QISHLOQQA KELDIK[1]
Togʻlar orasida ketayotgan boʻlsak ham, havo issiq. Dadam mashina oynasini ochib olgan. Shabboda faqat dadamgagina xos boʻlgan yoqimli hidlarni menga ilinib oʻtadi.
– Dadajon, tezroq yuraylik, – dedim.
– Rostdan ham, tezroq yuraqolaylik. Maylimi? – Orqadagi ikki oʻrindiq orasidan dadamga moʻralab iltimos qildi ukam Abdusalim ham.
– Bundan tez yurish mumkinmas-da, bolalar, – dedi dadam peshonasiga yaqin turgan koʻzgu orqali bizga qarab.
– Ey nima boʻpti, yuraveraylik, – dedi ukam qaysarligi tutib.
– Yoʻlda militsiya toʻxtatsa nima qilamiz?
– Toʻxtamaymiz, – ukamning bunaqa kutilmagan javoblari dadamni doim qiynab qoʻyadi.
Quyosh biz bilan kim oʻzarga musobaqalashadi. Daraxtlar orqasidan koʻz qisib-koʻz qisib oʻtayapti. Yoʻlga chiqqanimizdan beri ikki-uch martagina orqada qoldi, xolos. Shundayam birpasda oldinga oʻtib olaverdi.
– Esiz, dadam yana sal tezroq yurganda edi, quyosh allaqachon orqada qolib ketardi. Kichkinalar doim kattalarni aytganini qilishi kerak. Nega kattalar kichkinalarning soʻzini qilmaydi? – dedi Abdusalim.
Oqlangan, pastakkina, loy devorli uylarni qayerda koʻrmay birinchi boʻlib qishlogʻimiz yodimga keladi. Mana oʻsha uylar. Bahor faslida tomida lolaqizgʻaldoqlar oʻsadi. Tishim tushganda shu tomlardan bittasiga tashlagandim. Yana bitta tishim tushdi. Uni ehtiyotlab, qishloqqa olib kelyapman. Chunki Toshkentdagi tomlarga otsam, tishim oʻzimga yana qaytib tushadi-da. Yana-chi, biz tomonda shamol judayam koʻp va qattiq boʻladi. Shuning uchun “tentak shamol” deyishar ekan. Oʻshanaqa paytlarda zabardast, uchi koʻrinmaydigan uzun-uzun teraklar ham bir-biriga suyanib, vahimali, gʻuv-gʻuv ovoz chiqarib tebranadi. Shamol sekinlaganda omon qolganidan quvonsa kerak, barglar qarsak chaladi. Dadamning boshqa viloyatdagi bir doʻstinikiga mehmonga borganimizda, uyi yonidagi teraklar tebranib shunaqa qarsak chalgandi. Oʻshanda Abdusalim qishlogʻimizning ovozi kelyapti, degan. Chindan ham bu tovushlar qishlogʻimizning ovozi. Bu yerda koʻp odamlar velosipedda yuradi. Qishloq koʻchalaridan mol-qoʻylarning marashi-yu, itlarning hurishiga qoʻshilib, uzoq-yaqindagi traktorlarning ovozi eshitiladi. Yana toshli yoʻlaklardan oʻtayogan sigir-buzoqlarning arqoniga ulangan, ularning ortidan jarang-jurung qilib sudraladigan qoziqlarning ham oʻynoqi tovushi yangraydi. Agar bilsangiz, bu ham qishlogʻimizning ovozi. Issiq nonning, yangi oʻrilgan oʻtning, tandirda yonayotgan oʻtinning, rayhonning, suv sepilgan yerning hidi – bu qishlogʻimizning hidi. Ana, sudralayotgan qoziqning tovushi kelyapti.
Yarim yoʻldan buyogʻiga umuman gapirmasdan, dadamdan xafa boʻlib kelayotgan Abdusalimga atrof tanish koʻrinib qoldi.
– Iyi, keldikmi, dada? – dedi birpasda arazi esdan chiqib.
– Ha, keldik.
Mashina toʻxtar-toʻxtamas, undan otilib tushdigu ichkariga yugurdik: “Buvijon, biz keldik”.
Ostonada turgan buvim shoshganidan kalishini topolmay, “Voy buving joningdan, oʻzim oʻrgilay, mening otalarim kepti-yu” degancha, hovliga maxsisi bilan chiqib qoʻyaqoldi. Bizni bagʻrlariga olib, yuzlarimizdan, peshonamizdan oʻpdi.
– Buvijon, men sizni ikkita koʻzim bilan sogʻindim? – deya maqtangannamo, choʻzilib gapirdim.
– Oʻzim aylanay. Kel, shu ikkita koʻzlaringdan ham oʻpib qoʻyay, – buvijonim meni erkalab suyganida ukam qarab turmasdi. Bu safar ham shunday boʻldi:
– Buvijon, qarang, men sizni buncha, buncha, buncha koʻzim bilan sogʻindim, – dedi oʻnta barmogʻini bir necha marta yoyib, yigʻib koʻrsatar ekan.
– Buving oʻrgilsin, girgittonlarim, buving oʻrgilsin.
Yoz baribir yaxshi. Ayniqsa qishloqning yozi. Bizga rosa maza boʻladi-da. Dasturxondagi tayyor mevalar qolib, daraxtdagisini terib yeymiz. Buvim urishadilar-u, lekin bilaman, ular bundan xafa boʻlmaydilar. Chunki bizni oʻzlari jilmayib tomosha qilib oʻtiradilar-da. Amakimizning oʻgʻli Hikmatilla men bilan tengqur. Ikkimiz ham ikkinchi sinfni bitirdik. Ukam Abdusalim besh yoshda. Uch ogʻayni botirlar bir boʻlsak bormi, dunyoning gʻayratini ham, quvonchini ham bitta oʻyinimizga tenglashtira olmaysiz.
QULOQ ChOʻZMA OʻYNADIK
– Bolalar, toʻyga chiqasizlarmi? Orqa koʻchadagi qoʻshninikida toʻy boʻlyapti, – buvimning taklifi bilan Hikmatilla boshchiligida bir boʻlib orqa koʻchaga, toʻyga chiqib ketayotgandik:
– Quloq choʻzma oʻynamanglar tagʻin, – dedilar buvim.
– Hikmatilla, toʻyga rostdan ham bizni kiritaveradimi? – deb hayron boʻlib soʻradim.
– Ha, – dedi jilmayib Hikmatilla.
– Bizni tanimasayammi?
– Ha dedim-ku.
– Toshkentda toʻyga faqat kattalar boradi-da, oʻshanga soʻradim.
– Ey, bizda hamma boraveradi, qara, – toʻyxona darvozasiga yaqinlashgan Hikmatillaning koʻzi bolalarni atrofiga toʻplab, tugilgan roʻmolchani qoʻlida baland koʻtarib gapirayotgan, qorni katta amakiga tushgan zahoti “oʻyin boshlanibdi-yu, yuringlar tezroq” degancha davra tomonga yugurib ketdi. Qishloqda shunchalik koʻp bola bor ekan-da. Abdusalim ikkimiz oʻynayotganlarni chetdan kuzatardik.
Qorni katta amaki gapini tugatib, qoʻlidagi roʻmolchani otgan edi, bolalar bir-birining ustidan oshib, tugunchani qoʻlga kiritishga harakat qildi. Ana, Hikmatilla tugunchani oldi. Qochayotgan edi, bitta baqaloq bola avval uning yelkasiga, keyin quloqlariga osilib yerga yiqitdi. Hikmatillaning dodlaganini eshitib, qoʻrqib ketdim. Yaqinroq borsam, bechoraning qulogʻini hali u yoqqa, hali bu yoqqa choʻzib aylantirishyapti. Abdusalimga aytib, amakimni chaqirtirmoqchi boʻlib turgan edim, bolalar changga toʻldirgan davradan haligi tuguncha otilib yonimga tushdi. Men ham tugunchani oldim-da ancha uzoqqa yugurib ketdim. Tez yuguraman-da. Jismoniy tarbiya darslarida yugurish boʻlsa har doim marraga birinchi boʻlib kelaman. “Yutdim, yutdim” deb tugunchamni baland koʻtarib, sakradim. Yugurib kelayotgan bolalar meni tabriklashga kelyapti deb oʻylab turgandim, hammasi bir boʻlib qoʻlimga tashlansa boʻladimi? Menam tugunchamni bermay qattiq changallab oldim. “Men yutgandim-ku, qoʻyvoringlar” dedim alam bilan. Hikmatilla kulib: “Tugunni olgandan keyin Xolmat amakiga topshirish kerak edi,” – dedi. Qorni katta amakining ismi Xolmat amaki ekan. Ammo endi qimirlashning umuman iloji yoʻq edi. Voy-dod, bittasi meni bosib olib chunonam qulogʻimni buradiki… Menimcha, baqaloq ustimga chiqib olgan boʻlsa kerak, nafas ham ololmay qoldim. Bolalar qulogʻimni sugʻurib olsa huddi boyib qoladigandek, zavq bilan tortardi. Oxiri chidolmadim, tugunchani otvordim. Xayriyat, qutuldim-ey. Lekin qulogʻim yomon ogʻriyapti, filnikichalik boʻlmasayam ancha kattalashib ketgan. Ushlab koʻrmoqchi edim, qulogʻim qizigan, yonayotganga oʻxshardi. Quloq issiq tursa, jonga yoqarkan. Sal tezroq yurvorsam qulogʻim qimirlab ketaverar, yomonam ogʻrir edi. Qarasam, Abdusalim ham bolalarga qoʻshilib ketibdi. Obbo, endi uni qanday ajratib olaman. Meni holimga tushsa nima qiladi, bechora. Shu holimda yana davraga qoʻshildim. Ukamni tortqilab chetga olgandim, yigʻlab berdi. “Bilganingni qil” dedim. Bir adabini yesin-chi, “aka, aytganingizni qilsam boʻlarkan” deydi hali. Davraga kirib-kirmay “akaaa” deb jonholatda yugurib chiqdi. Ana aytdim-ku. Lekin qoʻlida tuguncha bor ekan. Bolalar yaqinlashganda tugunchani menga oshirdi. Yana oʻsha holat. Hammasi ustimga bostirib kelyapti. Qoʻrqib ketdim. Shu payt qorni katta amakiga yaqin turgan Abdusalimga tugunni qaytardim. U esa Xolmat amakining qoʻliga shundoqqina tutqizdi-qoʻydi.
