Lab boʻyogʻi

Mari ROBERTS RAYNHART

 

Men tergovdan soʻng uyga piyoda, koʻrinishidan ancha choʻkib qolgan oyim esa mashinada qaytdik.

Xolavachcham Elinor Hammond hayotini baxtli oʻtkazgandi. U har tong bugun qandaydir eng baxtli voqea roʻy beradi deb uygʻonar, toʻshakda kerishib yotgancha, kiyinish xonasidagi toliqqan bechora Fredga murojaat qilardi:

– Balki tanishlarimizni biror nima ichishga taklif qilarmiz, Fred?

– Sen nima desang shu, sevgilim,

Elinorning har qanday xohishi Fred uchun qonun edi. Men uning tergovchi oldidagi – chuqur qaygʻuda boʻlgan, oʻylashdan tirishib ketgan yuzini esladim.

– Miss Hammondning oʻz joniga qasd qilishi mumkinligi borasida biror shubha bormi?

– Yoʻq, mutlaqo yoʻq.

– Uning sogʻligʻida tashvishli hech narsa yoʻqmidi?

– Yoʻq. U oʻzini oʻta sogʻlom his etardi.

– U doktor Barklay qabuliga qatnagan ekan-ku.

– Ha, u biroz toliqqandi, – noxushlik bilan dedi Fred.

Lekin Elinor doktor Barklayning ofisidagi oʻninchi qavatda joylashgan kutish xonasining derazasidan yo itarib yuborilgan, yo oʻzini tashlagandi. Ekspert ham u oʻzini derazadan tashlaganiga aniq ishonardi.

Oʻsha kuni faqat hamshiragina uni koʻrgan ekan.

– Oʻsha kuni kutish xonasida boshqa hech kim yoʻq edi, – dedi u tergovchiga. – Doktor bir bemorni koʻrayotgan edi. Miss Hammond deraza yonida oʻtirgandi. Shlyapasini yechib qoʻyib, sigareta tutatdi-da, jurnal varaqlay boshladi. Men esa xonamga kirdim, keyin uni koʻrmadim…

Hamshira kichkinagina, yoqimtoy qiz boʻlib, oppoq oqarib ketgan edi.

– Xonasidagi bemor chiqqanidan soʻng, doktor qoʻngʻiroq chaldi. Men Miss Hammondni chaqirish uchun kutish xonasiga bordim. U yerda hech kim yoʻq, faqat uning shlyapasi bor edi, lekin sumkasi koʻrinmasdi. Keyin… – U soʻzlashdan toʻxtadi-da yutinib oldi. – Keyin men odamlar shovqinini eshitib derazadan pastga qaradim.

Tergovchi biroz vaqtdan soʻng soʻradi:

– Nima deb oʻylaysiz, miss Komings, oʻsha kuni Hammond xonim ruhan siqilgan holatda edimi?

– Menimcha, u oʻsha kuni juda xushchaqchaq edi, – dedi u.

– Uning yonidagi deraza ochiqmidi?

– Ha. Lekin u oʻz joniga qasd qilganiga ishonolmayman…

U yigʻi aralash soʻzlardi va hamma bilgan narsalarini aytib bergani koʻrinib turardi.

Navbatdagi guvoh hozirgina kelgan doktor Barklay edi. U qirq yoshlar chamasida boʻlsa-da, oʻz koʻrinishini yaxshi saqlab qolgan edi. Elinorni juda yaxshi bilganim uchun bu hol meni hayron qoldirmadi. Elinor chiroyli erkaklarni yoqtirardi, unchalik chiroyli boʻlmagan Fred esa bundan mustasno edi. Yonimda oʻtirgan oyim ham doktorning chiroyli koʻrinishiga eʼtibor qilgan ekan:

– Mana, aslida qanday, – dedi u norozi ovozda. – Elinorning ruhshunosga boʻlgan ehtiyoji xuddi mening uchinchi oyoqqa boʻlgan ehtiyojim kabi kuchli ekan.

Oʻsha kuni ertalab doktor Elinorni hali koʻrib ulgurmagan ekan. U qoʻngʻiroqni chalgandan soʻng hech kim kiravermagach, oʻzi kutish xonasiga chiqibdi. Qarasa, derazadan pastga qarayotgan miss Komings birdan qattiq baqirib yuboripti. Yaxshiyamki Tompson xonim oʻsha payti kelib qolib uni biroz tinchlantiribdi.

Doktordan Elinorning tashrifi haqida soʻralganda, u shunday javob qildi:

– Mening asabiy va tashvishli bemorlarim juda koʻp. Miss Hammond ham bu holatda koʻp yillar boʻlgan.

– Hammasi shumi? U oʻzini tashvishlantirayotgan biror aniq narsa haqida gapirmaganmidi?

Doktor miyigʻida jilmayib qoʻydi:

– Hammamizning oʻz tashvishimiz bor. Baʼzilari xayoliy, baʼzilari esa haqiqiy. Lekin miss Hammond favqulodda ajoyib ayol edi. Men unga dam olishga borishni maslahat bergandim va bunga amal qilishiga ishonar edim.

Uning ovozi iliq va taʼsirli edi. Fred esa undan koʻz uzmasdi.

– Siz u oʻz joniga qasd qilishi mumkin deb hisoblaysizmi?

