Olis-olis qirlar ortidan, Boysun togʻlari adogʻidan dilni orziqtirguvchi navo taraladi. Moʻysafid xarsangtoshlar mangulik duosini oʻgirayotgandek, oʻrkach-oʻrkach boʻlib yotgan adirlar asrlardan yodgor karvonlarni eslatadi. Yam-yashil dashtlarda qora suruvlar, osmonning zangori yaylovida esa boqilgan oq hisori qoʻylar misoli semiz bulutlar sokin kezinadilar. Dunyo cheksiz, borliq hudud buhududday. Navo qir-adirlar, tepalar va doʻngliklarning musiqiy shakli-shamoyili yangligʻ oʻrkach-oʻrkach, toʻlqin-toʻlqin boʻlib, goh pastlanib, goh balandlanib ketadi. Elas-elas, olis-olis sogʻinchlar, hijronu firoq, ayriliq va diydor manzillari. Barchasiga bekat – shoir yuragi. Bunda – eshiklar yopilmaydi, “Iltimos, suyanmangiz” degan eslatmalar yoʻq.
Umrimni bir olis ishqqa almashdim,
Kechdim hushyorlikdan, tushga almashdim.
Beqanot qalbimni qushga almashdim,
Sizsiz oʻtgan umrim bekor, yorijon,
Ne baxtkim, yuragim bemor, yorijon.
“Olis ishq”ni tahlil qilib, sharhlab bermoq uchun shoirning hayoti kamlik qiladi. Bu yoʻlda umr sarf qilinadi, buning boju xiroji qalb qoni bilan toʻlanadi. Shoirlik ham xuddi shofyorlikday: birovning yukini vujudi, yuragining yukxonasiga ortib olganu olis yoʻlga otlangan. Yoʻl goh oʻnqir-choʻnqir, goh dovon boʻlsa, goh dashtu biyobon. Yuk baʼzan ogʻirlik qiladi, uning zalvori, salmogʻi katta. Shoirga yoʻl-poʻlda qolib ketmasin degan maqsadda ehtiyot gʻildiragi berilmagan. Yukni chidam bilan tortmogʻi, manzilga sogʻ-omon eltmogʻi kerak. Oʻzi, qalbiyu vijdoni oldidagi, adabiyot va sheʼriyat, hayotu tiriklik, elu yurt oldidagi qarzdorlik, burch va javobgarlik yuki.
Yillar sogʻinchlarga, sogʻinchlar yillarga aylanadi. Sheʼrlar shoir umri, qalb va ruhining xaritasiga oʻxshaydi. Tun va kun, kecha va kunduz, masofalaru makonlar. Har bir kitob bir manzil misol taassurot qoldiradi. Boysundan Toshkent qadar, Toshkentdan cheksiz olamlar qadar yoʻl. Oyu quyosh, zaminu osmon, falaklaru yulduzlar, keyin – keta-ketguncha chiroqlar, chiroqlar, dilga yaqin va qadrdon chiroqlar. Umr oʻtgan sari, yukini tarqatib, ulashib borgan sayin shoirning yuki ortib, ogʻirlashib boraveradi. Bu yuk kamayishga emas, koʻpayishga mahkum etilgan. Shoirlik qismatida azaldan shunday yozilgan.
Garchi oʻrtamizda sogʻinchu hijron,
Garchi visol yoʻli vayrondir vayron.
Ammo azobingiz koʻksimda har on
Muqaddas olovday qoldi, yorijon,
Shukrkim, siz bilan yondim, yorijon.
Bir zamonlarda, XX asrning 70-yillari boshida olis Olmoniyoda harbiy xizmatda yurgan askar yigitdan pochta jildiga joylangan bir dasta sheʼr Toshkentga uchib keladi. Bu jild qoʻliga tekkan kishi: “Yot yurtlarda uyini, Vatanini sogʻingan bir oʻzbek bolasining nima qilishni bilmay, shunchaki havasga qoralagan mashqlaridir-da» deb oʻylashi ham ehtimoldan xoli emas edi. Biroq askar yigitning hayotu taqdiri joylangan, umriy qismatini hal qilib berishi lozim boʻlgan jild haqiqiy egasiga, imon-eʼtiqodi butun, benazir va begʻaraz ustoz, ulugʻ bir insonning qoʻliga tushadi. Oradan qisqa vaqt oʻtib, respublikaning obroʻli, mashhur jurnallaridan birida ustoz adib Shuhrat domlaning “Soldatdan maktub keldi…” deya boshlanuvchi, gʻoyat hayajonli, samimiy xayrixohlik va mehr bilan bitilgan oq fotihasi, davomidan esa bir turkum sheʼrlar eʼlon qilinadi. Biz – oʻrta maktab bitiruvchilari boʻlmish bearmon havaskor bolalar dunyoda armonning ham hidi borligini ilk bora oʻsha sheʼrlardan bilib olganmiz: «Qarshimda lobar qiz oʻltirar jiddiy. Ichmagan, stolda qadahi lim-lim. Sezdingmi, havoda bir armon hidi. Olamda turnalar uchmoqda, singlim».