– Yashavor, yigitcha, kimning oʻgʻlisan, tanimay turibman, – dedi Xolmat amaki. Savolga Abdusalim qolib bolalar javob berishdi:
– Toshkentdan kepti.
– Hikmatillaning amakivachchasi ekan.
– Ha yaxshi, qani beri kel-chi. Bu oʻyinni oldin ham oʻynaganmisan? – dedi amaki Abdusalimga.
– Yoʻq, bugun birinchi marta oʻynadim.
– Qoyilman, qanday qilib birinchi oʻyindanoq gʻolib boʻlding? – Xolmat amaki koʻzlari yanayam porlab soʻradi.
– Akam yordam berdilar. Ular judayam yaxshi, – Abdusalimning soʻzini eshitib, ukamni har doimgidan koʻproq yaxshi koʻrib ketdim. Xolmat amaki ukamga tuguncha ichidagi mukofot pulini berayotganda hamma qarsak chalib olqishladi. Menga oʻxshab shalpangquloqqa aylanganlar esa nomigagina qoʻlini qoʻliga tekkizib, oʻzini qarsak chalayotgandek koʻrsatar edi. Ularni ham qulogʻi qimirlaganda ogʻriyotgan boʻlsa kerak-da. Oʻyin tugadi.
DADAM SIGIR SOQQAN EKAN
Tong otdimi yo kattalar haliyam uxlamaganmi, anglab-anglamay gʻovur-gʻuvur ovozlardan uygʻondim. Tashqari nim qorongʻu, qarasam, soat toʻrt boʻlibdi. Men tonggi soat toʻrtni birinchi marta koʻrishim edi. Buncha barvaqt turib nima qilishar ekan bular? Uyqum qochdi. Hovliga chiqsam, qop-qorongʻida, qoʻrqmasdan Hikmatillaning katta opasi supurgi bilan chelakni koʻtarib koʻchaga chiqib ketdi.
– Buvijon, Madina opam qayoqqa ketyapti? – dedim. Salom berish ham yodimdan koʻtarilib.
– Yaxshi dam oldingmi, bolam? Madina opang koʻcha supurgani chiqib ketdi.
– Hali qorongʻi-ku.
– Bizning qishloqda bu vaqtda tong otgan hisoblanadi, bolajonim.
– Qoʻrqmaydilarmi?
– Bilmasam, sen yonida tursang qoʻrqmasa kerak. Yana yordamlashib ham turar eding. Bor qarab tur, boraqol, – dedilar.
Koʻchaga chiqsam… Odamlar gavjum, chiroq nurlaridan yorishgan bir koʻcha. Chindan ham tong otganday boʻldi. “Shit-shit”, etgan supurgi tovushlari, suvning tuproq yoʻllakka sochilishi, koʻchadan oʻtayotgan bobolarning joʻr boʻlib qizlar salomiga alik olganlari, alikdan soʻng uzoq-uzoq qilgan duolari, tongga fayzni olib kirgan opalarning shodon kulgulari, xotiramda tongning eng goʻzal va yagona qiyofasi boʻlib muhrlanib qoldi.
Uyda buvim bilan dadam Hikmatillani oʻrtalariga olib suhbatlashayotgan ekanlar.
– Ha, oʻgʻlim, nega turibsan? Kel, – dedilar.
– Dada, bu yerda koʻcha-hovlilar har kuni shunday supuriladimi?
– Ha, har kuni supuriladi.
– Nega?
– Buvijoningdan soʻragin.
– Siz bilmaysizmi?
– Nega endi, bilaman. Supurishning xosiyati haqidagi rivoyatlarni, boshqa savobli ishlar haqida eshitib katta boʻlganmiz axir. Buvijoning chiroyli qilib gapirib beradilar-da, – dadam buvimga jilmayib, “aytib berasiz-a” deganday savol nazari bilan qaradilar.
– Hammayoq toza boʻlsa sengayam, boshqalarga ham yoqadi, toʻgʻrimi? – dedilar buvim.
– Ha, – dedim men.
– Alloh har tongda bizga rizq ulashadi. Barvaqt turgan bandalariga esa koʻp rizq beradi. Uyqudan juda kech uygʻonadiganlarning kunida barakasi boʻlmaydi, kuni barakasiz odamning ishi ham, rizqi ham barakasiz boʻladi. Barvaqt uygʻonishning xosiyati koʻp bolam.
– Buvijon, men hozir kelaman, Abdusalimni uygʻotib chiqay, – deb ukamning oldiga chiqib ketdim.
– Abdusalim, turgin, buvim zoʻr narsa gapirib beryaptilar. Sen ham eshitasanmi? Turgin, turaqol. Judayam qiziq ekan.
Qiziq voqealarni eshitishni xush koʻradigan ukamni bunaqa gaplar bilan uygʻotish oson edi. Yuzini chala yuvgan ukam koʻzlarini ishqab, buvimning oldiga kirib bordi.
– Mana buvijon, Abdusalimni ham uygʻotdim. Endi Xudo bugun ukamgayam koʻp rizq beradi, a? – deb soʻradim.
– Oʻzimning esi koʻp, mehribon nevaramdan aylanay, ukangni shuning uchun uygʻotdingmi? Albatta, beradi, – buvim meni quchoqlariga olib, boshimni siladi.
– Abdusalimning hovliqishidan Hikmatilla piq etib kulib yubordi.
Buvim ham jilmaydi.
– Agar oilada qiz ham, kelin ham boʻlmasa hovlini kim supuradi? – deb soʻradim men.
– Oʻgʻillar qiladi-da, oʻgʻlim. – dedilar dadam. – Ammang chaqaloq edi. Buving dalaga, bobong ishga ketardi. Amakilaring bilan hamma uy ishlarini boʻlishib qilardik.
– Siz qanaqa ishlar qilgansiz?
– Men har doim har xil ish qilardim. Yumushlarni qogʻozchalarga alohida yozib, oʻrardik-da, oʻrtaga tashlab har bittamiz toʻrttadan tanlardik. Men doim katta amakingga sigir sogʻish tushsin-da deb niyat qilardim. Chunki amaking sigirdan qoʻrqardi. Men qoʻrqmasdim.
– Dada, siz sigir sogʻganmisiz? – Oʻzim eshitayotganlarimga ishonmasdim. Chunki dadamning hatto oshxonaga kirganlarini ham eslolmayman. Boya kelinoyim sigirni sogʻayotganini koʻrgandim. Ularning oʻrniga dadamni qoʻyib koʻrdim. Shunaqa kulgim keldi. Tasavvur qildim. Dadam choʻnqayib sigirni sogʻsa-ya?!
– Ha, sogʻar edim. Sigir menga oʻrganib ham qolgandi. Xattoki buving borsa qiynardi, sogʻdirmasdi. Mabodo amakingga shu yumush tushsa menga maza edi. Hamma ishimni bitta sigir sogʻishga almashtirib olardim. Bu qiligʻimni bobong bilib qolib, qattiq tanbeh berganlaridan keyin tashlaganman. Undan tashqari kirlarni yuvardik, xamir qilib non yopardik, idish-tovoqlarni yuvardik, chang artishmi, supurishmi, ovqat qilishmi – hamma ishni qilganmiz.
– Voy boʻ… Maktabga bormaganmisiz?
– Borganmiz. Bu ishlar maktabga ketguncha qilinardi, oʻgʻlim. Maktabdan kelib yana dalaga chiqardik. Mollarimiz oʻtlayotganda, daraxtlarning soyasida oʻtirib kitob oʻqiganmiz, – dadam xiyol tabassum bilan oʻyga tolib qoldilar. Oʻtgan kunlarni eslayaptilar, shekilli deb boshqa savol bermadik. Lekin baribir, dadamning fartukda idishlar yuvayotgani, kapgir tutganini tasavvur etganimda oʻzimni arang kulgudan toʻxtatardim.
