Ibrat fenomeni yoxud oʻzbekning dovrugʻini taratayotganlar

Mavlono Jaloliddin Rumiyda bir gap bor:

 

Xasta xulqing oʻzgalarni har safar,

Xastahol aylar, vale bilmassan.

 

Yaʼnikim biz boshqalarga “odam boʻl, zoʻr boʻl!” deb nasihat qilamiz-u, aslida oʻzimizdagi maʼnaviy noqisliklar ularga taʼsir oʻtkazadi, biz buni bilmaymiz. Shu noqisliklar boʻlmasa edi, biz ularga koʻproq maʼnaviy ibrat boʻlar edik.

Olisdagi dasht qishloq. Jazirama issiqda bir odam ketmonda tuproq yumshatib loy qoryapti. Boshini oq belbogʻ bilan tangʻib olgan. Atrofda qurimagan oʻt-xashak yoʻq. Faqat yakkam-dukkam yantoqlargina garmsel shabadada gul toʻkishdan choʻchigandek yengil tebranib qoʻyadi, xolos. Hovli atrofida toʻrtta suvga chidamli gʻujum daraxti ataylab qoʻldan yasalgan kabi dum-dumaloq doʻppidek oʻsgan. Loy qorayotgan kishi bosib-bosib quduq suvidan simiradi, bir oz hordiq chiqarib oʻtiradi. U endi yarim qop mayda somonni loy ustiga sochib aralashtirish uchun ketmon koʻtargan ham ediki, kimdir orqa tomondan kelib tovush berdi. Qarasa, bir shorti kiygan, oyoqda keda, peshayvoni uzun kepkali sap-sariq odam hayratlanib bunga qarab turibdi.

– Hormang, doʻstim, – dedi begona sof fransuz tilida. Aftidan u bu soʻzni ikkinchi bor takrorlayotgan edi.

– Bor boʻling, misse, – dedi bu ham toza fransuz tilida. – Qoyil, qanday shamollar uchirdi?

Fransuz gʻujum soyasi tomon oʻtdi. Sariq koʻzoynagini oldi, kepkasini ham yechdi. Dasht qishloqdagi batrakka oʻxshagan bu odam Parij tilini qayerdan oʻrgangan boʻlishi mumkinligi uning oʻtakasini yorar darajada hayratini oshirib yuborgandi.

Bir bola shu topda somonli loy ustiga ikki chelak quduq suvidan quydi. Soʻng yangi paydo boʻlgan mehmon tomonga qarab qoldi.

– Sa va? – dedi mehmon.

“Ishlar qalay?” degani bu.

– Juda zoʻr-da! – dedi bola uning tilida.

Albatta, ajablanishi tobora ortayotgan xorijlik mehmon bu chekka bir qishloqda oʻz tilini qanday oʻrganganliklari bilan qiziqa boshladi.

– Fransuz tilini bizning qishloqda hamma biladi, – dedi loychi. – Sababi maktabda fransuz tili oʻtiladi.

Soʻng qoʻshib qoʻydi:

– Boshqa tillarni ham bilamiz.

Loychi lof qilgan edi – boshqa tilni bilmasdi. Ehtimol fransuz ham boshqa tilni bilmagan chiqar, biroq oʻzi oʻylaganchalik, koʻrib turganidek “qoloq, ibtidoiy sifat” makondagi odamlarning til bilishi taajjubiga taajjub qoʻshar edi.

Keyinchalik bu odam hozir koʻrib turgan Qoʻshrabotning Mayintepa qishlogʻi bilan doʻstlashib qoldi. Fransiyaga borganida Oʻzbekistonga bagʻishlab chop etgan izohli albom kitobiga mayintepaliklarning koʻplab fotosuratlarini ham bosib chiqardi. Bu fransiyalik tadbirkor va noshir Didiye Labush edi. U mazkur qishloqlik yosh tarjimon yigit Jononbek Sanaqulov bilan qadrdonlashib qolgach, 1997 yilda Mayintepaga kelgan edi. Oʻshanda Jononbek atay hazil uchun uni qishloq oralab erkin yurishiga qoʻyib bergan edi. Dashtdagi oddiy odamlar ham til bilishiga u guvoh boʻldi va yurtiga qaytgach bu haqda Brest shahrida chiqadigan “Lecho” va “Le telegramme” gazetalariga yozdi. Keyinchalik qiziqishi ortib “Uzbekistan” degan albom-kitob ham nashr etdi. Qishloq maktabida 31 nafar oʻqitilayotgan maxsus fransuz tili sinfi oʻquvchilari bilan yaqindan tanishib oldi. Tili va davlatiga eʼtibor uni ilhomlantirdi va yurtiga qaytgach “Salaun holidays” firmasi prezidenti Michel Salaunga taassurotlarini soʻzlab berdi. Uning homiyligida mazkur maktab bolalari uchun darslik kitoblar va sovgʻa tariqasida sport kiyimlari joʻnatdi. Bordi-keldi shu bilan davom etdi. Labush mayintepaliklarni yaxshi koʻrib qoldi. Bir gal Jononbekning taklifi bilan uning oʻgʻlining sunnat toʻyida ishtirok etdi. Qishloq odamlari bilan charchaguncha oʻyinga tushdi. Odamlar ham mehmonning samimiyligidan mehrlari iydi.