– Yoʻq, hech qachon.

Doktor Elinorning xayollari haqida hech narsa deyolmasdi. Uning bemorlar bilan aloqasi sir saqlanishi kerak edi. Lekin ahamiyatga molik biror gap boʻlganida, albatta aytgan boʻlardi.

Doktor bizning yonimizga kelib oʻtirdi va keyingi guvoh chaqirildi. U – hamshirani ovutgan Tompson xonim edi.

– Men doktorning xonasini tozalash uchun haftada bir bor borib turaman, – dedi u. – Oʻsha kuni menga oldindan pul kerak boʻlib qolgandi, shuning uchun uning oldiga borgandim.

Xonim kelganidayoq doktorning yoniga kirmagan ekan. U kutish zalida hali bir bemor, Elinor borligini koʻrgan va kutish uchun boshqa issiqroq zalga kirib oʻtirgan. Birozdan keyin, doktor qabulidagi bemor ayol chiqib, pastga tushib ketganini koʻrgan. Bir-ikki daqiqa oʻtib-oʻtmay hamshiraning dahshatga tushib baqirganini eshitgan.

– Borsam, hamshira derazadan pastga qarab qichqirayotgan ekan, – dedi u. – Shu payt doktor ham yugurib chiqdi va biz uni stulga oʻtqizdik. “Kimdir derazadan yiqilib tushibdi, – dedi hamshira, u qattiq hayajonda edi: – Kimligini koʻra olmadim”.

Undan miss Hammond zalda qancha vaqt boʻlgani haqida soʻrashganda, u chorak soatlar chamasi deb javob qildi. Chunki bu vaqt davomida boshqa hech kim kelmagan edi. Aks holda hamshira kirgan odamni albatta koʻrgan boʻlardi.

– Siz kutish xonasida miss Hammondga tegishli biror buyumga duch kelmadingizmi?

– Ha, uning sumkasini topib oldim. Sumka deraza qarshisidagi konditsionerning orqasida turgandi. Oʻylashimcha bu sumka uchun juda gʻalati joy edi. Agar rostdan ham u oʻz joniga qasd qilmoqchi boʻlgan desak, unda sumkani nima qilmoqchi boʻlgan?! Politsiya kelganda sumkani ularga berdim.

Demak, Elinor oʻzini derazadan tashlashdan oldin shlyapasini stol ustiga va sumkasini konditsioner orqasiga qoʻygan. Bu juda tushunarsiz, sirli holat edi.

Sud Elinorni oʻz joniga qasd qilgan deb xulosa chiqardi. Hech kim murda haqida boshqa eslamadi. Lekin Tompson xonimning gaplaridan keyin Elinorning oʻlimi qandaydir boshqacha sodir boʻlganini oʻylab qoldim. Fred uni loqayd tingladi. Uning yonida oʻtirgan opasi Margaret oʻrnidan turib ketdi. Doktor Barklay Fredga boshdan-oyoq qaradi-da, chiqib ketdi.

Uyga piyoda yetib kelganimda, asabiy kayfiyatda edim. Hatto, oyimning taʼbiricha u Fredni mendan tortib olgan boʻlsa ham, Elinorni yaxshi koʻrar edim. Lekin Fred u bilan birinchi uchrashgandan keyin meni umuman koʻrmagandi. Fred unga boshdanoq oshigʻu-shaydo boʻlib qolgandi.

Beʼmanilik, oʻyladim men. Menimcha, Elinor har qanday muammolar girdobida qolgan taqdirda ham oʻz joniga qasd qilmagan boʻlardi. Kimdir uni oʻldirgan boʻlsa kerak. Lekin kim undan bu darajada nafratlanishi mumkin? Rashkchi xotinmi? Boʻlishi mumkin. U koʻp ayollarning erlarini to oʻzi bezor boʻlmaguncha boshini aylantirib yurardi. Ammo u koʻpdan beri bu odatini tashlab, tinch yurgandi. Albatta koʻplar uni yoqtirmasdi. Elinor ularning tuygʻularini mensimas, ularning ustidan kulardi. U nimani aytgisi kelsa, nimani oʻylasa shuni aytaverar va bu har doim ham yoqimli tuyulavermasdi. Hatto Fredga ham bu hol yoqmasa-da, lekin uning bundan hech qachon jahli chiqmasdi.

Men Fredning yolgʻiz qolgani haqida oʻylardim va bundan xafa edim. Uning uyi biznikidan uncha uzoq emas edi; tushlikdan soʻng unikiga bordim. Uning uyi biznikiga oʻxshash bogʻ bilan oʻralgan katta uy edi. Borganimda, darvoza ortida bir erkak uy tomonga qarab turgandi. Erkak birdan ortiga burildi-da meni koʻrdi. U doktor Barklay ekan.

U meni tanimadi. Meni tergov paytida koʻrmagan deb oʻyladim. U shlyapasini ushlagancha koʻchaga chiqdi va shu zahoti mashinasini oʻt oldirgani eshitildi. Mabodo doktor uyga kirgan boʻlsa ham, Fred bu haqda ogʻiz ochmadi. U eshikni ochib, meni koʻrganida barcha xavotirlari tarqab ketganday koʻrindi.

– Men yana politsiya kelibdimi deb oʻylabman, – dedi u.