Kun yorishgunicha koʻcha va hovli supurilib, sigir sogʻilib, bir tandir non yopilib, kichkinalarga sutli ovqat, kattalarga quymoq pishirib boʻlindi. Abdusalim ukam barvaqt uygʻongani uchun “Xudodan katta rizqni oldim” deb, koʻnglini xotirjam qilib yana uxlab qoldi.
DALADA KITOB OʻQIDIK
Men uzoq izlamasdan bir uzun tayoq topdim. Hikmatilla aytdi, choʻponlarning tayogʻi boʻlarkan. Qoʻylarni oldimizga solib ketayotgandik, Hikmatilla: “Voy, toʻxta” – dedi-yu uyga tomon yugurib ketdi. Men toʻxtadimu, qoʻylar toʻxtamadi-da. Ularga rosa yalindim, yoʻlini toʻsmoqchi boʻldim. Yoʻlini toʻsganim sari meni aylanib oʻtib yanayam tezroq yugurib keta boshlashdi. Oʻgʻirlab ketishmasin deb qoʻylarning orqasidan ketaverdim. Hikmatilla oʻzi bizga yetib oldi.
– Nimaga uyga qaytding? – deb soʻragandim qoʻlidagi kitobni koʻrsatib:
– Mana bunga, – dedi hansirab.
– Nima qilamiz uni?
– Dalada oʻqiymiz, amakim aytdilar-ku, biz kitobni dalada oʻqiganmiz deb. Biz ham dalada oʻqib koʻraylik dedim-da, yaxshi qilibmanmi?
– Ha, yaxshi qilibsan. Bilasanmi, bizni uyimizda kompyuter bor. Kerakli maʼlumotlarni internetdan osongina olib oʻqiymiz. Avval dalaga borganingda nima qilarding?
– Bolalar bilan koptok tepardik yo quvlashmachoq oʻynardik. Bugun kitob oʻqiymiz.
– Bu qanaqa kitob oʻzi?
– Bobom tugʻilgan kunimga sovgʻa qilganlar. Ichida koʻp ertaklar bor ekan.
– Oʻqib chiqqandirsan, qiziqmi?
– Oʻqimaganman, sovgʻa qilinganidan beri joyida turadi, oʻshanda oʻqishni endigina oʻrganib olgandim. Bobom oʻqigin deb koʻp marta qistadilar, oʻqib koʻrdingmi, deb har kuni erinmay soʻrayverardilar, keyin…. – Hikmatilla jimib qoldi, “keyin-chi?” deb unga qaradim. Hikmatilla boshini egib yana jim turaverdi. Men ham indamadim. Biroz oʻtib:
– Bobom mendan xafa boʻlgandirlar-a, Aziz? Sovgʻa qilgan kitoblarini oʻqimaganimga ketib qoldilar, – dedi. Bobomning vafot etgan kuni yodiga tushib qolgan ekan.
– Sendan xafa boʻlganlari uchun ketmaganlar, Hikmatilla. Ayam aytganlar, bandasi berilgan umrini yashagandan keyin Xudo uni oldiga chaqirib olar ekan.
– Hikmatilla tabiatan xushchaqchaq bola, bunaqa xafa boʻlib turish unga umuman toʻgʻri kelmas ekan. Mavzuni oʻzrgartirib, kayfiyatini koʻtarishga kirishdim.
– Hali sen uyga kirib ketayotganingda “toʻxtab tur” deding-ku. Toʻxtayman desam, anavu qoʻylaring ketib qoldi. Ularni qaytarmoqchiydim, battar qochdi. Seni kutsam, qoʻylarni birov oʻgʻirlab ketadi deb qoʻrqdim. – degandim, xayriyat, Hikmatillaning yuziga tabassum yugurdi:
– E, ular aqlli, yoʻlni mendan yaxshi bilishadi. Keyin bizning qishloqda hali birorta odamning moli yo qoʻyi oʻgʻirlangan emas.
Dala uyning yaqinida ekan. Borsak, besh-oltita bolalar Hikmatilla aytganidek futbol oʻynayapti. Dala qirgʻogʻidagi katta ariqning sharqirab oqishi, mol-holning yerdagi maysani qirt-qirt etib yulgani ham eshitilyapti. Bu maskan men kabi bolalarni har kuni bagʻrida yayratadi. Men ham shu yerlarda qolsam edi.
Hozirgina biz kelgan yoʻldan Madina opam Abdusalimni yetaklab keldi:
– Nimaga meni tashab ketvordinglar? – Abdusalim yigʻlamsiray boshlagandi, darrov oldiga bordim.
– Sen uxlayotgan eding. Boʻldi, nega jahling chiqadi, uygʻonsang kelaverasan deb tashlab kelgandik, toʻgʻrimi, Hikmatilla? – bir koʻzimni qisib Hikmatillaning “ha” deyishiga ishora qildim.
– Ha, ha, ukajon. Akang uygʻotaylik degandi, men uxlab olsin dedim-da. – Hikmatilla ham uni astoydil yupata ketdi. Abdusalimni zoʻrgʻa yigʻidan toʻxtatib qoldik.
– Iyi, aka, bu eshakmi? – Ukamning chehrasi bir pasda yorishib ketdi.
– Ha, ukajonim, bu eshak. Huv anavi bor-ku, koʻryapsanmi? – Hikmatilla ukamni dala bilan tanishtirishni boshlab yubordi. Uning savollariga javob topaman deb charchab qolmasa boʻlgani.
– Ha, koʻrdim.
– U echki boʻladi.
– Oldiga borsam maylimi?
– Albatta-da.
– U nima yeydi? Bodrogʻim yoʻq-da faqat. Biz hayvonot bogʻida ayiqlarga, maymunlarga, yana koʻp hayvonlarga bodroq berganmiz.
– U oʻt yeydi, ma, mana buni bersang boʻladi, – Hikmatilla balandroq oʻsgan bir oʻtni yulib ukamga tutqazdi.
– Qoʻrqmagin, oʻtning bir uchini uzatib tursang oʻzi tortib-tortib yeb oladi. Boraqol, – Hikmatillaning gapi tugamay ukam oʻsha tomonga yugurib ketdi. Avvaliga biroz choʻchidi, bir-ikki marta oʻt bergach, yaqinroq borib, tumshugʻini siladi. Shu bilan oʻsha echkini yaxshi koʻrib qoldi. Uyga qaytgunimizcha navbat bilan Abdusalimga oʻt yulib berib turdik.
Hikmatillani kitob olib kelganini bilib, bolalar: “Biz ham eshitamiz, ovozingni chiqarib oʻqi,” – deb qoʻyishmadi. Maysalar ustida dumalab yotgan bolalarga havasim keldi. Ayam kiyimlaringni kir qilmagin deb tayinlagan boʻlsa ham, yerga yonboshlab oldim. Oʻrtada oʻtirgan Hikmatilla buvimga taqlid qilib, sekingina, mayin ovozda ertagini boshladi. Birov “miq” etmadi. Ertak tugarkan, qoʻzgʻalmay yotgan bolalarning ketma-ket “Voooy zoʻrakan-a?!” degan ovozlari yangrab ketdi.
– Har dalaga chiqqan kunimiz oʻqib berasiz-a endi? – dedi Abdusalim tengi bir bolakay yalingan ohangda.
– Ha, har kuni oʻqiyman endi, – dedi Hikmatilla quvonib.
– Hikmatilla, shu kitobingni menga bir kunga berib tur, ertaga qaytaraman, – sepkil yuzli ozgʻinroq bola kitobni ushlab oldi.
– Yoʻq, oʻzim oʻqib tugatmadim hali. Shu yerda toʻplanib oʻqiyveramiz-da, – deb Hikmatilla kitobni tortdi.
– Men bugunoq dadamga aytaman. Mengayam olib beradilar. Men ketdim uyga, – deb Murodillo degan bola qoʻy-qoʻzilarini oldiga solib ketdi.
– Men ham oldiraman shunaqasidan, – dedi yana bitta bola. Quyosh tikkaga kelganda, hammamiz uy-uyimizga tarqadik. Hikmatilla bizdan oldin uyga kirib, kitobni joylab chiqibdi.
ZIYORATGA BORGANIMIZ
– Qani, bobongizni qabrini ziyorat qilishga kim boradi?
– Men, – dedim birinchi boʻlib. Mendan keyin Abdusalim bilan Hikmatillaning “men” degan tovushi ketma-ket yangradi.
