Bitiklarim – yuragimning manzarasi

Toʻrt-besh yoshimdagi goʻdaklik paytlarim… Bobom Genjamurod Nahan Qurash (Nahan Qurash u kishining laqabi – choʻgirmadan ham katta telpak degani) chordona qurib, meni oldiga olib oʻtirardi. Uning oʻgʻli Allambergan – mening otam “Alpomish”, “Qoblan”, “Edigey”, “Qirq qiz”, “Choriyor” dostonlaridan toʻlgʻov yoki termalar, katta-kichik sheʼriy parchalarni yoddan kuylardi. Bobom juda kuchli, savlatli odam edi. Lekin u shuncha gʻayratli, kuchli boʻlgani bilan, taʼsirchan, koʻngli boʻsh – yosh boladek yuragi begʻubor chol edi. Oʻsha dostonlardagi yurakni tebratadigan misralar koʻp boʻlgani tufayli bobom oʻz ruhida uygʻongan toʻlgʻonishlarini zavqu shavqqa toʻla soʻzlar bilan izhor etib oʻtirardi.

Uning koʻz yoshlari soqol-moʻylovlaridan shoʻrgʻalab boʻynimga tomchilaydi. Mening ham yuragimda allaqanday sezgilar bosh koʻtara boshlaydi… Nafasimni ichimga yutib oʻtiraman. Bobomning koʻz yoshlarining qaynoq harorati hamon boʻynimdan ketgani yoʻq… Balki adabiyotga ixlos oʻsha paytlardan, oʻsha sezimlardan boshlangan boʻlishi ham mumkin.

Dastlabki sheʼrlarim nashr etilib, ilk kitobim sheʼriyat muxlislariga havola etilganda faqat oʻzimgagina maʼlum qadrli narsalarni yoʻqotib, hech kimga nomaʼlum yana bir aziz narsalarni topib olgandek holatlar boshimdan kechgan. Ular quvonch va shodlikdan boshqacharoq sezgilar edi… Ul tuygʻularni qanday nomlash kerakligini hozirgacha ham bilmayman.

Ilk kitobim “Oftobning umri” deb nomlanadi. 1987 yil Nukusda nashr etildi. Soʻng “Saraton”, “Oʻq qadalgan oy” sheʼriy toʻplamlarim birin-ketin bosmadan chiqdi. Bundan tashqari jahon shoirlari sheʼrlarini qoraqalpoq tiliga tarjima qilib “Jahon lirikasidan” nomi bilan 1992 yilda nashr etganman. Lin Bo, Du Fu, Xitomaro, Sayjo, Atiko, Mikelandjelo, Robert Byorns, Valter Skott, Pushkin, Tyutchev, Blok, Yesenin va boshqa jahon shoirlari sheʼrlarini tarjima qilganman.

Ayniqsa, 2006 yilda Toshkentda Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona nashriyotida “Oʻkuzdaryo bitiklari” nomi bilan oʻzbek tilida nashr etilgan sheʼrlar va dostonlar kitobim menga katta quvonch keltirgan. Chunki mana shu kitobim qoʻlyozmasini tayyorlash asnosi taniqli oʻzbek shoirlari bilan ishlash jarayoni men uchun katta adabiy muhit yaratib berdi. Kitobdagi barcha sheʼr va dostonlarni shoir Rustam Musurmon tarjima qildi. Atoqli shoir Azim Suyun “Made xon yohud Chin ipagidagi bitik” dostonimni oʻqib, “Ha, Vatan haqida shunday yoziladi!” deya menga maktub yozdi. Bu maktub Toshkentdagi va Qoraqalpogʻistondagi gazetalarda eʼlon qilindi. Azim ogʻaning doston haqida bildirgan haroratli soʻzlari mening koʻnglimni koʻtardi.

Oʻzbekiston xalq rassomi Javlon Umarbekov “Ukuzdaryo bitiklari” kitobim muqovasi uchun oʻzining “Ikki qoʻrgʻon” asarini hadya etdi. Kitob nashri arafasida tarjimonim Rustam Musurmonning “Siz tarixni qanday rangda tasavvur etasiz?” degan savoliga: “Qoramtir, kulrang tusda” deb javob bergandim. Rustam asarlarning ruhidan kelib chiqib surat tanladi. Ikkimiz Javlon ogʻadan suratni muqovada bosish uchun ruxsat oldik.

Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov kitobimni oʻqib, iliq fikrlar bildirdi. Toshkentdagi barcha shoir doʻstlarim, ustozlarim meni qoʻllab-quvvatladilar. Ularning har biri menga ogʻa-inidek tugʻishgan boʻlib qoldi.