Biz kutubxonaga kirdik. U yer bir oylardan beri tozalanmay yotganday koʻrinardi. Elinorning uyi oʻzi har doim shunday: sigaret tutuni, odamlar va yuviqsiz stakanlarga botib yotardi. Lekin shunday boʻlsa ham bu yerda hayot borligi sezilib turardi. Hozir esa unday emas. Men uning sumkasini stol ustida koʻrib ajablandim, Fred sumkaga qarayotganimni sezdi:

– Politsiya buni bugun qaytarib berdi, – dedi u. – Biror nima ichasanmi?

– Yoʻq, rahmat. Sumkani ochib koʻrsam maylimi?

U bosh irgʻadi:

– Buning ichida oʻsha kunga tegishli hech narsa yoʻq.

Men sumkani ochdim. Uning ichi doimgidek toʻla edi: pul, atir-upa, yon daftarcha, lab boʻyogʻi tekkan roʻmolcha, mato parchalari va ularning ustida “Shularga mos oyoq kiyim” deb yozilgan bir parcha qogʻoz bor edi.

Men sumkaning ichini yana bir bor koʻzdan kechirdim, ammo u yerda boʻlishi kerak boʻlgan yana bir narsa yetishmasdi. Sumkani joyiga qaytarib qoʻydim.

Fred Elinorning kumush ramkadagi suratiga tikilib turardi:

– U juda maftunkor edi.

– Ha, haqiqatdan ham, – deya maʼqulladim men.

– Margaret esa uni oʻziga juda koʻp pul sarflaydigan axmoq ayol deb hisoblardi, – dedi-da, stol ustida toʻlib ketgan ochilmagan toʻlov qogʻozlariga qaradi.

U mendan biror nima deyishimni kutayotgandek koʻrindi va men dedim:

– Sen uni pul bilan oʻzingga qaratib olishing shart emas edi, Fred. U busiz ham seni telbalarcha sevardi. Uning doktorga borib yurganini bilarmiding, Fred?

– Yoʻq, undan toʻlov qogʻozi kelmaguncha bilmasdim.

Fred baxtsiz hodisadan xursanddek gapirardi. Doktor Elinorni baxtiyor qilgandi. Elinor soʻramay ketaverardi, ammo har doim Fredning yoniga qaytib kelardi, Fredning fikricha, ekspertlarning hukmi mutlaqo notoʻgʻri.

– U oʻzi yiqilib ketgan boʻlsa kerak. U doim balandlikdan qoʻrqardi.

Biz tashqariga chiqayotganimizda, Margaret keldi.

– Men Margaret Hammondni hech qachon yoqtirmaganman. U baland boʻyli, Freddan ancha katta yoshdagi ayol edi. U men bilan soʻrashgandek bosh irgʻab qoʻydi.

– Men bugun kechga kelaman, sening uyda yolgʻiz qolishingni istamayman va ertaga uyingga kerakli hamma narsani, shuningdek otamning suratini ham olib kelmoqchiman, Fred – dedi u.

Fred buni eshitib, oʻzini noqulay his qildi. Chunki keksa Joy Hammondning surati borasida Elinor hayotligida koʻp mojarolar boʻlib oʻtgan. Elinor bu suratga beparvo edi. Margaret esa bu suratning ayni shu uyda saqlanishini istardi. Men Margaret Elinorning umri davomidagi haqiqiy dushmani boʻlgan ehtimol deb oʻylab qoldim.

Margaret stol ustidagi bir uyum toʻlov qogʻozlarini koʻrib:

– Hali hisobingda qancha puling borligini aniqlashimiz kerak, – dedi.

– Men qancha pulim borligini bilaman, – dedi Fred.

Fred oʻrnidan turdi va stolni xuddi hali-hanuz opasidan Elinorni himoya qilayotgandek, toʻsib olib, unga tikilib qaradi. Ammo men uydan chiqib ketganimdan soʻng Fred uxlab qolgach, ishonchim komilki, Margaret bu toʻlov qogʻozlarini chiqarib otib yuboradi.

Meni kimdir kuzatib kelayotganini sezganimda uyga yetib qolgan edim. Men bir oz qoʻrqdim-da, toʻxtab, ortimga burildim. Orqada bir qiz turardi. U mening ismimni aytib murojaat qildi:

– Baring xonim? Men sizni tergovda koʻrgan edim va ismingizni muxbir yigitdan bilib oldim. Siz Hammondlarnikida boʻlgansiz, shundaymasmi?

– Ha, shunday. Nima edi?

Qiz juda yosh va bir oz hayajonda edi.

– Siz Hammond xonimning doʻstimidingiz? – soʻradi u.

– Elinor mening xolavachcham edi. Nega soʻrayapsiz?

Qiz sumkasidan sigareta chiqarib, uni yoqdi:

– Chunki men Hammond xonimni kimdir itarib yuborgan deb oʻylayman. Men koʻchaning narigi tomonidagi ofisda ishlayman. Oʻsha kuni derazadan qarab turgandim. Men uni oldin tanimasdim, albatta.

– Siz bu qanday sodir boʻlganini koʻrganman demoqchimisiz? – dedim men hayratlanib.

– Yoʻq. Ammo men uni bu hodisa sodir boʻlishidan bir ozgina oldin koʻrgan edim va u lab boʻyogʻi bilan labini boʻyayotgan edi. Bir ozdan soʻng qarasam, u deraza oldida emas… pastdagi yoʻlakda yiqilib yotgan edi.