– Barakalla, mening oʻgʻillarim katta bola boʻlib, bobosining oldiga borar ekan-da. Chopqillab borib, yuvinib kelinglar, dadangiz kutyapti. Boʻlaqolinglar, – buvim yelkamizga qoqib orqa hovliga joʻnatdilar. Keyin bir nechta doʻppilarni koʻtarib chiqib, hamamizga bittadan ulashdilar. Kichkina doʻppidan ikkita ekan, xolos, Hikmatillaga yetmay qoldi. Katta doʻppini boshiga qoʻndirib ketaverdi. Faqat qoʻli boshidan tushmay qoldi. Tushib ketmasin deb ushlayveradi, ushlayveradi.
Dadam bilan amakim oldinroqda ketishyapti. Yoʻlimizdan chiqqan hamma odam bilan salomlashib oʻtishyapti. Bittasiyam qolib ketgani yoʻq.
– Dada, ularning hammasini taniysizmi? – dedi ukam.
– Ha, – dedilar dadam.
– Shuncha koʻp odamni qanday qilib taniysiz? Esingizdan chiqib qolmaydimi?
– Biz bu insonlar bilan birga katta boʻlganmiz, bir qishloqda yashaymiz, qanday qilib esimizdan chiqsin, Abdusalimboy? – dedilar amakim ukamning boshini silab.
– Amaki, hozirgina yonimizdan, soqollari bor, hassasiyam bor amaki oʻtdilar-u. Ular nimaga sizni aka dedilar, yoki rostdan ham siz ulardan kattamisiz?
– Eh, jiyanjon! Bu – hurmatning bir koʻrinishi. Insonlar bir-biriga nisbatan hurmatini bildirishi uchun oʻzidan kichkina odamga ham “aka” deb murojaat etadi. Bildingmi?
– Unda nega hech kim meni aka demaydi?
Abdusalimning savolidan hamma kulib yubordi.
Yoʻlda dadamlar hadeb toʻxtayverganidan zerikib ketdik. Bir payt Hikmatilla:
– Yuringlar, oʻzimiz ketamiz, men yoʻlni bilaman, – deb qoldi.
Yugurdik.
Ancha yoʻlni yugurib oʻtganimizdan keyin hamma charchadi. Endi sekinlab yurayotgandik, jim turolmaydigan Abdusalim darrov gap boshladi:
– Aka, esingizdami, bir marta chorbogʻimizdagi oʻrik daraxtiga uchalovimiz chiqqanimizda, katta shoxi sinib ketgandi. Oʻshanda bobomdan yashirinamiz deb qoʻraga kirib olgandik, qoʻylar baqirib sotqinlik qilgan. Bobom kelib singan daraxtniyam koʻrgan, bizni ham topib olgandilar-a?
– Lekin indamaganlar, – Hikmatilla jilmayib javob berdi.
– Toʻgʻri. Dadamlarga ham “Boʻldi, tergayvermanglar” deb, yonimizni olgandilar.
– Bobomning nosqovogʻini yashirmoqchi boʻlib suvga tushirib yuborganing esingdami, Hikmatilla? Ariqdan nosqovoqni izlab, ishtoningni orqasi hoʻl boʻlganda ayangga aytolmasdan, bir soat quyosh tagida turib quringan eding, – dedim-u oʻzimni tutolmay katta koʻchada qah-qah otib yubordim.
– Bobom kabob yeyishga olib borganlarida Hikmatilla akam eng koʻpini yegan. Oʻshanda qorni tarvuzga oʻxshab qolgandi-ya, aka? – deb Abdusalim zavq bilan kulardi. Hikmatillaning oʻzi ham qornini ushlab rosa kuldi.
– Bobom qumgʻonchoyni yaxshi koʻrar edilar. Uyda bobom ikkimizdan boshqa hech kim yoʻq edi. “Qumgʻonchoy damlab ber, bolam,” deb qoldilar. Qumgʻonni toʻldirdim, orqa hovlidagi gʻoʻzapoyalar uyumidan kichikroq shox-shabbalarni saralab, yarim soat urinib ham tagiga oʻt yoqolmadim. Koʻzim achishib ketganiga alamimdan “choy damlamayman”, dedim. Keyin oʻzlari oʻtinlarni qanday joylanishini, qanday qilib alangalatishni koʻrsatib, choy qaynatganlar. Hozir bobomga qumgʻonchoy damlab bergim kelyapti, – Hikmatilla xomush tortib gapini yakunladi.
Mozorga kirib borar ekanmiz, bobomni yanayam sogʻinib ketdim. Ularning qabrini topolmayotgandim, Hikmatilla koʻrsatdi. Bu yerga ikkinchi marta kelishim. Birinchi koʻrganimda bobomning ismi-sharifi, yashagan yili yozilgan manavi katta tosh oʻrnida faqatgina qoraygan, nam tuproq bor edi, xolos. Uchovimiz ham shoshib kelganga yarasha, bir ish qilolmay turdik. Dadamlarni kutib, qabriston chetidagi oʻrindiqlarda gap boshlolmay oʻtirgandik, bitta amaki biz tomonga keldi. Joʻr boʻlib salom berdik.
– Vaalaykum assalom, yigitlar. Qodir buvaning nevaralari boʻlsangiz kerak-a?
– Ha. Siz bizni taniysizmi? – Mahmadona Abdusalim amakini savolga tutdi.
– Taniyman-da.
– Nega biz tanimasak ham, hamma bizni taniydi?
– Qishloqda shunaqa. Qolaversa Qodir buvani oʻziga juda oʻxshar ekansan, kichkintoy. Yolgʻiz keldinglarmi?
– Yoʻq, dadam bilan amakim ham kelishyapti. Biz yugurib keldik. – Biz tanimagan amakining ismi Mahkam amaki ekan. Dadamlarga salom yetkazishimizni tayinlab, mehmonga taklif qilib ketdilar. Dadamlar hech qancha oʻtmay kelishdi. Ular uzun duolar oʻqishdi, yuzlariga fotiha tortganlarida, biz ham qoʻshilib omin qildik. Jimjitlik qurshagan bu maskanni boshqalar qoʻqrinchli deb aytardi. Lekin bu joyda bobom yotgani uchunmi, umuman, bu narsani his qilmadim.
Uyga kelsak, buvim oʻz qoʻllari bilan issiqqina ovqat tayyorlabdilar. Tushlik qilingach, dadamlar koʻchaga ish bilan chiqib ketishdi, biz buvim bilan qoldik.
– Bobongizni ziyorat qilib keldinglarmi? – soʻradilar buvim.
– Ha, – dedik uchovimiz.
– Endi katta yigit boʻldilaringiz. Har safar kelganingizda bobongizni ziyorat qilishni kanda qilmanglar. Sizlarni qanaqa yaxshi koʻrar edi… – Buvimning koʻzlari yoshlanib ketdi.
– Xoʻp, buvijon, har doim boramiz. Faqat siz yigʻlamang.
– Buving joningdan, yaxshiyam sizlar bor deb… – koʻz yoshlarini roʻmollarining uchi bilan artib oldilar.
– Buvijon, yigʻlamang, boʻldi. Iltimos. Boʻlmasa men ham yigʻlab beraman, – yigʻlamsirab buvimni quchoqlab oldi Abdusalim.
– Mana, yigʻlaganim yoʻq, bolajonim. Boʻldi, mana. – Endi yuzidagi koʻz yoshni kaftlari bilan artib tashladilar.
– Buvijon, sizning ham bobongiz bormi? – buvimning koʻksidan boshini koʻtarmay soʻradi Abdusalim.
– Bor boʻlgan-u, bobom tugul dadamni ham koʻrmaganman. Ammo yetti pushtimning hammasini ismini bilaman.
– Yetti pushti nima u, buvijon?
– U yetti ajdoding. Hammamiz yetti pushtimizni bilishimiz kerak.
– Bizning yetti pushtimizni ham bilasizmi? Aytib bering.
– Xoʻp, birinchisi oʻzlaringizning dadangiz, ikkinchisi bobongiz, keyingisi bobongizning dadasi, ularning ismi Sobirjon, toʻrtinchi ajdodingiz Ergash ota, Azizjon bolam, yozib olyapsanmi, yaxshi, beshinchisi Erkin ota, oltinchisi Hamid ota va yettinchisi Qobil ota.
– Siz bizning qanaqa ajdodimizsiz? – Abdusalim hayratini yashirmay soʻradi.
– Ha, buvingman-da.
– Buvi qanaqa ajdod?
– Dadaning yoki onaning onasi – buvi boʻladi. Men dadangni onasiman.
– Buvijon, dadangizni nega koʻrmagansiz, ular ham oʻlib qolganmilar?
– Yoʻq, urushga ketib, bedarak yoʻqolgan. Lekin ular haqida ayam uzoq-uzoq gapirib berardilar. Ammo hozir koʻpini eslolmasam kerak.
– Nega? Urush boʻlganmi?
– Ha, bundan yetmish yil avval ikkinchi jahon urushi boʻlgan.
– Sanjar degan bir oʻrtogʻim koptok talashib akasi bilan rosa mushtlashgan. Oʻshanga oʻxshab urushda hamma bir-birini urganmi, mushtlashishganmi, buvi?
– Oʻshanda odamlar bir-birini yoʻq qilgan, bolam, yoʻq qilgan.
