Koʻngildan sizgan satrlar

Oʻzbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva qalamiga mansub “Men seni topgandim…” sheʼri mazmun-mohiyati bilan koʻngil bitigi hisoblanadi. Unda baland orzular dunyosida kezgan yosh bir qalbning iztiroblari samimiy tasvirlangan.

Bu asarning qahramonini barcha sheʼrlarga “egalik” qiluvchi qiyofasiz “lirik qahramon” deyish, menimcha, oʻrinli emas. U hech kimga oʻxshamagan, oʻz qalbi va oʻzgacha tuygʻular sohibi. Shuning uchun sheʼr qahramonini oddiygina qilib Qiz deb atash mumkin. Unda, avvalo, Qizning yoshlikda bilib-bilmay qilib qoʻygan xatolaridan chekkan iztirobi, buning ustiga shu xatolar tufayli ikkinchi bir qalbning besababdan-besabab jabrlanganini his qila turib koʻnglidan kechayotgan ruhiy qiynoqlari tasvirlangan. Mazkur bitikdagi har bir misra rost. Bor-yoʻgʻi uch banddan iborat bu sheʼrning har bir satridan koʻngil dardining zardobi sizib turibdi.

Bu sheʼrga, menimcha, adabiyottanuvdagi nazariy oʻlchovlardan koʻra ruhiyat mezonlari bilan yondashish maʼqulroq boʻladi. Chunki qahramon ruhiyatidan toʻkilgan tuygʻular koʻngil kishisi boʻlgan sheʼrxonni muvozanatdan chiqaradi, qalbini junbushga keltiradi. Bunday bezovta vaziyatda sheʼrxon ham samimiy boʻladi.

Oʻrni kelganda shuni ham aytib oʻtish joizdir, bu sheʼr asosida yaratilgan Hilola Hamidova ijrosidagi qoʻshiq soʻzning taʼsir kuchini yanada oshirgan. Maʼlumki, sheʼrni hamma ham oʻqiyvermaydi. Ayrimlar oʻqisa ham mohiyatiga kiravermaydi. Sheʼr qoʻshiqqa aylanganda, xususan, soʻz bilan kuy bir-biriga monand kelib, har ikkisi koʻngildagi tuygʻular bilan hamohang boʻlganda, soʻzning taʼsir qudrati yanada ortadi. Baʼzi qoʻshiqlar bor, musiqasi yoqimsizligidan tanish sheʼrning, goʻzal soʻzning taʼsir kuchi ham yoʻqolib ketadi. H. Xudoyberdiyevaning mazkur sheʼriga kuy yozgan bastakor soʻzni shunchalar nozik his qilgan, unga monand kuyni koʻngli bilan topganki, qoʻshiq samimiy ijrosi bilan tinglovchiga huzur bagʻishlaydi. Uning asab tomirlarini boʻshashtirib, maʼnaviy ozuqa beradi.

Sheʼrning birinchi misrasidayoq qahramonning romantik tuygʻular sohibi ekanligini koʻrish mumkin:

 

Men seni topgandim, ammo yaxshi qol,

Sen: “Yaxshi qol!”degil, “Koʻrishguncha”mas.

Bul quyosh hali koʻp ol boʻladir, ol,

Bul oy ham umrimga koʻp qiladir qasd.

 

Misradagi “topgandim” soʻzi shundan dalolat beradi. Inson “topdim” degan soʻzni qidirgan, istagan yoki orzu qilgan narsasiga erishganda qoʻllaydi. Demak, Qiz Jabrlanuvchi timsolida oʻzining orzusidagi ilk muhabbatini, uning ishqida telbavor Majnunni topdim deb oʻylagan. Shu misraning oʻzidayoq “ammo” soʻzining keltirilishi uning adashganligini, muhabbat borasida birinchi xatoga yoʻl qoʻyganligini koʻrsatadi. Tiyiqsiz tuygʻular yetovida yurgan, xayolan oq otlik shahzodani kutgan boʻy qiz oʻz nazdida istaklari, balandparvoz orzulariga erishgan edi, lekin u visoldan kutilgan natijani – baxtdan mastlik lazzatini tuyolmadi. Orzulari sarob boʻlib chiqqanini tezda payqadi.