Uning qoʻllari titray boshlagach, sigaretini tashladi.

– Menimcha, oʻz joniga qasd qilmoqchi boʻlgan odam labini boʻyab oʻtirmasa kerak, shunday emasmi?

– Yoʻq, albatta, – dedim men. – Bu ayol Hammond xonim ekanligiga ishonchingiz komilmi?

– Ha, u yashil koʻylakda edi, men uning sochini ham ilgʻagandim. Kechqurun men oʻsha lab boʻyogʻini yoʻlakdan izlab koʻrdim, ammo uch kundan buyon bunday gavjum yoʻlakda uni kimdir topib olgan boʻlishi ham mumkin. Ishonchim komilki, uni itarib yuborishganda lab boʻyogʻi qoʻlida boʻlgan.

Ha, men Fredga aytmay, Elinorning sumkasidan izlab topolmagan narsa ham xuddi shu Elinorning oltin lab boʻyogʻi edi.

Men soatga qaradim: endi oʻn bir boʻlgandi.

– Balki biz birgalikda izlab koʻrarmiz, – dedim.
Qiz menga oʻz ismini aytishni istamadi.

– Meni Smis deb chaqiraqoling. Men sudda guvoh sifatida ishtirok etolmayman. Ishimdan ayrilib qolishni istamayman.

Men oʻsha lab boʻyogʻini topdim. Yoʻl chetida yotgan ekan. Aftidan kamida yigirma marta mashina ostida qolgan koʻrinardi. Loyini artdim, oʻsha mashhur “E” harfi yozilgan lab boʻyogʻi ekan.

Smis xonim uni koʻrib:

– Toʻgʻri aytgan ekanmanmi? – dedi.

Keyin qiz oʻzini avtobusga urdi va uni boshqa koʻrmadim.

Oʻsha kecha men yaxshi uxlolmadim va ertasi kuni ertalab doktor Barklayning ishxonasiga borib, Elinorning lab boʻyogʻini stol ustiga qoʻyganimda kech tushgandi.

– Men hech narsaga tushunmayapman, – dedi doktor unga angrayib qararkan.

– Hammond xonim yiqilib tushishidan atigi bir daqiqa oldin deraza oldida labini mana shu bilan boʻyayotgan boʻlgan.

– Siz u yiqilganida bu narsa uning qoʻlida boʻlgan demoqchimisiz?

– Yoʻq. Men Elinor agar oʻzini tashlamoqchi boʻlganida labini boʻyab, keyin oʻz joniga qasd qilganiga ishonmayman demoqchiman.

U jilmaydi-da:

– Agar siz insonlarning tabiatini hech boʻlmasa men kabi oʻrganganingizda, bu sizni sirayam ajablantirmagan boʻlardi, – dedi.

– Demak Elinor qoʻlida lab boʻyogʻi bilan oʻzini oʻninchi qavatdan tashlagan. Siz esa kecha Hammondlarnikiga bordingiz va men paydo boʻlishim bilan shoshib ketib qoldingiz. Bundan kelib chiqadiki…

Doktor gapimni eshitib qotib qoldi. U oldin meni tanimagan ekan.

– Ha, bu sizmisiz? – dedi u kreslosiga yastanarkan. – Sizga rostini aytaqolay. Oʻsha kuni janob Hammondning ahvoli yomonga oʻxshagandi. U oʻzini otib qoʻymasin degan tashvishda borgan edim.

– Siz ichkariga kirmay turib uni qanday toʻxtatishingiz mumkin edi?

– Siz kelganingizda qanday kirsam deb oʻylayotgan edim. Opasi undan xavotir olayotganini aytib, qoʻngʻiroq qilgan edi.

– Men Margaret Hammondga ishonmayman, Elinorni koʻrishga koʻzi yoʻq edi, – dedim-da, lab boʻyogʻini qoʻlimga oldim.

– Baring xonim, siz yosh va maftunkorsiz. Nega hammasini oʻz holiga qoʻymaysiz. Endi uni qayta tiriltira olmasligingizni yaxshi bilasiz – ku?

– Men shuni yaxshi bilamanki, u oʻzini oʻldirmagan.

Doktorning yonidan chiqayotib, Margaretni kutish xonasida koʻrib hayratlandim. Qizigʻi shundaki, u bir necha soniya oʻzini oʻsha yerdan tashlamoqchi boʻlgandek tuyulib ketdi.

– Margaret! – dedim toʻsatdan. U burilib qaradi, yuzi oqarib ketdi.

– E, bu senmisan, Luiza.

Margaret oʻtirdi-da yuzini qoʻl roʻmolchasi bilan artdi.

– U sirpanib ketib yiqilib tushgan boʻlsa kerak. Qaragin, pol juda sirpanchiq ekan, Lui.

Ammo men bosh chayqab rad qildim, ortimda Margaret turgani holda derazadan pastga qarashni istamadim. U doktorning oldiga Fredning Elinor uchun toʻlov qogʻozlarini topshirishga kelganini aytdi, lekin shu kuni u oʻzini qandaydir gʻalati tutardi.