– Kinodagiga oʻxshab bir-birini miltiqda otganmi?
– Ha, – buvim xoʻrsingancha davom etdi. – Ocharchilik, qimmatchilik boʻlgan, yegulik topolmaganmiz, zolimlarning qiynoqlarida yashaganmiz, bari qiyinchiliklar oʻsha davrda boʻlganda, bolam.
– Buvijon, keling, shularni bir boshidan gapirib bering, – iltimos qildim men.
– Bolajonlarim-yey, u kunlarni sizni boshingizga solmasin, ilohim. Nimadan boshlay?
– Dadangiz urushga ketgan kundan boshlang, – shoshib dedim men.
– Men kichkinagina chaqaloq boʻlganman. Bularni ayam menga hikoya qilib berganlar. Dadam daladan qaytayotganda ikkita melisa ularni tuman markaziga olib ketgan, bolalarim bilan xayrlashib olay desa ham, ruxsat bermay, oʻsha yerdan toʻgʻri frontga – urushga joʻnatgan. Onda-sonda xat kelib turardi. Keyin xat ham kelmay qoʻydi, qayta daragi ham boʻlmadi. Dadam haqida faqat shuni bilaman.
– Bobomning dadalari-chi? – dedim.
– U kishi judayam halol, fidokor, xalq gʻamini yeydigan jonkuyar, oʻz davrining hech kimi bas kelolmaydigan, kuragi yer koʻrmagan polvoni boʻlgan ekan. Bobongiz sakkiz yoshga yetgan paytida dadasi qamoqqa olib ketilgan. Xalqni boqaman deb qamalgan ekan. Bu haqida juda koʻp gapirar edilar.
– Boshidan, hammasini gapiring, buvijon, – dedim sabrsizlanib.
– Hammasini toʻliq gapiraversam, gaplarim qachon tugaydi?
– Tugamasayam mayli, eshitaveramiz. Oʻzingiz ham yetti pushtingizni bilinglar dedingiz-ku. Toʻliqroq bilsak, undan ham yaxshi. Toʻgʻrimi? – Hikmatilla ham hikoyaga qiziqib qolgan ekan, savollari bilan buvimni hikoyani davom ettirishiga qistay boshladi.
– Toʻgʻri, bolam, toʻppa-toʻgʻri. Hammasini gapirib beraman. Bobongizning dadasi kim boʻlgan ekan, ismi qanday? – degan edilar, qoʻlimdagi qogʻozchaga qarab javob berdim:
– Sobirjon.
– Toʻgʻri. Mana shu Sobir buva kolxozda omborchi boʻlib ishlaganlar.
– Kolxoz mahalla deganimi, buvijon, yoki komandami? – soʻradi Abdusalim.
– Yoʻq, kolxoz bu dehqonlarning katta bir jamoasi. Oʻsha yili bugʻdoy, makka, bari ekinlar yaxshi hosil bergan. Keyin uni hammasini frontga joʻnatasan deb tepadan buyruq qilingan. Brigadirlar ham bor hosilini olib kelib, kolxozga topshirgan. Hammasi topshiradi-yu, keyingi yilga nima qilamiz deb uzoq oʻylashadi. Qoʻshni qishlogʻimizda Orziya ismli oʻn farzandli bir ayol bor edi. Eri brigadir boʻlib ishlagan. Oʻsha ayol Sobir buvaning oldiga kelib rosa yigʻlagan: “Cholim oʻlgur qoʻrqoqniyam qoʻrqogʻi, olgan hosilingizdan hech yoʻq keyingi yilga urugʻlik qilishga bir hovuchgina olib qolay desam, birov bilsa men ham yoʻq boʻlib ketaman, shu kerakmi senga? Tinch tur, deb oʻdagʻaylab berdi. Inim, rahmingiz kelsin oʻnta bolamni qanday boqaman, toʻngʻichim nogiron, bir ishga yaramaydi. Tepadagilar bilan gaplashing, bir ilojini qilsa boʻlarmikin” degan. Sobir buva ayolning soʻragan bugʻdoyini berib joʻnatgan. Oʻzi ham urugʻlik masalasida koʻp oʻylanib yurgan ekan. Odamlarga yegulik kerak, axir. Rahbarlar bir donasini ham qoldirmaysanlar deb qatʼiy talab qoʻygan, ularni umuman fikridan qaytarib boʻlmasdi. U yoqda ham, bu yoqda ham ahvol jiddiy. Sobir buva kolxoz raisiga “Biror sandiq bugʻdoyni olib qolmasak boʻlmaydi. Bu yil amallarmiz-ku, keyingi yilga xalqqa na yegulik, na urugʻlik qolmayapti,” deb tushuntiradi. Kolxoz raisi ham: “Biror gap boʻlsa bu ishlarga mening aloqam yoʻq,” – deb zoʻrgʻa rozi boʻladi. Shu bilan, bir yogʻoch sandiqni yarmidan koʻpiga bugʻdoy solib, ustidan turshaklarni bostirib yashirishgan. Keyin uni orasidan bitta sotqin chiqib, tepadagilarga yozib beradi. Shu bilan Sobir buvani qamoqqa olib ketishgan. Bolalari ortidan zor yigʻlab qolavergan. Shunaqa, bolalarim, biroz oʻynab turinglar, qolganini keyinroq gapirib beraman, maylimi? – dedi buvim “bismillo” deb oʻrnidan turar ekanlar.
– Mayli. Faqat namozingizni tezroq oʻqing-da, – dedi Hikmatilla.
– Aka, bugʻdoydan un qilib, keyin uni non qiladi-a? – Abdusalim mendan soʻrab qoldi.
– Ha, – dedim men.
– Oldin odamlar bugʻdoyni oʻzi olib, uyda un qilib, uy non qilganmi?
– Ha. Nega soʻrayapsan?
– Ayam bizga doim nonni yurib yema, ushogʻini toʻkma deyaverardilar. Endi bildim. Avvallari odamlar ozgina non uchun shunaqa qiynalganlari rost ekan. Aka, endi urushmaylik. Qarang, buvim urush boʻlganiga yigʻlayaptilar. Bizniyam urushganimizni koʻrsalar, yana yigʻlaydilar. Xoʻpmi?
– Xoʻp, – dedim. – Endi urushmaymiz. Kelishdik, – bir qoʻlim bilan ukamning qoʻlini olib, ikkinchi qoʻlim bilan uni quchoqlab oldim.
– Aziz, yuringlar, kecha yangi koptok olganman, oʻynaylik, – Xikmatillaning taklifi bilan orqa hovliga oʻtdik.
DALADA YIGʻLAB-YIGʻLAB ISHLASHGAN EKAN
– Qani, polvonlarim, birortangiz borib, menga bir piyola suv keltirib beringlar. Hikoyalarimni gapirib, adogʻ qilgunimcha, ogʻzim qurib qolmasin, – buvim kelib oʻtirar ekanlar, Hikmatilla chaqqonlik bilan: “Buvijon, men kelguncha boshlamay turing!” – deb chiqib ketdi. Biz ham Hikmatilla tezroq kelsa-yu tezroq hikoyani davomini eshitsak, deb oʻtiribmiz. Xona eshigi gʻiyq ochilib Hikmatilla moʻraladi. Yarim yoʻldan qaytib, buvim rostdan ham hikoyani boshlaganlari yoʻqmikin deb, tekshirgani kelibdi shekilli. Yana kutdik, nihoyat keldi.
– Endi ayting, buvijon, choy olib keldim, – Hikmatilla choynakni qoʻyib, buvimdan koʻzini uzmadi. “Ishqilib, yana ish buyurmaslaridan tezroq boshlasinlar-da” deb oʻyladim men ham.
– Oʻsha davrda dadalar, akalar urushga ketganligi uchun roʻzgʻorning ogʻir yumushlari ham onalarga qolgan. Uzoq oʻtmishni qoʻy, mana yaqin davr – mustaqillikkacha ham katta qiyinchiliklar bilan kun koʻrganmiz. Erta bahordan qishgacha deyarli yil davomida butun xalq paxta bilan band boʻlardi. Necha yuz gektar yerni ketmonda chopib, egatlar qilgach, chigit qadab chiqilgan. Unib chiqmaganlarini oʻrniga yana boshqa ekkanmiz. Mabodo yomgʻir yogʻib qolsa, tuproq qotib qoladi. Unga yana xalq oʻsha gektar-gektar yerni mana shu kaftimdek keladigan, kichkina besh tishli asbob bilan tarab chiqardi. Paxta paxta boʻlib chiqqunicha mingta ish qilingan, bolalarim. Dadangizdan soʻrasangiz, yaxshilab gapirib beradi. Beshinchimi, oltinchi sinfda oʻqib yurardi, shekilli. Bolalik qilgan-da, dalani yoʻlida aka-ukalar koptok tepayotganida brigadir kelib qolgan. Hammasini qator qilib “nega paxta termayapsan?” deb tutning novdasi bilan shunaqa savalagan, shunaqa savalagan bolalarni. Bolam shoʻrliklar yigʻlab, birining boʻyni, yelkalari qonab, birining yuzlari qavarib, yana biri oqsab, oʻsha ahvolida paxta tergan.
