Ayollik baxti

General-leytenant Zapupirining dafn marosimi. Marhumning uyidan motam musiqasi va qattiq-quruq ovozlar yangrardi. Xabar topgan tomoshatalablar har tomondan yugurib kelishgan. Chiqarish marosimiga oshiqqanlar orasida Probkin va Svistkov ham hoziru nozir. Ikkovi ham xotini bilan birga.

– Mumkin emas! – Mahalliy nozir yordamchisi yoqimli, ochiq chehra bilan toʻsiqqa yopirilib kelganlarni toʻxtatishga urinardi. – Mumkin emas! Iltimos, orqaga! Lekin shunday boʻlsa ham, xonimlar oʻtishi mumkin… marhamat siz, xonim.

Probkin va Svistkovning xotinlari nozir yordamchisining kutilmagan iltifotidan qizarishib, toʻsiqdan lip etib oʻtib olishdi. Erlari esa jonli devor tomonda qolgancha piyoda va otliq nazoratchilar ortidan oʻychan boqishardi.

– Oʻtib olishdi! – dedi ketib qolgan ayollarga rashk va nafrat bilan qarab qolgan Probkin. – Baxt chindan ham bu ulamasochlarga. Erkaklarda hech qachon bunday imtiyoz boʻlmaydi. Xoʻsh, biznikidan afzalroq qanday xislati bor ularning? Ayollar, aytish mumkinki, oddiy, hammaga oʻxshagan, qolaversa, bidʼatchi, lekin baribir ularni oʻtkazib yuborishdi. Siz bilan bizni esa garchi beshinchi darajali martabaga ega boʻlsak-da, oʻtkazishga loyiq koʻrishmadi.

– Taajjub, oʻylab koʻring-a! – dedi nozir yordamchisi Probkinga taʼna bilan qarab. – Sizlarni ichkariga olmaganimda hozir boshlanadigan beoʻxshov turtinishlar orasida qolib ketardingiz. Axir, shunday nazokatingiz bilan sizni bunaqa ahvolda qoldirishni hecham oʻzimga ep koʻrmasdim!

– Marhamat qilib qoldiring! – jahli chiqdi Probkinning. – Aslida ayollar koʻpchilik orasida birinchi boʻlib turtinishadi. Erkaklar bir nuqtaga tikilib turaveradi, xonimlar esa qoʻllarini keng qoʻyib, bemalol turtib ketaverishadi, nima boʻlsa boʻlsinu, bashang liboslari gʻijimlanmasin. Gʻiring deb koʻr-chi! Ayollar bor joyda omad eshigi hamisha ochiq. Xonimlar va askarlar uchun raqs kechalari ham bepul, ha, bir tiyinga olishmaydi. Hatto tan jazosidan ham osongina ozod qilishadi… Qaysi xizmatlari uchun degan savol tugʻiladi. Poshsha qiz roʻmolchasini tushirib yuborsa, sen engashib olib ber; u kirib kelsa, darhol oʻrningdan turib, stulingni uzat; chiqib ketsa, kuzatib qoʻy… Rasm-rusmni qara-ya! Qanday boʻlmasin, unga yetish, faraz qilaylik, beshinchi darajali martaba sohibi – menga yoki senga bir umr karnay chalish boʻlsa, bas. Oyimqiz esa yarim soatda yuqori martabali inson bilan yoʻlini topib, nikohdan oʻtib oladi-yu, bir pasda oliy zotli xonimga aylanadi. Bordi-yu, men knyaz yoki graf boʻlib qolsamu, butun dunyoni boʻysundirmoqni ixtiyor etsam, Shipka choʻqqisini zabt etsamu, vazirlar huzurida boʻlib tursam, oʻz panohingda asra, birorta ona suti ogʻzidan ketmagan Verenka yoki Katenka graf qarshisida paydo boʻlib, etagini aylantiradi, koʻzini suzadi – mana janobi oliyalari… Sen hozir gubernya kotibi… Bu martabangni, aytish mumkinki, qon yutib qoʻlga kiritgansan; sening Marya Fominishnang-chi? U nima uchun gubernya kotibasi? Popning qiziligi uchun osongina amaldorning xotini ham boʻlib oldi. Ajoyib xotin! Sen unga ishimizni ber, u sening oʻrningda keldi-ketdi xatlarini yozib oʻtiradi.