Men mashinaga oʻtirdim-da, uning chiqib ketishini kutdim. U chiqdi, Elinor yiqilib tushgan yoʻlakka va yoʻl atrofiga sinchkovlik bilan qaradi. Demak, u Elinorning lab boʻyogʻi qoʻlida boʻlganini yoki uning sumkada yoʻqligini biladi. Soʻng u taksida ketdi. Taksi koʻp yurdi va nihoyat bir uyning eshigining oldiga borib toʻxtadi. Margaret zinadan chiqib uyning qoʻngʻirogʻini bosdi. U uy ichida bir soatlar chamasi qolib ketdi. Chiqqanida men hayratdan qotib qoldim, uning yonida tergovda qatnashgan Tompson xonim bor edi. Taksi mening yonginamdan oʻtib ketdi. Men mashinamdan tushib, uning oldiga yugurib borganimda Tompson xonim hali uyga kirib ulgurmagan edi.

– Siz bilan gaplashib olsak maylimi? – dedim.

U ikkilanib qoldi.

Nima haqda?

– Qotillik haqida, – dedim.

– Menimcha, siz Hammond xonimning tergovida aytilmagan yana nimalarnidir bilasiz?

Uning yuziga nimadir soya tashlab oʻtdi.

– Menimcha, uni hech kim oʻldirmagandi. Hukm…

– Yoʻq, uni kimdir oʻldirgan. Boʻlmasa janob Hammondning opasi bu yerda nima qilib yuribdi?

– Men uni oldin hech ham koʻrmaganman. Bu yerga esa tergovda aytgan soʻzlarim uchun minnatdorchilik bildirgani kelibdi. Chunki mening guvohligim bechora ayol oʻz joniga oʻzi qasd qilganini ochib beribdi.

– Menimcha, u sizga buning uchun pul ham toʻlagandir?

– Menga hech kim pul toʻlagani yoʻq, – dedi u jahl bilan. – Agar kimdir meni sotib olib, yolgʻon gapirishga majbur eta oladi deb oʻylasangiz, adashasiz.

U uyga kirdi-da, eshikni sharaqlatib yopdi.

Uning gaplari toʻgʻrimi? Doktor ham tergovda aytganidan koʻra koʻproq narsani biladiganga oʻxshaydi. Lekin nega buni yashirishayapti?

Tushdan keyin sochimni turmaklatish uchun Elinorning sartaroshiga bordim. Qizlar Elinor haqda gaplashar ekanlar, ulardan yangi maʼlumotlar eshitdim.

– Oʻsha kuni men uni kutayotgan edim, – dedi ulardan biri. – Albatta u kelmadi va…

– Siz uni oʻsha kuni shu yerda kutgandim, demoqchimisiz?

– Ha, u soat toʻrtga uchrashuv belgilagan edi. Men bu haqida eshitganimda umuman ishonmadim, garchand u soʻnggi haftalarda bir oz oʻzgarib qolgan boʻlsa-da.

– Undagi oʻzgarishlarni qachon seza boshlagansiz? – soʻradim men.

– Taxminan Pasxadan beri. Esimda, menga uning yangi shlyapasi yoqib qolgandi. U oʻsha shlyapasini menga hadya qildi. Keyin gʻalati bir gap aytdi: “Baʼzan yangi bosh kiyimlar xavfli boʻlib qoladi”, dedi.

Oʻsha kuni balki soch turmagim har qachongidan chiroyli boʻlgandir, ammo boshim ogʻriqdan gʻuvillab ketgan va men bunga eʼtibor beradigan ahvolda emasdim.

Oyim va men Fredni tushlikka chaqirdik. Dasturxon atrofida oʻtirganimizda men undan “Bahor paytlari, taxminan Pasxa arafasida Elinorni xafa qiladigan biror voqea boʻlganmidi?” deb soʻradim.

– Oʻsha paytlardan boshlab u psixiatrga qatnay boshlaganini aytmasa, yoʻq.

– Nega u doktorga qatnay boshladi, Fred? – soʻradi oyim.

– Oʻzingiz ham koʻrdingizku, – dedi Fred. – Doktor kelishgan, oʻktam kishi ekan. Unga qarash, u bilan suhbatlashish Elinorga yoqimliroq boʻlgandir.

Shundan soʻng u tez ketdi.

Kechasi yomon uxladim, shuning uchun nonushta mahali oʻtib ketguncha turmabman. Oyim gazetasini oʻqib boʻlgan ekan.

Men gazetani qoʻlimga oldim, gazetaning soʻnggi betida oʻtgan kecha Tompson xonimning otib ketilganligi haqida yozilgan ekan.

Men bunga qanday ishonishni ham bilmay qoldim. Soʻng xabarni qaytadan oʻqib chiqdim. U oʻlmay qolgan, ammo ogʻir ahvolda ekan. Bu hodisa roʻy berganda u uyning tashqarisida yolgʻiz oʻtirgan boʻlib, hech kim oʻq ovozini eshitmagan ekan. Eri uni kech soat oʻn birlarda uyga qaytganida topib olibdi.

Demak Tompson xonim uning hayotiga xavf tugʻdiradigan nimanidir bilgan. Men Margaret uning uyiga borganini, yoʻlakdan Elinorning lab boʻyogʻini izlaganini va birdan Fredning tortmasida turadigan toʻpponchasini esladim.

Bularni oʻylab, nihoyat, politsiyaga borishga qaror qildim.

