Yer andak silkindi. Togʻu toshlar gumburladi. Galadagi otlar dovdirab, oʻzlarini qayoqqa urishini bilmay qolishdi. Galaboshi ularni tinchlantirishga harchand urinmasin, baytallar kishnab, turli tomonga tirqiradi. Onalarining bu ajabtovur harakatlariga tushunmagan yangi tugʻilgan qulunlar atrofga hayron olayishardi. Koʻz ochib yumguncha boʻlib oʻtgan zilzila borliqqa shuncha sarosima solishga ulgurdi. Otlarning oyoqlari mahkam turgan yer qimirlashdan toʻxtagan, biroq negadir shovqin tinchimagandi. Oyoqlari uzun, baquvvat, xipcha beli qoruvli, metinday mustahkam galaboshi aygʻir qandaydir xavfni sezib, burun teshiklarini katta-katta ochgancha, bezovta kishnab koʻl tomondagi tepalikka qarab yugurdi. Bu tepalik yaqin atrofdagi eng baland joy. Uning ustidan hamma yer kaftdagiday koʻrinadi. Vahimali kishnab, tepalik ustida yer tepinayotgan aygʻirga pastdagi galasi bir ilinj kutganday javdirab turishardi. Galaboshi adashmabdi. Koʻngli sezganicha bor ekan. Pastdagi vodiydan oʻzlari tomonga chang-toʻzon koʻtargancha bir necha otliq yugurib kelardi. Aygʻir ular nima uchun kelayotganlarini, maqsadi nima ekanligini yaxshi biladi. Chunki bunday kutilmagan mehmonlar tez-tez koʻrinib galaning tinchini buzadi. Shunday paytlarda butun boshli otlar uyurining taqdiri galaboshining zimmasiga tushadi. Qora aygʻir shu choqqacha biror marta adashmagan. Toʻgʻri, doim ham galani bus-butun, hech qanday talofatsiz qutqara olmaydi. Ular orasida nimjon, kasal otlar, yosh bolali baytallar va qarilar yo qoch-quvda halok boʻladi yoki qoʻlga tushadi. Nailoj, aygʻir bunday pallalarda ojiz qoladi.
Qadamlaridan oʻt chaqnab, xuddi quyunday pastladi. Old oyoqlarini baland koʻtarib, galasiga shimol tomon qochishni amirona buyruq berib kishnadi. Yoʻl boshlashga boshladi-yu, oʻzi oldinga intilmay, galani aylanib yugurdi. Otlarni tezroq harakat qilishga undab yer tepindi. Koʻl tomondagi tepalikdan oʻtilsa, torgina vodiy. Undan soʻng pastqam togʻliklar boshlanadi. U yerda tezroq yugurilsa, biror pana joy topib, koʻzdan yoʻqolish oson. Butun uyur galaboshining maqsadi nima ekanini tushundi. Qora aygʻir esa eng oxirgi ot ham yoʻlga tushib olganidan keyingina qochishga hozirlandi. Barchani koʻzdan kechirib, bir harakat bilan galaning oldiga oʻtib oldi. U eng oldinda toʻdasiga namuna boʻlish uchun tezroq, chaqqonroq harakat qiladi. Yugurganida koʻmirdek qora yollari selkillab, parvozga shaylanayotgan qushni eslatadi. Ammo aygʻir ilkis-ilkis toʻxtab, chang-toʻzon ichida elas-elas koʻzga tashlanayotgan oppoq baytalga qaraydi. Boshqa paytlarda oʻsha ot aygʻir bilan oldinma-ketin yugurar edi. Hozir esa buning iloji yoʻq. Chunki baytal qulunlashi kerak. Galaboshi toʻdani uning tinchgina koʻzi yorishi uchun shu adirlikka olib kelgandi, bexavotir deb oʻylagandi bu yerni. Biroq shu yerdayam azaliy raqibi odamlar tinch qoʻyishmadi ularni. Oq biya avvaliga