– Ammo tushkun holatdagilarga xushkayfiyat bagʻishlaydi, – gap qistirdi Svistkov.

– Bagʻoyat muhimlik! Ular amaldorlar qarshisida qovogʻi uyilganga oʻxshab turishadi, biroq bu bilan oʻzlarining dilni yayratguvchi oromijonliklarini koʻz-koʻz qilishadi. Turgan-bitgani qulaylik. Bizning doiradan birorta qiz yoki xonim generalga ham bemalol bidir-bidir gapira oladi, sen esa amaldor oldida nimanidir aytishga jurʼat ham qilolmaysan… Ha… Sening Marya Fominishnang tortinmasdan biror amaldorning qoʻltigʻidan olgancha u bilan bemalol sayr qiladi, sen ham ana shunday amaldorning qoʻltigʻidan tutib koʻr-chi! Qani, ol, urinib koʻr! Bizning uyimizda, ostki qavatimizda qanaqadir professor xotini bilan yashaydi… General, tushunyapsanmi, lekin Anna birinchi oʻrinda turadi. Shuning uchun har doim xotinining jerkinganini eshitasan: “Ahmoq! Ahmoq! Ahmoq!” Axir, u oddiy qishloq ayoli-ku, meshchanlardan, lekin bunda har holda qonuniylik bor va shunday boʻlishi kerak ham… Azaldan shunaqa, haq-huquqlari uchun talashib-tortishishadi, ammo sen noqonuniy tarafini olib koʻr.

Bir hodisa umrbod esimdan chiqmaydi. Oʻlishimga ozgina qolgandi, shunda bilsam, ota-onamning duolari tufayli omon qolgan ekanman. Bilasanmi, oʻtgan yili bizning general taʼtilda yozuv-chizuvlari uchun qishlogʻiga meni ham oʻzi bilan birga olib ketdi. Bir soat ishlab, qolgan vaqtda bekorchi ishlar bilan band boʻlardik. U ishlarini bitirib, aylangani oʻrmonga joʻnardi yoki xizmatkorlar romanslarini tinglardi. Generalimiz soʻqqabosh. Uy toʻla noz-neʼmat, xotinlar esa yoʻq, xizmatkorlarni hech kim boshqarmaganidan xuddi itdek pala-partish yashashadi. Xullas, odamlarning bari tartibsiz, gapga kirmaydigan… va faqat oqsoch Vera Nikitishna hammamizga soʻzini oʻtkazadi. Uning oʻzi choy quyadi, tushlik buyurtiradi, xizmatkorlarga oʻshqiradi. Eh doʻstim, bu yoqimsiz ayol judayam zahar, shaytonning oʻzginasi. Semizligidan doim qizarib yuradi. Kimgadir qichqira boshlasa, shunaqa chiyillaydiki, Xudo asrasin bunday beoʻxshov chinqiriqdan. Xullas, baqir-chaqirlaru, haqoratlar jonga tegib ketdi. Vo, ajab! Uning yaqinida yashashga hech kim toqat qilolmasdi. Nafaqat xizmatkorlarning, balki mening ham jigʻimga tegardi bu makkor. Shunda: “Shoshmay tur, qulay fursat topib, sen toʻgʻringda barisini generalga aytib beraman. U xizmat bilan band boʻlib, koʻziga choʻp solib yurganingni va odamlarni bezdirayotganingni koʻrmaydi-da, qarab tur, men uning koʻzini ochib qoʻyaman”, – deb oʻylardim. Ochildi ham, birodar, koʻzlar shunaqa ochildiki, nazarimda oʻzimning koʻzim umrbod yumilmaydigan boʻldi. Eslasam, hatto hozir ham etim junjikadi.

Bir kuni men koridordan borayotib, toʻsatdan chinqiriq ovozini eshitib qoldim. Avvaliga choʻchqani soʻyishyapti, deb oʻyladim, keyin esa diqqat bilan quloq solsam, Vera Nikitishna kim bilandir janjallashardi:

– Hayvon! Naqadar yaramassan! Ablah!