Albatta, sheʼrda koʻngildagi muhabbatning topilishi bilan uning sarob ekanligini anglash va bu muhabbatdan voz kechgungacha boʻlgan oraliqdagi hayot mashaqqatlari, “yaxshi qol” degan qarorga kelgungacha ruhiyatda roʻy bergan kurash hamda bu jarayondagi qiynoqlar haqida hech soʻz deyilmaydi. Oradagi butun boshli hayot “topgandim” va “ammo” soʻzlari hamda ular orasidagi tinish belgiga joylashtirilgandek tasavvur paydo boʻladi kishida: “Men seni topgandim, ammo yaxshi qol”. Buni ruhi bezovta sheʼrxon oʻzi anglab oladi.

Koʻrinadiki, Qiz juda katta jurʼat egasi. Odatda ayollar itoatkor, taqdir yetoviga boʻysunuvchan yaratiq boʻladi. Ayol tabiatan orqasida suyanchigʻi boʻlishiga moyil. Shoiraning qahramoni esa isyonkor. U taqdirga qarshi chiqa olgan, uzul-kesil qarorni qabul qilishga oʻzida kuch topa bilgan ayol. Bunga hamma ayol ham qodir emas. Qiz ertaga hayotida nimalar boʻlishini, kelajakda uni qanday sinovlar kutayotganini bilmaydi, lekin muhabbatsiz yashashni, aybsiz bir odamni aldashni istamaydi. Qolaversa, nega shunday qilayotganini asoslab ham oʻtirmaydi. Uning asosi sheʼrxonga butun matn mutolaasi davomida ayon boʻladi.

Sheʼrning ikkinchi bandida gʻamga botgan “aybdor” oʻz yogʻiga oʻzi qovurilayotgani tasvirlangan:

 

Sen sherik boʻlmaysan endi gʻamimga,

Darvoqe, hech qachon sherik qilmadim.

Xayr endi, maʼzur tut ortiq-kamimga,

Men seni Layliday seva olmadim.

 

Qiz dard-iztiroblarini hech kim bilan boʻlisholmaydi, jabrdiyda yigit bilan-ku, inchunun. Chunki u bilan avvallari ham hech narsani oʻrtoqlashmagan, na gʻamiga, na shodligiga uni sherik qilgan. Boisi – ular boshqa-boshqa dunyoning odamlari. Qiz jabrdiyda yigitni kamsitmaydi, lekin yigit uni hech qachon tushunmasligini ham yaxshi biladi. Yigitdan yozgʻirmaydi ham. Bu yigitning ham aybi emas. Balki mana shu haqiqat Qizning dardini yengillashtirar?! Vijdoni oldida oʻzini oqlashga asos boʻlar?! Bularning hammasini anglab yetgan, faqat kechroq tushungan Qiz oshigʻiga bor vaziyatni tushuntirishga harakat qilarkan, hamma-hammasi uchun uni kechirishini soʻraydi:” maʼzur tut ortiq-kamimga”.

Hammasiga aqli yetib turgan Qiz qanday qilib oshigʻini Laylidek seva olsin? Maʼshugʻini Laylidek sevish – oshiq uchun oʻzlikdan kechish-ku! Sheʼrda jabrlanuvchining oʻzi, uning tabiati haqida hech narsa deyilmagan. Lekin Qizning nazarida u Laylidek sevishga munosib emas, tuygʻulari joʻsh urgan, orzular qanotida uchib yurgan qiz istagan odam emas. Shundan kelib chiqib jabrlanuvchi yigitning tabiatini taxmin qilish mumkin. Agar u tuygʻular kishisi boʻlganida shoiraning qaxramoni: uni “Layliday sev”ib qolishi tabiiy ham edi va “Layliday seva olma”gani uchun hijolat chekmagan boʻlardi. Qolaversa, sevish yoki sevmaslik insonning ixtiyorida emas. Sevish – koʻngilning ishi. Uni odam aqli bilan boshqarolmaydi. Agar muhabbat ishiga aql aralashsa, u muhabbat emas, manfaatga aylanadi. Demakki, bu tuygʻu rost boʻlmaydi. Sheʼrning qahramoni – Qiz esa yolgʻonlarga qodir emas. Oʻzini ham, oʻzgani ham aldagisi yoʻq. Shuning uchun oʻzida mardona ketishga jurʼat topa olgan. U taqdirga tan berib, boriga shukur qilib, koʻnikib yashayveradiganlardan emas. U boshqacha yashashga buyurilgan odam. Shu bois oshigʻidan chinakamiga rozi-rizolik tilamoqda, abadul-abad vidolashmoqda: “Xayr endi…”.