Labush Jononbekning ustozi, shoir Murodxon Niyozxonov bilan ham doʻst edi. Shoir ham fransuz tili mutaxassisi. Labush va Murodxon Niyozxonov ilgari qoʻl urilmagan ish – hazrat Navoiyning gʻazallarini fransuz tiliga oʻgirib kitob qilib chiqarish harakatiga tushib qolishdi. Nihoyat bundan uch yil burun Brest shahrida hazratning 31 gʻazalini jamlagan “Gazels” kitobi fransuz tilida nashr qilindi. Oʻsha yili 9 fevral – Navoiyning tavallud kunida shoir nomidagi bogʻda mazkur kitobning ham oʻziga xos taqdimoti boʻldi. Tarjimon ulugʻ shoirning gʻazallaridan fransuz tilida oʻqib berdi. Turli mamlakatlarning elchilari ham ishtirok etgan bu anjuman gʻoyat maroqli oʻtdi.

Labush Oʻzbekiston hududidagi tarixiy ziyoratgoh va qadamjolar, milliy anʼana va urf-odatlar bilan chinakamiga qiziqib qoldi. Shuning samarasi oʻlaroq Jononbek Sanaqulov bilan hamkorlikda 50 daqiqalik hujjatli-slaydli kino suratga olindi. Fransiyaning 40 ga yaqin, Belgiyaning 4 ta shaharlarida ilmiy konferensiyalar oʻtkazildi. Oʻzbekistonning Parijdagi elchixonasida boshqa davlatlarning elchi va diplomatik korpusi vakillari hamda senatorlar ishtirokida Oʻzbekistondagi qadimiy anʼanalar, xususan Navroʻz umumxalq bayramining qanday nishonlanishi haqida brifing boʻldi. Unda J. Sanaqulov Samarqandda nishonlanadigan Navroʻzning oʻziga xosliklari haqida soʻzladi.

Oʻzbekiston davlatining chet mamlakatdagi targʻiboti uchun bu juda katta gap. Bundan tashqari tagʻin Didiye Labush va Murodxon Niyozxonovlar hamkorligida eng mashhur oʻzbek maqollaridan tashkil topgan yana bir kitob Brest shahrida chop etildi. Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlari tarixiy yodgorliklarini aks ettiruvchi bukletlar, Labushning “Oʻzbekiston” albom-izohli kitobi, konferensiyalar, elchixona bilan birgalikda oʻtkazilayotgan brifinglar, Navoiy gʻazallarining, oʻzbek xalq maqollarining kitob holida nashr etilishi, hujjatli-slayd film Fransiyaning deyarli hamma shaharlarida namoyish etilishi fransuz xalqini Oʻzbekiston tarixi hamda hozirgi oʻzbeklarning taraqqiyot yoʻlidagi dadil qadamlar bilan borayotgani bilan tanishtirar edi. Fransiyaday rivojlangan mamlakat xalqi oʻzbeklarga, Oʻzbekistonga qiziqib qoldi. Yurtimizga koʻp marta sayyohlik safari bilan kelgan D. Labush 800 ming nusxada chop etiladigan “La telegramme” gazetasida shunday deb yozadi. “Fransiya dunyoning eng tinch davlatlaridan biridir. Lekin Oʻzbekiston Fransiyadan ham tinch, aholisi xotirjam hayot kechirayotgan, dadil rivojlanayotgan mamlakat. Moʻjizalar yaratishga qodir oʻzbeklarning boy maʼnaviy hayotini bilish uchun albatta u yerga borish zarur”.

