Alberto Moravia adabiy taxallusi bilan zamonaviy italyan adabiyotida nom qozongan yozuvchi Alberto Pinkerle 1907 yilning 28 noyabrida Rimda tavallud topdi. Uning 1929 yil yozgan “Ishtiyoqsiz” asari oradan bir necha yil oʻtib adibga shuhrat keltirdi. Moravia asarlarida zamonaviy shahar – sevimli joylar tasviri beqaror tabiatli, hayotini instinktlar: shahvoniy nafs, ochkoʻzlik, izzattalablik boshqaradigan shaharliklar tipidagi personajlar yordamida tasvirlanadi.
Moravia ijodining xarakterli jihati, muxbirlikka xos sodda uslub va mahzun kinoyadadir. Bu yoʻlda adib hayotning turli jabhalariga, personajlarning ruhiyatida, kayfiyatida yuz berayotgan turlanishlarga yondashuvini muttasil oʻzgartirib turadi.
Uning asarlari jahonning koʻplab tillariga tarjima qilingan. Oʻzbek kitobxonlari orasida esa “Rimlik ayol” (1947) va “Nafrat” (1954) romanlari mashhur.
Moravianing hikoyalari ham roman va qissalaridan kam ahamiyatga ega emas. Uning “Rim hikoyalari” (1954) va “Yangi Rim hikoyalari” (1959) toʻplamida Rim hayoti ixcham tasvirlarda oʻz ifodasini topgan.
Yozuvchi 1990 yil 26 sentyabrda Rimda vafot etdi.
https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/alberto-moravia-1907-1990/