Boʻlim kapitani eʼtibor ham bermadi, lekin keyinroq mening yonimga izquvar keldi.

– Siz Hammond xonim oʻz joniga qasd qilganiga ishonmaysizmi? – dedi.

Men unga lab boʻyogʻi, Elinorning sartaroshxonadagi uchrashuvi va Tompson xonim tergovda aytilmagan nimalarnidir bilishi haqida farazlarimni gapirib berdim.

– Unda buni kim qilgan?

– Menimcha bu janob Hammondning opasi. Kecha men uni doktorning ofisida koʻrdim. Elinor itarib yuborilganda ham u oʻsha yerda boʻlgan boʻlishi mumkin. U pol sirpanchiq ekanligini va oʻzim buni tekshirib koʻrishimni aytgandi.

Men bir oz hayajonlanib sigareta tutatdim, qarasam qoʻllarim ham qaltirayapti.

– Margaret lab boʻyogʻi haqida ham bilgan, chunki men uning yoʻl chetidan nimanidir izlayotganini koʻrgan edim.

Navbatdagi gumonimni eshitib izquvar bir qimirlab qoʻydi.

– Menimcha, Elinor oʻldirilgan kuni u ofisda boʻlgan, – dedim men. – Yana u Tompson xonimni otgan deb hisoblayman. Chunki Tompson xonim bu haqda bilgan boʻlsa kerak.

Izquvar menga yaqinroq kelib qaradi:

– Nega siz Hammond xonim uni otgan deb oʻylaysiz?

– Chunki u kecha ertalab Tompsonlarnikiga borib u bilan gaplashgandi. Ularnikida bir soatcha qolib ketgandi. Men buni bilaman, uni kuzatgan edim.

Izquvar oʻrnidan turdi, uning yuzi ifodasiz edi.

– Baring xonim, sizga bir maslahatim bor, bu yogʻini oʻzimizga qoʻyib bering, shundagina agar siz haq boʻlsangiz yaxshi, agar siz nohaq boʻlib chiqsangiz sizga hech qanday xavf tugʻilmaydi, – dedi.

Oʻsha kuni tushda izquvar qoʻngʻiroq qildi. U hozirgina Tompson xonim koʻrsatma berganini, uni kim va nega otganini bilmasligini, lekin Margaret uning faqatgina tergovda guvohlik bergani uchun rahmat aytishga borganini aytgan. Unga hech kim pul taklif qilmagan ekan.

Ammo bu kam edi. Tompson xonim soʻroqqacha juda hayajonda boʻlgan, u Margaret xonimga qoʻngʻiroq qilib guvohlik berish shartmi, deb soʻragandek tuyulardi. U zalda boʻlganida doktorning ofisiga yana kimdir kirgan.

– Hech kim sezmagan bir kishi, – dedi izquvar.

– Pochtachi. Men u bilan gaplashdim. U oʻsha kuni ertalab Hammond xonimni ofisda koʻrgan. Pochtachi uni yaxshi esladi. Hammond xonimni koʻrganida shlyapasini yechib, gazeta oʻqib oʻtirgan ekan.

– U Tompson xonimni ham koʻrgan ekanmi?

– U Tompson xonimni koʻrmagan ekan, lekin Tompson xonim uni koʻrgan.

– Demak, oʻsha pochtachi oʻtgan kuni kechasi borib Tompson xonimni otib ketgan!

Izquvar kulib yubordi:

– Yoʻq, u oʻsha kecha oilasini kinoga olib borgan. Baring xonim, oʻzingiz oʻylab koʻring, hozir koʻpchilikda toʻpponcha bor, hatto oldin uni ishlatib koʻrmaganlarda ham.

Demak, Elinor oʻzini-oʻzi yuqoridan tashlagan, Tompson xonimni esa kimdir, shunchaki, toʻpponchasini sinayotib, otib qoʻygan. Yoʻq, men bunga ishonmadim. Hatto doktor Barklay oʻsha oqshom kelib aytganda ham ishonmadim.

Men radio eshitib, kechki ovqatni yeb boʻlganimda u keldi. Men politsiyaga hammasini aytib berganimni eshitgach, hayratdan qotib qoldi.

– Politsiyaga bordingizmi? – dedi u.

– Nega bormas ekanman? Sizning ofisingizning derazasidan kimdir itarib yuborilganini boshqalar bilmasligi uchunmi?

Uning jahli chiqib ketdi:

– Siz oʻzingiz tushunmaydigan narsalarga aralashayapsiz. Bunga aralashmay turolmaysizmi?

Shundan soʻng men oʻzimni tutib turolmadim.

– Men siz buni qilmaganingizni qanday bilishim kerak, – deb baqirdim. – Siz yoki pochtachi!

– Pochtachi? – dedi u hayratlanib. – Bu bilan nima demoqchisiz?

Menimcha uning hayratdan qotib qolgan yuzi kulgimni qistatdi. Men kulaverdim, kulaverdim. Keyin yigʻlab yubordim. Men oʻzimni toʻxtata olmasdim. Birdan u, hech qanday ogohlantirishsiz, yuzimga bir tarsaki tushirdi. Bu shu zahoti meni toʻxtatdi.

– Yoʻqoling, bu yerdan, – dedim, ammo u joyidan jilmadi ham. Men bir oz jahldan tushdim, ammo u qilgan ishidan mamnunday koʻrinardi.

