkuradan ayri holda asar yozib boʻlmaydi.

Mustaqillik davri men uchun omadli keldi. Bel bogʻlab qattiq ishladim. Oldinroq ikki roman yozgan boʻlsam, bu davrda oʻn ikki romanim yozilib eʼlon qilindi. Yoshlik yillarimdan shoir va yozuvchi sifatida tanilgan boʻlsam-da, keyingi paytda nomim “xutbaga qoʻshildi”. Eʼtibor koʻrdim…

Oʻylangan asar hamon yozilmay turibdi.

Nasib etsa, yozarman. Bugungi yoshlar, talabalar haqida. Lekin bu mavzuni yangidan oʻrganish kerak. Biz taʼlim olgan yillarga nisbatan bugun talabalar kam kitob oʻqishayotgani, jahon adabiyoti emas, oʻz adabiyotimizni ham “unutishayotgani” men uchun oʻkinchli. Soʻzni his etish, har bir soʻzdan bahra topib zavqlanish – kitob oʻqishga oʻrganmagan kishiga buyurmaydi.

Hayotning doim kishini qanoatlantiradigan, suyuntiradigan va aksincha, qanoatlantirmaydigan, yetishmaydigan jihatlari boʻladi. Ijodkor bular haqida oʻylamasligi mumkin emas.

Yashirmayman, oʻzimni bir umr yoshlar va yoshlik oldida (“Yoshlik” jurnali oldida ham) allanechuk qarzdor his etib yuraman…

 

Omon MUXTOR

 

“Yoshlik”, 2010 yil, 8-son

https://saviya.uz/hayot/suhbat/sozingni-ayta-olish-baxti/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x