– Oʻsha odamni borib urmaganmisiz, buvi? – Hikmatilla oʻrnidan turib ketdi, – dadamni urganlarni menam uraman.
– Ey bolam, ularni urish qayoqda, nima qilsa xoʻp deb, koʻziga qarashga qoʻrqqanmiz. Zolim edi ular, zolim.
– Oʻsha odam tirik boʻlganda oʻzim borib, pachagʻini chiqarib kelardim. Tirikmi, buvijon? – Hikmatilla tishini tishiga bosib buvimdan javob kutardi.
– Qoʻy bolam. Oʻtir joyingga. Ha, tirik, haliyam bor. Xudo oʻzi jazosini bergan – koʻzlari ojiz, joyidan qimirlolmay qolgan. – Juda kam odamda besh sotixmi, olti sotixmi yeri boʻlardi. Rais paxta dalasida ishlaydigan paytda oʻzining yerida ishlayotganlarni koʻrsa, oʻsha kuniyoq, yerda qanday ekin boʻlishiga qaramay tekislatib tashlardi. Bir kuni bizni ham yerimizda ishlayotganimizni koʻrib qoldi.
– Nega paxtaga chiqmading? – dedi.
– Jon uka, yarim soat, bir soatlik ishimiz qolgandi. Hozir tugatib qolamiz, – dedim.
Gapim tugamay, “he oʻsha seni…” – deb, hayqirgancha zoʻrgʻa koʻkartirgan piyozimning mitti nihollarini tepib, ezgʻilab, bir imo bilan ortidan ergashtirib kelgan traktorni ekinli yerga yurgizib yubordi. Shu bilan hamma mehnatlarimiz koʻkka sovrilib, qayta ekdik. Bobongiz uzoqqa oʻqishga ketgan, yolgʻiz oʻzim hammasini eplashga harakat qilardim. Ayol boshim bilan yarim kechada borib yerga suv ham qoʻyganman. Suv serob edi-yu, raislar bizni tomorqalarga bermas edi. Tunda yashirincha olardik. Bir safar borsam dalaga suv qoʻyilibdi. Hayron boʻlib qaytaverdim, keyingi safar qarasam, yana qoʻyilgan. Uchinchi bor esa doimgidan vaqtliroq bordim: Qoʻshni mahalladagi Roziqvoy degan kishi yerimizga suv ochyapti. Meni koʻrib: “Soliha opa, men ham har safar yerimga suv ochib shunaqa paytda yopgani kelaman, shunda bir yoʻla siznikiga ochayapman. Kelib ovora boʻlmang,” – dedi joying jannatdan boʻlgur. Hammaga yaxshilik qilib, koʻpning duosini olib yurardi. Erta vafot etgani yomon boʻldi-da. Xullas, tomorqamizda ishlayotganimizni koʻrib qolmasin deb, qoʻrqib, mashina yoki otliqning ovozi uzoqdan eshitilishi bilan darrov changallarning orasigami, ariqning ichigami, oʻzimizga qulay pana joyga yashirinib olardik. Katta raislar qop-qora mashinada yurgan, brigadirlar otda edi. Har ikkalasiniyam boshida shlyapa. Shular yoʻlda koʻrinsa katta-yu kichik yashirinib, koʻziga koʻrinmaslikka harakat qilardi.
Yana bir zolim brigadir bor edi: ayollarga juda shafqatsiz, nuqul mehnat kunimizni qisqartirib yozardi. Bir safar Karomatxon degan shaddod ayol: “Kelinglar, shu odamni tavbasiga tayantirib qoʻyaylik, nima hammamiz bir boʻlsak eplolmaymizmi?” – deb qoldi. Hammaning koʻngliga bu tomoshani ishtiyoqi tushib, rejalar tuzishga kirishib ketishdi. Oʻsha kuni kechga yaqin kelib brigadir hammaga baqirayotganda uchta ayol bir boʻlib, yerga yiqitdi, qolganlar kelib qoʻl-oyogʻini arqon bilan bogʻlab tashladi. Doim boshimizda qamchi aylantiradigan odamning yerda dumalab: “Boʻldi tavba qildim, boʻldi qilinglar,” – deb yolvorishi kulgili tuyularkan. Karomat shaddod: “Xoʻsh, endi mehnat kunimizni toʻgʻri yozasanmi?” – deyaverganidan “opa, siznikini ortigʻi bilan yozaman” deb baloga qolgan. “Men sendaqa xaromxoʻrmasman, shu gaping uchun ham mana senga,” – deb, suvi yoʻq bir chuqur hovuzga dumalatib yuborgandi. Boʻldi kulgu, boʻldi tomosha. Oʻgʻli tuhmatdan qamalib, chehrasi yorishmay qoʻygan bir xola bor edi. Oʻshanda birinchi marta qiyqirib kulganini koʻrgandik. Ammo ertasi kuni Karomatxonni melisa olib ketgan. Melisalardan ham rosa qoʻrqardik. Ular pat-pat minib yurgan. Ikkita melisa har kun ertalabdan uylarni aylanib, dalaga ketmaganlarga oʻdagʻaylab, bolang kasalmi, oʻzing kasalmisan, qarab oʻtirmay dalaga haydagan. Biz ham dalaga sal kech qolgan kunimiz, Azizjon, seni dadang, koʻchaga qarab turardi. Koʻchaning boshida melisa koʻrinib qolsa “Ayajon, yelmisa kelyapti, yuring ketaylik, tezroq chiqib ketaylik” deb yalinardi.
Abdusalim menga qarab kuldi.
– Dadam “melisa” deyolmagan ekanlar-a? Hali kelsalar oʻzlariga aytamiz “elmisa nima?” deb, – hammamiz kulib yubordik.
QISHLOQDA NON OZ, MEHR KOʻP
Dalada begilangan ishini sogʻligʻi koʻtarmay eplolmagan odamlar nonsiz qolganida, nochor boʻlsa-da mahalla, koʻy yordam bergan. Uyimizning qarama-qarshi tomonida Xayriya xolalaring bor-ku, taniysizlar-a?
– Taniymiz. Kasal boʻlsak kinna solib qoʻyadigan xolami? – dedi Hikmatilla.
– Ha, oʻsha xolalaringning onasi qattiq kasal edi, melisa nimaga ishlamay yotibsan deb dalaga haydagan. Majburan dalaga chiqqan ayolning kasali zoʻriqib, keyin yurolmay qoldi. Yurolmaydigan odam qanday non topardi. Ishlamagan odamga non yoʻq. Mahalladagi qurbi yetganlar har kun topgan nonidan ozgina-ozginadan toʻplashsa, bitta oila toʻysa boʻladigan non chiqar edi. Hamma bir boʻlakdan bersa, biz bitta non berardik. Chunki bizning oiladan men, akalarim, opalarim ham ishlab boshqalardan koʻp non olardik.
– Buvijon, oʻshaning uchun bizga kinna soldirganingizda pulingizni olmay: “Sizdan umrbod qarzdorman, pulingizni qanday olaman, opa” deb aytar ekanlar-da, – dedi Hikmatilla.
– Ha.
– Qishloq odamlarining boshqachaligi shunda-da. Qachonlardir bir-biriga mehnati singgan, ogʻir kunlarida begonalardan oʻzining jigaridek yordamini ayamagan, bitta dardda qovrilib, bir tan-u bir jon boʻlib ketgan. Va buni hech qachon unutmaydilar.
Urush tugagan edi. Katta akam betob boʻlib, bir necha haftagacha issigʻi umuman tushmagan. U davrda shifokor, tabiblar qayda. Faqat romchilar boʻlardi, kasal boʻlgan borki, romchiga yugurgan. Odamlar arzimagan dardni ham aritolmay uvol boʻlib ketgan. Onamning ham boshqa iloji qolmagach, topganini olib, akamni romchiga olib borganmiz. Borsak, nima emish, eshakni soʻyib terisiga oʻralsa sogʻayib ketar ekan. Bizda eshak nima qilsin, kunda topgan noniga tirikchilik qiladigan kambagʻal oila boʻlsak. Boshqa yoʻli yoʻqmi deb yalinib-yolvorgan onam rahmatli. Romchi: “Boʻlmasa bitta eshakday keladigan xoʻroz topib qon chiqaring” degach qishloqni kezib, eshakday xoʻroz izlaganmiz. Bir beva ayolning ikki xoʻrozi bor ekan. Mayli beraman, faqat qon chiqazgach goʻshtini qaytarib keling degan shart bilan bergan. Shoʻrlik nochorgina, ikkita yosh bolasi bor edi. Xoʻrozni soʻydik, ismi-rasmini qildigu, qaytarib olib bordik. Yaxshi ayol ekan “Buni bolangizga shoʻrva qilib bering, darmon boʻladi” deb xoʻrozning bitta oyogʻini qaytarib bergandi. Haligacha oʻsha ayolning chehrasi koʻzimni oldidan ketmaydi.
