Erjebet HALHOTSI
(Mojoriston)
Bolaligimda Nani Hombots sodir etgan qotillik haqida koʻp bor eshitganman. Uzundan uzoq qish kunlarida kattalar qaltirab-titrab ana shu mudhish voqeani hikoya qilishar, biz bolalar uxlayotgan kishi boʻlib, koʻrpaga oʻralgancha, yuragimiz muzlab ularning gapiga quloq solardik.
Bu birinchi Jahon urushi paytida yuz bergan. Nanining eri urushga ketgan, yoshgina juvonning bir parchagina tomorqasidagi ishlariga qarashish uchun unga bir asirni biriktirib qoʻyishgan. Asir, kattalarning aytishicha, sochi, qosh-koʻzlari qop-qora, qoʻshiq aytish va soz chertishda tengi yoʻq italiyan yigit ekan. Uning uchun yaqindagina erini harbiy xizmatga joʻnatgan, hali toʻshak lazzatini unuta olmagan yosh juvonning boshini aylantirib olish qiyin kechmagan. Qizchasi tugʻilgan paytda eri urushda boʻlgan.
Kutilmaganda eri Kechevesh uyga qaytadi. Oʻsha oqshom juvon va asir uni oʻldirishadi. Jasadni aravaga solishadi-da, ustini pichan bilan yopib, Rabu daryosiga eltib tashlashadi. Kimdir uni koʻrib qolgudek boʻlsa, tanib ololmasligi uchun kallasini kesib olishadi va yaqin oradagi goʻngtoʻdaga koʻmib qoʻyishadi.
Keyin urush tugadi, asirlar, shu jumladan italiyan yigit ham yurtiga qaytdi. Kechevesh uyiga qaytmagani uchun, xotini uning jangda qahramonlarcha halok boʻlgani, hatto unga anchagina yordam puli joʻnatilgani haqida gap tarqatdi.
Nani Hombots asir ketganidan keyin dala ishlariga qarashish uchun mardikor yolladi. Ulardan biri dalaga goʻng chiqarayotib, bosh chanogʻini topib oldi va polis idorasiga xabar qildi. Barcha shubxa-gumonlar haqiqatga aylandi. Oʻsha kuniyoq ayolning qoʻliga kishan solib opketishdi, keyin uni umrbod ozodlikdan mahrum etishdi.
Nani Hombotsning besh yashar qizi avval qaysidir qarindoshi qoʻlida oʻsdi, u oʻlgach bechora Annush Kechevesh yakkayu yolgʻiz qolib ketdi. Annushni men ham yaxshi tanirdim, u bizning koʻchamizda qishloqning eng chekkasida, tomi qamish bilan yopilgan, yiqilay deb turgan kulbada yashardi. Annush haqida turli vahimali gaplar yurar, biz bolalar dalaga ovqat olib borayotganda, uning uyi yonidan oʻtishga hayiqardik. Albattaki, unga hech kim uylanmagan, shunday esa-da, kimlardandir ikkita bola orttirishga ulgurgandi. Axir Nani Hombotsning qiziga kim ham uylanardi?
Aniq eslayman, u juda ishchan, mehnatkash va sogʻlom ayol edi. U bilan birga boʻlgan erkaklarga oson boʻlmagandir? Kimdir unga uylanmoqchi boʻlganida, Annushning xuddi onasiga oʻxshab, erining kallasini kesib olishi, keyin uni goʻngtoʻdaga koʻmib qoʻyishi mumkinligini dahshat ichida koʻz oldiga keltirgan boʻlsa kerak.
Bahorning iliq tongi edi. Ikkita bolakay hovlida oʻynab yurishardi. Petike besh, Marnike ikki yarim yoshga kadam qoʻygandi. Ular kechagi yomgʻirdan keyin namlangan yer uzra tunuka parchasi bilan turli shakllarni chizishardi.
Uy qulflab ketilgandi. Eshik oldida bir shoxi boʻronda sinib tushgan, bir tarafga qiyshayib qolgan qari nashvati daraxti tagida allaqachon oʻz umrini yashab boʻlgan eski ustol va gʻijirlab qolgan xarrak joylashgandi. Ustolning ustida bolalarning kundalik yemagi – bir koʻzachada suv va usti katakli roʻmolcha bilan oʻralgan non turardi.
Hovlining yarmi koʻcha bilan qoʻshilib ketgan, orqa tomoni esa tomorqa bilan tutashgandi. Qachonlardir hovli devor bilan oʻralgan boʻlsa-da, yogʻin-sochin natijasida uning yarmi ivib ado boʻlgan, qolgan qismi oʻtin yoʻgʻida oʻtga qalangan, faqat darvozani tutib turishga moʻljallangan ikkita chirik ustun qolgandi, xolos.
Koʻchadan oʻtib borayotgan bir kampir hovli yonida toʻxtab, kichkintoylarga diqqat bilan qarab qoldi.
