Nafasingdan tozarar havo

QIRQ YOSH

Qirqingda tavba aylab bir murshidga qoʻl bersang.

Maxtumquli

 

Qirqiga chidading, goʻzal sabr bu,

Qolganiga shay tur endi, ogoh tur.

Umrning eng avj nuqtasi axir bu,

Bundan keyin yoʻl quyiga enmoqdir.

 

Oʻzga-oʻzga boʻlar endi kori hol,

Oʻzgaradir qarashlaru oʻy-timsol.

Avval qizning qoshi edi huv hilol,

Endi boshing uzra soʻzsiz soʻroqdir.

 

Qirgʻiy degan qush oʻltirar qiyoda,

Qirq yilda bir yigit kelar dunyoga.

Ziyo sochib umring boʻlsin ziyoda,

Oʻying yorugʻ boʻlsa yoʻling porloqdir.

 

Roʻzgʻor degan gʻorda yitib qolmagin,

Elim deb yon, yaxshilik qil, tolmagin.

Duo olgin, mayli oltin olmagin,

Duolar oʻng-soʻlingda shamchiroqdir.

 

Boylik deya boy bermagin boringni

Baland tutgil nomusingni, oringni

Yechma hargiz gunohga belbogʻingni

Nafs oʻzingdan chiqqan balo, tuzoqdir

 

Bir puldir savlating, shavkating, shoning,

Qalbingda boʻlmasa ganjing – iymoning.

Aslida iymondir, tandagi joning,

Jonsiz tan – jasad, bir hovuch tuproqdir.

 

Dilshod dilni pok etgilu – shod etgil,

Haq amrini har lahzada yod etgil.

Yolgʻon dunyo – chin gʻanim, de, yot etgil,

Usti yal-yal, ichi ola quroqdir.

 

AYOL MADHI

Sen-ezgulik, nekbinlik ramzi,

Senda bari hayotbaxsh, goʻzal.

Qilich emas bu qoshlar asti,

Jallod emas, jonbaxshdir koʻzlar.

 

Nafasingdan tozarar havo,

Qadamingdan yashnaydi zamin.

Soʻzlaringdan taralur navo,

Nigohingdan tosh tortar mayin.

 

Kamolotu nafosatning shaʼn,

Taxtidasan masrur shoxiday.

Taʼriflaru, maqtovlar yotar,

Aybdorday tiz choʻkib poyingda.

 

BUXOROLIK PARIVASH

Zar ustida ilonday yonogʻ uzra zulfing bor,

Laʼl ichida marjonday dudogʻingda kulgung bor.

Labi hovuz labida otash solding qalbima,

Soʻzing muncha latif-a, muncha shirin tiling bor.

Bogʻi jinon jamoling, bogʻlar chunon xayolim,

Malakdaysan yo, oliy falaklardan ulging bor?

Qosh qoqsang qotar hatto parvozdagi qaldirgʻoch,

Gar boqsang qiyo, dilni bulbulgoʻyo qilging bor.

Bir xolga xiroj boʻlgan Samarqandu Buxoro

Ne-ne shahar bergudek sening husnu mulking bor.

Ey husn mulkin shohi, yetsin senga dil ohi

Garchi Dilshoddir oti, ishqda dilxun quling bor.

 

NOM

To tirikman, bolamday seni,

Gard yuqtirmay olib yururman.

Soʻng qoldirib keturman… meni

Dunyoga eslatib turursan.

 

Shirin jonim baxsh aylagayman,

Dil shodligim – oʻzing borsan-da.

Shod boʻlsinlar bol yalaganday,

Seni tillariga olganda.

 

HAYOT

Erinib koʻzingni ochasan asta,

Tong, oʻchgan qorasi kechagi tunning.

Goʻyo sen koʻzingni ochib yumguncha,

Oʻzi kelib qolar quyoshli kunning.

 

Holbuki jang borar. Yorugʻ kunni deb,

Ne chaqnoq yulduzlar oʻldilar qurbon.

Oʻylama shunchaki vaqtning hukmi deb,

Magʻlub tun koʻtargan oq bayroqdir Tong.

 

 

DENOVGA QAYTISH

Shovqinli shaharni egnimdan yechib,

Ne daryo-koʻllardan, choʻllardan kechib.

Bagʻriga otildim ona qishloqning,

Bagʻrimdan otildi zavqu sevinchim.

 

Boʻy choʻzib yoʻlimni poylagan kabi,

Shivirlay boshlaydi sergak teraklar.

Yangi qurilajak imoratlarga,

Sinch, bolor teraklar, tirgak teraklar.

Har daraxt, har maysa koʻnglimning mulki:

Tollarga termulib tolmas koʻzlarim;

Qadrdon tutlarning qoʻllarin tutib,

Otamday sizlagim kelar, sizlagim;

 

Oʻriklar koʻrikka chiqqanday qator,

Tilloday tovlanar har bir zardoli.

Shovullab yuborar birdan bugʻdoyzor,

Nigohim tortadi yorqin jamoli.

 

Bosh eggan boshoqlar nelarni oʻylar,

Shovullab nelarni soʻylar bugʻdoylar?

Tandirning taftida, onam kaftida,

Oppoq non boʻlishni oʻylar bugʻdoylar.

 

O, ona qishlogʻim!

…Har maysa gardida umrlik qarzim,

Bolalik izlarim botgan bu tuproq.

Boshimga koʻtarib yurishga arzir,

Oyogʻim ostida yotgan bu tuproq.

 

* * *

Azal tashbehiki shamshod –

Boʻylaringga bandadir,

Yuzingni koʻrgandan mohtob,

Bagʻrida dogʻ, gʻamdadir.

 

Soʻzing shirinmu yo shakar,

Labing shirinmu yo asal,

Soʻrib bilay desam dilbar,

Labing ishi xandadir.

 

Lol qoldim qosh qoqishingdan,

Ayrilay deb, oh, hushimdan.

Oʻtli-oʻtli boqishingdan,

Bu jonim gulxandadir.

 

Haq bormu yor, dargohingda,

Bu jazo qay gunohimga?

Buncha gʻamu oh-voh menga,

Muncha husn sandadir?!

 

Dilshod RAJAB

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 11-12-son

https://saviya.uz/ijod/nazm/nafasingdan-tozarar-havo/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x