Saylovboy Jumagʻulov
Yozuvchilik ham koʻngilga tegib ketarkan. Mana shu kasbga kirishganimga ham yigirma besh yil boʻlibdi. Ammo hech narsa orttirmabman. Haliyam yosh yozuvchiligimcha qolibman. Shuncha narsa yozibman-u birorta sovringa sazovor boʻlmabman. Bor-yoʻgʻi yozganim toʻrt-besh qissa, toʻqqiz drama, yuzga yaqin katta-kichik hikoyalar ekan. Bundan tashqari taxtaning qalinligiday uch kitobim yorugʻlik yuzini koʻribdi, xolos. Ijodimning tugagani shu boʻlsa kerak. Endi qalam-daftarni yigʻishtirib, sakkiz soatlik ish topsammikin?!
Tashqariga chiqsam, doʻkonchi xotinim hovlining kunchiqar tomonidagi oʻrindiqda pista chaqib oʻtirardi.
– Oyshaxon, – dedim uning qitiq-patiga tegish niyatida: – Sen yozuvchi boʻlishni istarmiding?
Bu soʻzimga xotinim qotib-qotib kuladi, “Meni kalaka qilayapsizmi? Men bir doʻkonchi boʻlsam, savdo xodimidan yozuvchi chiqarmidi?” – deya xafa boʻladi, deb oʻylagan edim.
Lekin xayollarim puch boʻlib chiqdi. Xotinim gapimga parvo qilmasdan pista chaqqanicha:..
– Harakat qilib koʻray-chi! – dedi esnab.
Doʻkonchi xotinim shu kuni ijod xonamning kalitini olib, yozuv stolimga borib oʻtirdi. Hayron boʻlib qotib qolgan joyim shundaki, anchagina yozuvchilik tajribasiga ega, matbuotda tanilib qolgan mendek eridan maslahat ham olmadi. Bugungi muhim boʻlgan tijorat mavzuida yozmasdan, antiqa doʻkon ochganligi toʻgʻrisidagi oʻzining boshidan kechirgan voqealarni qogʻozga tushirishga kirishdi.
Tongda turib oʻqisam “Doʻkonchi qiz” degan yetti yarim betlik hikoya paydo boʻlibdi. Baʼzi yerlarini tuzatib berdim. U bozorga borib, yoʻl-yoʻlakay yoshlar gazetasiga topshirib qaytdi. Hikoya ikki kundan soʻng “Mening birinchi hikoyam” rukni ostida bosilib chiqdi.
Shu kuni kechqurun telefonda tahririyatda ishlaydigan allakimning uzoq maslahatini olib, yana yeng shimarib yozuvga oʻtirdi. Oradan hafta oʻtgani yoʻq. Uning yetti yarim betli hikoyasi birdaniga “Doʻkonchi qizning kundaligi” degan yangi ochilgan gazetalarning birida: “Davomi. Boshi gazetamizning oʻtgan sonlarida”, – degan koʻrsatkichlar ostida bir yarim oy uzluksiz bosilib turdi.
Qissa bosilib chiqishi bilan xotinimning obroʻyi birdaniga oshib ketdi. Endi u turli tashkilotlarga uchrashuvlarga chaqiriladigan boʻldi. Uning nomi mashhur yozuvchilarning maʼruzalarida tilga olinardi.
Oradan uch-toʻrt oy oʻtgani yoʻq. Men oʻylaganimday, qalam haqi chor atrofdan qorday yogʻa boshladi. Dastlab “oʻzi chiqqani bir qissa boʻlsa, bu pullar adashib yurgan boʻlmasin“, deb oʻyladim. Tekshirtirib koʻrsam, hammasi toʻgʻri ekan.
Televideniyeda ishlaydigan bittasi xotinimning asari boʻyicha ikki qismdan iborat telekoʻrsatuv tayyorlabdi. Taniqli rejissyorlarimizdan bittasi bu asarni teatr uchun sahnalashtirishni boshlab yuboribdi. Yil oʻtmasdan xotinim Yozuvchilar uyushmasiga bosh maslahatchi boʻlib koʻtarildi. Endi uning uzundan-uzoq ismi plenumlarda, katta-katta yigʻinlarda, matbuotlarda tez-tez tilga olina boshlandi. Hatto nomdor tanqidchilarimizning ham nazaridan chetda qolmadi. Ular bizning xotinning qissasi mazmuni bilan gʻoyasini chuqur oʻrganishga yeng shimarib ishga kirishib ketdilar.
Holimga maymunlar yigʻlay boshladi: men endi bir umr koʻplab asarlar yozgan xonamning eshigini qoqib kiradigan boʻldim. Ovqat pishirish, bolalar tarbiyasi bilan shugʻullanishlar kaminaning zimmasiga tushdi.
Telefon qurgʻur ham kunu tun xotinim uchun jiringlaydigan boʻldi.
Yaxshisi, yozuvchiligimni qaytadan qoʻlimga olmasam boʻlmas! Yozuvchilar uyushmasiga bordim. U yerdagilar meni iliq kutib olishdi. Adabiyotga yana qaytishimni maʼqullashdi. Yaqinda aʼzolikka qabul qilishga vaʼda berishdi. Ammo buning uchun taniqli ikki yozuvchidan tavsiyanoma olishim kerak ekan.
– Bittasini oʻzim beraman, – dedi meni iliq kutib olgan yozuvchilar uyushmasining masʼul kotibi. – Meniyam mashhur shoirlardan obroʻyim kam emas. Sheʼrlarimning toʻrtinchi toʻplami chiqish arafasida. Masʼul kotib degan nomim bor. Ammo sizdan iltimos, ikkinchi tavsiyanomani mendan kuchliroq boʻlgan yozuvchi beraqolsin.
– Unda respublikamizdagi taniqli yozuvchilardan biri, bir nechta mukofotlarning sovrindori Turimbet Qoʻspoʻlatovdan olsam qanday boʻlarkan?
– U boʻlmaydi. Romanlari talabga javob bermaydi. Koʻchirmachi deyishyapti.
– Mashhur shoir Xoʻjaboy Seitovdan olarman. Toʻqqizta kitobi chiqqan.
– Shoiringizning sheʼriy toʻplamlari kitob doʻkonlarida oʻtmasdan ichiga suvaraklar uya qurib olgan.
– Boʻlmasa, kimdan olay axir?
– Qiziq ekansiz-ku, – dedi masʼul kotib achchiqlanib. – Yoki boʻlmasa joʻrttaga oʻzi aytsin, deb turibsizmi? Koʻpchilik taniydigan, siz tavsiyanoma olishga arziydigan yozuvchi uyingizda yashaydi-ku?
– Voy-boʻy, mening xotinimni aytayapsizmi?
– Ha-da. Bizda undan boshqa mashhur yana kim ham bor? Ana shu kishidan zoʻr tavsiyanomani olasiz. Boʻlmasa, biz sizni aʼzolikka qabul qila olmaymiz.
…Men shu yerdagi oʻrindiqqa behol oʻtirib qoldim. Yopiray, u menga aʼzolik uchun tavsiyanoma berarmikin? Toʻgʻrisi, boshim qotib qoldi…
– Balo uribdimi, berar. Axir u bilan bir uyda turamiz-ku!..
Qoraqalpoq tilidan Yorqul UMAROV tarjimasi
“Yoshlik”, 2011 yil, 7-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/mening-xotinim-yozuvchi/