Qalb chiltori

Hamma koʻrgan, eshitganlarini boshqalarga aytib berganida allaqanday yayrab, bundan ichki qoniqish hosil qiladi. Shoirlar esa sheʼrlarida oʻzining xayol-tasavvuridagi manzarani taqdim etib lazzatlanadi. Ular toshlardan sado taralishi, oshiq qalbining zarbi Yer sharini yorib oʻtishi, sogʻinchni koʻz yoshi yuvishi yoki aksincha ekanligi xususida yozishadi. Tabiiyki, bular mantiq mezonlariga toʻgʻri kelmaydi. Shunday boʻlsa-da, shoirlarning soʻzini hech kim inkor etmaydi. Chunki ularning gʻalati qiyos, tashbehlari kishiga dabdurustdan taʼsir oʻtkazib, mudroq bosib, toʻngʻib yotgan tuygʻu, kechinmalarni uygʻotadi. Sheʼr xuddi shu jihati bilan ahamiyat kasb etadi. Aniqrogʻi, u hamisha biz bilan yashaydigan qadrdon tuygʻu, hissiyotlarni turtkilab, harakatga keltiradi. Shoirning hayot haqiqatlariga mos kelmaydigan mulohazalari ichimizdagi sirli xilqatni nur yangligʻ yorishtiradi. Aziz Saidning sheʼrlarida ham xuddi shu xususiyat koʻrinadi. Shoir, tarjimon, muharrir Aziz Saidning navbatdagi kitobi “Vaqt manzili” deb nomlanadi. Uning ilk sheʼriy toʻplami “Chiltor” deb atalgan edi. “Gʻoyibdan doʻst bilan suhbat” maqolalar toʻplamida Aziz Said zukko sheʼrshunosligini namoyon etadi.

Ayrim shoirlarning sheʼrlarida hissiyot, baʼzi ijodkorlarning asarlarida esa ijtimoiylik ustunlik qiladi. “Chiltor” va “Vaqt manzili” toʻplamlaridagi sheʼrlarda har ikki jihat birlashib, ajoyib yaxlitlik hosil qiladi. Aziz Said hayot hodisalaridan chuqur taʼsirlanadi va ulardan olgan turfa tuygʻularini soʻzga soladi. Uning sheʼrlarida qatʼiyatli kishilarga xos kurashchanlik va isyonkorlik koʻrinadi. Shoirning “Vaqt manzili” sheʼrida:”… bizni Kim qoʻshiq kuylashga/ va Kim yigʻlashga majbur qilayotganini/ va muhabbat/ va nafrat qayerdan paydo boʻlishini anglamoqchi/ boʻlar/ va osmonga/ va oʻz ichimga quloq tutar/ va shamolmi, vaqtmi shovullar” deyiladi. Aziz Said insonga, voqelikka qarashlarini shu tarzda ifoda qilib, har birimizning ichimizda allaqanday sirli xilqat borligiga ishora etadi. Aslida ham muhabbat, nafrat kabi his-tuygʻularimiz ichimizda tugʻiladi va ayni hissiyotlar bizni boshqaradi. Nimadir ichimizda shovullab, bizni oʻz izmiga soladi. Har bir odamning ichida gohida ragʻbatlantirib, gohida ayblab turadigan chegaralovchi tuygʻu yashaydi. Bu ichki tuygʻu notoʻgʻri ish qilganimizda bizni iskanjaga olib qiynaydi va toʻgʻri ish qilishga majbur etadi. “Vijdon” deb atalgan ushbu ichki ovozda uni bizga inʼom etgan Parvardigorning beqiyos mehribonligi, adolati, cheksiz qudrati aks etadi.