Biz mamlakatimiz mustaqqilligining shonli 20 yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʻrayotgan shu kunlarda Fransiyaning Makon (Lionning yonida) shahridan bundan 10 oy muqaddam velosipedda yoʻlga chiqqan 31 yoshli Vinsent Bernard avval Buxoro, soʻng Samarqand shahriga keladi. Hindistonning Nepal shahrini koʻzlab yoʻlga chiqqan sayyoh Samarqandda ancha kunlar qolib ketadi. Ota-onasiga qoʻngʻiroq qilib “Oʻzbekistonga kelinglar, men dunyoda bunday mehmondoʻst, iliq munosabatli odamlarni koʻrganim yoʻq”, deydi. Otasi Jon va onasi Mariya Bernardlar ham Samarqandga uchib kelishadi. Oʻgʻillari bilan koʻrishib, ular ham bir necha kun qolib ketishadi. Bundan xabar topgan tarjimon ukamiz Jononbek bizga telefon qilib qoldi. 18 ming kilometrni velosipedda bosib kelgan bir fransuz yigiti Samarqanddan odamning ketgisi kelmaydi, bunday maftunkor yurt boshqa joyda uchramaydi deyapti, balki uchrashib gaplasharsizlar dedi. Qizigʻi shundaki, Vinsent Samarqanddan Toshkentgacha ham velosipedda kelibdi. Samolyot, poyezd, mashinaga qoʻl siltagan, oʻzining velosipedidan boshqa transportni tan olmaydi.

Tutilib-tutilib gapirayotgan bu yigitning soʻzlarini Jononbek oʻzbekchaga oʻgiryapti. Hayron boʻlib tarjimonga qarayman. U kulib qoʻydi va izohlay ketdi:

– Ha, darvoqe, Vinsent nogiron yigit. Ikki marta oʻlimdan qutulib qolgan. Mutaxassisligi boʻyicha muhandis. Yoshligida alpinizm sportiga qiziqqan. Mashgʻulot paytida Alp togʻining 80 metrlik choʻqqisidan qulab tushgan. Bir oy koma holatida yotgan. Uzoq davolanib oyoqqa turgan. 2008 yilda esa yana bir falokat roʻy berib velosipedda toshga tegib uchib boshi bilan betonga urilgan. Yana ancha muddat davolanishga toʻgʻri kelgan. Nogiron odamning ish topishi oson emas. U butun kuch va irodasini ishga solib Yevropa va Osiyo davlatlarini velosipedda kezib chiqishga ahd qilgan. Bundan birinchi maqsadi-oʻzini tinimsiz chiniqtirib sogʻligini mustahkamlab olish, ikkinchidan oʻzi borgan yurtlarda nogironlar bilan uchrashib, ularning ham qoʻlidan koʻp ishlar kelishini isbotlash, uchinchi maqsadi esa xalqlarning madaniy hayoti bilan yaqindan tanishish.

Vinsentning otasi uzumchilik bilan shugʻullanar ekan.

Barcha chet elliklar “biz avvaldan Oʻzbekiston haqida tasavvurga emas edik”, deb gap boshlashadi. Qizigʻi, bu odamlar har qalay Oʻzbekistonni avval tasavvur qilishgan ekan. Hatto tarixda sohibqiron Amir Temurning XIV asrda Fransiya qiroli Karl VI bilan hamkorlik toʻgʻrisidagi yozishmalarini ham oʻqigan, Oʻzbekistonning mustahkam iqtisodiy taraqqiyot yoʻlidan ketayotganiyu maʼnaviy dunyosidan, tarixiy yodgorliklaridan ham xabardor ekan.

– Shuncha masofani velosipedda bosib oʻtish oson emas, – deydi Jon Bernard. – Nogiron, yolgʻiz, har turli choʻlu oʻrmonlardan oʻtadi, biz xavotir olamiz. Turkmaniston choʻllaridan oʻtayotganda ancha qiynalganini bildik. Lekin intilganni Olloh ham qoʻllar ekan. Turkiyada bir muddat velosipediga ehtiyot qism topolmay iztirob chekkanini eshitganmiz, biroq oʻzi epladi, biz bormadik. Lekin Oʻzbekistonga kirgach butunlay boshqa dunyoga oʻtib qolganday sezibdi oʻzini. Bizga qoʻngʻiroq qilib kelinglar, koʻringlar bu yurtni deb turib oldi, ishlarimizni tashlab, mana, er-xotin toʻrt kundan beri yuribmiz. Buxoro, Samarqand, Toshkent afsonaviy shaharlar ekan, qoyil boʻldik.