risoladagidek, bir tekis yugurdi, ammo bora-bora hammadan ortda qola boshladi. Uning nafasi boʻgʻziga tiqilib hansirar, qornida qandaydir kuchli ogʻriq turgandi. Taxminan moʻljal olingan yoʻldan gala jonholatda odimlar, aygʻir esa toʻxtadi. Oq baytalning boshqa yugurmay, yumalab qolganini koʻrgach ortga qaytdi. Bu orada gala ancha uzoqlashiga ulgurdi. Aygʻir biyasini oʻrnidan turishga undab atrofida gijinglab aylandi. Ammo oq otning ortiq yugurishga madori yoʻq. Avvaliga uni turishga undagan galaboshi endi pishqirib buyruq berishga oʻtdi. Biroq foydasiz. Biyaning dardi boshlangandi. Boyagina zilziladan qoʻrqib ketgan otga, keyingi zarba ogʻirlik qildi. U kishnashdan toʻxtab, boshini yerga tashladi. Endi befoyda. Baytal yugurish u yoqda tursin, oʻrnidan ham turolmaydi. Aygʻiri atrofida goh amirona, goh yalinib kishnar, juftining tumshugʻiga burnini tekkizib undan nimanidir oʻtinardi. Ikki oʻt orasida qolgan galaboshi bir suyukli baytaliga, bir shovqin solishib tobora uzoqlashib borayotgan uyurga qaraydi. U qolganlarni asrashi kerak, biroq oq otni shu ahvolida tashlab ham ketolmaydi. Uning uzoq ikkilanishiga ortidan quvib kelayotganlarning qorasi koʻrinishi nuqta qoʻydi. Aygʻir osmonga sapchib, vahimali, shu bilan birga juda ayanchli kishnadi.
* * *
Toʻychi chavandoz uyurning izini yoʻqotgan boʻlsa-da, ovdan quruq qaytmadi. Oldingi oyoqlari tushovlanib, itoatkorona yoʻrgʻalayotgan oq baytal va uning toychogʻini, bu kengliklardagi jamiki yovvoyi otlar sardori, afsonaviy aygʻirning zurriyodini olib qaytdi. Qulunning yunglari xuddi otasinikidek tim qora, yaltiroq, koʻzlari esa onasiniki kabi jigarrang. Oyoqlari hali oriq, nimjon boʻlsa ham, vaqti kelib ularda kengliklarga sigʻmaydigan kuch yigʻilishi muqarrar.
– Nasli toza-da jonivorning, yaltillashini qara, – deya sevinchini ichiga sigʻdira olmagan chavandoz atrofidagilarga kulib qoʻyadi. – Aygʻirni tutolmagan boʻlsak ham, quluni bizda. Bu toychoqning, – deya yonidagilarning kim ekanini anglamay quloqlarini dikkaytirayotgan qulunning boshini silaydi, – galaboshidan afzalligi koʻp. Chunki uni tutganimiz bilan yovvoyi baribir yovvoyiligini qiladi. Qulay payt boʻldi deguncha qochishga urinadi. Asovni jilovlash qiyin. Quluncha esa endi oʻzimizniki. Agar otasiday oʻktam ot boʻlsa, bu orada oldimizga tushadigan chavandoz topilmaydi.
Oq biya odamlar qulunini erkalagan, yunglarini silagan sayin battarroq tixirlik qilayotgandi. Bir ilojini topsa-yu, bolasini olib ortiga qaramay qochsa. Ammo bari harakatlari befoyda ekanini jonivorning oʻzi ham bilib turar, shunday esa-da taqdirning bu gʻirrom hukmi bilan kelishishni, uni qabul qilishni istamayotgandi.
Oʻsha kuni chavandozga qishloqning yoshu qarisi havas qildi. Hozir har kim uning oʻrnida boʻlib qolishni xohlardi. Chunki dongʻi butun vodiyga yoyilgan qora aygʻirning zurriyodi Toʻychi chavandozning qoʻlida.