Bolalar shu paytga qadar bunaqa gʻalati kampirni koʻrishmagandi. U qoʻshni Roza xolanikiga oʻxshab kichkina roʻmolcha oʻrab olmagan, uning qalin va oqargan sochlari yelkalariga tushib turardi. U xuddi gadoylarga oʻxshab tayoq uchiga kichkina bir tugunni ilib olgan, hali yirtilib ulgurmagan qora koʻylagi xuddi birovnikidek unga yarashmay turardi.
Kampir biroz bukilib, hovliga tikilgancha turib qoldi.
Petike xech narsadan qoʻrqmasdi. U erta bahordan kuzgacha uyda yolgʻiz qolishga koʻnikkan, faqat Marike baʼzida boʻlar-boʻlmasga arillab, uning gʻashiga tegardi. Bola shu paytgacha onasidan biror marta qaroqchilar, qotillar, bolalarni oʻgʻirlab sotadigan tilanchilar va ajinalar haqidagi qoʻrqinchli ertaklarni eshitmagan edi. Petike hatto qorongʻidan ham qoʻrqmasdi. Hozir ham u qiziqsinib, notanish kampirga yaqin bordi.
– Onam uyda yoʻq, – dedi jiddiy qarash bilan.
– Kimning oʻgʻli boʻlasan? – soʻradi ayol. Uning ovozi Roza xola singari kampirlarning tovushiga hecham oʻxshamasdi.
– Anna Kechevesh, – dedi bolakay va kampirning moviy koʻzlaridan ajinlari boʻylab oqa boshlagan yoshlarni koʻrib hayron boʻldi.
– Otangning ismi nima? – soʻradi kampir entikib.
– Mening otam yoʻq, – javob kaytardi bola quruqqina ohangda. – Kingiga oʻxshagan bolalarning otasi boʻladi. Onamning aytishicha, uning bizga keragi ham yoʻq.
– Bu sening singlingmi? – soʻradi akasidan ancha uzoqda begona ayoldan yotsirab turgan qizchani koʻrsatib va oʻzi hovli va koʻcha oʻrtasidagi koʻrinmas chegarani bosib ichkari kirdi.
– Ha, – dedi bola, – Marike. U hali judayam kichkina.
– Koʻryapman, – dedi ayol va hovlining ichkari tarafida, qizchaning roʻparasida uyib qoʻyilgan shox-shabba gʻaramiga suyanib qoldi. U unniqib ketgan dastroʻmolchasi bilan koʻzlarini artar, biroq koʻzyoshlarning keti koʻrinmas, chunki, u har gal xiralashgan nigohlarini uyning gʻaribgina tomiga, qiyshayib turgan nashvatiga, bolalarga, ship-shiydam hovliga qaratganida oʻzini yigʻidan toʻxtata olmasdi.
Bolalar unga qoʻrquv aralash karab turashardi. Petike unga hech yeringiz ogʻrimayaptimi, Shuvegesh amaki har kanday kasalni tuzatadi, demoqchi boʻlib turganida kampirning oʻzi tilga kirdi:
– Onang qayerda?
– Ular dalaga patinjon ekkani ketishdi.
Kampir birdaniga sergak tortdi:
– Kim bilan ketdi?
– Fabian amakim oyimga yordam beryapti.
– Tushunarli… U… Fabian amaking anchadan beri sizlar bilan yashaydimi?
– Yoʻq, mavlud bayramida yoʻq edi. Onam uni bozordan olib keldi.
Kampir bolalarga jimgina qarab qoldi. Beixtiyor yuzlariga tabassum yugurdi. Shuning barobarida yuzlaridagi ajinlar koʻpayib ketdi, lekin koʻzlarida sevinch porladi. Unga javoban Petike ham jilmaydi, Marike esa, tortinchoqlik bilan yerga tikilib turardi.
– Buvingiz boʻlishini xohlarmidingiz? – soʻradi kampir oʻsha tabassum bilan.
– Bizning buvimiz yoʻq, – bidirladi Petike, – Kingining ikkita buvisi bor.
– Shuning uchun soʻrayapman, sening ham buving boʻlishini istaysanmi?
Petike oʻylanib qoldi.
– Kingining buvisi unga har doim olma beradi. Hatto qishda ham.
– Men buni bilmagan ekanman. – Ayol oʻzini oqlaganday gʻudranib, tizzalari ustida turgan tugunchasini ocha boshladi. Bolalar qiziqib unga yaqinlashishdi. Uning uvada tugunchasida qora charm karmon, katta qizgʻish salib, dumaloq taroq va koʻzgu bor edi.
Kichkina yashil qoplamali kuzguning orqa tarafida uzun sochlarini tarayotgan yelkalari ochiq ayolning tasviri bor edi.
Oyna favqulodda yaraqlab turardi. Petika birovning narsasiga tegmaslikka oʻrgangani uchun indamay qarab turaverdi. Uyda ham ana shunaqa oyna bor, faqat u bolalarning qoʻli yetmaydigan joyida ilib qoʻyilgan.