– Ajin bosgan nurli yanoqlaridan horgʻingina, ustma-ust sizib tushayotgan koʻz yoshlarini koʻrib buvimga yopishib oldik.
– Boʻldi, buvijon, yigʻlamang, – Abdusalim buvimning boshini silayverib, roʻmolini yelkasigacha tushirib qoʻydi.
– Buvijon, boʻldi, endi sizni yigʻlatadiganlarini aytmang, haliginaqa faqat kuldiradiganlaridan, raisni chuqurga tashlaganlaring boru, oʻshanaqalaridan yana aytib bering. Xoʻpmi? – Buvimning yuzlaridagi yoshni artib soʻradim. Hikmatilla buvimga choy quyib uzatayotganda:
– Buvijon, choy iching. Agar hammasi yigʻlatadigan boʻlsa, mayli aytmay qoʻyaqoling, – dedi yana.
– Yoʻq, bolalarim, men xursand boʻlib yigʻlayapman. Yaxshi odamlarning koʻpligidan yigʻlayapman. Sizlar ham xafa boʻlmanglar. Shunaqa yigʻloqiman-da. Sizlarga rosayam yaxshi yana bir inson haqida gapirib beraman. Katta akam betob kunlar edi. Evakutsa qilib…
– Evakuatsiya qilib, – jilmayib buvimning xatosini toʻgʻirladim.
– Ha, oʻshanaqa qilib, xullas koʻchirib bir qancha tatarlarni bizning qishlogʻimizga olib kelishgan. Bizning uyda ikkita xona borligi uchun bittasini tatar oilalardan biriga ajratib berganmiz. Voy haligilar-chi oʻzbekchaniyam bilar ekan, oʻrischaniyam bilar ekan. Bizning uyda yashaydigan tatar ayol akamni kasal ekanini bilib, darrov davolashga kirishib ketdi. Oʻzi doʻxtir ekan. Biz umrimizda koʻrmagan bir narsalarni ichirib, badaniga ham nimalardir surtib, bir pasda sogʻaytirib yuborgan. U vaqtda dorilar qogʻozlarga oʻrab berilarkan-da. Mengayam har kuni ichib turgin deb qogʻozda dori bergan. Yaxshiyam tatarlarning kelgani, oʻsha ayol boʻlmaganda akam shoʻrlik oʻlib qolarmidi? – Buvim oʻzini zoʻrgʻa yigʻidan tiyib gapida davom etdi. – Qishlogʻimizda kasal odamning oʻzi qolmagan. Uni uzoq joylardan izlab kelishardi. Opam koʻp shamollar edi. Oʻsha tatar ayol issiq-issiq sut ichsin degan. Qishloqda sanoqligina odamlarda sigir boʻlgan. Bitta sigiri bor ayol ahvolimizni koʻrgach, har tongda besh-olti koʻcha naridan bir kosa sut olib kelardi. Tatar ayol ham qishlogʻimiz odamlariga hayratlanib, “Dunyoda oʻzbeklardek xalq boshqa boʻlmasa kerak,” – derdi.
– Oʻsha ayol hozir qayerda, buvijon? Siz bilasizmi? – soʻradi Abdusalim.
– Oʻn yilcha boʻlib qoldi-yov. Vafot etgan. Tobutini xalq koʻtargandi. Oxirati obod boʻlsin!
– Bizning yoshda nimalar qilgansiz? – dedim men.
– Sizning yoshingizda qornimizni toʻqlash uchun dalalardan mashoq terib kelardik?
– U nima, buvijon?
– Bugʻdoylar oʻrilgach yerga toʻkilib qolganlari boʻladi. Oʻshaniyam koʻrib qolsa urib, olib qoʻygan. Yashirinib, bir yoʻlini qilib, kim qancha tersa, oʻshani tegirmonda unga almashtirib olardik. Undan ayam hammamizga bittadan nonni amallab chiqarib berardi. Menga kichkina kulchacha, opamlarga sal kattaroq, toʻrttala akamgayam amallaganicha chiqarib, undan ortsa oʻzlari yeb, boʻlmasa sotib, puliga yana un olib, non qilib sotgan. Kolxoz idorasi bilan uyimiz bir devor edi. Ovqat qilib ber deb sholi chiqarishardi. Uni tuyib guruchidan ovqat qilib idoradagilarga bersa, qolgan oqshoq, kurmagidan bizgayam biror yegulik qilib berardi. Ayam shunaqa tadbirkor boʻlganlari uchun ham boshqalarga oʻxshab ajiriq, kunjaraga qolgan kunimiz boʻlmagan. Qishloqda ocharchilik avj olganda, odamlar kunjara yeb, ishib ketgan, yosh-yosh bolalar, keksalarning aksariyati shundan vafot etgandi. Maktabga ham deyarli bormaganmiz.
– Voy maza-ku, – Hikmatilla jilmayib qoʻydi.
– Ha, birpasda maktabdan zerikdingmi, bolam? Bu sharoitlarda oʻqish baxt-ku. Men judayam maktabga borishni istaganman. Nima qilay, maktabga borsam, yeguliksiz qolardim. Oʻzim boshoq termasam, akalarimning birortasi och qolib, oʻzinikini menga berishiga toʻgʻri kelardi. Keyinroq katta boʻlib, dalada ishlab non oldim. Shu boshoqni deb xolamni qamab qoʻyishgandi. Bolalari katta xaltasini toʻldirib daladan chiqayotganini rais koʻrgan-u, ularni kaltaklab, xaltasini olib qoʻygan. Uyida yeguligi yoʻq boʻlgan bolalar yana boshoq teradi. Yigʻlab uyga qaytsa, onasi uyda yoʻq. Bolalarini mashoq terishga chiqargani uchun xolamni melisalar olib ketishgan ekan. Qoʻshnisi ularni yetaklab onasining oldiga, melisaxonaga olib borgan. Ayam bilan borganimda koʻrgandim. Xolamning kenjatoyi qamoqxonaning devorlarini tepib-tepib: “Ayamni chiqaringlar, iltimos” – deb yigʻlaganlari qulogʻimning ostida hozirgidek jaranglaydi. Onasini koʻrsatishga ruxsat berganda panjarani tatalab ochmoqchi boʻlgandi. Hamma yigʻlagan, lekin oʻsha yerdagi melisalar umuman parvo qilmay, toshdek turavergan. Oʻsha yerga yaqinini koʻrishga kelgan bir amaki ahvolimizni koʻrib, melisalardan surishtirgan. Keyin ularga: “Bir xalta bugʻdoyga shunchalik qilasanlarmi, iymonsizlar, qoʻyib yubor bularni, oʻsha bir xalta bugʻdoyni men beraman senga” – deb, katta boshliqning oldigacha borgan. U kishining kim ekanini ham bilmaymiz. Ertasiga xolamni qoʻyib yuborishgan. Voy bolalarining quvonganini… Kichkintoyi: “Ayajon, endi qaytib boshoq teymemiz, och qolsak ham mayli, sizni yana qamab qoʻymasin” – deb, hammani yigʻlatgandi. Shunaqa, bolajonlarim. Sizlar oʻynab turinglar-a, men qoʻylarga oʻt yulib berishim kerak.
– Buvijon, biz ham boramiz, sizga yordam beramiz, bolalar, qani turinglar! – oʻzim birinchi boʻlib turdim. Chopqillagancha hovlining orqa tomoniga oʻtdik.
– Mana bu bodring palagi, yaxshilab tanib olinglar, shundan boshqa hamma oʻtlarni yulaveringlar, – dedilar buvim. Oʻz-oʻzidan kim birinchi koʻp oʻt yulib boʻlishga kirishib ketdik. Abdusalimning norozi ovozi eshitildi:
– Men toʻplagan oʻtlar qani? Kim oldi, aka, sizmi? Bering deyapman. Boʻlmasam dadamga aytib beraman.
– Men olmadim.
– Boʻlmasa kim oladi? Siz olgansiz. Bering, – dedi endi yigʻlamsirab.
– Biz urushmaslikka kelishgandik-ku. Nega soʻzingda turmayapsan?
– Rostdan siz olmadingizmi? – yuvosh tortib qayta soʻradi ukam.
– Iyi, anavi yerda ekan-u, topdim. – Ukam aybidan uyalib boshqa gapirmadi. Buvim Abdusalim yulgan oʻtlarni qoʻyga berayotanida, bir qancha bodring palaklariga ham koʻzi tushib qolibdi.
– Hay, Abdusalim. Buni nimaga yulding. Men senga tanib ol demabmidim. Mayli endi hammangiz oldimga keling-chi. – Buvim etagini toʻldirgan mevalardan bizga ulashdilar:
– Mana Hikmatilla, sen koʻp oʻt qilganing uchun uchta, Azizjon ozroq qilgani uchun ikkita, Abdusalim palaklarni ham yulib olgani uchun jarima sifatida bitta dona beraman. Ana, yashanglar, dastyorlar. Ishimiz tamom.