* * *
Oq baytalning kishnashi, tongda, quyosh togʻlar boshini siypab moʻralay boshlaganida, ayniqsa, avjiga chiqardi. Chunki bu vaqtda oqboshli choʻqqilar doimgidan ham viqorli, ulugʻvor va juda-juda yaqinda, xuddi kaft choʻzsa yetadiganday koʻrinar, unda asovning qorli yaylovda yugurayotgan, ozodlikda shamolday uchayotgan uyurining dupurlari eshitiladi. U malla, doim yoshovrab turadigan koʻzlarini oʻsha tomonga qadaydi. Agar bir harakat qilsa, odamlar oʻzicha baquvvat deb qurgan yogʻoch otxonani bemalol buzib tashlab, uzoq-uzoqlarga, inson yetolmaydigan makonlarga qochib keta oladi. Biroq bunga uning haqi yoʻq. Chunki ortida yaqinda tugʻilgan quluni bor. Ot kishnay-kishnay tinchiydi va bostirma tagida bezovta onasiga hayron tikilib turgan goʻdagining yoniga qaytadi. Togʻ asovini yovvoyi otlar uyuridan koʻzi yoriyotgan paytda tutib olishgan. Quluncha hali juda zaif, xonaki otlarning bolalaridan farq qilmaydi. Lekin yovvoyi baytal qoʻradagi boshqa bolalarni qulunining yoniga yoʻlatmaydi. Chunki har tikilganida unda ulkan xarsanglarga, yuksak togʻlarga, keng daralarga sigʻmagan ozodlikni koʻradi, jajji yuragining urishida yugurganida toshlardan uchqun sachratgan otlar dupurini, hali ham onda-sonda quloqlariga chalinib qoladigan juftining oʻktam ovozli kishnashini eshitadi. Qishning uzundan-uzoq qirovli tunlarida ham otxonaning usti ochiq qismida quloqlarini dikkaytirib, burun teshiklaridan hovur chiqarib turaveradi.
Tong otgach, qulunchasini yalayotgan aygʻirni kuzatarkan, Ziyod ota chuqur uf-f tortdi. U paytlarda Ilhom hali yosh, bobosining ketidan qolmaydigan bola edi. Uning goʻdaklarcha mijgʻov savollari ham kulgili, ham javob berishga odamni shoshirib qoʻyadi.
– Nimaga uflayapsiz, bobo?
– Oqboshning ahvolini koʻrib uflamay nima qilay?
(Ular otga shunday deb nom qoʻyib olishgandi)
– Otimizga nima boʻlgan?
– Uyini sogʻinyapti, bechora.
– Qaysi uyini, uyi shu yerda-ku.
– Ey-y bolasi tushmagur, ezib yubording, – Ziyod otaning sabri tugab, nabirasini urishgan boʻladi.
Ilhom boshqa gapirmaydi. Sovuqda qizargan burnini tortib jim turaveradi. Hamma narsani tez unutib qoʻyadigan chol yana otga chalgʻiydi.
– Nasli toza-da jonivorning.
– Nasli toza degani nima?
– Bu, – deya tushuntirish beradi chol nabirasiga, – bu degani haqiqiy ot degani. Asl otlar xuddi Oqboshga oʻxshaydi. Qadamidan oʻt chaqnaydi ularning.
– Oʻt chaqnaydi degani nima?
– Oʻt chaqnaydi degani juda tez yuguradi. Quvganing bilan baribir yetolmaysan degani.
– Lekin otam otni quvganida yetgan-ku, u asl ot emasmi?
Ota nabirasiga shu yerda taslim boʻladi. Chunki bu savolga javob berolmasdi. Axir bolakay otasining oq boshni halol jangda emas, bolalayotgan vaqtida tutganini qaydan bilsin?
– Ey bachchagʻar, toza jonga tegding. Miyamni achitishdan boshqa qiladigan ishing yoʻqmi? Bor, ukalaring bilan oʻyna.
Yengilayotgan vaziyatlarida chol shu yoʻlni tutardi. Ilhomga esa baribir bobosining yonida ham, boshqa yerda ham oʻzini zeriktirmaydi.