Petike kampir mehribonlik bilan uzatgan koʻzguni jurʼatsizlik bilan qoʻliga oldi, unda oʻz aksini uzoq tomosha qildi va Marikening ogʻzi yigʻlashga moyil tarzda qiyshaya boshlagach, qoʻlidagini unga koʻrsatdi.
– Oʻgʻlim, isming nima?
– Petike.
– Shoshma Petike, – Kampir bolaning qoʻlidan koʻzguni oldi-da, uy tomonga yurdi. Shu choqda uyning nashvati soyasi tushib turgan devorida yugurib ketayotgan quyon tasviri paydo boʻldi. Bolakaylar devordagi gʻalati tasvirni qiziqish bilan kuzata boshlashdi. Ayol koʻzguni shunday ushlab turilsa, uning aksi soya tushib turgan devorga aniq tushishini tushuntirib, uni Petikening qoʻliga tutqazdi.
Bolalar oʻyin bilan andarmon boʻlib qolishgach, kampir uyib qoʻyilgan xazon atrofida yura boshladi. Bolalar bu gʻalati oʻyinni oʻynab zerikishdi shekilli, yana oʻzlarida qiziqish uygʻotgan kampirning yoniga yugurib kelishdi. Kampir ularga qarab mahzun jilmaydi:
– Buvingiz boʻlishini istarmidingiz? – deya avvalgi savolini qaytardi. Petike nima deb javob qaytarishni bilmasdi.
– U har doim siz bilan birga boʻlardi. Tushlik tayyorlab berar, Qorqiz va yetti pakana, Boʻgʻirsoq, ikkita urishqoq echki haqidagi ertaklarni aytib berardi.
– Zoʻr-ku, – dedi har kuni kechga yaqin onasini sogʻinganidan xarxashasini boshlaydigan singlisidan bezor boʻlgan Petike.
– Men sizning buvingiz boʻlaman, – dedi kampir nuroniy tabassum bilan.
Petike bunga jon-jon deb rozi boʻlsa-da, bir narsaga tushuna olmasdi:
– Nimaga shu paytgacha bizning buvimiz boʻlmagansiz?
Ayol yolgʻondakam qovoq uydi:
– Men juda uzoqda edim, oʻgʻlim.
– Amriqoda edingizmi?
– Amriqoda edim. Hatto undan ham uzoqda edim, bolam…
Qoʻshni ayol Roza xola tush mahali Anna Kevecheshning hovlisida xazonlar ustida oʻtirgan oqsoch ayolning oʻz yoshiga nomunosib tiniq va chiroyli ovozda bolalarga qoʻshiq oʻrgatayotganini koʻrib ajablandi.
Roza xola nima boʻlayotgani bilan qiziqsa-da, qoʻshni hovliga oʻtgisi kelmadi. Nani Hombotsning qizi kim ediki, uning uyiga kelgan notanish mehmon kim boʻlardi? Roza xola hatto oʻz nevaralarini ham qoʻshni bolalar bilan oʻynagani qoʻymasdi. Kingi oʻzboshimchalik bilan qoʻshni hovliga oʻtib qolsa, darrov uni chaqirib olar va yaxshilab taʼzirini berardi.
…Katta Oq Salib yonidagi Komlo vodiysi katta yoʻl yoqasiga tutashib ketgan. Yoʻlning bir tarafi qishloqqa, ikkinchi tomoni Annush ishlaydigan dalalarga ulangan. Kech tushib, keksa nashvati soyasi hovli boʻylab choʻzilgan mahalda Fyuge erinchoqlik bilan kavsh qaytarib yotar, Petikeni esa sigir ekinzorni behuda toptamasin uchun uni ogʻilga ertarok kiritish tashvishi oʻylantirardi. Keyin esa, u singlisining qoʻlidan tutgancha, katta Oq Salib tagiga onasini kutib olish uchun chiqadi.
Annush Kechevesh bolalarini uzoqdan ilgʻay oladi. Oʻsha ondayoq uning vujudini yoqimli bir his chulgʻaydi. U dalada ishlashni, ayniqsa, bahorning ana shu pallasini, uning yelkani kuydiradigan quyoshini yoqtiradi, yangi ekilgan patinjon koʻchatlari baravj oʻsa boshlagani, qishda nasibalari moʻl-koʻl boʻlishini oʻylab koʻngli togʻdek koʻtariladi. Biroq uyda yolgʻiz qolgan bolalarimga hech narsa boʻlmadimikin, degan tahlikali savol bu quvonchni bir zumda yuvib ketadi.
Daladan Katta Oq Salibgacha oʻn daqiqalik yoʻl. Yigirma besh yoshli, kuchli va sogʻlom ayol bu fursatni ikkiga boʻlib, dalada qolgan erkakka va uni kutib oʻtirgan bolalariga taqsimlagan.
