Meni yasha, olam

Shoirlar hamma qatori banda ekanligi bot-bot takrorlanadi. Hech kimsaga oʻxshamas tafakkur tarziga egaligi ham koʻp tilga olinadi. Oydinniso goʻ­zal­likdan bahra olishda barcha qatori odam boʻlsa-da, uni hammadan oʻzgacha idrok etadi: Uning “Hovur” toʻplamini varaqlab koʻnglimizdan shunday tuygʻular kechadi.

 

Sening boshing toshdan, odamzod,

Sen chidaysan,

Qoʻrqmay qarayver.

 

Qara, osmon qanday lojuvard,

Tong qanchalar musaffo!

Qara, ichib qoʻysin koʻzlaring,

Qanday goʻzal raqs tushar sabo!

 

Ilk satrlar kishini nedir fojiali, mudhish voqeaga tayyorlayotganday. Oʻquvchi beixtiyor sergak tortadi: “Buncha hozirlik bilan nedan ogoh etmoqchi?” Bu soʻzlar, odatda, koʻrgulik yuz berganda aytiladi-da. Oydinniso ularning necha zamonlik vazifalarini ilkis oʻzgartirdi: “Qara, osmon qanday lojuvard”, dosh bergin bu yorqin, cheksiz moviylikka, axir sening boshing toshdan-ku. Insonning mahzun, shodon, dargʻazab, mehrli, ehtirosli yo sovuq ovozlari havoni egallamasidan tong sofligidan bahra ol. Mayin sabo etak­larini hilpiratib, raqsga tushmoqda – daraxtlar bar­gi, boʻliq bugʻdoy boshoqlari, maysalarning qiyoq ti­li epkin taʼsirida toʻlqinlanadi. Koʻrinmas hodisa yaratgan shunday goʻzal raqs shoira qalbining eng ichki, oʻzi bosh suqavermaydigan puchmoqlariga qadar borib yetadi. 

Oydinniso juda gʻalati fikrlash tarziga ega qiz. Uning tilida oddiy soʻzlar jumboq singari yangraydi, shunchaki manzaralar qalami tekkani hamon betakror joziba kasb etadi. Xalqimiz “Gunohim nima?” oʻrniga qoʻllaydigan “Mendan nima oʻtdi?” soʻrogʻini Oydinniso oʻz idrok tarziga ustalik bilan moslab oladi:

Mendan nima oʻtdi? Qay taraf oʻtdi?” 

 

Tuygʻular chuqur boʻlsagina, chinakam asar yuzaga kelishi badiiy adabiyotning oltin qoidasidir. Oy­dinniso ijodida tuygʻular juda moʻl va chuqur. Koʻp hol­larda ular uygʻonishiga kundalik hodisalar sabab boʻlgan. Koʻngli nozik, ruhi jilvakor, hassos shoira tuy­gʻularning asl mohiyati bilan tanishishga intiladi:

 

Boshqacha boʻlardi

sen kelganingda:

 

Uygʻonib

shirin oʻng koʻrardik

…Yemak tutar edik

och koʻnglimizga

…Bizniki boʻlardi

bir yurak sevgi

 

Asar “Shirin oʻng koʻrardik” orzusi bilanoq sheʼrxon eʼtirofi va mehrini qozonadi. Och koʻngillarga yemak tutish istagi esa qalbni larzaga soladi. Axir bu tugal taʼrifi asrlardan buyon hamon aytilmagan muhabbat chizgisi-ku. Aynan muhabbat-ku qalbni toʻydiradigan, toʻldiradigan. Hatto uning javobsizligi ham koʻngilga ozuqa. Muhabbatsiz odam koʻngli ochidan oʻlayotgan shoʻrlik odamdir. Oydinniso shular bilan kifoyalanmay, hayratga solishda davom etadi: “Bizniki boʻlardi bir yurak sevgi”. Dunyoda yurakdan kengroq va yurakdan torroq makon yoʻq. Gʻamning tomchisi ham sigʻmaydi, baxtning ummoni ham toʻldira olmaydi. Shu paytgacha muhabbatning oʻlchovi boʻlmaydi, degan qanoat hukm surardi. Oydinniso buning yanglish ekanini, aynan muhabbatning oʻlchovi boʻlishi shartligini isbotladi. Chindan ham, yurakni toʻldirmagan sevgi sevgimi? Shu bilan birga, “suygi lim” boʻlmagan yurak yurakmi?