Sheʼrning uchinchi bandida asar qahramonining jabrlanuvchiga achinayotgani yaqqol seziladi:

 

Oʻrtanma bul xato mushkullaridan,

Yo rabbiy, lahzada bor orzular puch.

Men ham qaydan bilay ishq yoʻllarida –

Majnun emas, Senga kelarimni duch…

 

Mazkur vaziyat – har ikki qahramon tushib qolgan holat xato. Bu xatoda, balki har ikki tarafning ham aybi bordir. Balki ular ikkalasi ham bir-birini sevmas. Faqat taqdirlarida shu koʻrgilik borligi uchun qovushishgandir. Toʻgʻri, bir xato ortidan kishining boshiga olam-olam tashvishlar yogʻilishi mumkin. Ular kishini ham jisman, ham maʼnan qiynaydi. Ayniqsa, fikr kishisi koʻproq kiynaladi. Demak, sheʼrning ikkinchi qahramoni ham maʼlum darajada fikr kishisi, buni qiz biladi. Shuning uchun uni qiynalmaslikka daʼvat qilmoqda. Oʻrtanmaslikning, albatta, iloji yoʻq. Maʼnan sogʻlom odam taqdiridagi, hayotidagi muammolardan, ayniqsa, bu kabi nomutanosiblikdan, oʻylamay bosib qoʻyilgan qadamlardan fikrga tolmasligi mumkin emas, albatta. “Yo rabbiy, lahzada bor orzular puch” misrasi mazkur vaziyatdan Qiz ham, shoira ham larzaga tushayotganini koʻrsatadi. Bu misradagi “lahza” soʻzida “ammo yaxshi qol” degan vidolashuv iborasining aytilgunigacha boʻlgan oraliq nazarda tutilgan. Bu soʻzni aytgan Qizning oʻzini ham birdaniga qoʻrquv bosgan. Lekin aytilgan gap, otilgan oʻq – hammasi tamom boʻldi.

Bandning soʻnggi ikki misrasida sheʼr qahramonining orzusi bilan birga armonlari ham oʻz aksini topgan. U “ishq yoʻllarida” Majnunni uchratishni, oʻz Majnuniga duch kelishni istagan, Laylidek sevilishni, sevishni orzu qilgandi. Taqdirlarida bunday burilish boʻlgani uchun, albatta Qiz aybdor emas, lekin insofli bir odam sifatida u oʻzini gunohkor his qilyapti. “Men ham qaydan bilay ishq yoʻllarida – Majnun emas, Senga kelarimni duch…”. Bu Qizga bir umrlik armon boʻlishi ham mumkin. Kim biladi, endi umrining qolgan qismida u oʻz Majnunini balki topar, balki topmas. Balki shu baxtdir-u, qahramonimiz buning qadriga yetmay, uning baxt ekanligini bilmay qoʻya qolar?! Buni kelajak koʻrsatadi. Inson oldida nimalar borligini, hayotda uni nimalar kutib turganini bilmaydi.

Xullas, shoira bu sheʼrida oʻz fikri va qarashiga ega boʻlgan koʻngil kishisining chin tuygʻularini uning oʻzidek his qilgan va samimiy ifodalay bilgan. Bunga oʻquvchisini ham ishontira olgan.

 

Qunduzxon HUSANBOYEVA,

pedagogika fanlari doktori

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 7-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/kongildan-sizgan-satrlar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x