Insonning ichiga joylab qoʻyilgan Vijdon uning yovizlikka qarshi har qanday harakatini inkor qiladi. Bu Xudoning cheksiz marhamati, U inson gunohga botishini istamasligini bildiradi. “Vaqt manzili”da shoirning ichki tuygʻusi unga insoniyat hayoti haqida soʻz ochadi. Sheʼrni oʻqish chogʻida ohang soʻzga turfa maʼno bagʻishlashi anglashiladi. Chindan ham soʻz oʻz-oʻzicha hech narsani bildirmaydi. Soʻzning ushbu xususiyati muhabbat, nafrat singari mavhum tushunchalarda aniq aks etadi. “Vatan manzili”da shoir soʻzlarga ijtimoiy tus beradi. Ijtimoiy ohang kasb etgan soʻzlar joʻshqin tuygʻularga yoʻgʻrilganidan shiddatkor tus oladi. Aziz Said insoniyat tarixiga taalluqli dalillarni ketma-ket keltiradi. “Va” bogʻlovchisi shoirning qalbidan oʻtayotgan kechinmalarni bir-biriga bogʻlovchi zaruriy xalqaga aylanadi. Ulardan biri tushirib qoldirilsa, sheʼrdagi joʻshqin ohangga putur yetadi va uning taʼsirchanligi, maʼno-mazmuni ham oʻzgaradi. Aniqrogʻi, sheʼr manzarasi xira tortadi. “Va” “Vaqt manzili”ga jarangdorlik, joziba, oʻziga xoslik bagʻishlaydi. Shoir uni satrlarga zoʻrlab tiqishtirmaydi. Yozma nutqdagi bu faol bogʻlovchi shoir qalbidagi kechinmalarning asl ifodachisiga aylanadi. Sheʼrda insoniyat avvali haqida barchaga ayon maʼlumotlarga shoirona nigoh bilan yondashiladi. Ajdodlarimiz olovga, quyoshga bejiz eʼtiqod qilmagani taʼkidlanib, inson oʻzi uchun zarur haroratni aynan olovdan, quyoshdan olishiga eʼtibor qaratiladi. Odamning vujudi olovning taftidan quvvat olishi, yonayotgan olovga qaraganda kishining koʻnglidan gʻalati kechinmalar oʻtishi xususida: “va qavmim ham muzlagan yuraklariga qandaydir iliqlik yugurayotganidan yanada dahshatga tushar va onasining isini olgan/ va uni topolmayotgan goʻdakday chor atrofga/ alanglar va harorat oʻrtadagi gulxandan ekanligini asta/ sekin anglar/ va men Olovning tillariga qarab vaqtning rangi/ va shaklini tasavvur qilar/ va vaqtning gulxan ichidan chiqqaniga/ imonim tobora komil boʻlar” deyiladi. Insoniyat aynan olov tufayli yashab kelgani haqidagi haqiqat bayon etilgan ayni oʻrin “Vaqt manzili”dagi avj nuqta boʻlib koʻrinadi. Sheʼrdagi fikr shu nuqtada oʻzining choʻqqisiga chiqadi. Sheʼr davomida ham ayni avj saqlanadi. Odamzod olovning tafti va mehribonligini his qilmay, Unga bepisand qaray boshlaganidan keyin yovuzlasha boshlagani, shundan keyin u vaqtning oldingami, orqagami oqayotganini bilolmay qolgani haqidagi fikr sheʼrning oʻziga xos leytmotiviga aylanadi. “Vaqt manzili” iborasida sheʼrning asl magʻzi, mundarijasi mujassamlashadi. Buni alohida taʼkidlashning sababi shundaki, ayrim shoirlarning sheʼrlarida sarlavha mazmunga unchalik mos kelmaydi. Aziz Saidning ushbu sheʼrida esa sarlavha matnning hujayrasidan oʻsib chiqib, undagi barcha misralar mazmunini oʻzida yaxlit mujassamlashtiradi. Sheʼrda insoniyat tarixidagi barcha urushlar, turgʻunlik va tanazzul maʼnaviy buzilishdan boshlanganiga eʼtibor qaratiladi. Odamzod vaqtning oldingami-orqagami ketayotganini bilmay, uning manzilini topmoq ilinjida sarson boʻlgani, oxir-oqibatda, hamma narsadan – soʻz, sogʻinch, sevgi, bolalari, vaqt va oʻzidan-da qimmatroq narsani izlashga tushib, sariq tosh – oltinni topgani, shundan soʻng oʻrtada tengsizlik yuzaga kelib, odamlar oltini borlar va yoʻqlarga, ochlar va toʻqlarga boʻlingani, bir-birini qul qilib sotish, oʻzlari sigʻingan gulxanga kishilarni yoqish boshlangani, oʻzaro mojaro, nizo, urushlar yuzaga kelgani taʼkidlanadi.

