Yuragim tubidan dostonlar chiqdi

BAHOR

Buncha nozik, mitti gʻunchalar,

Qanday qilib ochilar, kular?

Balki uning jasoratini

Toʻlgʻoq tutgan onalar bilar.

Qirgʻoqlarga sigʻmay toshar suv,

Shivirlaydi yashil yaproqlar.

Turnalarning qaytganin koʻrib,

Vujudimga kirar titroqlar.

Karaming moʻl, qodir Allohim,

Maysa ekding hatto toshgacha.

Yashash darsin oʻtarsan balkim,

Bahoringda keksa, yoshgacha.

Ufqlarga yetsa qulochim,

Lolalarni bagʻrimga bossam.

Kapalakning qanotlariga

Yonib turgan dilimni ossam.

Bahorning gul quchoqlarida

Tirilgim ham oʻlgim keladi.

Oʻzbekiston, onam, bagʻringda,

Bahor boʻlib qolgim keladi.

 

 

* * *

Sizning ham qirlarda oʻsarmi maysa?

Bir-birin suyagan daraxtlar bormi?

Yeru koʻk qish boʻyi sogʻinchda kuysa,

Sogʻinarmi sizu mendek bahorni?

 

Sizda ham bulbullar chekarmi afgʻon?

Oʻriklar novdasi gullashadimi?

Bir-birin koʻrmasa yurak bagʻri qon

Boʻlib sirli maktub yoʻllashadimi?

 

Sizda ham suvlarning koʻpirib qoni,

Oʻzlarini togʻdan tashlashadimi?

Kurtaklarning gulga aylanish oni,

Bir shirin azobni boshlashadimi?

 

Sizda ham quyoshning aylanib boshi,

Bulutlarning koʻzi tinib ketarmi?

Qaytar turnalarning toʻkilib yoshi,

Qadrdon maskanga qoʻnib oʻtarmi?

 

Sizda ham oh ursa boʻliq tuproqlar,

Hovuri hammaga seziladimi?

Tinmay shivirlasa koʻm-koʻk yaproqlar,

Ildizlarning tinchi buziladimi?

 

Koʻngildagi armon, yurakdagi gʻam,

Koʻchib oʻtmadimi, gulga, chamanga?

Nega buncha jimsiz, buncha xotirjam,

Bahor kelmadimi, Sizlar tomonga?

 

 

* * *

Navroʻz keldi, qirlar koʻkardi,

Qirlar ostidagi zoʻrlar koʻkardi.

Koʻkarmayman degan oʻrlar koʻkardi,

Mehr koʻkarmadi sening dilingda.

 

Bulutlar eridi, toʻkdilar koʻzyosh,

Balandda boʻlsa ham kuydirdi quyosh.

Bardoshlari bitib, uvalandi tosh,

Bir soʻz aylanmadi sening tilingda.

 

Yoʻlimdan barq urib boʻstonlar chiqdi,

Yuragim tubidan dostonlar chiqdi,

Qomati yoy boʻlib Rustamlar chiqdi,

Faqat sen chiqmading mening yoʻlimdan.

 

 

* * *

Dilimdan to tilimgacha soʻz,

Oyogʻimdan qoʻlimgacha soʻz.

Tangrim, soʻzdan aylama judo,

Hayotimdan oʻlimgacha soʻz…

 

Dunyosiga yoʻgʻu borimni,

Soʻzim bilan aytib ketaman.

Tinglamasa tilim zorimni

Koʻzim bilan aytib ketaman!

 

 

UZILGAN GULGA

Kim uzdi soʻramayin

Biror ogʻiz quyoshdan.

Qoʻrqmadimi ohingdan,

Qoʻrqmadimi koʻzyoshdan.

Tuprogʻingdan, suvingdan

Olmadimi, rozilik?

Hech qursa tikanlaring

Qilmadimi qozilik?

Yana uyalmay bogʻbon

Seni pulga sotdimi?

Bayram bahonasida

Quchogʻimga otdimi?

Seni kim majburladi,

Huzurimga kelmoqqa?

Oʻzing rozi boʻldingmi,

Koʻnglim uchun oʻlmoqqa?!

 

 

* * *

Yashaganing sari kamdir bu dunyo,

Anglaganing sari gʻamdir bu dunyo.

Orqaga qaytish yoʻq, bas deb aytish yoʻq,

Tinmay chorlaguvchi shamdir bu dunyo.

 

Faqat orzu bilan bunyod bu ochun,

Kimga mehri yolgʻon, kimga ishqi chin.

Oʻzing-ku dunyoga sigʻmay yuribsan,

Yana undan orom soʻraysan nechun?

 

Bandilik muborak soʻz zindonida,

Bilgilki, erk yashar shoir qonida.

Dilni qancha ezsang shuncha yashaysan,

Sheʼr atalgan mangu haykal yonida.

 

 

TIKAN

Senga sheʼr bitmoqchi emasdim asli,

Gul tutib yoʻlimga chiqib turmasang.

Yeru koʻkni yoqqan saraton fasli,

Bunchalar yashamoq zavqin surmasang.

 

Yam-yashilsan, mayin maysa rangida,

Quyosh bor mehrini boshingdan toʻkkan.

Gʻolibsan, chillaning olov jangida,

Tomiri daryoga yetgan ey, tikan!

 

 

ISHQ

Tinglamaydi hech kim arzu dodini,

Tutilgan unutar nasli, zotini.

Senu men kim boʻpmiz, bu sevgi yana,

Telba qilar mingta Xosiyatini.

 

 

TOʻRTLIKLAR

“Pastga tushdingmi?” deb soʻrmagil qasddan,

Kinoya qilguncha boshim os manim.

Sensiz nima qilay, men axir pastda,

Ey dili oftobim, boshi osmonim.

 

 

* * *

Zar topdim, zoʻr topdim, himoya topdim,

Mehribon doʻstlaru hamsoya topdim.

Izlasam har soʻzdan bir gʻoya topdim,

Topolmadim faqat sening koʻnglingni.

 

 

* * *

Bir yurakni qoʻydim dunyo,

Kamu koʻsting xizmatiga.

Nega meni qilding sherik

Xazonlarning qismatiga?

 

 

Xosiyat BOBOMURODOVA

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 3-son

https://saviya.uz/ijod/nazm/yuragim-tubidan-dostonlar-chiqdi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x