Keyin oq yomgʻirlar, sheʼriyat va muhabbat fasli boshlandi.
Hozirda Yoshlar, oʻshanda Talabalar shaharchasidagi adabiy muhit, sheʼriyat kechalariyu nazmiy anjumanlarni zir titratgan “Insonni tushunish” kitobchasi, “Boychechak”, “Podpolkovnik Fateev”, “Sen yoʻq eding…”, “Meni seving, mendan nafratlaning”, “Bu yerga keltirdi meni tasodif”, “Tong titraydi kech kuzakning quchogʻida”, “Boysun haqida gʻamgin ballada”, “Parallel chiziqlar”, “Sevgi haqida umidbaxsh ballada”, “Olis yurtning begona isi” singari bizning tasavvur va tafakkurimizni butunlay oʻzgartirib yuborgan, oʻsmir koʻnglimizni agʻdar-toʻntar qilib bergan oʻnlab, yuzlab sheʼrlar. U sheʼriy oqshomlaru bu sheʼrlar sabab biz adabiyotning yaqin oshnolariga aylandik. Yangi ohanglar, nazmdagi eski qoliplarni sindirgan oʻziga xoslik, mutlaqo yangicha bir sheʼriyat bizni sehr etdi, qalblarimizni tarbiyaladi. Oʻsha davralarda mashhur boʻlib ketgan “Boychechak” sheʼri – mehr va sogʻinchning toza va maʼsum qissasi hammamizga yaqin va qadrdon boʻlib qoldi: “Boychechagim boylandi Boychechagim boylandi Bugun olisda yoshlik Zamin qancha aylandi”. Muallifning baland pardalarda, yuksak sanʼat va mahorat bilan, jazavaga tushgan dirijyorni eslatuvchi qiyofada oʻz sheʼrini aynan ijro etib berishi, uning taʼsir kuchini, dovrugʻini ikki karra oshirib yuborgan edi. Talabaligimiz havosidan sheʼr, sogʻinch va ifor ufurar, yotoqxonamizning gʻarib, koʻrimsiz yoʻlaklarida uzun qish kechalarida ham boychechaklar shivirlab-shitirlab yurgandek tuyulardi.
Biz havas qilgan shoir akamizning yelkalari hurpaygan, qaddu bastiga gʻoyat yarashgan jun poʻstini boʻlardi. Sheʼrlari, sheʼr oʻqishlari bilan birga shu poʻstini ham uni boshqa shoirlardan alohida ajratib turardi. Poʻstin egasini gʻoyat salobatli, vahimali qilib koʻrsatar, havaskor talabalarning doimiy hamdami, qadrdon adabiy maslahatchisiga aylanib qolgan Mahmud aka, ustoz Mahmud Saʼdiy Shota Rustavelining mashhur asariga qiyosan shoir ogʻamizga “Ayiq terisini yopingan Usmon Azim” deb nom qoʻygan edi.
Besh yilimiz nayson bulutlari yangligʻ tez oʻtib ketdi. Chaqinlarimiz olislab, talabalikning bor orzu-havaslari, gulu chechaklarimiz, yoshligimiz ortilgan osmonning qaldiroq aravalari ham bizdan yiroqlashdilar.
Hayot sinovlari, tiriklikning haqiqiy imtihonlari davri boshlandi.