Isteʼdodli kishilarning boshqalardan farqi shundaki, ular hayotning har qanday hodisasida hikmat yashirinligi, hech bir hodisa oʻzidan-oʻzi roʻy bermasligi, har bir oʻzgarish oʻziga xos asos, zaminga ega ekanligini idrok etishadi va bu xususda teran mushohada yuritishadi. Aziz Said ham hayotga teran nigoh bilan qaraydi, uning oʻziga xos ichki murakkabliklariga eʼtiborni jalb etadi. Uning “Turgʻunlik bolalari” dostoni bunga misol boʻladi. 1982–1987 yillarda bitilgan ushbu asarda, aytish mumkinki, oʻsha zamonning haqqoniy manzarasi hayotiy detallar asosida chizib beriladi. Shoir unda ota-onasining nochorligidan ezilib, hayotdan norozi yashagan avlodning dard, alamlarini iztirobga toʻlib ifoda etadi.

Dostonda oʻtmish voqealari shunchaki qayd qilinmaydi. Unda davr hayotiga daxldor voqealarga “Bir paytlar Daraxtlarning oʻsmarang yaproqlarida/ Shabnam-la uygʻonib/ Tong dargohiga/ Parvoz etmoq uchun nurga aylanib,/ Daftar-daftar gʻazallar bitgan,/ Soʻng esa/ Hayot bozorining rastalarida/ Har tongda non sotib,/ Bola yetaklab,/ Koʻzida mung qora chaylasin tikkan/ Ona tili muallimasi/ Sinf daftarining/ Qatiga yashirdi/ Xamir qotib qolgan tirnoqlarini” tarzida badiiy tus beriladi. Asarning bunday goʻzal misollarini koʻplab keltirishimiz mumkin.

Shoir “Vaqt manzili”da ham, “Turgʻunlik bolalari”da ham voqelikdagi ogʻriqli holatlar haqida soʻz yuritadi. Uning “Ming toʻqqiz yuz oʻttiz yettinchi” sida tanqidiy ruh kuchli. Aziz Said bu asarlarida ijtimoiy hayotning asl koʻrinishini izohlashga intiladi. U insoniyatning oʻtmishidan ham, oʻzi yashagan zamondan ham qanoatlanmaydi. Chunki vijdoni uygʻoq ijodkor hayotda keng ildiz otgan illatlarga, odamlarning maʼnan, ruhan, jisman azoblanishiga befarq boʻlolmaydi.

“Dili qani bedilning?” toʻplamidagi sheʼrlarda esa “Vaqt manzili”dagi sheʼrlarga qiyoslanganda tashbeh, oʻxshatishlar koʻproq. Undagi sheʼrlarda ohorli, bir-biridan chiroyli badiiy satrlar zanjir halqalari kabi tutashib, sheʼrning sehrini, jozibasini oshiradi. “Dili qani bedilning?”dagi sheʼrlar fikr salmogʻiga koʻra ham, ohangdorligi jihatidan ham alohida eʼtiborni tortadi. Bu sheʼrlarga shunchaki koʻz yugurtirib boʻlmaydi. Chunki ular teran maʼnoga va yoqimli ohangga ega. Shoir: “Peshonam sayyora – yoʻllar adashgan,/ Subhu shom dilimda qirgʻoq talashgan,/ Jonimga hasratdan gullar qadashgan,/ Sen xabar olmading bir bor holimdan” deydi. U bu kabi kechinmalarini kutilmagan qiyos, sifatlash, jonlantirishlar orqali ifodalaydi. Ularda oldindan taxmin qilingan qofiyalar deyarli koʻrinmaydi. U sheʼrlarida ham maʼnoga, ham ohangga birday eʼtibor qaratadi. Har bir misraga sahifa-sahifa fikrni joylashtiradi. Nozik kuzatishlar hosilasi bu fikr ham teranligi, ham obrazli ifodasi bilan diqqatni jalb etadi.