YASHASIN HASHAR!
Yana tong saharlab xoʻrozboy qichqirdi, dimogʻimga tandirdan yangi uzilgan non hidi, kelinoyim hovliga suv sepgach buvim ekkan rayhon hidi urilib, jannat havosiday tatib ketdi, uyqudan turmasimga qoʻymadi. Nonushtani boshlaganlarida uygʻonibman. Dasturxon atrofida hamma ishtaha bilan nonushta qilyapti. Bugun barvaqt uygʻonmaganimga rizqimni toʻliq ololmabman-da, deb oʻyladim. Ammo unchalik kech qolmabman. Men dasturxonga oʻtirishim bilan buvim bir kosa, yuzasi qalin qaymoqlagan, muzdek sutni oldimga qoʻydilar. Qoʻlimni kuydiray-kuydiray deb turgan nonni shundoq sutga botirdim-u, sutga boʻkkan nonni avaylab ogʻzimga soldim. Umrimda bunaqa shirin nonushta yemagandim. Qishloqning suti bizning doʻkonlardagi sutdan shirin boʻlar ekan. Buvimdan yana sut soʻramoqchi boʻlib turgandim:
– Guruchdan oldingmi? Jiyda bilan, tutmayiz bor edi. Ulardan ham olib ket. Ayvonda turibdi, – dedilar buvim dadamga. Nimaga unday deyaptilar. Nima, biz bugun ketamizmi? Yoʻq, ishqilib ketadigan boʻlmaylik-da, – deb qoʻrqibgina dadamdan soʻradim:
– Dada, bugun ketamizmi?
– Ha, ketamiz. Tezroq tamaddi qilib ol. Yoʻlda ochqab qolasan boʻlmasa.
– Meni qishloqda qolgim kelyapti, – dedim shoshib.
– Oʻgʻlim, ayangiz sizlarni sogʻinibdi, ketmasak boʻlmaydi, men ishga borishim kerak. Sen boʻlmasang ukang yolgʻizlanib, zerikadi. Boshqa safar kelganimizda qolarsan, boʻptimi? Oʻzing aqlli bolasan-ku a? – Dadamni yerga qarab jimgina eshitdim. Shu bilan hech kim hech narsa demadi. Buvim bilan istab-istamaygina xayrlashdik. Bizga oq yoʻl tilab qoʻllarini fotihaga ochgandilar, yigʻlagim keldi. Judayam-judayam qolgim kelyapti qishloqda. Buvimning ertaklarini, dala havosini, tongning ajabtovur “navo”larini sogʻinib-sogʻinib yuraveraman ekan-da!
Abdusalim ikkimiz mashinaning orqa oynagidan to ular koʻrinmay qolgunicha qoʻl silkib ketdik.
– Dadajon, endi yana qachon kelamiz qishloqqa? – dedim.
– Bilmasam, meni ishlarim kamayishi bilan ayangni, singlingni olib kelamiz-da, Toshkentga ketaylik demaguningizgacha shu yerda qolamiz.
– Unda hech qachon ketmas ekanmiz-da. – Abdusalimning kayfiyati koʻtarilib gapga qoʻshildi. Koʻnglimdagi gʻashlik tarqaganday boʻldi. Qachondir albatta toʻyib-toʻyib oʻynab ketishimizni bilib, xursand boʻldim. Mashina sekinlab, juda koʻp odamlar toʻplangan, qurilish boʻlayotgan bir uyning oldida toʻxtadik.
– Dadajon, nimaga toʻxtadik? – bir pas ham jim turolmaydigan Abdusalim savol berdi.
– Hozir, oʻgʻlim. Oʻrtoqlarimni koʻrib qoldim, soʻrashib olay. Qani, sizlar ham tushinglar, – dadam oʻrtoqlari bilan quchoq ochib koʻrishib ketdilar. Shovqin-suron, kulgu koʻtarildi. Amakilar, choʻntaklaridan pulmi, shirinlikmi chiqarib qoʻlimizni toʻldirib tashlashdi.
– Ha, Jamol, qurilish qilyapsanmi? – Dadam oʻzlaridan kattaga oʻxshaydigan, semiz, moʻylovi bor amakini senlab gapira ketdilar.
– Ha, kecha izlab-izlab quruvchi usta topib kelsam, bular bir boʻlib uni ketkazvoribdi. Biz turganda usta nima qiladi, hashar qilinsa darrov bitadigan ish deydi, baraka topkurlar. Shunga bugungi ishni boshlaymiz deb turgandik. Qaytyapsanmi Toshkentga? – Dadam u kishining savolidan keyin biroz oʻnagʻaysizlandi-da, keyin nimagadir:
– Yoʻq, hali beri ketmayman. Doʻstim uy qursa-yu men qatnashmay ketamanmi? Men hozir hasharbop kiyimlarni kiyib kelay, uying bitmasdan ketmayman, bilib qoʻy, – deb dadam rulga oʻtirdilar. Mashina ortga qaytar ekan, Abdusalim soʻradi:
– Hashar nima, dadajon?
– Hashar – biz oʻzbeklarning eng yaxshi odatlaridan biri. Qiyinroq yumushi bor odamlarga imkon topgan yaqinlari, mahalla-koʻy koʻplashib yordam beradi. Masalan, bu hasharda uy qurilyapti. Odamlarning koʻpligini koʻrdingmi? Koʻpchilikning qoʻlidan hech ish qochib qutilolmaydi-da. Ayniqsa, bizning qishloqdagilar hashar boʻlsa shoshib qoladi. Chunki uning oʻziga yarasha gashti, fayzi boʻladi. Savobi ham katta. Bunda birov birovga pul toʻlamaydi, yordam berganlardan qarz ham boʻlmaydi. Chin koʻngildan, beminnat ishlash uchun kelinadi hasharga, – dedilar dadam. Men shoshib soʻradim:
– Dada, hashar qilib uy qurilsa qanchada bitadi?
– To uyning tomi yopib olinguncha uch-toʻrt kun ketsa kerak, – dedilar dadam. Abdusalim tabassumdan qisilib ketgan koʻzlari bilan menga qaradi. Men ham quvonchdan oʻzimga sigʻmay ketdim. Rosa sakragim keldi. Oh, qanday zoʻr ish boʻldi-ya. Qanday yaxshi! Yana uch-toʻrt kun buvijonimdan turli hikoyalar eshitib, dalalarga chiqib, qishloq tongidan bahra olib, tunda yana buvimdan ertak eshitib uxlaymiz. Yashasin hashar!
Dinora RAHIMOVA
JAJJI ASAR HAQIDA SOʻZ
Soʻnggi paytlar badiiy ijodga havasmandlar juda koʻpaydi. Ular tahririyatlarga qisinib-qimtinib emas, dalli-gʻulli kirib kelishadi.
“Mening asarimni chop etinglar,” – deyishadi qoʻlyozmalarini stol ustiga namoyishkorona tashlab.
Ha, ular hech bir ikkilanmay shunday talab qilishadi. Bu navnihol ijodkorlarning mardona, nopisand iddaolaridan koʻnglimizda bir ishtiboh kechadi: “Tuzuk narsa qoralagan koʻrinadi…” Asta qoʻlyozmani varaqlashga tutinamiz, va… koʻramizki, badiiyatdan xiyla uzoq, joʻn va sayoz bitiklar. Eng yomoni haqiqatdan yiroq, soxta bayonchilikka limmo-lim…
“Yoʻq, bu voqealar hayotda chindan ham boʻlgan”, – deya bizni yengmoqchi boʻladi murgʻak mualliflar.
Koʻnamiz. Bosh irgʻab qoʻyamiz.
Mana, bugun iqtidorli qalamkash Dinora Rahimovaning “Qishloqdagi buvijonim” asarini oʻqib chiqarkanman, koʻnglim nogoh yorishdi. Qizimizning qalami ancha charxlangan. Nigohlari tiyran. Voqelikni faylasufona kuzatishga urinadi. Eng muhimi, hayotni, ayniqsa, oʻzi qalamga olayotgan qahramonlar turmush tarzini, kechinmalarini yaxshi biladi. Tasvirlarni tiniq va jonli berishga urinadi. Masalan, asarning ilk satrlaridayoq quyidagicha chizgilarga duch kelamiz:”Quyosh biz bilan kim oʻzarga musobaqalashadi. Daraxtlar orasidan koʻz qisib-koʻz qisib oʻtayapti.”
“Qishloqdagi buvijonim” Dinoraning ilk nasriy asari. Unda bolalarga xos oʻta sodda, joʻnroq oʻrinlar ham uchraydi. Lekin bu oʻquvchiga sira malol kelmaydi. Chunki tasvirlar samimiy va haroratli. Oʻquvchini beixtiyor oʻz izmiga oladi.
Dinora Rahimovani ana shu samimiyat, harorat aslo tark etmasin deymiz.
Luqmon BOʻRIXON
“Yoshlik”, 2012 yil, 6-son
[1] Jurnal varianti.
https://saviya.uz/ijod/nasr/qishloqdagi-buvijonim/