Annush vijdonan ishlashni sevar va buning uddasidan chiqa olardi. Biroq sakkiz tanob yerni bir oʻzi eplay olmasdi. Buning uchun kamida ikkita odam kerak boʻlardi. Uning xizmatkor saqlashga qurbi yetmasdi, chunki ikkita bolasi bilan qishdan arang jon saqlab chiqar, ortiqcha nonxoʻrni boqishning oʻzi boʻlmasdi. Hatto savr oyiga borib ularning quruq joʻxori nondan boʻlak yeguligi qolmasdi. Bu paytda joʻxori soʻtasidan boshqa yemishi qolmagan Fyuge ham sutdan toʻxtardi.
Annush yutoqib zogʻora non kavshayotgan bolalarini koʻrganida, kechqurun ularning soʻlgʻin badanini ishqab choʻmiltirayotganida yuragi ezilib ketardi. Shunda u choʻchqa sotib olish uchun yigʻib qoʻygan pulni olardi-da, goʻsht, yogʻ va koʻproq shakar sotib olish uchun doʻkonga yugurmoqchi boʻlar, biroq bu paytda doʻkon yopiq boʻlishini oʻylab, hafsalasi pir boʻlar, ertalab uygʻonganida yanagi yil uchun bitta choʻchqacha olib qoʻymasa boʻlmasligini anglab, pulga tekkisi kelmasdi.
U endi tirikchilik haqida uncha qaygʻurmasa ham boʻladi. Yonida Fabian bor. U Annush Kechevesh kimning qizi ekanini bilgan taqdirda ham uni tashlab ketmaydi.
U bir oy ilgari Fabianni mardikor bozoridan yollab kelgandi. U ozgʻin, oʻychan chehrali, mulohazakor yigit edi. Uning xoʻrlik va sitamlarga koʻnikib ketgan nigohlarida ishonchsizlik va chuqur qaygʻu aks etib turardi.
Annush yigitning qismatida oʻziniki bilan oʻxshashlik borligini payqadi. U yetimlik, yolgʻizlik nima ekanini yaxshi biladi. Ular ikki hafta davomida bir dalada mehnat qilishdi. Annush birinchi kundanoq yigitning ota-onasini ham koʻrmagani, ochkoʻz va qoʻpol qishloqilar qoʻlida yetimlikda oʻsgani, shu paytga qadar biror marta biror kishidan shirin gap eshitmaganini soʻrab bilib olgandi.
Bugun tush payti ayol yana baxtning sarxush etgulik titrogʻini butun vujudi bilan his etdi. Ular tol soyasi ostida birgalikda non va qarzga olingan choʻchqayogʻ yeyishdi, shunda Fabian aytdiki:
– Bekam, men quduqdan tozaroq suv opkelay.
Annush oʻz-oʻzini yengishga harakat qildi:
– Fabian, meni bekam demagin, Annush deyaver.
Yigit unga tikildi, ammo, darrov boshini egib oldi, lablariga titroq yugurdi.
– Tilim bormaydi, – deya shivirladi u.
Ayol unga yaqinroq keldi va iyagidan koʻtarib oʻziga qaratdi:
– Annush degin, – mayinlik bilan oʻtindi ayol.
Ular uzoq muddat bir-biriga tikilib qolishdi.
– Shu paytga qadar hech kim meni sevmagan edi, – dedi yigit va birdan uning nigohlari tundlashdi.
– Men… Men seni sevaman, Fabian! Sen buni bilasan. Bilasan-ku, toʻgʻrimi?
– Men ham sizni sevaman, – dedi Fabian xoʻrsinib. Uning soʻzlarini arang eshitish mumkin edi.
– Sizni emas, seni degin!
Fabian Annushning yuziga uzoq termuldi: uning dudoqlari atrofiga mayin tabassum yoyilgan, koʻzlarida samimiylik aks etardi, yigit esa anchadan buyon ichida toʻplanib qolgan yigʻi toʻfonini arang ushlab turardi.
– Seni, – dedi ohista entikib.
Ular qancha vaqtgacha quchoqlashib turishganini yolgʻiz Xudo biladi. Keyin Fabian qarshisida ilk bor betakror moʻjizani kurib turgandek yengil va hayratomuz jilmayganicha soʻradi:
– Qudukdan muzdek suv olib kelsam maylimi… Annush?..
…Annush choʻkkalab bolalarini bagʻriga bosdi, ularning yuz-koʻzlaridan qayta-kayta oʻpdi. Uning lablari jigarbandlarining yuz terisi har kungidek emasligini darrov payqadi, ammo dastlab bunga eʼtibor bermadi. – E xudo, bu yetimchalar uchun kunning oʻtishi bunchalar qiyin boʻlmasa? Oʻtgan yozda Marika hali koʻkrakdan ajralmagan paytda kechqurun uni koʻrishi bilan “onna, onna” deya qiyqira boshlardi. Ha, Annush ularning “onnasi”. Ular onasisiz yashay olmaydi, shuni his etishing qanchalar katta baxt. Axir u farzandlarini aynan oʻzi uchun dunyoga keltirmadimi?