Mumtoz sheʼriyatda har bir baytda fikrni badiiy sanʼatlar bilan ziynatlash taomil sanalgan. Bu shoirlarning mahoratini belgilashda asosiy mezon boʻlib kelgan. Sharq sheʼriyati xuddi shu jihati bilan Gʻarb sheʼriyatidan farq qiladi. “Dili qani bedilning?” toʻplamidagi sheʼrlarda Sharq sheʼriyatiga xos anʼanalarga amal qilinadi. Undagi sheʼrlarga tuygʻu, kechinmalarning obrazli ifodasi, unga mutanosib ohangdorlik husn, zeb berib turadi. Ularda har bir misrada fikr obrazli ifodalanib, keyingi satrda yana davom ettiriladi. Shoirning keng xayol-tasavvuri, teran tafakkuri misralarni jilolantirib, sheʼrga betakror joziba baxsh etadi. Aziz Said sheʼrlarida oʻz “men”ini ifodalashga intiladi. U bunda siyqa tashbehlardan qochadi. Har bir satrda obrazli fikr aytadi. U qoʻllagan ohorli tashbeh, qiyoslar kishida turli hissiyotlar qoʻzgʻaydi. Soʻz yurakka yetib borganida shunday holat yuzaga keladi. Har bir oʻquvchi “He-e-e choʻlpi taqib jiydadan/ Tun qozonin kavladim. Chaqmoq chaqib qaytadan/ Qanotimni tobladim./ Koʻzida rang qaynatgan/ Musavvirni chorladim./ – chorchoʻpi yoʻq mato bu,/ chetiga nur taqilgan,/ oʻrtasiga gul bilan/ qop-qora mix qoqilgan” kabi oʻrinlarni oʻqiyotganida misralarda mazmun izchillik bilan kuchayib, sheʼrda maʼno teranlashib borganini his qiladi.

“Chiltor” va “Dili qani bedilning” toʻplamlaridagi aksariyat sheʼrlar muhabbat haqida boʻlsa, “Vaqt manzili”da ijtimoiy muammolar diqqat markaziga qoʻyiladi. Toʻgʻrirogʻi, muallif ushbu toʻplamiga oʻzining insoniyat tarixi, oʻlkamizning uzoq va yaqin tarixi toʻgʻrisidagi oʻy-kechinmalari ifodalangan sheʼrlarni kiritishni maʼqul koʻradi. Chunki odam yoshi ellikka yetganida hayot faqat sevgi-muhabbatdan iborat emasligini, anglab yetadi. Shoirlar oʻttiz yoshga yetguncha ishq-muhabbat haqida koʻp yozadi. Boshqalar ham oʻttiz-qirq yoshga kirguncha hayot birgina muhabbatdan iborat deb oʻylaydi, dunyoga faqat shu nuqtai nazardan qaraydi. Shoirlar ham oʻn sakkiz-yigirma besh yosh oraligʻida sevgi-muhabbatni ehtirosga toʻlib, yonib kuylaydi. Yillar esa insonning nafaqat vujudi, balki hissiyotlariga ham oʻz hukmini oʻtkazadi. Qirq-ellikka kirgan shoir, har qancha urinmasin, hayotda, ijodda har qancha tajriba orttirgan boʻlmasin, sevgi-muhabbat haqida oʻn sakkiz-yigirma yoshida yozganidek, taʼsirchan sheʼr bitolmaydi. Chunki bu paytga kelib, u hayotga teranroq qaray boshlaydi, hodisalar haqida vazminlik bilan mushohada yuritadi, avvalgidek ehtirosga berilmaydi. U bu dunyoda hamma narsa oʻtkinchiligi, unda biror narsa abadiy emasligi, yongan hissiyotlar asta-sekin soʻnishi, sevgi-muhabbat ehtirosi ham bora-bora pasayishi, hayotda ahamiyati jihatidan biri-biridan qolishmaydigan muammolar koʻpligi, ularning har biri insonning oʻzini anglashi uchun sinov vositasi ekanini idrok etadi. Ehtirosi joʻshib turganida kishi meʼyorni unutadi. Oʻspirinlar sevgi-muhabbat muammosiga duch keganlarida oʻzlarini aql bilan boshqarolmay qolishadi. Ular ehtirosga berilganlaridan sevib qolganini dunyoda tanho, mislsiz deb biladi. Boshqalarni emas, oʻzini ham unga teng deb qarashni tasavvuriga sigʻdirolmaydi. Sevgan kishisining turishi, yurishi, gapirishi, kulishi – har bir xatti-harakati moʻjiza boʻlib koʻrinadi. Ulardagi hamma koʻrib, bilib turgan nuqson, kamchiliklarni tan olmaydi. Buni koʻrsatmoqchi, tushuntirmoqchi boʻlganlarni ashaddiy dushmani, deb biladi. “Chiltor”, “Dili qani bedilning?”dagi aksariyat sheʼrlarda muhabbatdan mast koʻngilning tiyiqsiz istak-intilishlari aks etadi. Ijodkor ellik yoshga yetganida bir paytlar muhabbat mavzusida shunday ajoyib sheʼrlar bitganidan quvonadi. Ayni chogʻda oʻshanda oʻzining ehtirosga berilib ketganini sezib, ich-ichidan xijolat ham tortadi. Chunki bu paytga kelib, u hayotdan koʻp saboqlar olib, hamma narsada meʼyor muhimligini tushunib yetadi. Qalbini, ongu tafakkurini egallab borayotgan bu haqiqat hayotning asl mezoni ekanligiga toʻla ishonch hosil qiladi. Oʻspirinligida sevgilisining manzilini xayolan tasavvur etib, halovat topgan boʻlsa, qirq yoshidan oshganida oʻzining oʻsha oʻtmishidan uyala boshlaydi. Undan tezroq uzoqlashgisi keladi. Ellik yashar kishiga hayotni kuzatish, umrning mazmuni, vaqtning toʻxtamasdan oʻtishi toʻgʻrisida oʻylash, mushohada yuritish qiziqroq tuyuladi va maroqlantiradi.

