Badiiy ijodning goʻzal namunalari muayyan bir munosabat bilan tugʻiladi. Xususan, shoirlar joʻshqin his-tuygʻularini tasavvurida, badiiy tafakkuri maydonida, koʻzi oʻngida paydo boʻlgan shaxslarga qarata bayon etganda oʻziga xos badiiy obrazlar yaratadilar. Taniqli shoir Usmon Azim ijodi nazardan oʻtkazilganda uning ijodi-da turli shaxslarga bagʻishlab yozilgan sheʼrlar turkumi koʻzga tashlanadi.
Odatda bagʻishlov sheʼrlarning oʻziga xos qirralari sarlavhadan yoki sarlavha bilan sheʼriy matn oraligʻida kelgan aniqlovchi tagsarlavhadan maʼlum boʻladi. Usmon Azim bir sheʼriga “Boysun haqida gʻamgin ballada yoki qaytmaydigan xotiralar haqida sheʼr” degan sarlavha qoʻygandan soʻng “Shukur akaga” aniqlovchi yozuvini bitgan. Sheʼrning umummatnida yurt sogʻinchi, tugʻilgan goʻsha bilan gʻururlanish hislari mujassam. Odatda Boysun deganda koʻpincha ulkan adib Shukur Xolmirzayev va uning koʻplab asarlarida aks etgan tabiat manzaralari koʻz oldimizda namoyon boʻladi. Qiziq, nega shoir tugʻilgan yurt toʻgʻrisidagi sheʼrini “gʻamgin ballada” deb atadi. Boysunni eslashining nimasi gʻamgin? Yoxud “qaytmaydigan xotiralar haqida sheʼr” degan ilovani qanday tushunish mumkin? Demak, bu sheʼr mohiyatida armon ham mujassamdir. Sheʼrda shoir diologik-poetik nutqdan unumli foydalangan.
Bu moʻjaz asar avvalida oʻz dilbandini shaharga kuzatayotgan Ona yoki Vatanning oʻtinchi bayon etiladi: “Bolam, singib ketma shaharga, Yurak bilan koʻksing bezadim, Eslab turgin olis safarda”. Bunda sen agar chin inson boʻladigan boʻlsang, ona Vatanni, Onani unutma, chunki bu yurt sening koʻksingga Yurakni joylab qoʻydi. Endi lirik qahramon oʻz yurtining ertaklarda boʻladigan goʻzal, afsonaviy va ajoyib bir yurt ekanini “Bor ekan-da, yoʻq ekan” tarzidagi xalq ogʻzaki ijodiga xos boshlama bilan xotirlaydi. “Boysunday joy bu olamda yoʻq”. Lirik qahramonning oʻz Boysuni xususidagi bolalik xotiralari ana shunday teran va tengsiz. Ammo uning doʻstu yoronlari oʻz yurtini maqtayotgan lirik qahramon ustidan kulib, uni devonaga chiqaradi, bunday yurt sening tushlaringda boʻlsa kerak, degan taʼnalar qilishadi. Lirik qahramon esa, tinimsiz, har qadamda, har onda kuylaydi: “Boysun! Boysun! Boysunjon…”. Uning adoqsiz kuyi shunday. Bu cheksizlikni uch nuqtalar bilan ifodalaydi shoir. Doʻstu yoronlar nihoyat oʻsha Boysunni bir koʻraylik, degan taklifni aytishadi.
“ – Qani ketdik!
Shahri shovqinzor
Boshingizni qoʻymish gangitib.
Hali koʻrasizlar, Boysun bor!-
Peshvoz chiqar mehr anqitib”.
Lirik qahramonning tasavvuridagi yurt – nihoyatda goʻzal. Bu yurt “shahri shovqinzor”dan farqli. Eʼtibor berilsa, “ – zor” qoʻshimchasi bilan, odatda, “gulzor”, “daraxtzor”, “paxtazor” kabi bevosita tabiat hodisalari bilan bogʻliq otlar yasaladi. “Shovqinzor” – bu yangi soʻz yasalishi. Shahar shovqinli maydon, degani. Shaharning shovqin-suronlarini ortiqcha sifatlashlar qoʻllamasdan birgina “-zor” soʻz yasovchi qoʻshimcha vositasida ifoda etadi shoir. Demak, tasavvurdagi Boysun shovqinli shahardan farqli joy. Ustiga ustak “Peshvoz chiqar mehr anqitib!” Shoirning bu misrasida ham oʻziga xos jonlantirish mavjud. “Peshvoz chiqish” – ajib bir jonlantirish, “mehr anqitish” – bunda ham metaforik xususiyat sezilib turibdi.