Oʻtgan asr, 80 – yillarning boshlari, mushoiralar, adabiy davralar qizigandan qizib borar, bu davralarning sevimli erkasi, gultoji mashhur rassom Shuhrat Abdurashidov edi. Rahmatli Shuhrat aka sheʼriyatni jon-dildan sevar, Mirtemir domlaning “Oʻv, mening oʻzbaki yuragim. Nechchiga boʻlinding, nechchiga?!..” degan mashhur satrlarini hamisha aytib yurar, aytib boʻlgach esa, sheʼrni xuddi oʻzi yozganday, qulochlarini keng yoyib astoydil zavqlanardi. U kishiga «Rassomlarning shoiri, shoirlarning rassomi” deb zarofat qilishgan edi. Davralarga ham, sheʼriyatga ham fayz va rang kiritgan musavvir oʻshanda adabiyotga mehr-muhabbatining ifodasi sifatida “Ijodkor doʻstlarim” degan katta hajmli rangtasvir asarini chizib, adabiy jamoatchilik hukmiga havola etgandi. Asar hammaga maʼqul kelib, ancha-muncha shov-shuvlarga sabab boʻldi. Unda Rauf Parfi, Erkin Aʼzam, Nodir Normatov, Xurshid Davron singari taniqli adiblar qatorida Usmon aka portretiga, qiyofasi, holati va ichki dunyosiga alohida urgʻu berilgan. Shoirni tasvirlar ekan, musavvir aslida uning katta qalbini, undagi ogʻir yuk zalvorini ifodalagan edi. Keyin barcha ijodkorlar – rassomlar, shoir-yozuvchilar, aktyorlaru olimlarning qalbini larzaga solgan kutilmagan fojia roʻy berdi. Shuhrat aka avtomobil halokatiga uchrab, oʻn kuncha oʻziga kelmay olamdan oʻtdi. Beshyogʻochdagi uyida, azasiga kelgan keksa onasi “Toshkentlarda yurgan shoir bolam” debon uvvos soldi. Tasviriy satʼatimizgina emas, adabiyot uchun ham katta yoʻqotish boʻlgan bu voqeadan ustozlar, ijodkor akalarimiz ancha vaqtgacha esankirab maʼyuslanib yurdilar. “Osmonga tikildim xayolim ogʻib. Bir parchasi bulut, bir parchasi koʻk. Vaqt degan shuncha tez oʻtdimi oqib. Mening yonimda ham endi birov yoʻq”.
Oʻsha kezlari Usmon akaning «Adabiyotni, Vatanni, doʻstlarni sevishni, qadrlashni Shuhratdan oʻrganishimiz kerak» degan soʻzlari maʼnisini keyin angladik. Qisqagina umri (oʻshanda rassom bor-yoʻgʻi 29 yoshda edi) davomida musavvir hayratlanarli darajada koʻp ish qilishga ulgurgan ekan. Eng muhimi, u oʻz asarlarida Vatanni, ona yurt suratini bor tarovatiyu muhabbati bilan koʻrsatib ketgan edi. Tuzum va zamon gʻirrom boʻlishiga qaramasdan, shoirlarimiz ijodida ham bu mavzu alohida oʻrin egallab, kuchayib borayotgan edi. Jumladan, Usmon akaning yuqorida tilga olingan “Boychechak”, “Boysun haqida gʻamgin ballada”, “Vatan haqida sheʼr”, “Abdulla Qodiriy”, “Boysun qirlarida bir oʻzim kezdim”, “Samarqand.Tungi sayr”, “Tesha Saydaliyev xotirasiga”, “Onamga maktub”, “Dasht”, “Gʻafur Gʻulom…” singari oʻnlab sheʼrlari, «Baxshiyona” turkumiyu ustoz Asqad Muxtor “Guliston” jurnalida chop etgan “Oq sharpa”, Temuriyzoda sultonlarga bagʻishlangan “Xalil Sulton” dramatik dostonlarigacha oʻsha yillarda yozilib, koʻpchilik oʻquvchilarning mehrini qozongan edi.
Javzo. Bir erka shamol
Bugʻdoyzorga urar toʻsh.
Ot yelar. Chavandozning
Bir yengi hilpirar – boʻsh…
Opa, Vatan – ulugʻ dard,
Opa, Vatan bogʻ boʻlsin.
Sheʼrda suratin chizsam,
Toʻrt muchasi sogʻ boʻlsin!
Bu Vatan sheʼrlarda tilga kiradi, shoirga «Bolam… Yurak bilan koʻksing bezadim” deydi. Bundan-da goʻzalroq saodat bormi dunyoda! “Yuragimga sigʻmadi sogʻinch. Boʻlmayin deb hijronda vayron. Endi kuylay boshladim notinch: – Boysun! Boysun!Boysun! Boysunjon!..”
Mazkur sheʼr ustoz adibimiz Shukur Xolmirzayevga bagʻishlangan. Uni tinglayotib, Shukur akaning koʻzlariga yosh qalqqanlariga necha bor guvoh boʻlganmiz. Shoir bu mavzuni nasriy asarlarida ham davom ettirib, «Uzoq xayrlashuvlar” nomli goʻzal essesida adib bilan Vatanning dardli va jozib suratini yaratadi.