U qizchani qoʻliga koʻtarib oldi, oʻgʻlining qoʻlidan tutdi. Ular torgina soʻqmoqdan uyga qayta boshladilar. Petike odatdagidek shosha-pisha kun boʻyi yuz bergan voqealarni “sharhlashga” oʻtdi, onasi esa unga horgʻinlik bilan quloq tutardi: qushning ini… Marike yigʻladi… Ular doʻkon-doʻkon oʻynashdi… Birdan ayol sergaklandi:
– Nima deding, oʻgʻlim?
– Buvim keldilar, – dedi bola quvonchi ichiga sigʻmay, shundagina onasi uning qoʻlida turgan dumaloq koʻzguchaga eʼtibor berdi, – qarang, buvim menga manavini berdilar.
– Qanaqa buvi, qayerdan keladi? – ajablandi Annush.
– Amriqodan.
Nahotki bolalaridan birining otasi oʻz farzandini olib ketish uchun onasini yuborgan boʻlsa?.. Yoʻq, boʻlishi mumkin emas. Axir boʻynimga osilib olmoqchi, deb oʻylamasin uchun u bironta yigitga undan homiladorligini aytmagandi-ku?
– Buvim bizga ertaklar aytib berdilar. Birga qoʻshiq aytdik, oʻynadik, – hikoyasini davom ettirdi Petike.
Annush miyasida charx urayotgan noxush fikrlarni haydamoqchi boʻlar, biroq, undan qutula olmasdi. Shunda betoqatlik bilan oʻgʻliga qichqirdi:
– Odamga oʻxshab bir boshdan gapir, qanaqa buvi, qaysi buvi?
Bola biroz shoshilib qoldi-yu besh yoshli bolaning imkoni darajasida bor gapni aytib berdi.
– Qayerda hozir oʻsha ayol? – soʻradi u sabrsizlik bilan.
– Uyda.
– Nima qilyapti?
Petike yigʻlagudek boʻldi:
– Fyugeni sogʻib, kechlik tayyorlayaptilar.
– Sen unga kalit pichanxonaning tokchasida turishini aytdingmi? – oʻshqirdi onasi. Bola endi baralla yigʻlab yubordi:
– Yoʻ-oʻq, – dedi alam bilan xirillab, – oʻzlari bilarkanlar. Har doim kalit mana shu yerda turardi, dedilar.
Annush taxtadek qotib qoldi. Holsizlanib qizchani yerga qoʻydi. Yuragi oʻrnidan qoʻzgʻalib, boʻgʻziga qadalganday boʻldi, hozir boʻgʻilib oʻlaman, oʻyladi Annush. Bolalar unga dahshat ichida qarab turishardi. Ana shunda Annush bolalarning oyoq-qoʻllari har kungidek kir-chir emas, top-toza yuvilganini koʻrdi. Kechagina oʻgʻlining ishtonchasidagi yirtiqni uyda ip yoʻqligi uchun yamay olmagandi, hozir esa, oʻrniyam bilinmaydi. Petikening yenglari, qizchaning egnidagi chit koʻylak ham yuvilgan, hozirgi issiqda hamma narsa tez qurib qoladi.
U bolalarini sudragancha uyga tomon oshiqdi. Tepaliklarning soyasi vodiy boʻylab yoyila boshlagan edi. Ayol oshxonasining eshigi tuynugidan shuʼla taralmayotganini uzoqdanoq payqadi. Ichida xira umid yalligʻlandi: ehtimol ketib qolgandir? Balki uning oʻzi umuman boʻlmagandir. Petike u haqdagi gaplarni shunchaki alahsirab aytgan boʻlsa-chi?
Shu payt choʻka boshlagan shom pardasi ortidan uning qulogʻiga mayin va sokin bir qoʻshiq eshitildi. Qoʻshiq ohangi yaqinlashgan sari Annushning vujudiga titroq kira boshladi. Bu ovoz, bu qoʻshiq unga tanish, lekin ular yillarning zalvorli qatida qolib ketgan, lekin xotirasining qaysidir puchmogʻida zang bosib yotgandi. Hozirgina ayolning nazarida allanima zarb ila portladiyu bu olis xotiralar qayta jonlandi. Uning koʻz oʻngida zarrin sochli, koʻzlari chaqnab turgan, navqiron va mehridaryo ayol siymosi paydo boʻldi…
Uning allanechuk parda qoplagan nigohlari qiyshiq nashvati ostida turgan ayol gavdasini zoʻrgʻa ilgʻay oldi. Joʻxori sitib oʻtirgan ayol Annushni koʻrishi bilan ilkis qoʻzgʻaldi-yu, sehrlangandek bir zum kotib qoldi, keyin uning past va oʻtinchli ovozi eshitildi:
– Jon qizim, meni haydama!
Annush vujudidagi soʻnggi jurʼatni toʻplab:
– Qolavering, ona, – deya oldi xolos va uning oʻksik yigʻisini hech kim eshitmasin uchun oʻzini jon halpida uy ichiga urdi.