…Ustoz deganda koʻz oldimga birdan kitoblar keladi. Oʻninchi sinfda oʻqib yurgan kezlarimda uyimiz yonidagi tepadan pastga sirgʻanib, qoʻlimni sindirib olganman. Qish faslida qor koʻp yoqqanida tepalikning yuqorisidan har kuni suv sepaverib, soʻqmoqni oynadek yaltiragan muzga aylantirganmiz. Oʻsha sirpanchiq yoʻlakdan pastga qarab katta tezlik bilan qushdek uchib tushayotganimda noqulay yiqildim. Natijada chap qoʻlim “vaqtincha tanaffusga chiqib qoldi”. Kasalxonada yotganimda maktabimiz kutubxonachisi Sapargul opa Jonatan Sviftning “Gulliverning sayohatlari” kitobini olib keldi. Bu kitobni oʻqish lazzatiga shunchalik berilib ketganimdan davolovchi vrachlarning achchiq-chuchuk tanbehlarini eshitishimga toʻgʻri keldi. Kasalxonadan chiqqanimdan soʻng maktab kutubxonasining boʻsagʻasini toʻzdirgan oʻquvchilardan biriga aylanganman. Undan keyin – tuman kutubxonasi, madaniyat uyi kutubxonalarini ham birin-ketin ishgʻol etganman. Insonning turmush tarzidagi barcha hodisalarning ildizlari bolalikdagi koʻngil kayfiyatlariga, hayratlariga borib taqaladi. Ijodkorlikni ham shunday deb oʻylayman.

Ulugʻ inson – Ustozning ham turmushimga, ham ijodimga koʻrsatgan taʼsirini, ayniqsa, boshimda bulutlar aylangan paytlardagi gʻamxoʻrligini butun umrim davomida unutishim aslo mumkin emas…

Yashil bulut yorilib oltin nur tushdi –

Tilla piyolali malaklar ekan.

Tamshanib qirq qultum obihayot ichdim,

Bu neʼmat osmondan, falakdan ekan.

 

Tasbehli hazrat Pir – nurli, asoli,

Koʻrsatdi – olisda oq bulutli togʻ…

Toʻrt tarafim – Quyosh, qibla misoli,

Qayta tugʻilganga oʻxshadim shu chogʻ…

Uzundan-uzun sheʼrlar yozishga, toʻgʻrisi, koʻplab kitoblar chiqarishga unchalik qiziqmaganman. Qiziqqan boʻlsam-da, oʻzimni hayotda “ogʻir qoʻzgʻaladiganlardan” deb hisoblayman. Kitoblarimni nashr etish masalasida hech qachon shoshilmaganman. Bugungi kunda yettita kitobim, shu jumladan ikkita oʻzbekcha kitobim oʻquvchilar qoʻliga yetib bordi. Ularning umumiy nusxasi – oʻn olti ming.

…Jurnalistlarning baʼzan “Farzandlaringiz ichida shoirlikka qiziqqanlari ham bormi?” degan savoli meni oʻylashga majburlaydi. Agar adabiyot tarixiga bir nazar solsangiz, bu savolga javob topish qiyin boʻlardi. Juda olislab ketmay qoʻya turaylik: Pushkin, Tolstoy, Dostoyevskiy, Blok, Yesenin, Maxtumquli, Abay, Ajiniyoz, Berdaq, Choʻlpon, Fitrat… Xoʻsh, bu ulugʻ soʻz sanʼatkorlarining qay birining farzandi ota izidan yurib qalam bilan doʻstlashgan ekan, degan savol bir mahallar meni ham qiziqtirgan edi. Balki bordir… Lekin savolimga javob topa olmaganman. Dehqonning farzandi dehqon, choʻponniki – choʻpon, yuristniki – yurist, junalistniki – jurnalist, generalning bolasi – general boʻlgan holatlar koʻplab uchraydi, xuddi uzukka koʻz qoʻygandek. Biroq shoirning bolasi shoir boʻlganini koʻrmaganman.

Qizim Nargiza va oʻgʻlim Yoqubbek jurnalistik taʼlim olgan. Yoqubbek xalqaro Erazmus Mundus hamkorlik tashkilotidan TOSCA loyihasini yutib olgani uchun hozirgi paytda Polshadagi Adam Mitskevich universitetida bir yillik ilmiy stajirovkada.

…Jahon adabiyotining ulkan bir boʻlimini turkiy adabiyot tashkil etadi. Shuning ichida oʻzbek va qoraqalpoq adabiyoti ham bor. U oʻzining yashashi uchun zarur boʻlgan eleksirni qadimgi davrlardan olib turibdi. Oʻrta Osiyo tabiati uchun Xudo tarafidan berilgan toʻrt fasl – yoz, kuz, qish, bahor yot emas. Qish fasli boʻlmaydigan elatlar bir muchasi hali toʻliq rivojlanmagan odamga oʻxshab ketadi.