– Bilasizmi, menga nima yoqib qoldi, – deb qoʻshildi Vinsent. – Turkmanistondan Oʻzbekistonga oʻtib Buxoroning Qorakoʻl tumaniga qarashli chekka bir qishloqqa qosh qorayganda kirib keldim. Ular mening tilimni tushunishmaydi, biroq musofir ekanimni bilib aziz mehmonday eʼzozlashdi. Hamma joyda ham ovqat, tunab qolishim uchun yotoq berishadi. Lekin bu yerda otaning oilaga, oiladagilarning kattalarga hurmati, mehri boshqacha ekan. Ularning xatti-harakatlaridan, nozik munosabatlaridan shundoq koʻrinib turibdi. Oʻzbek tilini oʻrganmaganimdan afsuslandim. Bunaqa beminnat odamlarni dunyoda topish qiyin. Oʻzbeklar bilan garchi tarjimon orqali muloqot qilayotgan bulsam-da, ulardagi koʻngil pokizaligi, lafzi halolligi, samimiyati soʻzlaridan, yuz-koʻzlaridan bilinib turadi. Globallashayotgan dunyo odamlarni mehrsiz qilib qoʻyayapti, deb oʻylarkanman. Oʻzbeklar boshqacha ekan. Shuning uchun ota-onamni bu yoqqa chaqirdim. Mana, beminnat yigitlar hamkorligida qancha joylarni tomosha qilib yuribmiz, yaxshi insonlar bilan suhbatlashyapmiz. Yurtimga qaytganda albatta bular toʻgʻrisida kitob yozsam kerak.

Vinsent nafaqat gapirishga, balki yurishga ham anchayin qiynalar, tebrangannamo zoʻriqib qadam tashlar, boshi ham tik turmas, u yoq-bu yoqqa ogʻar, shu barobar koʻzlari ham tik boqmas, odamda beixtiyor achinish hissini uygʻotardi. Shu bois qariyb 18 ming kilometr masofani sogʻlom odam transportda bosib oʻtishiga ham jurʼat qilolmaydi-yu, bu boʻlsa… degan xayolga borasan. Irodasi mustahkam odamga qoyil qolish kerak. Balki ibrat ham olish kerakdir. Vinsent yoʻlga chiqqan Atlantika okeani qirgʻogʻida joylashgan bir shaharga qarab, sizu biz – sogʻlom odamlar velosipedda yoʻlga chiqib, – boshqa azoblarni qoʻyaturing, – bir necha oylar mobaynida pedal bosib, olgʻa yuraverishni tasavvur qilib koʻring-chi!..

Abdulla akaning bir sheʼrida ikki yoʻlovchi uchrashib suhbatlashishadi. Bir-biriga begona. Ammo bir-birlarini yoqtirib qoladi. Vaziyat taqozosiga koʻra ikkovlon ikki yoqqa ketishi kerak. Ketishadi. “Balki boshqa uchrashmaslar ham”, deydi shoir. Axir hayot shunday-ku – keyin uchrashmasliging ham mumkin-da. Har qalay shaxsan men bugun-erta Fransiyani koʻraman deb sogʻinib turgan joyim yoʻq. Bormasam birov oʻpkalamasa ham kerak.

Keyin bu maqolani yozayotganimda baʼzi muhim savollar tugʻilgani uchun tarjimon yigit Jononbek ukamga telefon qildim. U Vinsent velosipedini mingan koʻyi Fargʻona vodiysiga joʻnaganini, ota-onasi esa oʻsha kuni Toshkentdan Parijga uchib ketganini aytdi.

– Boshqa koʻrishmaysizmi? – deb soʻradim.

– Koʻrishmasligim ham mumkin.

– Vinsentdan soʻrash esimga kelmabdi: butun umr velosiped minib sayohat qilib yuravermaydi-ku, oxiri Fransiyaga borib nima ish qilmoqchi?

– Ha, buni menga aytdi: vinochilik zavodi qurib nogironlarni ishga olib ishlatmoqchi.

– Shumi, boʻldimi?

– E, aka, zavod qurishning oʻzi boʻladimi?

– Endi… aytaman-da.

– Ha, aytmoqchi, Oʻzbekiston haqida kitob yozadi.

– Bu boshqa gap. Boʻladigan ishni qilgan yaxshi-da, toʻgʻrimi?

– Toʻgʻri, – deb kuldi Jononbek. Soʻng goʻyo gapni endi tushunib yetgandek tagʻin qarsillab kulib yubordi…

 

Sobir Oʻnar

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 6-son

https://saviya.uz/hayot/nigoh/ibrat-fenomeni-yoxud-ozbekning-dovrugini-taratayotganlar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x