“Qolavering… Qolavering!.. Yoʻq, uni ertagayoq joʻnatvorish kerak. Har holda yarim kechasi quvib yuborsa boʻlmas”.
Annushning oʻt chaqnagan koʻzlari qorongʻilik bagʻrini yorib turardi. Onasi ham hozir uygʻoq ekanini ich-ichidan his qildi. Bechora kun boʻyi horib-charchab ketgandir? Axir Annushning hamma ishlarini bajarib qoʻyibdi-ku? Buning ustiga yana yotish oldidan bolalarni yuvintirib, joyiga yotqizdi, yana ertaklar aytib berdi. U qanday boʻlmasin, foydasi tegishi mumkinligini koʻrsatmoqchi boʻlgan-da! Ana shuni oʻylab Annushning koʻzlari yoshga toʻldi.
Xonada nafas olishning iloji yoʻqdek edi, havo goʻyo tosh-metinga aylangan, uni hatto bolta bilan ham maydalab boʻlmasdi.
– Nega bunaqa qildingiz, ona? – uning qoʻqqisdan yangragan xitobi yonginasida uxlab yotgan qizchasini ham qalqitib yubordi.
Qoʻshni toʻshakdan hadeganda javob eshitilavermadi:
– Qoʻy, qizim, oʻtgan ishga salavot. Yaramni yangilab nima qilasan?
– Shunaqa deng, – dedi qizi zaharxanda bilan. – Demak, bu yara siz uchun eskiribdi-da? Boʻlishi mumkin, chunki siz qilmishingizga yarasha jazo topdingiz. Men-chi, men kim uchun, nima uchun azob tortib yuribman? Mening hayotimni koʻrdingizmi? Bunga kim aybdor?
Onasi javob bermadi. Qiz ham javobni kutmayotgan edi.
– Meni qishloqda kim deb chaqirishlarini bilasizmi? Nani Hombotsning qizi. Faqat shu xolos. Meni tushuna olgan, mehnatim, halolligimni qadrlay olgan birorta inson topolganimda, uning xoki poyini koʻzimga surtardim. Annush boʻgʻziga kadalgan yigʻini yutish uchun ogʻir xoʻrsindi. – Men odamlar nazdida yoʻlini yoʻqotgan sayoq bir qizman! Axir qotil onaning farzandiga birov xayrixoh nazar bilan boqarmidi? Men… hatto mana shu bolalarni ham kimgadir mehr qoʻyish uchun tugʻdim…
Annushning tovushi yigʻiga qoʻshilib xirillab koldi. Shunday boʻlsa-da, umrida ilk bor ichidagi dardu alamini birovning oldida toʻkib solayotgandi.
Anchadan keyin oradagi jimlikni onaning mahzun ovozi buzdi:
– Bu ishni men qilganim yoʻq, oʻsha italiyonning ishi edi bu!
Annush jim qoldi.
– Men bu haqda senga ogʻiz ochmoqchi emasdim. Hatto mahkamada ham mening gaplarimga hech kim ishonmagandi, – deya gapida davom etdi kampir. – Hayotimda hamma narsadan aziz boʻlgan ikki norasidang haqqi qasam ichaman, senga bor gapni aytyapman.
Annush sekin ingrab qoʻydi:
– Gapiravering, qulogʻim sizda.
– Men sevib qolgandim. Oʻsha italiyonni deb es-hushimdan ayrilgan edim. Nima qilayotganimni basir aqlim ham idrok etolmasdi… Saratonning ilk oqshomi edi. Xuddi mana shu toʻshakda yotgandik, tuyqusdan derazani kimdir chertdi. Sapchib oʻrnimdan turib ketdim: “Kim bu?”, “Bu men – Andrish”. Erim qaytib kelgandi. Qoʻrquvdan oʻzimni tamomila yoʻqotib qoʻydim. “Juzeppe, dedim italiyonga qarab, bekin, karavotning tagiga kirasanmi, shkafgami, eshikning orqasiga oʻtasanmi, yashirin!” Juzeppe bamaylixotir oʻrnidan turib, shalvarini kiydi: “Nega bekinarkanman, sen mening xotinimsan, oʻsha soʻtak senga endi qoʻlini ham tekkiza olmaydi!” Men undan bekinishini soʻrab tiz choʻkdim, yalindim-yolvordim. Uning esa bir tuki qilt etmadi. Erim esa, bu paytda eshikni gursillatib tepa boshlagandi. Yo rabbiy, endi nima qilaman? Shu payt shovqin-surondan sen uygʻonib ketding.
– Oʻshanda men necha yoshdaydim? – soʻradi qiz qaqragan lablarini yalab.