Yuragimni tahrir qilaman,

Oʻchiraman undan

ismingni.

Oqqa koʻchiraman

boʻm-boʻsh yurakni…

 

Bir adabiyotshunos qalbida milliy hissiyoti soʻ­nik ayollarda muhabbat tuygʻulari ham sust boʻladi, deganda qanchalar haq boʻlgan ekan. Oydinnisodagi qoʻrqinchli darajadagi teran muhabbat sababi undagi oʻzbeklik hissi boʻlsa ne ajab. Oydinniso muhabbatni hayotning mazmuni, deb bilsa ham, unga erishish, uni kuylash, uning uchun kurashish shart, deb hisoblasa ham, parda ortida qola biladi. Oʻta jurʼatli, hatto ochiq tuyulguvchi satrlardagi oʻzbekona nozik andishani kitobxonning sinchkov nigohi ilgʻab oladi:

 

Sizdek

meni soʻzsiz anglatguvchi soʻz

…Oʻsha soʻz

tugʻildi koʻnglimning sathida,

nafas oldi boʻgʻzimda yonib,

titrab toshib chiqdi

nafasimga,

ifor sochdi

qimtilgan lablarimga qoʻnib,

nigohim choʻqqisiga koʻchib

termuldi sizga,

soʻng… nihoyat…

bardoshi tugab,

jaranglab ketdi u koʻzyoshlarimda.

 

Sizga bir soʻz aytdim…

eshitdingizmi?

 

Ilk satrlardayoq qiz muhabbatiga iqror boʻlayot­ganday – uni koʻrganlar qizni koʻrgandek boʻ­lishadi, zotan qiz ishq kuchidan oʻzini unutib, unga aylanib qolgan. Lekin “sizni sevaman” yoki “sevib qoldim” deyilishiga guvoh boʻlmaysiz. Sharqda ayollar tuygʻusini bildirmaydi, hatto unga ishora qilish ham uyat sanaladi. Oydinniso ham tuygʻulari kuchli, chinakam boʻlsa-da, muhabbat jurʼatini chandon oshirgan esa-da, avvalo, oʻzbek qizi. Ilhom kelganda soʻz va ifodalar oqimini boshqarib boʻlmaydi. Lekin ular oʻzbek qizining qal­bidan chiqayotgani bois “koʻngil sathida tugʻilgan soʻz” tilga koʻchmay, boʻgʻizda turib qoldi. Boʻgʻizdagi iq­ror nafaqat aytilayotgan soʻzlar maʼnosi, ohangiga, balki olinayotgan nafasga ham taʼsir qildi – nafasdagi marom buzildi. Izhor qilinayozgan muhabbat koʻzlarga koʻchdi, qorachiqlar shuʼlalanib, oʻzgacha porladi. Ularda oʻynayotgan nur nihoyat yoshlarga aylanib, koʻzdan sizib chiqdi. Qiz muhabbatini shu tarzda izhor etdi. Tortinibgina berilgan “Eshitdingizmi?” soʻrogʻi ham, chamamda, tilga koʻchmaganday.

Sheʼriyat hamisha bolalikdan oziqlanadi, yoshi ulugʻ ijodkorning ham bir oyogʻi oʻsha yerda boʻladi. Ayni shu xislat sabab ularda badiiy soʻzni anglash, goʻzallikdan zavqlanish kuchliroq kechadi. Bolalarga xos idrok va xayolotdan uzilgan sari olamni butun goʻzalligi, badiiy qudrati bilan anglash, undan hayratlanish qobiliyati kamaya boradi. Balki shuning uchun ham sheʼr yozish barchaga nasib etavermaydigan nodir qobiliyatdir. Oydinnisoni shaxsan taniganlar uning hamon bolalikning begʻubor, har narsaga qodir olamida yashayotganligiga guvoh boʻlishadi. Sheʼri orqali kashf etganlar esa uning ilk muhabbatdan sarxush bolakaymi yoki koʻpni koʻrgan tajribali insonmi ekanini bilolmay qiynalishadi.

