DINAMIKA

DINAMIKA (yun. dynamis — kuch) — mexanikannng jismlar mexanik harakatini ularga taʼsir qiladigan kuchlar bilan bogʻlab oʻrganadigan boʻlimi. Dinamikada statikaning murakkab kuchlar sistemasini sodda holga keltirish qonuniyatlaridan va kinematikadagi harakatni ifodalash usullaridan keng foydalaniladi. Dinamikaning bevosita vazifasi berilgan (qoʻyilgan) kuchlar boʻyicha harakatni aniqlash, agar harakat maʼlum boʻlsa, jismga qoʻyilgan kuchlarni topishdan iborat. Odatda, Dinamika deganda yoruglik tezligidan ancha kichik tezlikda harakatlanayotgan har qanday moddiy jismning harakatini oʻrganadigan anʼanaviy (klassik) Dinamika tushuniladi.

Oʻrganiladigan obyektning xossalariga qarab:

1) moddiy nuqta va moddiy nuqtalar sistemasi Dinamika si;

2) qattiq jism D. si;

3) uzgaruvchan massali jism D. si;

4) elastik yoki plastik deformatsiyalanadigan jism Dinamika si;

5) suyuqlik va gaz D. si (mas, gidrodinamika, aerodinamika, gaz dinamikasi) buladi. Dinamikada avval moddiy nuqtaning harakat qonunlari aniqlanadi, soʻngra moddiy nuqtalar sistemasi uchun bu qonunlar umumlashtiriladi, massa jismlarning moddiy ifodasi sifatida qaraladi.

Dinamika asosini Nyutonning mexanika qonunlari tashkil qiladi.

Dinamikada ikkita birliklar sistemasi ishlatiladi:

1) fizik sistema [uzunlik birligi (1 metr), vaqt birligi (1 sekund), massa birligi (1 kilogramm-massa) olinadi];

2) texnik sistema [uzunlik, vaqt birligi va kuch birligi (1 kilogramm-kuch)]. D. da moddiy nuqtalar va sistemalarning harakati Nyutonning qonunlari asosida tuzilgan differensial tenglamalar asosida aniklanadi. Dinamikada moddiy nuqta tebranma harakatini tekshirish uchun differensial tenglamalardan foydalaniladi va harakat qonunlari keltirib chiqariladi. Bundan tashqari dinamikada harakatni tekshirish uchun nisbatan soddalashtirilgan uch xil usul ham keltiriladi. Bular Dinamikaning umumiy teoremalari degan nom bilan kiritilgan.

Amalda Dinamikaning quyidagi umumiy teoremalari juda keng tatbiq qilinadi:

1) sistema harakat miqdorining oʻzgarishi haqidagi teorema: sistema harakat miqdori differensiali tashqi kuchlar elementar impulslarining geometrik yigindisiga teng. Bu teorema suyukliklar harakatini tekshirishda, zarba nazariyasida, reaktiv harakatlar nazariyasida keng tatbiq qilinadi;

2) sistema kinetik momentining oʻzgarishi haqidagi teorema: sistemaning biror O markaziga nisbatan kinetik momentining vektori uchining tezligi sistemaga qoʻyilgan tashki kuchlarning shu nuqtaga nisbatan bosh momentiga teng. Bu teorema giroskoplar nazariyasida, zarba nazariyasida, sayyoralar harakatini tekshirishda, turbinalar nazariyasida keng tatbiq qilinadi;

3) sistema kinetik energiyasining oʻzgarishi haqidagi teorema: sistemaning ixtiyoriy siljishidagi kinetik energiyasi oʻzgarishi ichki va tashqi kuchlarning shu siljishda bajargan ishlari yigʻindisiga teng. Sistemaga potensial kuchlar qoʻyilsa, sistema kinetik va potensial energiyalarining yigindisi oʻzgarmay qoladi. Kinetik energiyaning oʻzgarish tezligi barcha ichki va tashki kuchlar quvvatlari yigʻindisiga teng. Dinamikada umumlashgan koordinatalar va umumlashgan kuchlar tushunchalari kiritilib, kinetik energiyani bu yangi koordinatalarda ifodalash uchun Lagranj ikkinchi tur tenglamalari keltirib chiqariladi. Harakatni tadqiq qilishning umumiy usullaridan tashqari Dinamikada bir qator xususiy masalalar: giroskoplar nazariyasi, mexanik tebranishlar nazariyasi va b. ham oʻrganiladi. Dinamika usullarining ayrim sohalarga tatbiq qilinishi tufayli osmon mexanikasi, tashqi ballistika, samolyotlar dinamikasi, raketalar dinamikasi kabi sohalar paydo boʻldi.

Ad.: Oʻrazboyev M ., T., Nazariy mexanika asosiy kursi, 3-nashr, T., 1966; Rashidov T. R., Shoziyotov Sh., Moʻminov K. B., Nazariy mexanika asoslari (darslik) T., 1990.

Tursun Rashidov, Qudratilla Latipov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x