Nihoyat lirik qahramon oʻz doʻstu yoronlari bilan Boysunni izlab yoʻlga chiqadi. U oʻz tugʻilgan yeriga yetib kelganidan shodlanadi. Bu sheʼr voqeiylik, syujetlilik asosiga qurilgan. Shu bois qahramon kechinmalarini bayon etish, unga ergashish mumkin. Oʻz yaqinlarini ergashtirib lirik qahramon ona yurtiga yetib keladi. Doʻstlari uni tabriklay boshlaydi. Shunda mutlaqo kutilmagan bir hol sodir boʻladi. “Men turibman beun, bagʻrim xun” – shoirning eʼtirofi shunday. Chunki, “Ogʻaynilar, qayerga keldik. Ketib qopti Boysundan Boysun…”. Boysun avvalgi holatida emas, uning nimalaridir oʻzgargan. Shu bois lirik qahramon jim turishga, labini tishlab sukut saqlashga majbur.
“Men Boysunni izlayman hamon,
Baʼzan pinhon yigʻlayman sheʼrga,
Qayerlarga ketding, Boysunjon,
Bizning Boysun qani, qayerda?”
Shoir sheʼrini ana shunday ulkan bir iztirobli savol bilan yakunlaydi. Sheʼrning umummatnidagi voqelikni shu tarzda tahlil qilish oʻzini toʻla oqlaydi. Bunda Vatan xususida qaygʻurish, oʻzlik ustida bosh qotirish va shunga yaqin ohanglar sezilib turadi. Shoir nega bu sheʼrni “Shukur akaga” bagʻishladi? Shukur Xolmirzayevning ushbu hodisaga oʻxshash biror gapni Usmon Azimga soʻzlab bergani toʻgʻrisida aniq maʼlumot yoʻq. Ammo bir narsani anglash mumkinki, yozuvchi Shukur aka yurtparvar, vatanparvar ijodkor sifatida Boysunning togʻu toshlarini, darayu dalalarini oʻz hikoyalarida koʻp bora realistik tasvirlaydi. Bu hol bevosita shoir Usmon Azimning oʻzi bilan yuz bergan boʻlishi ham mumkin. Chunki u ham Boysun farzandi. Koʻngil dardlari bir-biriga yaqin ikki ijodkor ana shu sheʼr vositasida pinhoniy bir muloqotga kirishgan, dardlashgan boʻlishi tabiiydir.
Odatda bagʻishlov sheʼrlar qaysidir qirrasi bilan asarning umummatniga ham, bagʻishlangan shaxsga ham aloqador boʻladi. Yuqoridagi sheʼrda bagʻishlanmish shaxs – “Shukur aka” asar matnidagi voqeiy hislarga ham, shoirning oʻziga ham Boysun, agar buning koʻlamini kengaytirsak, Vatan degan ulkan bir tushuncha vositasida bogʻlanadi.
Darvoqe, Usmon Azimning bunday toifa sheʼrlari bitta emas. Shoir “Dasht haqida ballada” nomli yana bir sheʼriga “Erkin Aʼzamovga bagʻishladim” deb yozib qoʻygan. Oʻn uch banddan tarkib topgan bu sheʼrda dasht obrazi jonlantiriladi. Dasht – begʻuborlik, kenglik, ulugʻvorlik ramzi. Yurtidan chiqqan lirik qahramon ortidan Boysunning dashti ergashadi. Dasht va Lirik qahramon ruhan yaqin boʻlgan ikki obraz. Shoir tasviricha ularni alohida-alohida tasvirlab, ularni bir-biridan ajratib boʻlmaydi. Dasht oʻz farzandini ardoqlaydi, sevadi. Farzand Dasht quchogʻida tugʻilgan, tetapoya boʻlgan, oʻsgan. Endi esa Uni tashlab ketmoqchi.