– Kimni qargʻayapti? – deya hayron boʻldim.

– Eh oshnam, ittifoqo koʻrib qoldim: eshik ochilib ketdi va undan bizning general uchib chiqdi. Qip-qizargan, koʻzlari chaqchaygan, sochlari toʻzgʻigan bir holatda. Ayol esa uning orqasidan ham soʻkinardi: “Yaramas! Iblis!”

– Valdirayver! – derdi dargʻazab general.

Rosti, men qizishib ketdim. Bizning general esa oʻz xonasiga yugurib ketdi, men esa goʻyo hech nimani tushunmagan ahmoqdek koridorda turaverdim. Kaltafahm, omi, tagipast bir ayol birdaniga bunaqangi haqoratomuz soʻzlar bilan muomala qilishga jurʼat etdi-ya! Oʻylashimcha, demak, general u bilan hisob-kitob qilmoqchi boʻlgan, u esa guvohlar yoʻqligidan foydalanib, butun zahrini generalga sochyapti. Yoʻ-oʻq, buni shunday qoldirib boʻlmaydi, yoʻqotish kerak bu alvastini. Qonim qaynab ketdi… Uning xonasiga bordimda, dedim: “Sen, yaramas, qanday qilib amaldor odamga qoʻrqmasdan shunaqa soʻzlarni gapirding? Nima, uni himoyasiz zaif chol, deb oʻylayapsanmi?” Oʻzim himoyaga oʻtdim, bilasanmi, nima qildim, uning yogʻ bosgan yuziga ikki marta tarsaki tushirdim. Ana shunda koʻrsang edi uning qanchalar koʻtarilib ketganini, shunaqa chinqirib baqira boshladiki, oʻzi asrasin bunday ofatdan! Umuman yaxshi ish boʻlmadi.

Qulogʻimni bekitdim-da, oʻrmonga joʻnadim. Taxminan ikki soatlardan soʻng qarshimga bir bola yugurib keldi: “Xoʻjayinning oldiga marhamat qiling”. Bordim. Kirdim. Kurkaga oʻxshab tumshayib oʻtirardi, qaramadi ham.

– Bu, mening uyimda siz nima oʻrnatmoqchisiz oʻzi?

– Yaʼni, qanaqa? Mabodo, siz Nikitishna toʻgʻrisida gapirayotgan boʻlsangiz, men sizning yoningizni oldim-ku.

– Bu sizning ishingiz emas, birovning oilaviy ishlariga aralashyapsan! Tushunasanmi?! Oilaviy!

Eh, birodar, u taʼzirimni bera boshlaganda shunaqa qizishib ketdiki, oʻlishimga ozgina qoldi. Gapirib-gapirib, toʻngʻillab-toʻngʻillab, birdaniga tomdan tarasha tushgandek kulib yubordi. “Bunaqa gapirishni qanday epladingiz? Buncha jurʼatni qayerdan oldingiz? Taajjub! Lekin bularning bari, doʻstim, oramizda qolishi kerak… Sizning qiziqqonligingizni tushunaman, biroq xoʻp desangiz, sizning bundan keyin mening uyimda qolishingiz nojoiz…”

Mana, oshna! Qanday qilib oʻsha gerdaygan “tovus”ni kaltaklaganim, unga hatto ajablanarli. Ha, shallaqi xotin es-hushini olib qoʻygan. Oq Burgutning maxfiy maslahatchisi boʻla turib, oddiy bir ayolning taʼsiriga tushib qolganini rahbariyatning oʻzi ham bilmaydi-da… Ha, ayollarning kattadan katta qulayliklari! Ammo… sen yaxshisi, shapkani yech! Generalni olib ketishyapti… Eh, qanchadan-qancha ordenlar, otaxonlar dunyosi! Xoʻsh, qani, Xudo haqqi, xonimlarni oldinga oʻtkazib yuborishdi, chindanam, ular ordenlarda biror narsa borligini tushunishadimi oʻzi?

Musiqa chalina boshladi.

 

Anton CHEXOV

 

Rus tilidan

Shahzoda HAKIMOVA

tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2010 yil, 11-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/ayollik-baxti/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x