Quluncha bola bilan tengdosh ulgʻayardi. Koʻrinishi xuddi onasining oʻzi. Baquvvat va chayir oyoqlari uzun-uzun, tim qora yollari qizlarning oftobda toblangan sochidek yaltiraydi. Peshonasi va biqinida oq qashqasi bor. Shuning uchun hamma unga Oqqashqa deb nom qoʻyib olgandi. Oqqashqa voyaga yetgach onasidan ham yovqur, onasidan ham navqiron otga aylandi. Ammo ona va bolaning orasida bir farq bor edi. Oqqashqa katta boʻlgan sari odamlar bilan juda-juda yaqin boʻlib ketdi. Uning poygalarda, koʻpkarilarda beli qotib, dongʻi har tomonga yoyildi. Lekin ona ot insonlarga boʻysunmadi, qanchalik majburlashmasin, hech bir chavandozni ustiga yoʻlatmadi. Boshqa ishchi otlar qatori dalaga borar, aravaga qoʻshilar, oʻt, suv tashirdi.
– Bechorani turtkilama, – dedi bir kuni Ziyod ota yoniga yoʻlatmaganidan baytalni qamchilayotgan oʻgʻliga. – Ungayam mehr bersang, tek turadi-da.
– Bu boquvni keragidan ortiq olib boʻlgan, ota. Lekin hech narsaga yaramayapti. Buning oʻrniga qirchangʻi boqqanimizda yaxshiydi.
Ota indamadi, faqat norozilanib boshini sarak-sarak qildi.
– Har kim oʻz yurtida shoh boʻlsin ekan.
Ilhom bobosining nima deganini anglamagani uchun berishga biror joʻyali savol topolmadi. Faqat koʻzlarini pirpiratib bobosiga termilib turaverdi.
– Oqboshni aytyapman, – dedi nabirasining hozir nimadir soʻrab qolishini oldindan bilgan chol. – Uni biz tamom qildik. Togʻlarida hukmdor edi, bu yerda-chi, hech narsaga arzimaydigan bir ot, xolos.
– Unda nimaga qochib ketmaydi?
Ilhom oʻshanda birinchi marta bobosini hayratga soladigan savol bergandi. Ziyod ota ham birinchi marta oʻziga loyiq suhbatdosh topgan.
– Agar Oqqashqa boʻlmaganida edi, baytal allaqachon yo qochib ketardi, yoki oʻlardi.
Oqqashqani uloqqa Toʻychi chavandoz, uning ukasi Suyun chavandoz mindi. U bilan qayerga borishmasin, doim gʻalaba bilan qaytishdi. Ot emas, chin doʻst edi u. Baʼzan otasi Oqboshni qamchilasa, kaltak xuddi bolaning biror yeriga tekkanday seskanardi. Shunday paytlarda bobosini chaqirar, faqat bobosi otning yonini olishi mumkin ekanini bilardi. Bobosining otlarga mehrini koʻrib, ularni chin dilidan yaxshi koʻradi deya oʻylagan. Ammo bir kuni koʻpkariga ketgan otni yuk mashinasida olib qaytishdi. Chunki otning yiqilib oyogʻi singandi. Oʻshanda endi hech narsaga yaramay qolgan Oqqashqani soʻyish kerakligini, aynan, Ziyod ota maslahat berdi. Oʻsha kuni Oqqashqaga onasidan boshqa hech kimning rahmi kelmadi. Soʻyishayotganida atrofidagilardan mehr-shafqat soʻrab tilangan koʻzlari hamon bolaning yodidan chiqmaydi. Kishnaganida doim oʻktam chiqadigan ovozi oʻsha paytda goʻdaklarnikidan ham nimjon, yangi tugʻilgan qulunlarnikidan-da ojiz chiqqan. U-ku oxiri taqdiriga tan berdi, lekin ona ot… Yuragi qandaydir noxushlikni sezganday ertalabdan bezovtalana boshlagach, chol oyogʻidan mahkam bogʻlab qoʻydi. Lekin Oqqashqani soʻyishayotganida yer tepinib kishnagani…
Ilhomning oʻshanda rahmi kelganidan va ayni damda qoʻlidan hech narsa kelmaganidan lablarini tishlagan.