Ilk “Insonni tushunish” kitobidan to “Holat”, “Dars”, “Surat parchalari”, “Ikkinchi aprel”, “Baxshiyona”, “Uygʻonish azobi”, “Gʻussa” bilan “Kuz” toʻplamlarigacha kechgan vaqt chamalab koʻrilsa agar, soʻz va sheʼr yoʻlida chekilgan zahmatlar, iztiroblaru zavqu shavqlar besamar ketmagani, adabiyot va sheʼriyatga baxshida, insoniy tuygʻular ila limmo-lim, diydoru ayriliqlar, sogʻinchlaru sevinchlarga toʻlugʻ sermazmun bir umr bor boʻy-basti bilan gavdalanadi.
Nihoyat, uzoq kutilgan istiqlol davri boshlandi. Yangi zamon ijodkorlarga yangi sarpolar kiygizdi. Mustabid tuzumning asriy zanjirlari chilparchin boʻldi. Soʻz ham ozodlikka chiqdi. Keyingi salkam yigirma yillik muddat Usmon Azim hayoti va ijodining sermahsul davri, yanada teranlashish va yuksalish yillari boʻldi. “Alpomish” badiiy filmining kinoqissasi, shoirning asari asosida suratga olingan, Vatan, ona yurt sogʻinchi haqida goʻzal qoʻshiqday taassurot qoldirguvchi “Sevgi” badiiy filmi, Abdulhamid Sulaymon Choʻlponga bagʻishlangan “Kunduzsiz kechalar”, ustoz adiblar Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor haqidagi qator dramatik asarlari, shuningdek nasriy bitiklarini oʻzida jamlagan “Jodu” kitobi, “Yurak” va “Fonus” sheʼriy toʻplamlari shoirning qalb mehnatxonasida uzluksiz ijod barakali davom etayotganidan dalolat beradi. Ayniqsa, oxirgi ikki kitobi – bu sheʼriyat yildan-yilga qiyomiga yetib, donishmandlik va yetuklik kasb etganini, umr va qalb hikmatlari yaxlit yombi holatga kelganini koʻrsatib turibdi. Aslida Yassaviy, Navoiy bobolar davridan buyon aytib kelinayotgan bu hikmatlar XXI asrga kelib shoirimiz tilidan yangicha jaranglaydi: Mana, ulardan biri, umr haqida shoir bundoq deydi: “Oʻzi bir yogʻib oʻtishga arziydi odamning umri. Yogʻ umrim, koʻngillar koʻkarsin!”
Adabiyot, xususan sheʼriyatning ham asosiy vazifasi shunda: koʻngillarni koʻkartirish, dillarni yashnatish. Usmon aka bu ezgu Burchni qatʼiyat va mardonalik bilan uddalab kelayotgan ustoz shoirimiz, katta elning katta oqini. U kishiga bir umr hamdamu hamnafas, dardu quvonchlariga birdek sherik, taʼbi nazmi baland, didi nozik tarjimon Raʼno yangamizning sharafli bu qismatda alohida maqomi borligini ham taʼkidlab oʻtmoq joiz. Adabiyot, jahon adabiyoti, kitob va kitobxonlik, nazmu nasr, mumtoz va zamonaviy asarlar haqida eng koʻp gapiriladigan bu xonadonga havaskor yoshlik yillarimizda biz har doim oshiqib, intilib yashaganmiz. Insonni tushunish, kitob va adabiyotga mehr, did va savodxonlik tarbiyasi, soʻzga eʼtibor va munosabatni biz shunday ustozlarimiz, ularning xonadonidagi adabiy muhitdan ham oʻrgandik, hayotlaridan ibrat oldik. “Senga hech narsa qilolmadim, Vatan!” deb aytish uchun ham avvalo ona yurtni, tugʻilgan tuproqni sevishni bilish kerak. Adabiyotga muhabbat ham xuddi shunday.
Alqissa, askar yigitning “shinelli yillar”i ortda qoldi. Rahmatli Shuhrat domlaning duolari ijobat boʻldi. Shu lahzalarda Termizda, qadim Jayhun qirgʻoqlarida Vatan chegaralarini himoya qilayotgan bir askar yigit qoralama sheʼrlarini xatjildga joylab, ming orzu-havas bilan Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim nomiga joʻnatayotgan boʻlsa, hech ajablanmang. Aziz oʻquvchi! Unga xalaqit bermaylik. Hozir u butun umrini, borligʻiyu qismatini olis bir ishqqa – sheʼriyatga, adabiyotga almashishga shaylanayotgandir…
Sirojiddin SAYYID
“Yoshlik”, 2010 yil, 11-son
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/olis-ishq-soginchi-yoxud-vatan-surati/