Bizning Vatanimizda yuqorida aytilgan toʻrtta faslning barchasi yashaydi. Shuning uchun turli-tuman adabiy yoʻnalishlarning hech birini oʻgay deb hisoblamasligimiz kerag-ov. Ilgarigi davrlarda adabiyotdan “yomonlik” izlovchilar juda koʻplab uchrar edi, bunday illatlar bugungi kunda ham topiladi. Ularni qanday bartaraf etamiz?..

…Jahon adabiy jarayonida mavjud boʻlgan har xil adabiy oqimlar va yoʻnalishlardan qoʻrqish – bu soʻz qadrini toʻgʻri baholay bilmaslikdan kelib chiqadi. Insonning ruhiy dunyosidagi oʻzgacha holatni tasvirlash zaruriyati boshqacha ifoda yaratadigan shoirlarni dunyoga keltiradi. Buning nimasi yomon?.. Lekin sanʼatning barcha turlarida, shuningdek, sheʼriyatda ham “yolgʻonchilar” bor: “yolgʻon modernchi”lar bor. Ularning jonli sezim va tuygʻularga butunlay qoni yot, muzdek “qurbaqa qurullashlari”, albatta, oʻquvchilarda yomon taassurot qoldiradi. Haqiqiy modern va yolgʻon modernning orasida osmon bilan yercha farq bor…

Yurtboshimiz Islom Karimov “Adabiyotga eʼtibor – maʼnaviyatga, kelajakka eʼtibor” risolasida shunday degan edi: “Mening fikrimcha, yozuvchilik – bu oddiy kasb emas, Xudo bergan isteʼdoddir. Bu – qismat, peshonaga yozilgan taqdir. Bu kasbga hech qayerda oʻqitib, oʻrgatib boʻlmaydi. Yozuvchilikning maktabi ham, dorilfununi ham bitta. U ham boʻlsa, bir umr hayotning ichida boʻlish, oʻz xalqi bilan hamdardu hamnafas boʻlib yashash, haqiqat va adolatga sadoqat bilan xizmat qilishdir”.

Yozuvchi qismati va masʼuliyati haqida aytilgan naqadar jonli va hayotiy, hayotning oʻzi kabi haqiqiy fikrlar. Bu gaplar bizni ijodga ruhlantiradi. Shu soʻzlarni oʻqirkanman, bir paytlar Orolni koʻrish uchun Amudaryo orqali rezina qayiqda eshkak eshib safarga chiqqanim esimga tushadi. Uzoq davom etgan bu safarning natijasida “Oʻkuzdaryo bitiklari” nomli turkum sheʼrlarim dunyoga kelgan. Demoqchimanki, har bir asar haqiqiy boʻlishi uchun hayotni chuqur oʻrganish zarur. Berdaq boboning oʻy-xayollari, dardu armoni qanday boʻlganini his etish uchun Nukus – Toʻrtkoʻl katta yoʻli yoqalab Shippiq qalʼasigacha yayov yoʻl yurib, ajdodlar ruhini ziyorat etganman. “Berdaq faryodi”, “Bu yurtning botirlari qayda?” singari sheʼrlarim shunday yozilgan.

Adabiyotimizni rivojlantirishga davlat darajasida eʼtibor qaratilgan. Bizning vazifamiz endi belni mahkam bogʻlab ijod qilishdan iborat. Qoraqalpoqcha aytganda, qobirgʻalarimizning orasidan yurak, jigar va oʻpkamiz koʻrinib turishi darkor… “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi va “Sharq yulduzi”, “Yoshlik”, “Jahon adabiyoti”, “Amudaryo” jurnallari adabiyotimizning rivojlanishiga katta hissa qoʻshmoqda…

Yozuvchi-shoirlarimiz dunyo mamlakatlariga ijodiy safarlarga chiqib, ulardagi soʻz zargarlari bilan jonli muloqot oʻrnatsa, oʻzga ellar xalqlarining ham qalbiga quloq tutsa – ularning yashash sharoiti, madaniy hayoti bilan tanishsa, albatta, adabiyotimiz yanada yuqori choʻqqilarga koʻtarilishida imkoniyatlardan biri boʻlur edi…

…Butun umrim davomida rejalarim bilan tayinli murosaga kelolmay yashamoqdaman. Baʼzida rejalarim menga boʻysunmaydi, goho men rejalarimning tizginidan chiqib ketaman…

Bu yil barchaga omad yor boʻlsin!

 

Baxtiyor GENJAMUROD

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 2-son

https://saviya.uz/hayot/suhbat/bitiklarim-yuragimning-manzarasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x