– Bu boshqa gap, – dedi va yelkamga qoqib qoʻydi. – Men bu yerga sizni urish uchun kelganim yoʻq. Sizdan kechqurun yolgʻiz yurmasligingizni iltimos qilish uchun kelgandim, – dedi.

– Nega endi tunda uydan chiqmasligim kerak ekan?

– Bu siz uchun xatarli boʻlishi mumkin, – dedi.
U menga oz-moz yoqa boshlagandi. – Ayniqsa men sizning Hammondlar xonadonidan uzoqroq yurishingizni istayman. Menimcha bunday qilishga farosatingiz yetarli deb oʻylayman, – dedi va eshikni narigi tomonidan yopib ketdi.

Men hali jahlimdan tushmasimdan telefon jiringlab qoldi.

Bu Margaret ekan!

– Menimcha, biz senga bugun tunda kelgan politsiyachi uchun tashakkur bildirishimiz kerak, – dedi u. – Tashvishimiz sensiz ham yetarlicha edi.

– Juda yaxshi, – dedim gʻazab bilan. – Sizga bitta savolim bor. Nega siz kecha ertalab Tompson xonimni koʻrgani boruvdingiz? Oʻtgan kecha uni kim otib ketdi?

U bir pishqirdi-da, telefon goʻshagini qoʻyib qoʻydi.

Fredning oshxona tomondan kiriladigan eshik oldida charchagan holatda turganini koʻrganimda, oyimning uxlashga yotganiga bir yarim soat chamasi boʻlib qolgandi.

– Kirsam boʻladimi? – dedi u. – Toza havoda sayr qilib yurgandim, chiroq oʻchmaganini koʻrib, kelaverdim.

Uning ahvoli oldingiga qaraganda yaxshiroq koʻrinardi. U Margaret uxlab qolganini va uyda yolgʻiz qolganini aytdi.

– Hech uxlolmadim, – dedi u. – Uy issiq. Ortiqcha latta-puttalar koʻpayib ketgan ekan, yoqib yubordim,

U sigareta chekib, bir finjon qahva ichdi. Keyin u ketayotganida men darvozagacha kuzatib qoʻydim va u uyiga qarab ketishiga qarab turdim. Soʻng men burilib, endi uyga yetdim deganimda butalar orasida nimadir qimirlaganday tuyuldi. Uning nima ekanligini bilish uchun burildim, umrimda oʻq ovozini eshitmagandim, nimadir boshimga zarb bilan urildi, koʻz oldim qorongʻulashib yiqildim.

Men eshitgan keyingi ovoz oyimning ovozi edi. Men oʻzimning karavotimda boshim bint bilan oʻralgan holatda yotardim.

– Menimcha bu qiz aqldan ozgan, – derdi oyim jahl bilan. – Shuncha ogohlantirishlarga qaramay chiqib ketibdi-ya.

– Men qoʻlimdan kelgancha harakat qildim, Baring xonim, – dedi kimdir muloyim ovozda.

Bu doktor Barklay edi. U karavot yonida turar, koʻrinishi juda gʻalati. edi. Uning bir koʻzi yopiq, koʻylagining yoqasiga esa qarab boʻlmasdi.

– Siz birov bilan olishdingizmi? – dedim.

– Ha, – dedi u. – Bu olishuvda boshingizni oʻq salgina yalab oʻtdi. Men sochingizning bir qismini qirqib tashlashga majbur boʻldim. Xavotirlanmang, ozgina joyini qirqib tashladim. Ular ham yana oʻsib chiqadi.

– Kim bunday qildi? Kim otdi meni?

– Pochtachi, – dedi u va xonadan chiqib ketdi.

Men esa uxlab qolibman. Menimcha, u menga nimadir berishi kerak edi. Ertasi kuni ertalab, men nima boʻlganini eshitishimdan oldin keldi. U bir koʻzi bint bilan yopilgan holda jilmayib kirdi. Keyin hammasini bir boshidan gapirib berdi.

Bahorda Elinor uning yoniga gʻalati gaplar bilan borgan, uning gaplariga qaraganda, uni kimdir kuzatayotgan boʻlib, kuzatib yurgan odam pochta kiyimida ekan. Bunga ishonish qiyin boʻlsa-da, Elinor hatto qasam ichgan ekan.

– Siz Tompson xonim ofisingizga kirayotib koʻrgan pochtachini aytayapsizmi? – dedim.

– Ha, Tompson xonim ham uni tanidi. Lekin haqiqiy pochtachi Tompson xonim kelishidan ancha oldin kelib ketgan boʻlgan. U Elinorning stulda gazeta oʻqib oʻtirganini koʻrgan. Tompson xonim koʻrgan pochtachi esa Elinorni oʻldirgan kishidir.

– Bu Fred edi, shundaymi? – dedim.

– Ha, bu Fred edi, – deya u qoʻllarimdan tutdi. – Meni kechir, azizam. Men Elinorni undan uzoqlashtirishga harakat qildim, ammo Elinor undan ajralmadi.

– Fred uni telbalarcha sevardi, – dedim.

– Ha u Elinorni qattiq sevardi. Ammo uni yoʻqotib qoʻyishdan juda ham qoʻrqardi va rashk azobi uni qiynardi, – dedi u. – Menimcha, u Elinorni mendan rashk qilardi.