 

Koshkiydi koʻngilning ildizi boʻlsa,

Qadab qoʻysang uni

erga chuqurroq

…oʻsaversa koʻngil gurkirab

… qutulsang

uni tinmay koʻtarib yurishdan,

birovga berishdan,

ichikib qaytarib olishdan.

 

Ruhiy holatning izoh talab etmaydigan darajada nuktadonlik bilan qogʻozga tushirilgan surati. Oydinniso ijodini kuzatarkansiz, uning insoniy, baʼzan maishiy boʻlgan kechinmalardan badiiy hodisa yaratishiga guvoh boʻlasiz. Shoira ijodi juda kutilmagan, kezi kelganda, hatto oʻziga ham xos boʻlmay qoladigan individual sheʼriyatdir. Bu badiiy zavqi bir-birinikidan keskin farq etadigan kitobxonlarni boshqalar didiga moslashish majburiyatidan qut­qaradi. U estetik plyuralizm tomon yoʻl boshlaydi, in­dividual sheʼriyat boʻlgani uchun individual yondashuvni taqozo etadi.

Ijodkorning mahorat darajasini belgilovchi bosh omil – xayolot kuchi, tasavvur boyligi hisoblanadi. Aynan tasavvur kuchi bilan shoira xohlanayotganligiga, izlanayotganligiga, sogʻinilayotganligiga ishonib rad etadi, qochadi, beparvo oʻtadi. Tasavvur erki tufayli u goʻyoki rad etilmish tomonidan aldanadi, sevishni istamaganiga ishonib qoladi.

 

Erk bilan boqdim tasavvurimni,

Libos olib berdim unga xilma-xil:

kulgishakl, yigʻi shakl,

mutoyiba, oʻkinch shakl…

 

Oydinniso oʻzbek adabiy tiliga “kulgi shakl”, “yi­gʻishakl”, “oʻkinchshakl” kabi yangi soʻzlar qoʻshdi. Balki bu soʻzlar umuman isteʼmolga kirmas, ammo oʻquvchiga oʻz va oʻzgalar kechinmalarini tushunish, tushuntirishning yangi vositasi boʻlib xizmat qilishi shubhasiz. Kulgishakl yoki oʻkinchshakl libosini kiygan tasavvurni tasavvur qilib koʻring-a? Demak, shoiraning quvonchi, huzuni, qah-qahasiyu alami chin boʻlmagan ekan. Barchasi xayolot mahsuli ekan. Unda qaysi tuygʻu haqiqiy? Yo barchasi nihon, yurakka koʻmilganmi? 

 

Men barini ichimga yutdim

Yuragimda ildiz otdi yutganlarim

Tepchib oʻsib chiqdi ikki koʻzimdan

 

Bor narsaning mutlaq yoʻq boʻlib ketmasligi barchaga ayon. Shu kabi ichga yutilgan kechinmalar yitmadi, balki koʻzlarga chuqur mung, soʻzlarga shikasta ohang boʻlib joylashdi.

Bu kechmish

kechmoqda mening ichimda,

Bir oʻzim bebaxtman,

bir men baxtiyor

 

Qadim Sharqda ogʻir jinoyat qilganlarni yolgʻizlik bilan jazolashar ekan. Chindan ham, odamzot uchun bundan mushkul sinov yoʻq. Agar baham koʻrishadiganing boʻlmasa, baxt ham tatimaydi, dardkashing boʻlmasa, gʻamning zarrasi ham yiqitadi. Kechmishlarini nihon tutgan, baxtu baxtsizlikni faqat oʻzi bilan baham koʻrish qismatini ixtiyoriy tanlagan shoira ham nihoyat: “Jimgina eshiting Hayqirayotgan koʻzimni” dedi. Tilni tiyish mumkin, koʻzlarni cheklab boʻladimi. Sinchiklab qarasang, bas, hammasidan boxabar boʻlasan. Axir: “Shu koʻz – tushirilgan sening surating”.