Baytal bolasini koʻrgani yoʻq, Oqqashqani otxonadan panaga olib ketishgandi. Lekin bolasi oʻlayotganini, oʻlayotgandayam doʻstim deb ishonganlari nobud qilayotganini ich-ichidan sezib turgandi bechora. Oqqashqa joni uzilishidan oldin ogʻir ingradi. Shu payt otxona tomondan nimadir qarsillab sindi. Zum oʻtmay odamlar yoniga shamolday uchib, ona ot keldi. Hamma karaxt boʻlib qolgandi. Chorasiz aygʻir orqa oyoqlarida turib butun gavdasini tik koʻtargancha oldingi oyoqlarini havoda muallaq aylantirdi. Shunchalik baland kishnadiki, ovozi quloqni kar qilay derdi. Bola birinchi marta yovvoyi baytalda shunday vajohat, kuch, odam bolasiga nafrat va ilojsiz onaning farzandi uchun tutgan motamini koʻrdi. Katta ochilgan burun teshiklari oʻt purkayman derdi goʻyo. Oqqashqaning koʻzlari onasi tomon qadalgancha qotib qoldi. Ehtimol, ularda “Odamlarga ishonganim, ular bilan doʻst boʻlganim uchun meni kechiring, onajon” degan maʼno boʻlgandir. Har qalay Ilhom oʻsha paytda buni oʻqiyolmasdi. Hammasi tamom boʻlgandi. Yovvoyi baytal yana bir kishnadi-da, purtanalar hosil qilib, vishillab oqayotgan soyning ustidan narigi qirgʻoqqa sakradi. Uning sogʻ-omon oʻtib ketishiga hech kim ishonmagandi. Shunchalik yuqori sakradiki, xuddi uchayotganga oʻxshardi. Uzun yollari shamolda qush qanotiday selkillab, parvoz qilardi. Oq baytal yiqilmadi. Qanchalik uzoq boʻlmasin, narigi qirgʻoqqacha sakray oldi. Sakrab oʻtdi-yu, togʻlarga qarab juda tez yugurganidan bir zum oʻtmay koʻzdan gʻoyib boʻldi. U yovvoyi erki, ozodligi tomon shoshardi. Odamlar orasida uzoq muddat yashagan boʻlsa ham qari koʻnglidagi bunday yuksak tuygʻular hamon yosh edi.
Bolakay Oqboshni shundan keyin koʻrmadi. Qayta uchratmadi. Lekin ona otdan koʻngli toʻq. Agar tirik boʻlsa odam yetolmaydigan joylarda, erkinlikda yashayapti, oʻlib ketgan boʻlsayam haqiqiy gʻoliblarga xos oʻlim topgan. Mana buni hayot desa boʻladi.
Ilhom hamma tarqalgach ham ona otning dupurlari qulogʻiga chalinib qoladiganday butun diqqatini togʻ tomon berib ancha vaqt turdi.
Hamma narsa qanchalik tez sodir boʻlgan boʻlsa, shunchalik tez tugadi. Ziyod ota “Hozir savolga koʻmib tashlaydi” deb koʻzlarini nabirasidan olib qochdi. Ammo bola hech narsa soʻramadi. Chunki koʻp narsani biladi deb oʻylagan insoni aslida hayvon anglay olgan oddiy hislarni tushunmas ekan. Bobosi ilgari uning koʻziga hamma narsani biladigan juda aqlli inson boʻlib koʻrinardi. Xuddi u kishiday fikrlagisi, u kishiday oʻylagisi kelardi. Ammo keyin boshqa hech narsa soʻramadi. Bu voqeaga oʻzining xulosasini chiqarib boʻlgandi.
Muyassar TILOVOVA
“Yoshlik”, 2012 yil, 2-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/jilovsiz-asov/