– Ammo u haqiqatdan ham Elinorni sevgan boʻlsa…

– Muhabbat va nafratning orasi bir qadam boʻladi. Fred Elinor oʻziniki boʻlmagandan soʻng boshqaniki boʻlishini ham istamagan. – U xoʻrsindi-da, davom etdi. – Men sizni qutqarib qolishga juda kech yetib keldim. Men u otganidan keyin uni ushlab oldim va oʻrtamizda juda qattiq olishuv boʻldi. Ammo u oʻzini olib qochdi-yu… oʻzini ham otdi.

U bosiq holda hikoyasini davom ettirdi. Tompson xonim Fredning suratini koʻrib, u oʻsha kuni hamshira baqirishidan sal ilgariroq koʻrgan pochtachi ekanini aytibdi. Uni otish uchun foydalanilgan oʻq esa Fred toʻpponchasining oʻqi boʻlib chiqibdi.

Margaret, shoʻrlik Margaret esa uni jinni boʻlib qolyapti deb oʻylagan.

– Tompson xonim otib ketilganining ertasi kuni u mening yonimga kelgandi, – dedi doktor. – Margaret Fredni maxsus kasalxonaga qoʻyish kerakligini aytib kelgan edi, ammo mening politsiyaga topshirish haqida maslahatimni eshitgach, uning ham jazavasi tutdi. Men bu ishning dalillari yoʻqolib ketayotganini, yaʼni Tompson xonimning umri oz qolgandek tuyulganini va pochtachi kiyimi yoʻqolganini oʻylab shunday qilgandim.

– Yoʻqolgan?!

– U kiyimni yoqib yuborgan ekan. Oʻtgan kecha biz pochta kiyimidan qolgan yagona daliliy ashyo, tugmalarni topgan edik.

– Nega u Tompson xonimni oʻldirmoqchi boʻlgan? – dedim men. – U nimani bilgan?

– U oʻsha pochtachini tasvirlashga qodir edi. Margaret pochtachi haqdagi gaplarni eshitgach, uydan pochta kiyimini izlagan va uni topgan. Margaret oʻylab ish qilishga harakat qilgan, ammo u Fredga barcha gapdan xabardor ekanligini va bundan Tompson xonim ham xabardor boʻlishi mumkinligini aytib qoʻygan. U esa mashinaga minib, unga qarshi boʻlgan barcha guvohlarni oʻldirmoqchi boʻlib ketgan. Albatta, sendan tashqari.

– Nega unda meni ham oʻldirishga harakat qilgan ekan? – dedim.

– Chunki siz hammasini oʻz holiga qoʻymadingiz. Siz Elinorni kimdir oʻldirgan deb oʻylay boshlaganingizdanoq xavf ostida qolgandingiz. Shuningdek oʻtgan kecha Margaretga qoʻngʻiroq qilib Tompson xonimlarnikiga nega borganini soʻragansiz.

– U eshitib turgan demoqchimisiz?

– Men uning eshitganini aniq bilaman.

Doktor Hammondlar uyini kechasi bilan kuzatganini, Fred biznikiga kelganida u tashqarida boʻlganini tan oldi. Ammo Fred qahvasini tinchgina ichdi. Keyin u uyga tomon ketayotganda doktor buni panjara ortida turib kuzatgan. Fred ortiga qaytib menga toʻpponcha oʻqtalgan. Doktor uni endi tortib olaman deganda Fred menga qaratib oʻq uzgan.

Bu gaplarni eshitayotib, yigʻladim. Doktor roʻmolchasini olib koʻzlarimni artdi.

– Boʻldi, hammasi ortda qoldi, – dedi u taskin berib. – Siz judayam jasur ayolsiz, Luiza Baring.

Doktor oʻrnidan turdi:

– Menimcha, siz yetarlicha murda va tasodifiy oʻlimni koʻrdingiz. Sizga hozir eng keragi boshingizdagi bintni yangilatishdir. Keyinroq biror kishini boshingizni qaytadan bogʻlab qoʻyish uchun yuboraman.

– Buni oʻzingiz qilib qoʻya qolmaysizmi?

– Yoʻq. Men bu sohadagi shifokor emasman.
– Men unga yaxshilab qaradim. U toliqqan va koʻzining atrofi qorayib ketgandi. Lekin u kuchli va jasur koʻrinar edi. U bilan boʻlgan odam xavf-xatardan yiroq boʻladi deb oʻyladim. – Nega siz oʻzingiz gʻamxoʻrlik qilmas ekansiz? – dedim men. – Agar men hozir kal ekanman, buni boshqa birovdan koʻra siz koʻrganingiz maʼqul. Boʻlaqoling.

U jilmaydi va kutilmaganda yonogʻimdan yengil oʻpich oldi.

– Men buni siz stolimga lab boʻyogʻini taqillatib qoʻyganingizdayoq olishni xohlagandim, – dedi u. – Balki endi izquvarlikni yigʻishtirib, sochingizni oʻstirishning payida boʻlarsiz? Chunki men yoningizda uzoqroq qolmoqchiman.

Tepamga qarasam, oyim eshikka suyanib, jilmayib turardi.

 

Ingliz tilidan Gulnora MATYAZOVA tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 11-12-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/lab-boyogi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x