– Bir yarim yashar… Seni koʻtarib oldim-da, eshikni ochdim. Erim hovliqa ketdi: “Voy, sen qanjiq, voy fohisha! Demak, hammasi rost ekan. Sen haqingdagi gap-soʻzlar hatto muhorabaga yetib borgan, manjalaqi!” U shunday men tarafga musht otdi. Ammo uning zalvorli mushtumi senga tegmasin uchun yelkalarim bilan seni toʻsib qoldim. Bir payt es-hushimni bir yerga toʻplaganimda ular mendan ancha uzoqda yoqalashib yotishardi. Ularning ikkisi ham yirtqich kepatasiga kirgandi… Bir payt italiyon oʻrnidan turib, horgʻin uh tortdi, otang yerda chalqanchasiga harakatsiz yotar, uning boʻgʻzidan tinimsiz qon otilardi.
Kampir qiyinchilik bilan yutinib oldi.
– Men tamoman qotib qolgandim. Oyoq-qoʻllarimdan majol ketib, qimirlayolmay qolgandim. Italiyon meni eshik oldidan ichkariga itarib kirgizdi va jasadni tashqariga sudrab chiqdi. Shu ketgani bilan tongga yaqin qaytib keldi. Men hamon eshik ogʻzida turar, seni qachon joyingga yotqizganimni ham eslolmasdim. “Nima qip quyding, Juzeppe, nimalar qilding”, soʻradim qaqshab. U tahdid bilan oʻshqirdi: “Uningni oʻchir, marja, biz shunchaki jang maydonida toʻqnashib qoldik, ikkimizdan birimiz oʻlishimiz aniq edi.” U agar bu haqda birovga gullaydigan boʻlsam, meni ham seni ham oʻldirishini aytib qoʻrqitdi. “Agar oʻldirolmasam, – dedi u, – hamma ishni sening koʻrsatmang bilan qildim deyman”.
– Siz indamay yuraverdingiz…
– Urush vaqti edi, bolam. Urush odamlarni shafqatsiz qilib qoʻyadi, hatto ayollarni ham.
– Keyin nima boʻldi?
– Ikki haftadan keyin uyimizga ikkita mirshab kelib erimni soʻradi. Uning qayerda ekanini aytishimni talab qilishdi. Agar oʻzlari topib olishsa, joyida otib tashlashlarini aytishdi. U paytlarda qochqin askarlarni soʻramay-netmay otib tashlashardi. Juzeppe mirshablarning orqasidan menga tikka qarab turardi. Men erim uyga qaytmaganini, uni mutlaqo koʻrmaganimni aytdim. Urush tugab hamma asirlar, jumladan, Juzeppe ham Vataniga qaytdi.
– Siz… oʻshandan keyin ham… u bilan yana…
– Unga qarshilik koʻrsata olmasdim. Biroq unga nisbatan hislarim allaqachon soʻnib boʻlgandi… undan qoʻrqardim, xolos. U meni masxaralar, tahqirlardi. U muhorabada nechtasini miyasidan otgani, yana qanchasining qornini yorib tashlagani haqida maroq bilan hikoya qilib berardi.
Annush bu gaplardan muzlab ketdi: inson shu qadar vahshiylikka borishi mumkinmi? Kimningdir qornini yorib tashlash Fabianning ham qoʻlidan kelarmikin? Yoki kimdir Fabianning… Oh, yoʻq, yoʻq!!!
– Men biror marta ham italiyondan erimning… jasadini nima qilgani haqida soʻraganim yoʻq. Biroq ertami kechmi bu sir albatta ochilishini his etardim. Men kechayu kunduzni qoʻrquv ichida oʻtkazardim. Sir fosh boʻlgach… ancha yengil tortgandek boʻldim.
– Mahkama payti hamma gapni aytib berganmisiz?
– Aytganman. Ishonishmadi. Haqiqiy aybdor esa, bu yerda emasdi. Uni qidirib koʻrishdi. Italiyaga ham maktub yoʻllashdi, ammo bunday odam hech qayerda yoʻqligini maʼlum qilishibdi. Mening ustimdan hukm oʻqildi. Barchasiga chidadim. Men faqat oʻzimni erimga xiyonat qilganim va qotillikdan voqif boʻla turib xabar bermaganim uchun aybdor sanardim, xolos. Boshqa hech qanday gunohim yoʻq edi… Menga ishonasanmi?
Qizi ogʻir tin oldi:
– Ishonaman, ona!
Kampirning koʻksidan oʻlik bir oh va allaqanday mavhum tovush otilib chiqdi. Keyin birdan nafasi ichiga tushib ketdi. Endi uning tovushi sokin va soʻnik tus oldi. Uning ovozi hamon yoshlik paytidagidek tiniq edi.
– Seni juda koʻp esga oldim. Yil sanadim. Mana, olti yil toʻldi. Yetti yil… Yo rab, qizim maktabga borayotgandir. Endi… oʻn beshga qadam qoʻydi. Ehtimol yigitlarning koʻz ostiga tushib qolgandir? Oqshomgi bazmlarda uni raqsga taklif qila boshlagandir?
– Bazm… raqs… – deya yengil xoʻrsindi Annush.