“Meni ishonmadi ufqlarga u,
Dosh berib tezlikning shamollariga
Ortimdan yugurdi, yugurdi yohu,
Qoqilib temir yoʻl shpallariga”.
Shoir “shamollar” bilan “shpallar”ni qofiyalaydi. Bir tomondan “aybgʻinasi bor” qofiyaning. Ikkinchi tomondan birovning xayoliga kelmaydigan, faqatgina shoir nigohi topa oladigan original topilma sifatida izohlash lozim bu poetik hodisani.
Agar Dashtning Lirik qahramonga ergashuv jarayoni tafsilotlariga berilsak, u ancha uzun hodisa: Vagonga birga chiqadi. Tepa qavatdan “biletsiz yoʻlovchi”ga oʻxshab joylashib oladi. Nihoyatda hayotiy, tabiiy va koʻpchilik yoʻlovchilar oʻz hayotida boshidan kechirgan bir manzara. Shoir oʻsha manzarani Dashtga ravo koʻradi. Shahar koʻchalarida sarson kezadi, ijaraxonalarda birga yuradi. Bu Dasht obrazini Lirik qahramon ichkarisida kezib yurgan psixologik holat tarzida baholash oʻrinli boʻladi. Bir misrasida shoir “joylab dilimga uni”, deydi. Boshqa bir satrida “Dashtimni quchoqlab beun yigʻladim”, deb yozadi. Dasht va Lirik qahramon bir-biridan goh tashqari chiqadi, baʼzan ruhan birlashadi. Bu ikki obraz orqali shoir inson tabiatidagi individual bir xususiyatni – kenglikni tasvirlamoqchi boʻladi.
Sheʼr yarmidan keyin kontrast tasvir boshlanadi. Dasht va Lirik qahramon orasida ulkan bir “AMMO” – jarlik paydo boʻladi. Yillar ularni ajratgan, begonasiratgan. Lirik qahramon yoniga endi Dasht sigʻmaydi. Lirik qahramon uni Boysunga haydaydi.
“ – Bor, Boysunga bor!
Shaharga yarashmas sahroyi soʻxtang.
Borsang – shamol tayyor, yomgʻir ham tayyor,
Togʻlar orasida yashaysan koʻrkam”.
Dasht esa ajaralishni istamaydi. Shunda Dashtga nasihatlar qiladi, hatto bahor chogʻlarida uni aldab, Boysunga tashlab kelishga urinadi. Ammo Dasht uning ortidan “halloslab, shoshib” yuguradi. Dasht uchun endi uyda joy yoʻq. Dasht begona, dasht endi oxir-oqibat “Vokzal maydonida” yolgʻiz kezadi. Sheʼr ana shunday etni suyakdan ajaratgandek mahzun bir kayfiyat bilan yakun topadi.
Shukur Xolmirzayevga bagʻishlangan sheʼrda ham, Erkin Aʼzamga bagʻishlangan ballada ham Lirik qahramon bilan voqelik, tasvirlanayotgan obraz orasida psixologik konflikt mavjud. Zotan inson hayoti ziddiyatlarga toʻla. Qolaversa, ijodkor bu hayot toʻqnashuvlari, qarama-qarshiliklari ustida oʻylamasligi, mushohada yuritmasligi, bu ziddiyatlarni asarlarida tasvirlamasligi mumkin emas.
Boysun – Surxon – Oʻzbekiston. Usmon Azimning Vatan tasviriga doir sheʼrlarida turli yoʻsinda qoʻllanadigan tushunchalardir. Demak, Usmon Azim bagʻishlov sheʼrlarida ham ona Vatanga boʻlgan muhabbatini, har bir insonga xos yurt sogʻinchi tuygʻularini, odam farzandi tabiatida uchraydigan noyob holatlarni yuksak poetik obrazlarda ifoda etadi. Tabiiyki, bu his-tuygʻular oʻquvchi qalbiga koʻchib oʻtadi; qalbni, ruhiyatni yuksaltiradi.
Komil Ahmedov,
OʻzMU tadqiqotchisi
“Yoshlik”, 2011 yil, 4-son
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/bagishlov-asarlar-mohiyati/