1940 yilning 11 iyulida Fargʻona viloyatining Rishton tumanidagi Buloqboshi qishlogʻida tugʻilgan. 1957 yilda tumandagi 5-oʻrta maktabni, 1965 yilda Fargʻona davlat pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetini imtiyozli diplom bilan bitirgan. 1965-1967 yillarda viloyat “Kommuna” (hozirgi “Fargʻona haqiqati”) gazetasida ishladi. 1968 yildan buyon Fargʻona davlat universitetida yosh avlodga talim berib kelmoqda. “Oʻzbekiston xalq maorifi alochisi” unvoniga ega (1991).
Filologiya fanlari doktori, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasining aʼzosi. Ayni chogʻda Fargʻona davlat universitetining oʻzbek adabiyotshunosligi kafedrasi mudiri lavozimida ishlaydi.
Hozirgacha olimning “Ulugʻ sanʼatkor” (Gʻ.Gʻulom haqida, 1984), “Sheʼriyatning sirli jilvalari” (1986), “Tong yulduzlari” (1995), “Nutq va uslub” (2002), “Olimning olami” (akademik S.Mamajonov portretiga chizgilar, 2004), “Fargʻona adiblari” (2005), “Zulmatdan nur qidirganlar” (2007), “Men sizdan saboq oldim” (adiblarga maktublar) (2007), “Soʻz sehrgari” (A.Qahhor haqida, 2007), “Haqiqatning sinchkov koʻzlari” (adabiy-tanqidiy maqolalar, 2009) nomli monografiya va risolalari, 200 ga yaqin maqolalari chop etilgan.
Yoʻldosh Solijonov badiiy ijod bilan ham shugʻullanadi. Uning “Suv keltirgan aziz” (hujjatli qissa, 2004), “Oʻgʻlim, senga aytaman” (sheʼriy va nasriy parodiyalar, 2006), “Sen shirmon yuzligim” (sheʼrlar, 2007) kabi kitoblari oʻquvchilar tomonidan iliq kutib olingan.
Oilalik. Rafiqasi Lolaxon Solijonova oliy maʼlumotli ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi. Hozir nafaqada. 5 nafar farzandi bor (uch oʻgʻil, ikki qiz), barchasi oliy maʼlumotli. 17 ta nabirasi bor.
https://saviya.uz/ijod/yoldosh-solijonov-1940/