“Chiltor” 1988 yilda, “Dili qani bedilning” 1996 yilda, “Vaqt manzili” 2011 yilda bosilib chiqqani turli fikrlar uygʻotadi… Bir qaraganda, muallif sheʼriyat bilan jiddiy shugʻullanmagan, sustkashlik qilgan deyish oʻrinli koʻrinadi. Ammo u bilan tengdosh Abduvali Qutbiddin, Eshqobil Shukur ham shu paytgacha ikkita-uchta toʻplam chop etgani esga olinsa, bu holat boshqa omillar bilan bogʻliqligi ayonlashadi. Avvalo, oʻtgan asr adogʻigi kelib, adabiyotga, sheʼriyatga munosabat keskin oʻzgargani, soʻz sanʼatiga eʼtiborsiz qarash boshlangani, butun dunyoni “ommaviy madaniyat” zabtiga olganini barcha yaxshi biladi. Hozir ham bu jarayon shiddat bilan davom etmoqda. Rosti, endilikda koʻpchilik asl adabiyot, chin sanʼat endi oʻladimi, tugab bitadimi, deb xavotirga tushib qoldi. Chunki odamlarni asl asarlardan uzoqlashtirib, didini sayozlashtiradigan yengil-yelpi, sayoz “nimarsalar” hamma yoqni egallab, koʻpchilikni oʻziga qaratib oldi. “Nimarsalar” asl asarlarning yoʻlidagi gʻovga aylandi. Shu bois “Chiltor” muallifi, uning ijoddagi maslakdoshlariga kitobini chop ettirish jiddiy muammo boʻlib qoldi. Aniqrogʻi, kitob nashr ettirish mashaqqatlari, koʻpgina isteʼdodli qalamkashlarning koʻnglini ijoddan sovitib yubordi. Rauf Parfi “Dili qani bedilning?” muallifiga katta ishonch bilan qarab: “Aziz Said tengqurlari safida qarashlarining kengligi, hayotni chuqur oʻrganishga boʻlgan tashnaligi va beminnat sevgisi (yaʼni adabiyotga, sheʼriyatga – A. U.) bilan yarq etib koʻzga tashlanadi”, – degan edi. Ulugʻ shoirning ushbu eʼtiroflari Aziz Saidning toʻplamiga soʻz boshi sifatida bitilib, eʼlon qilinmay qolib ketgan “Qayta qol, boʻgʻzimda bir soʻz yonmoqda” sarlavhali maqolasidan olindi. Dunyoda kechgan oʻzgarishlar “Vaqt manzili” muallifi va tengqurlarining astoydil berilib ijod qilishi, oʻquvchilarga qator toʻplamlarini taqdim etishiga monelik qildi. Eʼlon qilgan asarlari esa ular soʻzni juda nozik his qilishi, chuqur tushunishi, inson ruhiyati va ijtimoiy hayot muammolarini teran va oʻziga xos tahlil qila bilishidan dalolat beradi. Ularning sheʼrlari, maqolalarini ishtiyoq bilan mutolaa qilgan har bir kishi oʻzining ruhan tozargani, maʼnan boyganini his etadi. Chunki Aziz Said qalbidagi chiltorini chertib, diliga beparvolarni oqibatdan ogohlantiradi. U gʻoyibdan kelgan doʻstlari bilan samimiy suhbatlar qurib, adabiyot va ijtimoiy hayot, sheʼr va tuygʻu toʻgʻrisidagi tushuncha, tasavvurimizni kengaytiradi, vaqt manzilini izlashga daʼvat etib, har birimizni hayotning mohiyati, umrning mazmunini anglashga undaydi.

 

Abdulla ULUGʻOV

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 5-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/qalb-chiltori/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x