Oydinniso sheʼriyati uchun, avvalo, oʻz ruhiyatini badiiy tadqiq etish xarakterli. Bu vazifani u real voqelik va undagi hodisalarni koʻngliga xos yoʻsinda idrok etish orqali bajaradi. Tabiat va tabiiy manzaralarning shoira qalamida butkul oʻzgacha tus olishi, boshqa missiyani bajarishi sababi shundadir.

 

Dengiz shovullaydi koʻksimda,

Uzoq-yaqinlarni uygʻotib.

Gir aylanar chagʻalay soʻzlar,

Koʻzlariga osmon toʻlatib.

 

Har bir odam oʻz tortishish kuchi, aylanish meh­vari boʻlgan alohida olamdir. Oydinniso ham chegarasi ufq ortida gʻoyib boʻlgan, tubiga yetish dargumon koʻksida dengizni chayqatadi. Dengiz mavjlanganda koʻkrak qafasiga urilib, ortga qaytadi. Uning ichida turfa baliqlar – hali soʻzga evrilmagan tuygʻular oʻynoqlab suzib yuradi. Evrilganlari yuqorida chagʻa­laylar kabi parvozda. Chagʻalay – oppoq qush. Badiiy yukli soʻzning ham, Oydinniso nazarida, rangi oq, musaffo. Parvoz imkonini beradigan havolari bor badiiy soʻzning. Soʻzlar tuygʻudan paydo boʻlishini chagʻalayning baliq bilan oziqlanishiga mengzatishi shoira tafakkur tarzi koʻlamdor ekanidan dalolat beradi. Shu bilan birga, ijod ahliga xos havo shoiraga ham begona emas.

 

Men – erkin qush,

sen – cheksiz osmon.

Qanot qoqsam,

har taraf Sensan!

 

Qush – mumtoz adabiyotimizda ruh, osmon esa koʻn­gil timsoli boʻlib kelgan. Yuqoridagi toʻrtlik kishi yodiga beixtiyor “Lison ut-tayr”ni, undagi oʻttiz qushni yodga soladi. Balki sevganini izlab yoʻlga chiqqan Oy­dinniso ham Hudhud kabi yoʻl oxirida Unga aylanib qolgandir. Butun borliq Unga aylangan, albatta, faqat qiz uchun. Yigit qora koʻzlarini qizga tikib turibdi. Koʻzlar osmonrang boʻlishi kerak edi. Lekin “koʻz yoshingni ichingga yutding” tasviridan ularning moviy emasligini ayonlashadi.

Badiiy asar qiymatini unda inson ruhiyati qan­chalar serqirra va teran ochilganligi belgilaydi. Oydinnisoning sheʼrlari mazkur badiiy talablarga bemalol javob bera oladi. Uning har bir satri, qoʻllagan soʻzi, soʻzlarning joylashish tartibiga qadar muayyan qonuniyatga asoslangan. Mazkur qonuniyatning adabiyotshunoslik ilmiga aloqasi yoʻq, bu Oydinnisoning oʻzi oʻylab topgan shaxsiy qoidalaridir. Ne boʻlganda ham, ular aqlli, kuchli, tirikchiligini oʻzi moʻljallagan yoʻlga qoʻya oladigan, fan-texnikaning rivoji tufayli imkoniyatlari yana-da oshgan, aynan shu tufayli koʻngli quruqshab borayotgan insonni tuygʻular bilan suvlantiradi. Chanqogʻini qondirib, atrofga boshqacha nazar bilan qarashga undaydi.  Har bir ijodkorning istagi ham shu – asarlari orqali kishilar koʻngliga kirish va ularni nurlantirish. Biz Oydinnisoni bu badiiy missiyani oʻz usulida uddalay olgani bilan qutlaymiz va soʻzimizni shunday yakunlaymiz:

 

Meni kuyla, olam,

men bir qoʻshiqman –

har satridan

yuz yurak ungan.

Chalgin meni,

men bir musiqa –

tomirlarga

jon boʻlib ingan.

Yasha meni olam,

yasha, hayotman…

 

Muhayyo YOʻLDOSHYeVA,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 4-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/meni-yasha-olam/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x