– Oʻsha yili agar men oʻzimni shu taxlit yaxshi tutib boraversam, yana oʻn yildan keyin meni ozodlikka chiqarishlarini aytishdi. Oh, bu oʻn yil! Shu paytgacha men hech narsadan umidvor emasdim va shunisi yaxshi ekan qaytaga. Men shu paytga kadar tirik murda edim, tanamga jon kirganday boʻldi. Men erk atalmish bir kenglik borligini esladim yana. Ochiq osmon ostida qolgan qadrdon qudugʻimizni, bir tarafini yashin urib ketgan nashvatimizni, har tong tepalik ortidan koʻtariladigan quyoshimizni, senga sut ichiradigan sirli doʻlchani, hamma-hammasini sogʻingandim. Ularning bari meniki edi. Baʼzan oʻsha kunlarga yeta olmasam-chi, deb qoʻrqardim. Dahshat! Sen bu paytda yorugʻ olamda boʻlmasang-chi? Men borgunimcha uyimiz yonib kultepaga aylangan boʻlsa-chi? Quduq qurib qolgan boʻlsa-chi? Ana shunday hadik va hayajon ichida kechdi soʻnggi oʻn yil.
Annush onasining gaplaridan keyin tanasi falajlanib borayotganini his qildi. Kampir hamon hikoyasini davom ettirardi:
– Katta Oq Salibdan uygacha boʻlgan yoʻl oʻsha azobli oʻn yildan ham uzoqroq davom etdi.
– Bas, – deya chinqirdi bundan ortigʻini eshitishga yuragi dosh berolmasligini sezgan qizi tishini-tishiga bosib. Xonaga oʻlik sukunat choʻkdi. Anchadan keyin Annush sekin qimirladi:
– Ona, – ovoz berdi u shivirlab, – onajon, uxlayapsizmi?
Javob boʻlmadi. Annush ohista ustidagi koʻrpani chetga surdi-da, oyoq uchida yurib tashqariga chiqdi. Kampir uning ortidan mahzun qarab qoldi:
– Fabian, – pichirladi ayol. – Tur, ketishing kerak.
– Annush, senmisan? – degan uyqusiragan tovush eshitildi.
– Ha, menman, koʻzingin och, ketadigan vaqting boʻldi.
– Darrov-a, – biroz norozi ohangda gʻoʻldiradi yigit. – Patinjon ekishga boramizmi?
– Yoʻq, sen endi mening uyimdan butunlay ketishing kerak, Fabian.
– Nimaga?.. axir…
– Sababini soʻrama, ketishing kerak!
– Nima, sen endi sevmaysanmi meni?
– Voy, Xudoyim!
Uzoq jimlikdan soʻng yigit gʻamgin pichirladi:
– Oʻzimam ishonmagandim. Hammasi tush ekan. Bir lahzalik tush. Meni hech kim sevmagan ekan.
– Fabian, bu hecham tush emasdi, men seni jonimdan ortiq koʻraman. Lekin… hoziroq ketishing kerak, tushun meni!
– Hechqursa, sababini aytarsan?
– Hozircha men seni haydashga qobilman. Keyinchalik… keyinchalik meni tashlab ketganingda men bunga chidayolmasligim mumkin.
– Seni nega tashlab ketarkanman? – hayajonda soʻradi yigit.
– Axir, sen meni bilmaysan, – ogʻir uh tortdi Annush.
– Bilaman, seniyam bolalaringniyam yaxshi bilaman, sevaman hammangizni!
Ayol indamadi.
– Mayli, Annush, ertalab ketganim boʻlsin… Faqat, yigʻlama…
– Fabian, jonim, seni sevaman!..
U pichanxonada, yigitning yonginasida uyqudan koʻz ochdi. Hammayoq yorishib ketgandi. U birdan oʻzini yigitdan chetga tortdi. Choʻchib uygʻongan Fabian xuddi choʻkib ketadiganday ayolning yelkalaridan tutib qoldi. U yigitning qoʻllarini chetga surib uyga otildi. Onasi yotgan oʻrin boʻsh turardi. Uning koʻylaklari ham, hassasi ham, boʻxchasi ham koʻrinmasdi. Annush uyni, bogʻni, hovlini, hammayoqni aylanib chiqdi. Onasi yoʻq. Balki koʻchaga chiqqandir?
Roza xola bir quchoq xashakni qoʻltiqlab, daladan qaytayotgan ekan.
– Roza xola, siz koʻrmadingizmi?
– Nimani? – ajablandi Roza xola.
– Haligi… oqsoch bir ayolni koʻrmadingizmi?
– Ha, anuv, kecha bolalaring bilan qoʻshiq aytib yurgan kampirnimi? Katta Oq Salibning tagida uchratgandek boʻluvdim. U qishloqdan chiqib ketdi. Yoʻl-yoʻlakay qandaydir qoʻshiqni kuylab ketdi. Uni nimaga soʻrayapsan, biron narsangni oʻgʻirlab ketdimi?
Rus tilidan Rustam JABBOROV tarjimasi
“Yoshlik”, 2012 yil, 4-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/buvi/